Ispaniya. 15-tur Prevyusi
30 noy 2013 10:50
Yangiliklar


Ispaniya. 15-tur Prevyusi
La Liga. 15-tur uchrashuvlari:
29 noyabr. “Xetafe” - “Levante”. 23:59
29 noyabr. “Vilyarreal” - “Malaga”. 00:30
30 noyabr. “Elche” - “Atletiko”. 20:00
30 noyabr. “Selta” – “Almeriya”. 22:00
30 noyabr. “Real Madrid” – “Valyadolid”. 23:59
1 dekabr “Espanol” – “Real Sosedad” 02:00
1 dekabr "Betis" - "Rayo Valekano" 16:00
1 dekabr "Granada" - "Sevilya" 21:00
1 dekabr "Valensiya" - "Osasuna" 23:00
1 dekabr "Atletik" - "Barselona" 01:00
30 noyabr. “Elche” - “Atletiko”. 20:00
Haftaning seshanba kuni Rossiyaga safar uyushtirgan “matraschilar” Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi bilan 1:1 hisobida durrang o'ynadi. CHempionlar Ligasida jamoa bilan safarga bormagan bir qator o'yinchilar La Liganing 15-turida “Elche”ga qarshi uchrashuvda maydonga qaytishi mumkin.
Bundan tashqari "Atletiko" darvozasini ishonch bilan qo'riqlayotgan Tibo Kurtua Madrid klubida hamma narsadan qoniqayotganligi sabab “CHelsi” bilan shartnomasini uzaytirishdan bosh tortganidan xabaringiz bo'lsa kerak (darvozabon London klubiga tegishli va shartnoma muddati 2016 yilda yakuniga etadi, bir qarashda vaqt ko'pdek, lekin, bu futbol va unda kutilmagan voqealar bo'lishi hech gap emas). “CHelsi” esa iqtidorli darvozabonni yo'qotgisi kelmayapti. SHuningdek Madrid klubi de Bryuyneni ijaraga olish niyatida ekan, qabilidagi so'zlar yangray boshladi.
“Atletiko”ga faqatgina Leo Baptistao va Mario Suares yordam bera olmasligi aniq. “Elche”ga esa Manu va Alvaro Ximenez yordam bera olishmaydi.
So'nggi 5 uchrashuvda Diego Simione shogirdlari 15 bor gol urib, faqatgina 2 marta o'z darvozalaridan to'p o'tkazib yuborishgan. Bu mavsumda “Atletiko Madrid” hazillashmayotganini ko'pchilik chunib ulgurdi.
SHuningdek o'tgan turlardan so'ng Madridning boshqa bir jamoasi “Real” turli muammolari bilan o'ralishib yurgan bir pallada, peshqadam “Barselona”ga aynan “matraschilar” jiddiy qarshilik qilishmoqda.
Jamoalarning o'zaro uchrashuvlariga qaraydigan bo'lsak, tenglikni ko'ramiz. Ha, ajablanmang, tenglik! Bo'lib o'tgan 4 bahsning 2tasida madrid jamoasi g'alaba qozongan bo'lsa yana 2tasida “Elche” zafar quchgan. Etiborlisi oxirgi to'qnashuvda (30.03.02 yil) “Elche” yirik 5:1 hisobida raqibidan ustun kelgan. 38-9, bu Madrid klubining bu mavsumdagi to'plar nisbati. Hujumkor o'yin o'z samarasini berayotgani shundoqqina ko'rinib turibdi.
Fran Eskriba shogirdlari mavsumda bo'lajak raqibdan 2 barobar kam gol urishgan. Lekin bu jamoalarning o'ziga xos ananasini inobatga olsak... Hamma narsa bo'lishi mumkin.
Bugungi kunda ajoyib o'yin namoish etib, raqiblarini ayamayotgan “Atletiko” chempionat autsayderi bilan o'yinda mag'lub bo'lishi mumkin emas, dersiz, lekin ishonavering, bu statistika. U sizni aldamaydi. Bu gaplardan keyin, jahon futbolining ko'zga ko'ringan mutaxasislarining bir gapi yodga keladi: “Maydonda statistika, avvalgi natijalar va boshqa omillar emas, faqatgina futbolchilar harakat qilishadi”. Agarda bu gapga qo'shiladigan bo'lsak, Elche shahrida Diego Simionening unchalik ko'p asabi ketmasligi va “matraschilar” raqibni qiyinchiliksiz taslim etishlari kerak.
Endi barchasini bevosita o'yin ko'rsatadi.
“SA” tahmini: “Elche” 35%-65% “Atletiko”
30 noyabr. “Real Madrid” – “Valyadolid”. 23:59
Oxirgi paytlarda faqatgina Ronalduni “Oltin to'p”ga loyiqligini qaytarayotgan “Real Madrid” bevosita jamoa o'yinlarini ham unutib qo'ymasa yaxshi bo'lardi.
“Qaymoqrangli” lar hafta o'rtasida CHempionlar Ligasi diorasida “Galatasaroy”ni qabul qildilar. Ronaldosiz madridliklarga qiyin bo'lishi tahmin qilganlarning tahmini o'zini oqlamadi. Krishtianusiz qolgan Karlo Anchelotti shogirdlari qo'shimchasiga uchrashuvning 26-daqiqasida 10 kishi bo'lib qolishdi. Umid Bulutni o'tkazib yuborgan Serxio Ramos, hujumchini uzoqqa qo'yib yuborgisi kelmadi va uni yiqitib qo'ya qoldi. Ana endi tengma-teng va juda qiziq o'yin bo'ladi deb turganimizda, aksiga olib “blankoslar” safiga yaqinda qo'shilgan Garet Beyl jarima to'pidan ajobtovur zarba bilan darvozabonni karaxt ahvolga solib qo'ydi. Paydo bo'lgan imkoniyatdan foydalangan Karlo ota asosiy tarkibda so'nggi paytlar imkoniyatsiz qolib ketayotganlardan bir nechtasini tushirdi. SHundaylardan biri Anxel Di Mariya ishonchni ortig'i bilan uddaladi va uchrashuvdagi eng faol o'yinchilardan biri bo'ldi. Avvaliga Arbeloaga gol urishda yordam berib yuborgan Di Mariya o'zi ham gol urdi. Yana bir gol Isko Alarkon tomonidan kiritildi.
So'nggi uchrashuvlarda madridliklar 4-5tadan gol urishga erishishmoqda. Hamon “Atletiko” va “Barsa”ni quvib borayotgan “Real” La Ligada qolish uchun kurashayotgan “Valyadolid”ni qabul qiladi.
2009 yildan buyon bu jamoalar o'yinlarida faqatgina madridliklar zafar quchishgan. Lekin so'nggi o'yinda o'tgan yilning 4 mayida “Santyago Bernabeu”ga yig'ilgan tomoshabinlar 7ta gol guvohi bo'lishgan. 4:3 hisobida yakunlangan o'yinda, “Real” Ronalduning goli evaziga g'alaba qozongan.
So'nggi 4ta bahsda ikki jamoa umumiy hisobda 23ta gol urishgan. Bundan ko'rinib turibdiki bu safar ham tomoshabinlar gollar shousini kutishlari mumkin. Bunga jamoalarning bu mavsumda ham etarlicha gol o'tkazib yuborayotganliklari sabab bo'la oladi. “Valyadolid”ning ko'p gol o'tkazishi hayratlanarli bo'lmasligi mumkin lekin, “Real” ham statistikaning bu qismida o'zining navbatdagi raqibidan ortda qolishni istamayotganday. “Real” va “Valyadolid” – 17 va 21 bor o'z darvozalaridan to'p olib chiqqan.
Madrid klubining muxlislari uchun qiziq bo'lgani Krishtianu Ronaldu “Valyadolid”ga qarshi uchrashuvda maydonga qayta oladimi yoki yo'q. Jamoa bosh murabbiyi portugaliyalik futbolchi bu bahsda maydonga tusha olmasligini aytdi. Esingizda bo'lsa avvalgi tur o'yinidan avval ham Karlo Anchelotti Ronalduning maydonga tusha olmasligini aytgan, lekin portugaliyalik futbolchi maydonga tushgan va gol urishga muvaffaq bo'lgandi. Bu safar nima bo'larkin..?
So'nggi olti uchrashuvda 8 bor to'p o'tkazgan Diego Lopes bu safar darvozasini munosib himoya qila oladimi yoki yana bor umid hujumdagilardan bo'ladimi. To'g'ri o'tkazilgan gollarda faqatgina darvozabon aybdor bo'lmaydi, bu gollarda himoyachilarning ham aybi bo'ladi.
O'sha himoya chizig'ining o'zgartirilmaydigandek ko'ringan o'yinchisi Serxio Ramos to'g'risida kutilmagan yangilik: Real Ispaniya termasi futbolchisini 65 million evroga sotishga tayyor” deya yozilgan yangilikga ham ko'zingiz tushgan bo'lsa kerak. Qiziq, “Karlo Anchelotti ham futbolchining harakatlaridan norozi” deyilgan gaplar haqiqatga qanchalik yaqinligini ertaga tunda ko'rib olamiz.
P.S: Uchrashuvni bevosita ko'ra olmaydiganlar soni, ko'ra oladiganlardan bir necha barobar ko'p bo'lsa ham, “SA”da “Real”, nafaqat “Real” balki boshqa uchrashuvlarning etiborga loyiq voqea va hodisalarini bilib olishingiz mumkin.
“SA” tahmini: “Real Madrid” 70%–30% “Valyadolid”
1 dekabr “Atletik” – “Barselona” 01:00
Ispaniya chempionatining 15-tur markaziy uchrashuvi so'nggisi bo'lishiga qaramay, shubhasiz Bilbaoda bo'lib o'tadi.
Turli sabablarga ko'ra uchrashuvda Viktor Valdes, Dani Alves, L. Messi, J. Dos Santos va Xordi Alba “Barselona”ga yordam bera olmaydilar. “Atletik”da esa Kike Sola va Aric Aduris maydonga tusha olmaydilar.
So'nggi ikki o'yinlarda bir xil - 2:1 hisobida g'alaba qozongan Ernesto Valverde shogirdlari mamlakatning amaldagi chempionini qabul qiladilar. 1- va 5-pog'onadagi jamoalar to'qnashuvi.
“Barselona” esa oxirgi 5ta o'yindan 4tasida zafar quchgan, faqat... Faqat o'sha bitta mag'lubiyat chorshanba oqshomida CHempionlar Ligasi 5-turida Gollandiyaning “Ayaks” klubiga qarshi uchrashuvda qayd etildi.
O'sha kuni kataloniyaliklarning biz o'rganib qolgan ajoyib o'yini chinakamiga o'xshamadi. Gapimizni jamoaning asosiy himoyachisi Pikening: "Senorlar, bu juda yomon o'yin", - degani ham tasdiqlab turibdi.
Bu ikki klubning o'zaro to'qnashuvlarida ham “Barselona” favorit. Lekin qizig'i shundaki bu erda ham so'nggi 5 uchrashuvning faqatgina oxirgisida g'alaba qozona olmagan.
O'tgan yilning 27 aprelida bo'lgan bahsda jangovar 2:2 hisobi qayd etilgan. Susaeta va Ander Erreraning gollariga, Messi va Sanches ikki bor javob qaytarishgan. O'sha uchrashuv qaxramonlarining barchasi bu safar ham o'z jamoasiga yordam bera oladi, barchasi faqatgina so'nggi yillarda dunyoning eng kuchli futbolchisi nomini hech kimga bermay kelayotgan argentinalik “futbol geniysi”dan tashqari.
Hujumchi vatanida tiklanish jarayonining ikkinchi bosqichini davom ettirishi va Argentinaga Messi bilan butun oilasi (turmush o'rtog'i, o'g'li va otasi) ham yo'l olishganidan xabaringiz bo'lsa kerak. O'zaro o'yinlarning so'nggi 3tasida 4 karra “Oltin to'p” sohibi maydonni golsiz tark etmagandi.
Bu safar Martino boshliq kataloniyaliklar u siz ham g'alaba qozona olishlari va Amsterdamdagi mag'lubiyat shunchaki tasodif ekanligini isbotlashsa ajab emas.
Buning ustiga mezbonlarga jamoa to'purarlaridan biri Aric Aduris yordam bermaydi.
CHempionlar Ligasini qo'yib turaylik, La Liga bahslarida “Barselona”ni hech kim to'xtata olmayapti. 14-turdan keyin 13ta g'alaba va 1ta durang. To'plar nisbati 42-8. Bu borada ham Tata shogirdlari birinchilar.
Lekin “Atletik” ham raqiblarga ochkolarni “sovg'a” qilmasligini ko'rsatib bo'ldi. Bilbaoliklar sentyabr oyidan buyon mag'lubiyat nimaligini bilishmaydi. Etiborlisi “Atletik” bu mavsumda hali biror marta o'z maydonida mag'lub bo'lmagan. Buning natijasi o'laroq jamoa turnir jadvalining 5-pog'onasidan o'rin egallamoqda.
Qiziq o'z maydonida yutqazmaydigan “Atletik” va La Ligada umuman yutqazmagan “Barselona” uchrashuvi qanday hotima topar ekan?!!
Ernesto Valverde shogirdlari o'z maydonlarida mavsumdagi birinchi mag'lubiyatini tan olishga majbur bo'ladimi yoki chempionat peshqadami qimmatli ochkolarni yo'qotadimi?
“SA” tahmini: “Atletik” 40%– 60%“Barselona”
Turnir jadvali:
# | Jamoa | O' | YU | D | M | UG - O'G | T-N | Ochk |
1 | Barcelona | 14 | 13 | 1 | 0 | 42 - 8 | 34 | 40 |
2 | Atletico Madrid | 14 | 12 | 1 | 1 | 38 - 9 | 29 | 37 |
3 | Real Madrid | 14 | 11 | 1 | 2 | 40 - 17 | 23 | 34 |
4 | Villarreal | 14 | 8 | 3 | 3 | 24 - 13 | 11 | 27 |
5 | Athletic Bilbao | 14 | 8 | 2 | 4 | 22 - 19 | 3 | 26 |
6 | Real Sociedad | 14 | 5 | 5 | 4 | 23 - 20 | 3 | 20 |
7 | Getafe | 14 | 6 | 2 | 6 | 17 - 21 | -4 | 20 |
8 | Sevilla | 14 | 5 | 4 | 5 | 27 - 26 | 1 | 19 |
9 | Espanyol | 14 | 5 | 3 | 6 | 17 - 19 | -2 | 18 |
10 | Elche | 14 | 4 | 5 | 5 | 15 - 18 | -3 | 17 |
11 | Valencia | 14 | 5 | 2 | 7 | 18 - 23 | -5 | 17 |
12 | Granada | 14 | 5 | 2 | 7 | 11 - 17 | -6 | 17 |
13 | Levante | 14 | 4 | 5 | 5 | 13 - 20 | -7 | 17 |
14 | Malaga | 14 | 3 | 4 | 7 | 16 - 21 | -5 | 13 |
15 | Osasuna | 14 | 4 | 1 | 9 | 11 - 22 | -11 | 13 |
16 | Celta Vigo | 14 | 3 | 3 | 8 | 17 - 22 | -5 | 12 |
17 | Valladolid | 14 | 2 | 6 | 6 | 16 - 21 | -5 | 12 |
18 | Almeria | 14 | 3 | 3 | 8 | 15 - 29 | -14 | 12 |
19 | Rayo Vallecano | 14 | 4 | 0 | 10 | 13 - 34 | -21 | 12 |
20 | Real Betis | 14 | 2 | 3 | 9 | 12 - 28 | -16 | 9 |
To'purarlar
Krishtianu Ronaldu “Real Madrid” 17 (5)
Diego Kosta “Atletiko M” 14 (2)
Aleksis Sanches “Barselona” 8
Antoni Grizmann “Real Sosedad” 8
Lionel Messi “Barselona” 8 (1)
Hammualliflar
Koke “Atletiko M” 9
Neymar “Barselona” 8
Sesk Fabregas “Barselona” 8
Ivan Rakitich “Sevilya” 6
Garet Beyl “Real Madrid” 5
Gol+hammuallif
Krishtianu Ronaldu “Real Madrid” 21(17+4)
Diego Kosta “Atletiko M” 15 (14+1)
Ivan Rakitich “Sevilya” 13 (7+6)
Sesk Fabregas “Barselona” 13 (5+8)
Lionel Messi “Barselona” 12 (8+4)
16-tur uchrashuvlari
13 dekabr. “Levante” – “Elche”. 01:00
14 dekabr. “Osasuna” – “Real Madrid”. 20:00
14 dekabr. “Rayo Valekano” – “Granada”. 22:00
14 dekabr. “Barselona” – “Vilyarreal”. 23:59
15 dekabr. “Malaga” – “Xetafe”. 02:00
15 dekabr. “Almeriya” – “Espanol”. 16:00
15 dekabr. “Real Sosedad” – “Betis”. 21:00
15 dekabr. “Sevilya” – “Atletik”. 23:00
15 dekabr. “Atletiko” – “Valensiya”. 02:00
17 dekabr. “Valyadolid” – “Selta”. 02:00
Omonjon To'xtamirzaev tayyorladi

Fikrlar