Intervyu. Intizomli, qattiqqo'l va "Paxtakor"ni Toshkentda "Manchester Yunayted" ham taslim eta olmaydi, degan murabbiy bilan suhbat
18 dek 2016 19:56
Yangiliklar
Intervyu. Intizomli, qattiqqo'l va "Paxtakor"ni Toshkentda "Manchester Yunayted" ham taslim eta olmaydi, degan murabbiy bilan suhbat
- "Olmaliq"qa sizni kim taklif qildi?
- Men bilan "Olmaliq" rahbariyati bog'landi va taklif bildirdi. SHundan so'ng OTMK bosh direktori Aleksandr Farmanov bilan uchrashdim va gaplashib oldik.
- Uchrashuvda jamoa oldiga aniq vazifa qo'yildimi?
- Taxminan maqsad va vazifani aniqlab olindi. Yakuniy vazifa esa mavsum boshlanishi oldidan qo'yiladi. Biz birinchi navbatda jamoa yig'ib, kollektivni jamlab olishimiz kerak. SHundan so'ng oldimizga rahbariyat vazifani belgalib beradi.
- Siz ham rahbariyatga o'z shartlaringizni aytdingizmi?
- Ha, bu o'z-o'zidan bo'ladigan holat. Buni ham muhokama qildik. Umuman olganda rahbariyat shartlarga rozilik berdi. Ammo bizning byudjetimiz juda katta emas. SHu bois imkoniyatdan kelib chiqib ish qilamiz.
- O'zbekistonda ishlaganizda "Mashal" bilan ham, "Nasaf" bilan ham doimo sovrindorlar qatoridan o'rin olgansiz. "Olmaliq" bilan ham ushbu ananani davom ettira olishizga ko'ziz etadimi?
- Biz albatta shunga harakat qilamiz. Buning uchun astoydil mehnat qilamiz, ter to'kamiz. Qolgani endi Xudodan. Maqsadimiz yuqori o'rinlar uchun kurashish.
- O'zbekistondan ketganingizdan keyin ham Oliy ligani kuzatib bordingizmi?
- Albatta. Bu erda ko'plab do'stlarim, tanishlarim, shogirdlarim qolgan. Hech qachon O'zbekiston chempionatiga bo'lgan qiziqishimni yo'qotmaganman. Kim qanday o'ynayapti, qanday yangiliklar bo'lyapti, hammasi nazoratim ostida edi, desam ham mubolag'a bo'lmaydi. Nima o'zgarishlar ruy berganigacha kuzatib turdim. SHu boisdan ham O'zbekiston chempionatiga yana tezda kirishib ketaman, degan umiddaman.
- Sizning qo'l ostingizda ko'plab futbolchilar O'zbekiston chempionatida porlab chiqqandi, yaxshi o'yin ko'rsatishgan. Masalan Ilhom SHomurodov, Jahongir Jiyamurodov, Samandar SHodmonov, Lutfulla To'raev, Artyom Filiposyan, Rustam Qodirov va boshqa bir qator futbolchilar. Lekin hozir aksariyat futbolchilar avvalgidek etakchi jamoalar safida harakat qilishmayapti. Ularning ko'pchiligining o'yinida pasayishlar bor va bazilari umuman ko'rinmay ketishdi...
- Aniq bilmadim. Ko'p narsa kollektiv va ular qaysi murabbiy qo'l ostida shug'ullanganiga bog'liq masala. Balki ularning o'yinlari kutilganidek davom etmayotgandir. Jarohat yoki yosh o'z tasirini ko'rsatgandir. Bilasizmi, vaqt shu qadar tez o'tmoqdaki, uni hech kim to'xtatib turishga qodir emas. Barcha qariydi. Lekin ular baribir ham yaxshi futbolchilar bo'lib qolaverishadi.
- Eski shogirdlaringizdan birini "Olmaliq"qa taklif etish rejasi bormi?
- Menda bu kabi reja yo'q. Lekin agarda kimdir meni talablarimga, mashg'ulotlardagi talablarga javob bera olsa, hamma narsa bo'lishi mumkin.
- Ancha muddat Qozog'iston chempionatida ishladingiz. O'zbekiston va Qozog'iston chempionatini taqqoslay olasizmi?
- Yaxshi yoki yomon taraflarini taqqoslash kerak emas. Qozog'istonda ko'proq jismoniy kuchga, yani yakka-kurashlarga etibor qaratishadi. O'zbekistonda esa texnika va to'p nazoratiga ko'proq urg'u beriladi. Qozog'iston chempionatida ko'proq kurash kechadi, O'zbekiston chempionatida esa texnikaga asoslangan futbol o'ynaladi. Qaysi chempionat kuchliroq yoqi yaxshiroq ekanligini muxlislar o'z o'lchamlari bilan aniqlashlari lozim. Kimga qaysi yo'nalishdagi futbol ko'proq maqul kelsa, o'shandan kelib chiqib baho beraverishadi.
- Qaysi chempionatda ishlash qiyin: O'zbekiston yoki Qozog'iston?
- Bir gap aytaman, hech bir joyda ishlash aniq oson emas. Qiyinchiliksiz hech narsaga erishib bo'lmaydi. Ayniqsa sovrinli o'rinlar uchun kurashayotgan bo'lsang, unda katta qiyinchiliklarni engib o'tishing, buning uchun kurashishing lozim bo'ladi.
- Kumikovni juda qattiqqul, temir intizomli murabbiy deyishadi. Mashg'ulotlarda futbolchilarga ko'plab yuklamalar berarkansiz. Bu uslubingizdan hozir ham foydalanasizmi yoki murabbiy sifatida yangicha yo'nalish tanlagansizmi?
- Men qattiqqo'llik qilib, talabchanlik qilib o'zim uchun futbolchilardan nimanidir talab qilmaganman. Ular faqat shartnoma shartlariga rioya qilishlari kerak. Futbolda avvalo intizom bo'lmog'i lozim. SHundagina ko'zlangan natijaga erishish mumkin. To'g'ri, men qattiqqo'l va talabchan murabbiyman. Lekin hech kimga nohaqlik qilib, ortiqcha narsa talab qilmayman. Barchasi futbolchilarning o'zi uchun foydali avvalo. KImdir uchun qattiqqo'l, yana kimdir uchun boshqacha murabbiyman. Hammaga har xil.
- "Nasaf" va "Mashal" sizning boshqaruvingizda standart vaziyatlari va xususan jarima zarbalarini g'ayri-oddiy, noodatiy tarzda amalga oshirardi. Bunga alohida etibor qaratasiz...
- Bu ham futbolning bir qismi sanaladi. G'alaba etaklovchi har bir vaziyatdan unumli foydalanishga harakat qilish kerak. Men esa bundan imkon qadar maksimal tarzda foydalanishga intilaman. Jarima zarbalari, standart vaziyatlariga alohida etibor qilishim bor gap.
- "Nasaf" bosh murabbiyi sifatida Toshkentda "Paxtakor"ga yutqazganlaringizdan so'ng, sizning bir gapingiz juda mashhur bo'lib ketgandi. Eslaysizmi, "Toshkentda "Paxtakor"ni "Manchester Yunayted" ham taslim eta olmaydi", degandingiz...
- SHunga o'xshash gap aytganman. Aniq so'zma-so'z esimda yo'q. SHunaqa bo'lgandi.
- Bu yili aynan "Paxtakor"ga qarshi o'zgacha tayyorlanish va ularni mag'lub etish istagi haliyam saqlanib qolganmi?
- Agarda qolgan barcha jamoalarni yutib, "Paxtakor"ga yutqazsak bundan ranjimagan bo'lardim. Lekin bizda aynan "Paxtakor"ni mag'lub etish vazifasi yo'q. "Paxtakor" biz uchun qolgan jamoalar singari raqib bo'lib qolaveradi. O'shanda uchrashuvdan keyin ehtiroslarga berilib, qizishib gapirvorganman. Hozir bularning barchasini unutganman. "Paxtakor"ni yutsak ham 3 ochko berishadi. Bundan ortiq berishmaydiku (kuladi). Agarda "Paxtakor"ni yutganimiz uchun ko'proq ochko berishganida, unda ularga nisbatan o'zgacha tayyorgarlik ko'rsak arzirdi.
- SHaxsan siz "Olmaliq"da ko'rishni istayotgan futbolchi bormi?
- Ha bor. Lekin uning kimligini aytmayman. Buni sababi oddiy. Agarda hozir o'sha futbolchi kimligini aytsam, unda bu o'tish amalga oshmay qolishi mumkin. SHu boisdan buni oshkor qilmaganim maqul. Hozircha sirligicha qolaversin. Agarda amalga oshsa, buni o'zingiz ko'rasiz.
- "Olmaliq" muxlislariga nimalarni vada bera olasiz?
- SHuni aniq aytishim mumkinki, klub rahbariyati, futbolchilar va murabbiylar shtabi hech bir o'yinga shunchaki qaramaydi. Har bir uchrashuvga maksimal kuchimizni sarflaymiz va muxlislarimizni xursand etishga, imkon qadar yuqori o'rinlarni qo'lga kiritishga harakat qilamiz. Ulardan esa stadionga kelib, jamoamizni faol qo'llab-quvvatlashlarini so'rayman.
SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.
Fikrlar