So’nggi yangiliklar

00:47Чалобага АПЛнинг уч клуби қизиқиш билдирмоқда  0 00:30"Барселона" Мексика терма жамоаси мураббийлар штабига қўшилган Маркес учун 2 миллион евро олди  0 00:03"Милан" ҳимоячиси Бельгияга йўл олди  0 23:46"Реал Мадрид" бошқа ҳеч кимни сотиб олишни режалаштирмаяпти  0 23:29"Челси"ни 12 нафар футболчи тарк этиши мумкин - барча номлар маълум  1 23:12Туркия. Турғунбоевнинг ягона голи "Сивасспор"га ўртоқлик ўйинида ғалаба тақдим этди  2 22:55Ўртоқлик ўйини. "Арал" Суперлига жамоасини мағлуб этди  4 22:27Венесуэлада ВАР томонидан белгиланган офсайд чизиғи муҳокамаларга сабаб бўлди  12 22:00"Челси" Сарр билан шартномани бекор қилди. Футболчи эркин агент сифатида "Ланс"га йўл олади  1 21:43"Футбол бола тилидан" лойиҳаси давом этади. Меҳмонимиз — 9 ёшли Диёрбек Равшанов  0 21:21Шерзод Эсанов “Андижон” мухлислари билан хайрлашди  9 21:02Испания ОТЖ бош мураббийи: "Бор эътиборимизни Ўзбекистонга қарши ўйинга қаратганмиз"  21 20:49Париж-2024. Ўзбекистоннинг Испанияга қарши қандай либосда майдонга тушиши маълум  22 20:21Хёйбьерг "Тоттенхэм"дан "Марсел"га ўтди  3 20:00Расман: Мбаке — "Барселона" футболчиси!  5

Ikki karra ikki - olti Yangiliklar

Ikki karra ikki - olti

Kecha mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan to'rt klubimizning navbatdagi tur bahslaridagi ishtiroki yakunladi.

Biroz muqaddam hamkasbim Abdulaziz Iskandarov guruhlardagi vaziyat to'g'risidagi asosiy malumotlar bilan o'rtoqlashdi. SHunday bo'lsa-da, unga biroz qo'shimcha kiritib o'tmoqchiman.

Dastlabki kungi bahslarda faqatgina "Navbahor" ruhimizga qish kayfiyatini solmagan bo'lsa, dastlabki ikki o'yinda "Ummon" guruhi qo'shiqlarini tinglashga majbur qilgan "Paxtakor" kechagi bahsda stadionlarni bir martalik idishlar bilan to'lishidan hamda G'afur G'ulom istirohat bog'iga tashrif buyurganlarning hakamlar haqida kuylangan xalqona qo'shiqni tinglashdan bebahra qoldira olishdi. Uchrashuvda meni xursand qilgan jihat yoshlarga ko'proq imkoniyat berilgani hamda ularning joiz bo'lsa, kutilganidan yuqoriroq saviyada o'yin namoyish eta olganida, deb o'ylayman. Yashil maydonni sog'inib qolgan Erkinovning nimalarga qodirligini so'nggi o'yinlarda guvohi bo'lyapsiz. Bundan tashqari, Xoldorxonov ham gol urmagan bo'lsa-da, maydonda katta hajmdagi ishni bajardi hamda tablodagi tuxumsimon raqamlarning bittasi o'zgarishida ulkan hissa qo'shdi. Ehtimol, unga maydonda o'z nuqtasini topib olishida vaqt berilsa, besh metrdan eplab to'pni tepolmagan Banashakni kelganidan beri zaxiradagi yumshoq o'rindig'ini hech kimga bermay kelayotgan Kuxarchik yoniga jo'natishi mumkin. 

Bir tarafdan g'alaba barchamizni xursand qilgan bo'lsa, boshqa tarafdan bu ko'p quvonch bag'ishlamasligi lozim. Sababi, "Ahal" o'z maydonida Saudiya klubini mag'lub etganiga qaramay, boshdan-bosh guruh autsayderi hisoblanardi, shu bois, kechagi g'alabani olamshumul deya atash yaramaydi. Biroq oyoqqa turib olishi uchun "sherlar" mazkur natija kerak edi. 

Uchrashuvdan so'ng Maksim SHackix "G'alaba qozonmaganimizda guruhdan chiqish imkoniyatimizni boy bergan bo'lardik", deya takidlab o'tdi.

"O'zingiz o'yin qanday kechganini ko'rdingiz. Barchasini to'liq nazorat qildik. Yirikroq hisobda g'alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Birinchi uch ochkoni qo'lga kiritdik va keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko'rishni boshlaymiz".

SHuningdek, "Paxtakor" g'alabasiga hissa qo'shgan futbolchilar o'yindan keyin o'z taassurotalari bilan o'rtoqlashdi.

Farruh Sayfiev: "Yaxshi o'yin o'tkazdik va uch ochko qo'lga kiritdik. Guruhdan chiqish uchun barchada imkoniyat mavjud. Keyingi bosqichga chiqish uchun maksimal darajada harakat qilamiz. 

"Al Ayn"ga qarshi o'yinda o'z xatolarimiz evaziga to'p o'tkazib yubordik. Yaratilgan vaziyatlardan esa unumli foydalana olmadik. "Al Feyha"ga qarshi bahsda ham shu holat sodir bo'ldi. Bunday xatolar keyingi o'yinda asqotadi, sababi ularni to'g'rilash va takrorlamaslik ustida ko'proq ishlaymiz. 

Bugun muxlislarimizni ham xursand qildik, deb o'ylayman. Kelgusi o'yinlarda ham g'alaba uchun maydonga tushamiz".

Hojimat Erkinov: "O'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rdik va maqsadimizga erishdik. Uchrashuv muhim ahamiyat kasb etardi va unda g'alaba qozonishimiz shart edi. Murabbiy ko'rsatmalarini to'g'ri bajargan holda g'alabaga erishdik. 

O'tgan o'yindagi golimni dadamga bag'ishlagandim, bugungisi jamoamiz muxlislariga atadim.

Oldinda muhim uchrashuvlar bizni kutib turibdi, shu bois, etiborimni faqat shu bahslarga qaratganman. Maqsadimiz — yil so'ngiga qadar chempionat g'olibiga aylanish va OCHLda guruhdan chiqish, kelgusi faoliyatim to'g'risida esa keyinroq o'ylab ko'raman".

Diyor Xolmatov: "Eng asosiysi, uch ochko ishlab oldik. SHunda ruhda davom etamiz. "Ahal" yaxshi jamoa. SHunchaki ularni yaxshi o'rgandik hamda raqibga erkin o'yin namoyish imkoniyatini bermagan holda o'z vazifamizni bajardik".

Aziz Turg'unboev: "Yaxshi o'yin o'tkazdik va muhim bo'lgan uch ochkoni qo'lga kiritdik. Oldimiz turgan uch o'yinda ham zafar quchib, guruh bosqichidan chiqishga harakat qilamiz. Bizda imkoniyat bor. Gollarimni ota-onamga bag'ishlayman, chunki shu darajaga chiqishimda ularning o'rni beqiyos. Jamoada har bir futbolchining o'z o'rni bor. Ularning o'ziga xos uzatmalarini qabul qilishga tayyor tursangiz, gol urishga muvaffaq bo'lasiz. 

Superligada "Navbahor", "Nasaf" va "Neftchi" bizni taqib qilmoqda. Oldindagi barcha raqiblarni mag'lub etib, chempion bo'lishga harakat qilamiz.

Bugun muxlislar yaxshi atmosfera hosil qilishdi. Stadionga tashrif buyurib, qo'llab-quvvatlagan ishqibozlarga minnatdorchilik bildiraman".

"Ahal" murabbiyi Serdar Geldiev esa jamoasining bugun o'z imkoniyatidan pastroq o'yin namoyish etganini aytib o'tdi.

""Paxtakor"ni g'alaba bilan tabriklayman. Bizning rejamiz bugun ish bermadi. Keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko'rishni boshlaymiz. Guruhda barcha raqiblar bilan o'ynadik va hammani tanib oldik. Endi ularni yanada chuqurroq o'rganib chiqamiz".

"SHerlar" Turkmanistonga yo'l olishidan dastavval "Buxoro", so'ngra "Nasaf"ga qarshi murakkab raqibga ro'baro' keladi. 

"Ahal" esa 29 oktyabr kuni o'z maydonida "Ashxobod"ni, 2 noyabr kuni esa "Nebitchi"ni qabul qiladi. 

4-turdan o'rin olgan "Ahal" — "Paxtakor" uchrashuvi 7 noyabr kuni Ashxobod shahrida bo'lib o'tadi. Uchrashuv suniy qoplamali maydonda o'tishini inobatga olsak, SHackix shogirdlari "Aral" voqealari takrorlanmasligi uchun bosh qotirishi kerak.

Guruhning ikkinchi o'yinida BAAning "Al Ayn" klubi Saudiya Arabistoning "Al Fayha" klubini 4:1 hisobida mag'lub etdi.

Uchrashuvdan keyin "Al Ayn" bosh murabbiyi Alfred SHreder jamoasining ketma-ket uch marotaba g'alaba qozonganligidan hamda shogirdlariga o'yin tempini so'nggi daqiqalarga qadar tushirmasdan o'tkazganidan xursand ekanligini takidladi.

"Nasaf" klubi dastlabki ikki turdan so'ng maksimal natija qayd etib turgandi. Kechagi bahsda "Kopengagen"ni eslatib yuborgan jamoadan omad ikki hissa yuz o'girdi. Mozgovoyning goli CHin hakamiga chin dildan manzur kelmagan bo'lsa, o'yin so'ngida Omonov daniyaliklarning MYUga qilgan ishini takrorladi. SHunday bo'lsa-da, qarshiliklarda Qarshida o'tadigan qarama-qarshilikda qarshilik ko'rsatib, raqibga momosini ko'rsatib qo'yish imkoniyati etarlicha.

Biroq "Nasaf" javob uchrashuviga katta kuchni sarflagan holda etib keladi. Qashqadaryoliklar dastlab "Metallurg" sinovidan o'tsa, so'ngra chempionlik uchun kurash olib borayotgan "Navbahor" va "Paxtakor" maydoniga safar uyushtiradi. 

"SHarja" esa O'zbekistonga tashrif buyurgunga qadar o'zidan keyingi pog'onada turgan "Baniyas" va o'zidan oldingi "Al Jazira" bilan bellashadi.

Uchrashuvdan keyin yaqinda ellik ikkinchi kuzini qarshi olgan "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev jamoasining mag'lubiyatga loyiq emasligini takidladi

Asliyatda ham shunday edi. Miqdornomaga ko'z yugurtirsangiz ham bunga guvoh bo'lasiz: raqibga 10 ta zarba yo'llashga imkon bergan "ajdarlar" 16 marotaba javob qaytargan, shundan naq yarmi aniq borgan. "SHarja"da esa bu ko'rsatkich 4 tani tashkil etadi. SHuningdek, yakkakurashlar va ikkinchi qavatdagi kurashlarda ham yuksak parvoz qila oladigan qush ramziga ega jamoaning qo'li baland kelgan.

"SHarja" murabbiyi esa "Hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda qiynaldik, qizil kartochka olganimizdan keyin vaziyat yanada og'irlashdi. O'yin davomida bir necha muhim futbolchilarimiz jarohat olishdi. Ammo darvozabonimizning ishonchli o'yini va penaltini qaytargani evaziga 3 ochkoga ega bo'ldik", deya fikr bildirdi.

Guruhdagi ikkinchi to'qnashuvda "Al Sadd" "Al Faysali"ga naq oltita to'p sovg'a qildi. Uchrashuvdan so'ng qatarliklar bosh murabbiyi Bruno Pineyru shogirdlarining g'alabaga haqli ekanligini aytdi: ""Al Sadd" g'alabaga haqli edi. Biz ajoyib o'yin namoyish etdik. Uchrashuvda ko'zlangan maqsadga erishdik. Endi ushbu sahifani bekitib, keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'rishimiz lozim. Bugungi o'yin uchun barcha futbolchiga va muxlislarga minnatdorchilik bildiraman". 

Iordaniya klubi esa OCHLda ro'za tutishda davom etmoqda, jamoa uch o'yinda biror marotaba raqib darvozasiga yo'l topa olmadi.

OKMKning esa yagona ilinji O'zbekiston kubogi bo'lib qoldi. "Sepahon"ga qarshi uchrashuvni asosiy tarkibning ko'pgina futbolchisini qadahni chirmab olgan ilon ramzi tushirilgan muassasadan kuzatib borishga majbur bo'ldi. Ustiga-ustak o'yin davomida yuqorida takidlangan xonadagi bo'sh krovatlar egali bo'ldi. Bu esa o'z tasirini o'tkazmasdan qolmadi. 

To'g'ri, bellashuv davomida yaqinda O'zbekiston milliy terma jamoasi darvozasini qo'riqlagan Ergashev o'zidan yaxshi poliz mahsulotlari sotuvchisi chiqmasligini ko'rsatdi. Qolaversa, tajribali akalarining o'rnini to'ldirgan yosh himoyachilar etarlicha talabga javob bermagandir. Biroq xoh Sunnatov, xoh Fozilovga biror shikoyatim yo'q. Ular asosiy klubda etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lmasdan turib, qita miqyosidagi uchrashuvda imkoniyat darajasida o'ynab berishdi. Qosimov tomonidan esa boshqa vaqt deyarli o'yin amaliyoti taqdim etilmagan futbolchilar noilojlikdan maydonga tushirildi.

Uchrashuvdan so'ng Mirjalol Qosimov "Mag'lubiyatimizning sabablari bor. Zaxira o'rindig'imizning sustligi bizga pand berdi. Jamoada 6 nafar futbolchi jarohatlangan. Lekin hayot davom etadi, bugungi mag'lubiyat biz uchun katta tajriba bo'ldi", deya fikr bildirdi.

"Sepahon" ustozi Joze Moraish esa o'z bayonotida shogirdlari OKMKga ko'proq gol urishi mumkin bo'lganini aytib o'tdi.

SHuningdek, portugaliyalik mutaxassis Instagram sahifasiga joylagan postida Eron chempionatida VAR yo'qligiga kinoya qilib, ushbu texnologiya o'yinda haqiqat va adolatni taminlashda muhim ahamiyat kasb etishini takidladi. 

Olmaliqliklar javob uchrashuvi oldidan Superliga doirasida "Andijon" va "Turon"ga qarshi bahs olib boradi. "Sepahon"ning esa chempionat doirasidagi avvalgi uchrashuvi kelgusi yilning 8 yanvariga qoldirildi.

Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda avvalgi uchrashuvda ikkita gol urib, hisobni 1:1 bo'lishini taminlagan Benzemasiz "Al Ittihod" Abdurazzoq HamdAllohning hakam hushtagini og'zidan olib, cho'ntagiga solib qo'yish arafasi kiritgan to'pi evaziga Iroqning "Eyr Fors"ini mag'lub etishni uddaladi.

Uchrashuvdan keyin Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari 3 ochkoga loyiq o'yin namoyish etganini bildirdi: 

"Biz o'yinni nazorat qildik va ko'p imkoniyatga ega bo'ldik. Muxlislarimiz so'nggi lahzalarga bizga ishondi va qo'llab-quvvatladi. Yigitlar ham astoydil harakat qilishdi. Biz haqli va muhim 3 ochkoni qo'lga kiritdik. Hozir "Sepahon" bilan o'tkazilmagan o'yin qarorini kutyapmiz. 

Eng muhimi, jamoamiz yaxshi o'yin namoyish etmoqda. Futbol hayot tarziga o'xshaydi, unda yaxshi va yomon kunlar bo'ladi. Jamoaning birdamligi uning ruhiyatini mustahkamlaydi". 

Iroq klubi mamlakat chempionatini o'tkazadigan tashkilotni xalqaro maydonda ishtirok etayotgan klublar ishtirokini inobatga olish ham tig'iz taqvimni qayta ko'rib chiqishga chaqirdi. Malumot uchun, Iroq Yulduzlar ligasi 26 oktyabr kuni start oladi. "Eyr Fors" ilk uchrashuvini 27 oktyabr kuni o'tkazadi.

"Navbahor" ham "Al Hilol"ga qarshi o'yinda boy bergan 2 ochkosini "Nassaji Mozandaron"ga qarshi bahsda qo'lga kiritdi va guruhdan chiqish imkoniyatini oshirdi. Biroq avvalgi o'yinlarda ko'zga tashlangan himoya zonasidagi xatolar mazkur o'yinda ham qimmatga tushishiga bir bahya qoldi. Qolaversa, etakchi o'yinchilarning tashabbuskorligi va raqib futbolchisining chetlatilishi ham o'yinga o'z tasirini o'tkazdi. Samvel Babayan yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish ustida bosh qotirmasa, boy berilgan kubokdan keyingi holat singari Superliga va OCHL guruh bosqichi nihoyasida shunchaki kulib qo'yishiga to'g'ri keladi. Oston O'runov va Jamshid Iskanderovning xatti-harakatlariga, umuman olganda, jamoaning irodali o'yiniga maktab davrimda kundaligimga tushishni unutgan sanoqli alo baholarimning barchasini hadya etaman.

"Lochinlar" ustozi matbuot anjumanida "Yangi Navbahor" dunyoga kelganini hamda gol o'tkazib yuborish rejasida bo'lganini malum qildi.

"Bugun "yangi Navbahor" tug'ildi deb o'ylayman. Bu jamoa kurashishni va g'alaba qozonishni xohlaydi. Birinchi navbatda yigitlarni tabriklamoqchiman, ular bugun iroda, g'alabaga bo'lgan chanqoqlikni ko'rsatishdi. Qaytaraman, bugun "yangi Navbahor" dunyoga keldi. CHempionlar ligasida oddiy o'yinlar bo'lmaydi. Har bir jamoa ochko ishlash uchun maydonga tushadi. Bugun g'alabaga munosib edik va bu mehnatlarimiz samarasi".

O'z navbatida, eronliklar sarboni "Navbahor"ning g'alabasi mahalliy ishqibozlar effekti natijasida yuzaga kelganini takidladi.

"Futbolchilarimni ajoyib o'yin bilan tabriklayman. Birinchi bo'limda rejalarimiz amalga oshdi va taymni g'alaba bilan yakunladik. Ikkinchi bo'limda xatoliklar yuz bera boshladi. Hakamning ofsaydni aniqlashdagi kichik xatosi evaziga futbolchimizga qizil kartochka ko'rsatildi. SHunga qaramasdan jamoamiz yaxshi o'yin ko'rsatdi, ulardan minnatdorman. Bu o'yindagi mag'lubiyatimiz kechiktirilgan ofsayd sababli ro'y berdi".

Ushbu qarama-qarshilikning navbatdagi to'qnashuvi 7 noyabr sanasiga to'g'ri keladi. Ungacha "Nassaji" "Sepahon" va "Traktorsozi" bilan chempionatda bellashsa, "Navbahor" "Surxon" va "Nasaf" bilan to'qnash keladi. Jamoaning "Bunyodkor"ga qarshi o'yini esa 11 noyabrga ko'chirildi.

Guruhning ikkinchi uchrashuvida "soqqavud"dan "Bollivud"ga salom yo'llandi. Futbol maydonida mohirona o'yin ko'rsatadigan yulduzlarni o'zida jamlagan "Al Hilol" kinolarda yaxshi o'ynaydigan mamlakat klubiga 6 ta gol tuhfa qildi.

"Al Hilol" bosh murabbiyi Jorje Jezush o'yindan keyin "Biz yuqori sifatdagi o'yin namoyish etdik. Tezkor gol vazifamizni osonlashtirdi", deya fikr bildirdi.

"Mumbay Siti" ustozi esa ikkinchi goldan so'ng raqib hujumlariga dosh berolmagani, sababi ularda yuqori sifatdagi o'yinchilar mavjudligini aytib o'tdi.

Xullas, to'rt jamoamiz umumhisobda o'tgan turdagi singari 6 ochkoni qo'lga kiritdi. Keyingi turda sarlavhadagi masalamni javobi yuqoriroq raqamga ega bo'lishi va pasaymasligini istayman. Buning uchun matematika o'qituvchim tomonidan istalgancha yigit baho bilan jazolanishga roziman.

Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика