Hamma narsaga vaqt kerak! Katanecga esa ko'proq vaqt yohud terma jamoamizga nima etishmayapti
10 iyu 2023 20:31
Yangiliklar
Hamma narsaga vaqt kerak! Katanecga esa ko'proq vaqt yohud terma jamoamizga nima etishmayapti
Toshkentda bo'lib turgan terma jamoalar bosh murabbiylari va futbolchilari ishtirokidagi matbuot anjumani o'tkazildi. Turkmaniston, Tojikiston, O'mon va O'zbekiston terma jamoalarining bosh murabbiylarini musobaqadan avvalgi fikr va mulohazalaridan saytimiz orqali batafsil habardor bo'lishingiz mumkin.
Matbuot anjumani odatdagidek o'tdi va hech qanday yangilik bo'lmadi. Murabbiylar o'z fikrlarini, jurnalistlar o'z savollarini berishdi.
O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi ishtirokidagi matbuot anjumani vaqtida jurnalist Abdulaziz Iskandarov Katanecga savol berdi va Katanec ushbu savolga javob berdi.
- O'zbekiston terma jamoasi bilan ishlayotganingizga ikki yil bo'ldi. Hozirgi kunda Katanec xohlagan terma jamoa va bosh murabbiy istayotgan o'yin darajasiga erishildimi? Sababi buyog'iga "eksperiment" qilishga vaqt yo'q. Osiyo kubogiga ham 6 oy vaqt qoldi...
- Etarlicha vaqt bo'lmadi. Ushbu musobaqadan oldin bor-yo'g'i bir necha kun mashg'ulot olib bordik. Endi esa har ikki kunda maydonga chiqamiz. Bu etarlicha emas. Superliga ham noyabrda tugaydi, shundagina bir oy bo'sh vaqtimiz bo'ladi. Bir oy vaqt bizga etarlicha bo'ladi deb o'ylayman. Har bir FIFA kunlarida biz muammolarga duch kelyapmiz. Masalan, hozirgi CAFA turniri 11 iyun kuni boshlanadi, FIFA kunlari esa 12 iyundan boshlanadi. Bu g'alati. Yana bizda chet elda faoliyat yuritadigan futbolchilar bor. Ularni terma jamoaga jalb etish ham oson ish emas. Har bir futbolchi, har xil holatda terma jamoaga etib keladi. Masalan, kimdir klubida kamroq o'ynaydi, kimdir esa to'liq o'yin amaliyotiga ega bo'ladi. Men hozir Jalolning jismoniy holatini bilmayman, u faqatgina o'zi biladi, qanday jismoniy holatda ekanligini. Bizda hech qanday bosim yo'q, yangi o'yinchilarni sinab ko'ramiz. Eng asosiy jihat – Osiyo Kubogi oldidan eng yaxshi jismoniy holatda bo'lish.
Terma jamoamiz bosh murabbiyining javobi meni bir oz hayron qoldirdi. Sababi 2021 yil terma jamoamizni qabul qilgan va ikki yil davomida hech qanday bosimsiz, rasmiy o'yinlarsiz tayyorgarlik ko'rgan terma jamoamiz bosh murabbiyi ortda qolgan vaqti etarlicha emasligini takidlamoqda. Ikki yil vaqt etarlicha bo'lmasa, terma jamoamiz optimal holatda va taktik jihatdan komil bo'lishiga necha yil vaqt kerak. Nahotki, ikki yil etarlicha bo'lmadi. Katanec yana har bir FIFA kunlarida muammolar bilan duch kelayotganini aytdi. To'g'ri, u har doim ham o'zi istagan barcha futbolchilarni terma jamoaga yig'iniga jalb eta olmaydi, kimdir jarohat oladi, kimdir esa o'z klubida qoladi. Bu safar SHomurodov kechikmoqda, sababi uning klubi "Speciya" Italiya A Seriyasida qolish uchun "Verona"ga qarshi "oltin" uchrashuvni o'tkazadi. Bir tomondan Katanecning fikri to'g'ri, lekin har bir terma jamoada muammolar bor. Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron kabi terma jamoalarning asosiy tarkib futbolchilari ham bunday muammoga duch kelishadi. Sababi ular ham Evropada faoliyat yuritishadi va klublar futbolchilarni qo'yib yuborgisi kelmaydi, lekin ushbu terma jamoalar bosh murabbiyi cheklangan imkoniyatdan foydalanishga harakat qiladi va bizga yana vaqt kerak, deb o'tirmaydi. Mening fikrimcha, har bir professional murabbiy ixtiyoridagi futbolchilar bilan optimal tarkib tuza olishi kerak yoxud hech bo'lmasa asosiy o'yinchilarsiz o'ynashga tayyor bo'lishi kerak, katta jamoalar har doim "B" rejaga ega.
Matbuot anjumanidan so'ng Katanec yoniga bordim va unga savol berdim.
"Ikki yil vaqt o'tdi. Bu etarli emas deyapsiz, lekin muxlislar va xalq kutib tura olmaydi. Muxlislarga natija kerak, vaqt juda tez o'tmoqda. Ko'z ochib yumsak, Osiyo Kubogi ham boshlanadi".
Hullas, 10 daqiqacha gaplashdik va u savolimga javob berdi. Katanecning fikriga ko'ra, ikki yil vaqt etarlicha emas. CHunki bu juda qisqa vaqt terma jamoa yil davomida bir necha marotaba yig'in o'tkazadi. Bu esa juda qisqa vaqt. Katanec ushbu muammoni jurnalist sifatida ko'proq yoritishimizni so'radi va ingliz tilida "Write about it" (Bu narsa haqida yozib chiqinglar) degan gapni 2-3 marotaba takrorladi. Katanec natija talab qilish bir oz noto'g'ri ekanligini ham uqtirdi, sababi unga juda kam vaqt berilayotgan ekan. Srechko Qatar terma jamoasini misol sifatida keltirdi, Katanecning gaplariga ko'ra, Qatar terma jamoasi o'quv-mashg'ulot yig'inlari o'tkazish uchun futbolchilarni o'z klublaridan uzoq muddatga olib ketar ekan (6 oy). Klublar futbolchilarini ko'yib yuborishi uchun Qatar amirlari ushbu holatga aralashar ekan. To'liq tarkib bilan yig'ilgan qatarliklar Ispaniyaga yoki qaysidir kurort davlatga yo'l olib, bemalol o'quv-mashg'ulot yig'inlarini olib borar emish. Katanec ham shunday imkoniyatga ega bo'lishni xohlayotganini aytdi. Masalan, Avstriyada yig'in yig'in o'tkazsa, u terma jamoani to'liq tayyorlay olishi va shundagina terma jamoa o'yinidan ko'ngli xotirjam bo'lishini aytdi. Hozirgi kunda har toifadagi yoshlar terma jamoamiz va milliy terma jamoa ham chet elda o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazishga imkoniyati bor va chet elda yig'inlar bo'ldi ham. Biz 2013 yilda emasmiz, JCHga yo'llanma beradigan vaqtida etib bera olmay, aeroportda ushlanib qoladigan. Hozir hammma sharoitlar yaratilgan. Katanec bor resurslardan foydalanishi va milliy chempionat reglamentiga qarab ish tutishini aytib o'tdi. Bunday muammolar bilan har bir terma jamoa duch keladi va bahona bo'la olmaydi. Xullas, Katanecga yana vaqt kerak ekan, lekin ikki yil ham kichik vaqt emas, buyog'iga bizni Osiyo Kubogi va abadiy orzumiz Jahon chempionatining saralash o'yinlari start oladi. O'sha vaqtlarda "Bizga ko'proq vaqt kerak edi", deb yurmasa bo'lgani terma jamoamiz bosh murabbiyi janob Srechko Katanec.
Abdulvosit Bektemirov
O'z fikringizni izohda qoldiring. Siz bu holatga qanday baho berasiz?
Fikrlar