So’nggi yangiliklar

01:48"Ал Шабаб" "Милан" футболчисини 14 млн евро эвазига харид қилишга тайёр, аммо...  1 01:21"Милан" сардори "Галатасарой"ни рад этди. Турк клуби ҳимоячига "Милан"дагидан кўпроқ маош таклиф қилганди  0 00:51"Комо" Рафаэль Вараннинг трансферини эълон қилди  2 00:22"Жирона" "Тоттенхэм" форвардини ижарага олиш бўйича келишувга эришди  0 23:51"Манчестер Юнайтед" яқин вақтларда Санчонинг тақдирини ҳал қилади  0 23:21"Барселона" собиқ футболчиси "Ювентус"га ўтишга яқин  0 22:55Мбаппесиз: "Реал" АҚШдаги турне учун таркибини эълон қилди  2 22:31"Реал" 2025 йилда Трент ва Дэвис билан текинга шартнома имзолаш устида ишламоқда  4 22:06"Галатасарой" 22 млн еврога РПЛдан ўйинчи харид қилади?  0 21:23"Челси" "Реал" посбони билан шартнома имзоламайди  5 20:56Сержи Роберто "Аякс"га ўтиши мумкин. У "Барса"дан эркин агент мақомида кетади  0 20:31МЮ 25 млн евро эвазига Мазрауининг ўтиши борасида "Бавария" билан келишувга эришди  1 20:04"Атлетико" "Вильярреал" форвардига қизиқмоқда  0 19:32"Тоттенхэм" кореялик ўйинчини трансфер қилди  3 19:07Расман: "Шабаб Ал Аҳли" Азмуннинг трансферини эълон қилди  14

Hakamni eshitmayman, ammo uni ko'raman Yangiliklar

Hakamni eshitmayman, ammo uni ko'raman

Bundesliganing qulog'i og'ir futbolchisi haqida hikoya. Har yilning 25 sentyabri er yuzida oddiy odamlar kabi hayot kechirayotgan, faqatgina qulog'i sal og'irroq kishilar uchun bayramga aylanadi.

Zero ular uchun xuddi shu kun - Xalqaro birdamlik kunidir. SHu munosabat bilan Championat.com portali xodimlari Germaniya bundesligasida sog'lom futbolchilar bilan tengma-teng kurasha olgan kuchli iroda sohibi - SHtefan Markolf haqida hikoya qilishni lozim topishdi.

2007 yilning yozi. Yurgen Klopp Mayncni o'rmonga sayohatga olib borishi kerak edi. Ammo shundan bir oycha muqaddam klub bundesligadan tushib ketdi va yozgi tatilga mo'ljallangan rejalar chippakka chiqdi. Jamoa buning o'rniga Quyi Saksoniyaga safar uyushtirib, Ayn­traxt bilan o'rtoqlik o'yini o'tkazdi. Ikki ming tomoshabinni qabul qila oladigan stadion bo'm-bo'sh, maydondagi futbolchilarning ishtiyoqi ham unchalik baland emas. Ikkinchi bo'limdagi vaziyatlarning birida futbolchilar havodagi to'p uchun kurashib, to'qnashib ketishdi. Maync shifokorlari boshidan jarohat olgan va to'qnashuvdan so'ng biroz gangib qolgan SHtefan Markolfga yordam ko'rasata boshlashdi. SHu payt nol beshinchilarning sardori Milorad Pekovich hodisa joyiga yaqinlashib, jamoadoshining qulog'iga nazar soldi-da, undan juda bir muhim narsa tushib qolganini payqab, sherigining atrofida xuddi telbadek aylana boshladi. Markolf o'rnidan bir amallab turgan paytda Pekovich maydondagi chimni sinchiklab tekshirib, qidirgan narsani topdi. Bu - kichkinagina, quloqqa tiqib olinadigan maxsus eshitish apparati edi! Milorad jihozni himoyachiga qaytarar ekan, SHtefan sardorda mamnuniyat bilan nigoh tashlab, quyidagi so'zlarni aytdi: Agar sen bo'lmaganingda, men shu erda 1500 evrodan ayrilardim!



Bu voqeadan bir necha kun avval, Xorvatiyaning Xayduk klubiga qarshi o'tgan yana bir o'rtoqlik o'yinida Markolf Mayncning hujumiga qo'shildi-da, uzoqdan oshirilgan to'pni qabul qilib olib, raqib darvozasi sari chopdi. Biroq u tezda hayron bo'lganicha, joyida to'xtab qoldi: raqib himoyachilari futbolchini taqib qilmay qo'ygandi. Negaki, Markolf o'yindan tashqari holatga tushib qolgan, ammo hakamning hushtagini eshitmay, harakatni davom ettiravergandi. Vaholanki, o'shanda ham mitti qurilma uning qulog'ida edi.

Sezib turganingizdek, qurilma SHtefan uchun o'ta muhim buyumga aylangan, zero Markolf qulog'ida muammo bilan dunyoga kelgandi. Qisqasi, u 90 foiz ovozlarni eshita olmasdi. Biroq SHtefanni shunday tarbiyalashdiki, u mazkur kamchilikka etibor bermay o'sdi.

SHtefanning baxtiga, otasi o'qituvchi bo'lib, bola tarbiyasini mukammal tushunar va farzandining muammosini qanday hal qilishni rejalashtirib qo'ygandi. Unga ko'ra, bolakay avval eshitish qobiliyati past bo'lgan bolalarga mo'ljallangan maxsus bog'chaga qatnadi. U erda logoped ayol Markolf bilan uzoq va jiddiy shug'ullanib, bolaga so'zlashni, gapirishni mukammal o'rgatdi. Keyinroq katta Markolf SHtefanning akasi va opasiga maxsus topshiriq berib, ularni bolakay bilan imkon qadar ko'proq muloqot qilishga undadi. Buning natijasida SHtefan maktab yoshiga qadar kishilar bilan bemalol gaplasha olish qobiliyatiga ega bo'ldi. Yaxshiyamki, u oilada uchinchi farzand edi. Agar SHtefan to'ng'ich o'g'il bo'lganida, shubhasiz, muloqot jarayoni muayyan darajada cheklangan bo'lardi. Xullas, katta Markolf SHtefanni odatiy bolalardan qolishmaydigan darajada tarbiya­lab, uni odatiy maktabga o'qishga berdi. SHu tariqa, SHtefan Markolf tengdoshlari kabi binoyidek bola bo'lib, maktabga bordi. U darslarda o'rtoqlari bilan teppa-teng qatnashar, savollarga javob berar, doskaga chiqib, masalalar echardi. Faqat, uning qulog'ida maxsus eshitish qurilmasi bo'lardi. Bu qurilma unga hatto Vitcenxauzen futbol klubining bolalar jamoasida to'p surishiga ham imkon yaratdi. Oiladagilar SHtefanning xobbisiga shunchaki, bir ermak, bolalar bilan yanada yaqinlashish uchun yaxshi bir omildek qabul qilishdi. Biroq vaqtlar o'tgani sari SHtefandagi futbolga mehr kuchayib boraverdi. U 16 yoshida Becirksoberligadagi (Germaniya chempionatining oltinchi ligasi) Xessen klubida shug'ullanardi. Oradan bir yil o'tgach, u beshinchi divizionning Baunatal klubiga qabul qilindi. Bu jamoada 20 yoshli iqtidorni Maync skautlari payqab qolishdi va uni klubga taklif qilishdi. SHtefan mazkur taklifdan shunchalik boshi osmonga etdiki, professional klubda to'p surish uchun fizioterapiya yo'nalishidagi o'qishdan voz kechdi.

Eng muhimi, bu paytga kelib Markolf o'zining maydondagi kuchli tomonlarini bilib olgandi. U murabbiy, darvozabon va himoyachilarning ko'rsatmalarini, muxlislarning qo'llab-quvvatlashlarini eshitmas, bularning bari unga yagona bir shovqindek tuyulardi. Ammo shu bilan birga, u o'tkir ko'zlari bilan maydondagi har bir vaziyatni ko'rib, shunga yarasha darrov kerakli xulosa chiqarardi. Yani birgina nigoh orqali qachon ochilishi kerakligini-yu, qachon taqibdan qochish mumkinligini sezib olardi. Bir so'z bilan aytganda, SHtefaning ko'zlari uning qulog'iga bog'liq muammolari o'rnini bemalol bosardi: Men hakamning hushtagini eshitmayman, ammo uni doim ko'rib turaman. Qoida buzilganini yoki o'yin to'xtatilganini shundan bilib olaveraman. Markolf, shuningdek, ishqibozlarning jamoaga, uning shaxsan o'ziga bo'lgan munosabatlarini ham ko'zlari orqali aniqlashni o'rgandi. Agar meni qo'llab-quvvatlamoqchi bo'lsanglar, yaxshisi, familiyam bitilgan ulkan plakatlar olib keling, - degandi u bir gal hazil aralash.

SHtefan Mayncga qabul qilinganiga ikki yil to'lganida, u Yurgen Klopp bilan tanishish baxtiga muyassar bo'ldi. Bungacha u Mayncning ikkinchi tarkibida, chap qanotda to'p surdi. O'yinlar tugagach, u hamma qatori, murabbiy xonasiga kirar, yutuq va kamchiliklari haqida atrofdagilarning lablariga qarab, bilib olardi. Maync II bosh murabbiyi Kolin Bell uni sabrli bo'lishga, omadini kutib yashashga o'rgatdi. Tez orada Bellning o'rnini Pyotr Noyshtedter egalladi va o'g'li - Roman Noyshtedter qatori, SHtefanni ham asosiy tarkib azosiga aylantirdi. Bu - qulog'i og'ir yigitcha uchun katta ahamiyatga ega ekanini sezib turgandirsiz?..

Nihoyat, 2006-07 yillar mavsumida Markolf bosh jamoa mashg'ulotlarida ishtirok eta boshladi. 2007 yilning yoziga kelib, Maync ikkinchi bundesligaga tushib ketganidan so'ng, Yurgen Klopp SHtefanni o'z qabuliga chaqirdi. Bu erda yana o'sha eski odat takrorlandi - so'zlash qobiliyati binoyidek, qarshingdagi odam nimalar deyayotganini esa lablarning qimirlashidan bilib olaverasan. SHu tariqa, Markolf murabbiy unga ishonch bildirishi mumkinligini sezdi va mashg'ulotlarga yanada jiddiyroq kirishdi. Bizning uning eshitish qobiliyati pastligini bilmaganimizda ham, buni aslo sezmagan bo'lardik, - dedi Klopp. - SHtefan maydonda ko'rganlariga qarab xulosa chiqarishni biladi. Bu esa futbolda eshitishdan ko'ra muhimroq. Xullas, Yurgen himoyachini yozgi yig'inga taklif qilib, uni sinovdan o'tkazdi va yakuniy xulosa chiqardi: Markolf birinchi jamoada o'ynashga loyiq.

Maync muvaffaqiyatsizlikdan so'ng bundesligaga darhol qayta olmadi. Biroq xuddi o'sha mavsum SHtefan uchun ertakka aylandi. CHunonchi, mavsum avvalida jamoaning chap qanotidagi asosiy himoyachi Marko Roze uzoq muddatga safdan chiqdi va Klopp bu o'rinni Markolfga ishonib topshirdi. SHu tariqa, SHtefan jamoa himoyasida umidli Neven Subotich hamda tajribali Nikolche Noveskilar bilan birgalikda harakat qila boshladi. Aytgancha, Noveski haqida kichik bir qiziqarli voqea: u 2005 yilgi o'yinlarning birida raqib darvozasini aniq mo'ljalga oladi, ammo o'yin oxirigacha o'z darvozasini ham ketma-ket ikki marta ishg'ol qilib qo'yadi. Tabiyki, bunday ko'ngilsizlikdan so'ng barcha uning kayfiyatini qanday ko'tarish mumkinligi haqida o'ylab qoladi. Ammo Noveski kiyinish xonasidan chiqib kelar ekan, jilmayib, o'zini kutib turgan jurnalistlarga shunday deydi: Hechqisi yo'q, axir men bugun xet-trikka erishdim!

SHunday qilib, Markolf Mayncning himoya chizig'ida mavsum davomida 8 o'yin o'tkazadi. To'g'ri, gol urish unga nasib qilmaydi, biroq o'z navbatida, SHtefan raqiblarga ham bunga imkon bermaydi.



Har gal uning tug'ilgan kuni Maync kiyinish xonasida ulkan shodiyonaga aylanar, har gal biror-bir qiziqarli voqea kuzatilardi. Deylik, kimdir tort kesish bilan ovora, uch-to'rt nafar futbolchi esa SHtefanning qulog'iga tinmay baqirib, Happy birthday to you deb takrorlaydi. U esa kulimsirab, jamoadoshlariga shunday deydi: Ey, men sizlarni eshitmayapman, qattiqroq gapiringlar, iltimos!.

Yurgen Klopp esa Markolfni maqtagani-maqtagan: U juda tezkor va oyoqlari nihoyatda kuchli. SHtefanga bundan ortiq hech narsa kerak emas.

SHtefan qulog'ida maxsus qurilma bilan har gal maydonga chiqib kelar ekan,  bo'lmasa, uni o'yin arafasida boshqasiga almashtirib oladi: Menda ikkita eshitish apparati bor - bittasi futbol uchun, ikkinchisi boshqa vaqtlarda foydalanish uchun. Yangi qurilmaning afzalligi shundaki, u quloqdan sirg'anib tushib qolavermaydi, shuningdek, to'p kelib boshga tekkanida, uncha-munchaga buzilavermaydi. Ammo u sal qimmatroq - 1500 evro. Kundalik hayotda ham mazkur muammo futbolchi yigitga unchalik xalal bermayapti. Misol uchun, u qaylig'i bilan kinoga tushsa, kartinadagi qahramonlarning lablariga qarab, gap nimadaligini tushunib oladi. Keyinchalik, juftlik bunda ham qulayroq yo'l topishdi: Subtitrtlari bor DVD - juda ajoyib narsa-da!.

SHu tariqa, yoqimli ertak bir mavsum davom etdi. Vaqti kelib, Klopp ko'zlarida yosh bilan Mayncni tashlab ketdi. Uning o'rnini egallagan norvegiyalik mutaxassis Yorne Andersen esa SHtefanni keraksiz futbolchilar sirasiga kiritdi. SHu bois, Markolf yana avvalgi o'rniga - mintaqaviy ligaga qaytdi. Biroq u odamlar diqqatidan butunlay chetda qolgani yo'q. Aniqrog'i, qulog'i og'ir futbolchilardan iborat Germaniya terma jamoasi ustozi Frank Cyurn Markolfni yuksak umidlar bilan jamoasiga taklif qilib, uni Evropa chempionatiga olib ketdi. Germaniyaliklar bu musobaqada bronza medallarini qo'lga kiritishdi. Lekin SHtefan uchun Maync asosiy tarkibidagi o'sha 8 o'yin nisbatan yoqimliroq, qadrliroq edi: Ehtimol, mening hayotim qulog'ida muammosi bor boshqa insonlar, ayniqsa bolalar uchun o'rnak bo'lar?! Men bir narsani - o'zingga ishonsang va muammolar qarshisida taslim bo'lmasang, har qanday orzuga erishish mumkinligini isbotlashni istayman.

Guvohi bo'lganingizdek, Markolfning boshidan o'tgan sarguzashtlar (hattoki, u hozir havaskorlar ligasi darajasida to'p surayotgan bo'lsa-da) har qanday kishi uchun namuna bo'la oladi. Zero, futbol - inson o'zligini topishi uchun katta tasir o'tkaza oladigan muhim yo'nalish. SHtefan Markolf misolida esa biz amin bo'lamizki, sening qanday eshitayotganing, qulog'ingdagi qurilma qanday ishlayotgani muhim emas. Muhimi - sen o'z imkoniyatlaridangdan qay darajada foydalana olishingda! SHuningdek, gap bu erda faqat eshitish qobiliyatida ham emas. Gap - sendagi iroda kuchining qanchalik namoyon eta olishda!

Mayncdan ketar ekan, SHtefan Markolf uning boshidan o'tganlari o'ziga o'xshash yosh futbolchilarga katta yo'l ochib berishiga umid bildirdi. Qizig'i shundaki, Markolfning vorisi hozirdanoq aniq - qulog'ida muammo bilan tug'ilgan 19 yoshli Simon Ollert ham ayni kunda professional futbolchi bo'lishni maqsad qilgan. Agar u maxsus qurilma yordamida atrofidagi tovushlarning 60 foizini eshita olsa, qurilmasiz bu ko'rsatkich atigi 2 foizga tushib qoladi. Ammo iqtidorli yosh forvard mazkur kamchilikka qaramay, 17 yoshida Unterxaxingda debyutini nishonladi. Keyinroq esa bundesligadagi Ingolshtadtning yoshlar jamoasiga taklif etildi. Ochig'ini aytish kerak, xastalik hozircha Ollert­ga tez-tez pand beryapti: birinchidan, uning qulog'idagi qurilma ko'pincha maydonga tushib qolaveradi, ikkinchidan, sog'lom raqiblar bolalarga xos g'ayirlik bilan bechorani kamsitishmoqda. Biroq bu - vaqtlar o'tishi bilan yo'qolib ketadigan muammolar.

Asosiysi, Ollert ham buyog'iga SHtefan Markolf singari, jismoniy kamchiligi bor kishilar ham o'zini chetga tortavermay, oxirigacha kurashishi lozimligini isbotlashi zarur. Demak, bundesliga tarixidagi ilk qulog'i og'ir futbolchi - SHtefan Markolf Simon kabi yigitchalar uchun namuna, qahramon yoki kumirga aylanib ulgurdi, hisob. Bizningcha, bu - SHtefan uchun Maync asosiy tarkibidagi o'sha sururli 8 o'yindan ham muhimroq...

Reyting: +14   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика