Nodirxo'ja Yuldashev Germaniyada ishlayotgan o'zbekistonlik murabbiy bilan samimiy suhbat qurdi
19 dek 2023 10:46
Yangiliklar
Nodirxo'ja Yuldashev Germaniyada ishlayotgan o'zbekistonlik murabbiy bilan samimiy suhbat qurdi
Germaniyaning turli klublarida faoliyat yuritgan Orzumanbek Nurmuhammedov bugungi kunda "Kyonigshtayn" jamoasining U17 jamoasi bosh murabbiy, shuningdek U-16 va U-17 yosh toifasidagi katta murabbiy hisoblanadi.
— Avvalo Germaniyaga nima maqsadda borganingiz va voqealar rivoji qanday rivojlangani haqida aytib bersangiz.
— Assalomu aleykum. Suhbatga chaqirganingiz uchun rahmat. 2014 yil Vesminster liceyini tugatib harbiy yoki jismoniy yo'nalishga kirish tanlovida edim. O'shanda akademik eshkak eshish bilan shug'ullanardim. Harbiy sohaga ham (tekis oyoqlar sabab), jismoniyga ham (DTM'da etarli ball to'play olmadim) kira olmadim. Hech qaerda tanishim yo'q edi, bunday masalalarni pulga ham hech qachon hal qilmagandim. Faqatgina IELTS'dan 5.5 talab qilingan bo'lsa ham o'zimizdagi chet el oliy o'quv yurtlariga kirishni xohlamadim. Menda o'sha paytda 7.0 bor edi. Bir yilni Toshkentda o'tkazdim, IELTS'dan dars bergan holda o'quv markazida ishladim. Keyinchalik o'z orzuim ortidan borishga urinib ko'rish g'oyasi keldi, aniqrog'i professional futbolga kirish. Doim "Liverpul"ning ashaddiy muxlisi bo'lganman, ammo hech qachon akademiyada o'ynamaganman, faqatgina ko'cha, maktab va liceyda to'p tepganman. O'yinchi sifatida unchalikmasman-u, ammo futbolga bo'lgan mehr kuchli bo'lgan. Ota-onam bilan gaplashganimdan va ularning ko'maklaridan so'ng chet eldagi mos variantlarni izlashni boshladim. IELTS'dagi baholarim bilan o'qishlariga kiradigan mamlakatlarimda moliyaviy jihatni ko'tara olmasdim. Angliya va AQSHda o'qish o'ta qimmat. Futbolchasiga o'ylagan holda Germaniyani ko'rishga qaror qildim. U erda o'qish bepul, ammo faqatgina nemis tilida edi. Nemis tilini o'rganish, o'sha erga yo'l olish va sport bo'yicha oliy o'quv yurtiga o'qishni boshlashga qaror qildim. SHunday qilib, 2015 yilning mayida Germaniyaning Augsburg (Bavariya) shahriga keldim. U erda o'sha yilning oktyabrigacha nemis tilini o'qidim. Fevralda Studienkolleg'da imtihor bor edi, bu mahalliy oliy o'quv yurtlarida o'qish huquqini beruvchi 13 yillik maktabdek narsa. Parallel ravishda sport normativlari bo'yicha kirish imtihonlariga tayyorlandim. Bu imtihon har bir oliy o'quv yurtida biroz farq qiladi, ammo bu o'rtacha har biri 2-3 normativga ega 10-12 sport turlaridir. 2016 yilning fevralida turli Studienkolleg'lardagi uchta imtihonga bordim, yakunda Frankfurtdagiga kirdim. Ikki semestr o'qigan holda 2017 yilning iyunida uni tugatdim. Iyuldagi sport imtihonini ham muvaffaqiyatli topshirdim. Futbol va basketbolda oliy ballarni, masalan gimnastikadan 0 ball oldim (kuladi). Qolgan barchasi ajoyib o'tdi va 2017 yilning oktyabrida Gyote nomidagi Frankfurt universitetining sport fanlari fakultetida o'qishni boshladim.
O'qish qiyin, barcha fanlarni o'zingiz uchun tanlaysiz. Anatomiya, fiziologiya va sport fanlari nazariyasi kabi majburiy fanlar bor. Bundan tashqari, barcha sport turlari nazariya va amaliyotga ega. Keyinchalik chuqur o'rganiladigan mutaxassisliklar ham bor. Menda futbol va sport psixologiyasi edi. Doim o'qishga parallel ravishda ishlardim. Barcha ishlarimni aytib bermayman-ku, ammo asosan fitness klubda murabbiy bo'lganman. Professional akademiyada to'liq stavkada ishga joylashmaguncha futbol/murabbiylik faoliyatiga to'lanmaydi. U erga UEFA licenziyasi kerak. O'zimning bazaviyimni universitetda olganman, 2021 yilda esa o'qib UEFA B'ga ham ega bo'ldim. U bilan oliy ligalarga qadar bo'lgan yoshlar jamoalarini va 5-diviziondan pastda bo'lgan kattalar jamoasini shug'ullantirish mumkin. Bularning barchasiga pul berilmaydi, ammo UEFA A licenziyasi uchun talab qilinadigan ish tajribasini beradi.
— U erdagi murabbiylik maktabi haqida aytib bersangiz?
— 01.01.2022dagi reformalarga qadar C, B, B-Elite-Jugend va PRO licenziyalari bor edi. Reformadan so'ng ular ko'paydi — Basis Coach, C, B, B+, A, A+, Pro. Har bir darajaga o'tish uchun talablar qiyinlashdi, barchasi ballar tizimiga o'tdi. Endilikda ballarni jamg'arish kerak, masalan ish tajribasi orqali (liga va mavsumiga 0,5dan 7gacha darajaga qarab), amaliyot orqali, oliy o'quv yurtida o'qish orqali (sport oliy o'quv yurti 10 ball beradi), darajani oshirish uchun qo'shimcha kurslar (ammo, faqatgina Germaniya futbol federaciyasidan rasmiy - DFB) va hokazo. Ammo, eng katta o'zgarish - bu o'yinchining tajribasi uchun ballar. SHunday qilib, sobiq professional o'yinchi birdan UEFA A licenziyasiga o'tishiga ruxsat beriladi va Germaniyadagi 1-3 ligalar uchun 7 ball oladi. Bu band bilan ko'plarda muammolar paydo bo'lmoqda va shaxsan men ham bunga qo'shilmayman, sababi o'yinchining tajribasi murabbiylikdagi muvaffaqiyatli faoliyatni kafolatlamaydi.
Masalan, o'yinchi 35 yoshgacha qadar o'ynagungacha kimdir 20 yoshdan 35 yoshgacha turli darajalarda 15 yillik tajriba to'plagan holda shug'ullantiradi. Yaxshi o'yinchi - doim ham yaxshi murabbiy emas, bunday misollar ko'p.
Murabbiylik kurslarida etiborni licenziya darajasiga qarab turli punktlarga etibor bergan holda futboldagi barcha jihatlarni o'rgatishadi. Bazaviy kurslarda mashqlarning intensivligini nazorat qilish turlari (vaqt, masofa, o'yinchilar soni, chalg'ituvchi faktorlar va boshqalar), A'da bo'lsa murabbiylik imijini yaratish, o'z o'yin falsafasini qurish va jamoani boshqarish, PRO'da esa media va klub boshqaruvchilari bilan ishlash tushuntirilishi mumkin. Bu oddiygina misollar. Albatta, materialning asosiy qismini futbol va kouching tashkil etadi, ammo bunday jihatlar ham o'rgatiladi. B licenziyasi uchun o'qishim 2 hafta davom etdi, sababi universitetda futbol mening mutaxassisligim edi va men nazariyadan sakrab o'tishim mumkin edi. Ikki hafta Gessendagi futbol federaciyasi bazasida bo'ldim (Hessischer Fußball Verband), u erda 4 docent bor edi. Kuniga ikkita teoriya, ikkita amaliyot. Sababi demo guruhlar yo'q edi (odatda bu oliy ligadan taklif qilingan U16-U17 jamoasi bo'ladi), sababi o'sha payt Germaniyada pandemiya bilan "qattiq" kurash ketayotgandi, biz o'rganuvchilar o'yinchilar rolini bajarishimizga ham to'g'ri kelgan. Bu men uchun eng qiyini bo'lgan, sababi hech qachon o'ynamaganman, men bilan birga o'rganganlarning barchasi kamida 5-4 ligalarda o'ynashgan. Yaxshiyamki barchasi jarohatlarsiz o'tdi, men yaxshi holatda edim. Imtihonlar ham ajoyib o'tdi, birinchi imkoniyatdanoq barchasidan kamchiliklarsiz o'tdim. U 4 qismdan iborat bo'ldi:
1) nazariy blokning taqdimoti
2) o'z nazariyamga asoslanib o'tkazilgan mashg'ulotlar
3) professional futboldan bir yoki bir nechta qismlar video tahlili
4) mashg'ulotlarim haqida reflekciya
Agar bir punktdan o'ta olmasangiz keyingi imtihonda qayta topshirish huquqini berishadi. Agar bittadan ortiq bo'lsa buni faqat bir yildan keyin amalga oshirish mumkin bo'ladi va o'qishdan qaytadan o'tish shart emas.
Bundan tashqari o'yindagi sifatlaringizga qarab ball berishadi. U erda eng past o'tish ballini olganman.
— Klubga sizni kim taklif qildi va guruhni berishlariga nima sabab bo'ldi?
— Kyonigshtaynga klub sport direktori taklif qildi. 2021 yildan 2023 yilga qadar FC Gießen'da ishlaganman va oliy mintaqaviy ligada (Hessenliga) U17 jamoasini boshqarganman. U erda rahbariyat bilan fikrlarimiz to'g'ri kelmadi va mening ishimga aralashildi. Klubda katta pasayish bo'ldi, bosh jamoa o'sha mavsum mintavaqiy ligadan (kuch bo'yicha to'rtinchi) tushib ketdi va bu yoshlarda ham aks etdi. Yakunda, o'z xohishimga ko'ra u erdan ketdim va o'shandayoq Kyonigshtayndan bog'lanishdi va U17 bosh murabbiyligi va U16-U17 yoshlari (Germaniyada ushbu yosh B-Jugend deb ataladi) katta murabbiyligi taklif etildi va jamoani yuqoriroq ligaga olib chiqish vazifasi qo'yildi. Ushbu klubdagi U17 jamoasining voqeasi juda ham qiziq. Ular so'nggi 7 yil davomida 2-3 o'rinlarni egallashgan va umuman yuqoriroq ligaga chiqa olishmagan. Ushbu klubdagi qolgan barcha yoshlar oliy ligalarda, juda yuqori darajalarda o'ynashadi. Bunga eng yaxshi o'yinchilarimiz jam bo'lgan Eintracht Frankfurt bilan hamkorlik ham xizmat qilmoqda. Ular barcha talablarimga rozi bo'lishdi (assistentlarni o'zim tanlayman, jismoniy tayyorgarliklar bo'yicha o'z anjomlarimiz, tizimni yozish va o'yinlar tahlili) va men rozi bo'ldim. Bu klubda bo'lishdan va murabbiy sifatida o'sishdan juda ham xursandman.
— Yaqinda ushbu jamoada O'zbekistondan Hayrullo Ergashev ko'rikdan o'tdi. Futbolchilarimiz va nemislar o'rtasidagi farq nimada?
— Bitta o'yinchiga qarab aytish qiyin. Hayrullo Ergashev texnik jihatdan juda kuchli o'yinchi va O'zbekistonda 2008 yillar ichidan eng yaxshilaridan biri. Men o'zimizdagi nimanidir o'rtacha ko'rmaganman, shu sabab uni Germaniyadagi o'rtacha baho bilan solishtira olmayman. Ammo, Hayrullo o'z yoshida O'zbekistonda oliy ligada o'ynayotgani, mening jamoam esa faqatgina ikkinchi davlat ligasida (Gruppenliga) ekanligini inobatga olsa farq katta.
Birinchidan, bu o'yin va malum bir vaziyatni tushunishda. Germaniyada o'yinning vaqti va uzluksizligi tushunchasi yoshlikdan singdiriladi. To'p senda bo'lib turganda u yo'qolsa nima qilishingizga tayyormisan? Sen himoyalanmoqdasan - to'pni olib qo'yganingda nima qilasan? Raqibing ham shunday o'ylaganda qanday yo'l tutasan? Bu erdagi yigitlar to'p yo'qotilishi bilan shu zahoti uni qaytarishga tushishadi. Bu Hayrulloning ilk mashg'ulotlarida sezildi. U yigitlarim orasida texnik jihatdan eng yaxshilaridan biri edi, balki eng yaxshisidir. Ikki oyoq, zarba, pas, maydonni ko'ra olish, ammo jamoasi to'pni yo'qotganidan so'ng boshqa vazifaga o'tish uchun ikki soniya kerak bo'ldi. Ammo, biz bu vaziyat bo'yicha gaplashganimizda va men unga buni tushuntirganimda deyarli birdan yaxshilanish kuzatildi.
Ikkinchidan, jismoniy tayyorgarlik va atletikaga munosabat. Men haligacha O'zbekistondagi deyarli barcha murabbiylardan "yugurish va "otjimaniya" etadi, shtanga va qo'shimcha og'irliklar kerak emas - o'sishdan to'xtaydi" kabi iboralarni eshitaman. Bu umuman noto'g'ri, ammo bahslashish va kimgadirga nimanidir isbotlashga hech qachon intilmaganman. Bu ularning aybi emas, bu ularni o'qitganlarniki. "Fizika" tushunchasi turli murabbiylar va sportchilar uchun umuman turlicha bo'lishi mumkin. Bu mavzuda uzoq gapirishim mumkin, ammo intervyu butun boshli kitobga aylanib ketishidan qo'rqaman. Ammo xulosa qilib aytish mumkinki, bu "o'sishdan to'xtaydi" degan gaplarning natijaci bizning futbolchilardagi skelet-mushak tizimining evropaliklarniki oldida yaqqol o'smaganligida aks etadi. Men shishgan "bankalar" haqida emas, futbolning intensivligi va sportchilarga bo'lgan talablar haqida gapiryapman. Futbol - juda ham kompleks o'yin, u erda birorta "aniq chiziqlar" yo'q. Unda qisqa va shiddatli sprintlar, yugurishlar, sakrash bilan ko'plab bosqichlar mavjub bo'lib ilk daqiqalardan yoki 12-15 km yugurib 90-daqiqalardanoq amalga oshirish kerak bo'lgan texnik va taktik harakatlar mavjud. Va barcha jihatlar muhim va biz shuni shug'ullantiramiz.
Uchinchidan, o'yinchining taktik salohiyati va moslashuvchanligi. Hayrullo O'zbekistondagi eng yaxshi akademiyalardan birida, turli poziciyalarda o'ynaydi. Unga ajoyib o'rgatilgan, ammo ko'p narsalarni shunchaki tushuntirishmagan. Yigitlarim qanday qilib bir nechta tizimlarda o'ynash va qanday tizimga qarshi rollarni qanday qilib o'zgartirish kerakligini bilishadi. Kyonigshtayn klubida barcha 4-3-3 sxemasida o'ynaydi, to'pga ustunlik qilishning uzoq fazalari, o'z jarima maydonchasida qisqa o'ynash - bular klubning qatiy chizig'i. Ammo, shu bilan birga, bu erda yigitlar futbolni tushunishlari va bir murabbiyning u yoki bu g'oyalariga bog'lanib qolmasliklarini xohlashadi. Men murabbiy sifatida doim to'pga egalik qilishni va aynan to'pga egalik qilish orqali raqibni nazorat qilishni, doim yuqori pressing qilishni xohlayman. Ammo, 4-3-3 sxemasini ham turli murabbiylar turlicha targ'ib qilishadi. Eng yaxshi misollar "Siti" va "Liverpul"da. Ikkisi ham 4-3-3da o'ynaydi, ikkisining dinamikasida ham hujumda 2-3-5 hosil bo'ladi, ammo umuman turli yo'llar bilan. Qisqa qilib aytganda, Kloppda vingerlar hududi torayib, qanot himoyachilariga joy beriladi, Pepda bo'lsa markaziy yarim himoyachilar yarim qanotga ko'tarilishadi, vingerlar kengroq o'ynaydi, qanotdagilar esa o'rtada tayanch hududiga o'tishadi. Ha, hattoki pressing ham farq qiladi, hujum bosqichlari boshqacha tuzilgan, umuman hammasi boshqacha. Va bularning barchasini 14-15 yoshdan o'rgatish kerak. Ko'rsatib, tushuntirib, qilib ko'rishga, xatolar qilishga, o'yinlardagi xatoliklarga imkon berish. Bu mening navbatdagi punktim.
To'rtinchidan, xatolar qilishdan qo'rqish. Bu yaqqol sezilgandi. Men mashg'ulotlarda har bir o'yinchi juda ko'p xatolarga yo'l qo'yishi kerak deb hisoblayman. Yangi malumot - yangi xato. Yigitlarga qo'rqmasdan masalalariga echim topishga undash va xatolar qilishga ruxsat berish. Axir ular o'rganishmoqda. Ha, o'yinlarda ham xatolar qilaverishsin. Futbolda kitob va video orqali o'rganib bo'lmaydi, o'ynash, xatolar qilish, yana urinish, yana xatolar qilish va yana urinib ko'rish kerak. Bu murabbiydan chiqishi kerak bo'lgan narsa. Bizdagi atmosfera va uni jamoaga qabul qilish oliy darajada bo'lgan bo'lsa ham Hayrulloning xato qilishdan qo'rqishi sezildi. Boshidan uning barcha qarorlari to'pni yo'qotish ehtimoli nuqtai nazaridan maksimal xavfsiz edi. Barchasi minimum.
Ilk mashg'ulotdan so'ng bu mavzu haqida u bilan gaplashdik. Bu qo'rquv unga futboldagi ilk yillaridanoq singgan. Unga nimanidir tushuntirishga to'g'ri kelmadi, shunchaki xatolar qilish kerakligini aytdim. Qolganini jamoa qildi - ular yugurishdi va uni ikkinchi kundan beri tanib turishlariga va jamoadagi kimningdir o'rnida raqobatchi bo'lishi mumkinligiga qaramasdan uni ruhlantirishdi, qo'llab-quvvatlashdi. Jamoaga hech narsa aytganim yo'q va kerak ham emas - ular futbolda shunday tarbiyalangan. Albatta, bu erdagi murabbiylarda ham U8 bilan ligani yutishni muhim deb biladiganlari topiladi, ular bolalardan natija talab qilishadi, urushishadi, tanqid qilishadi va xatolar uchun jazolashadi, bundaylar ham bor. Ammo, men ko'pchilik haqida aytyapman, ular bolalar xato qilishi qancha ko'p bo'lsa shuncha yaxshi deb hisoblashadi.
— Sizning yo'nalishingiz jismoniy tayyorgarlik bo'yicha. Bu men uchun doim qiziqarli bo'lgan mavzu. Evropada necha yoshdan jismoniy tayyorgarlikka etibor beriladi va bu qanday tartibda bo'ladi?
— Bu unchalik ham mening yo'nalishim emas, ammo talim va ish tajribamdan kelib chiqib o'z jamoam va klub bilan atletikada shug'ullanaman. Odatda jismoniy tayyorgarlik bo'yicha alohida murabbiy bo'ladi. Yuqorida aytganimdek jismoniy jihat moslashuvchan tushunchadir va barchasi hamma uchun turlicha narsalarni anglatishi mumkin. Men o'zimda futbol uchun qarashlarimni shunday tasvirlardim: yuqorini bodibilder kabi, pastni esa atlet kabi shug'ullantir. Qolgan barchasini o'yinning o'zi shug'ullantiradi. Yosh bo'yicha bitta fikrni aytish qiyin. Agar haftada 4-5ta mashg'ulotlar qiladigan professional klub akademiyasi bo'lsa, atletika va fizioterapevtlar bo'yicha murabbiylar jamoasi bo'lsa, unda 12-13 yosh degani. U erda 14-15 yoshda muammosiz yuklama berish uchun mashg'ulotlarni bajarish texnikalarini o'rgatishadi. Aylana yugurish yo'q, "davay, bugun 50ta anjumaniya" deydiganlar yo'q, balki nima qilishni biladigan mutaxassislar bor. Akademiyalardagi zallarda taxminan bir soatdan mashg'ulotlar oldidan yoki kunning ilk qismida shug'ullanishadi.
Agar bu haftada 2-3 mashg'uloti bo'lgan havaskor klublar bo'lsa unda 15-16 yosh, haftada 30-40 daqiqa va bu doim ham emas, sababi barchada ham anjomlar yo'q. Qolgan vaqtni to'p bilan ishlashga qaratgan maqul. Jismoniy jihatni 15-16 yoshda qilsa bo'ladi, texnikani esa yo'q. Jismoniy jihat hech qachon o'yinning oldida turishi kerak emas. O'yinning o'zi shunchalik shiddatli bo'lsinki unda o'yinchining atletik qobiliyatlari ham o'ssin. Va bu ham murabbiyning qo'lida.
Akademiyalar va jismoniy tayyorgarlik haqida gap ketganda sportni rivojlantirish mavzusi jarohatlarning oldini olish mavzusi bilan chambarchas bog'liqdir. Har bir narsaning asosi - malum mushaklar guruhlaridagi kuchni rivojlantirishdagi kamchiliklar uchun o'yinchilarni aniq va batafsil sinovdan o'tkazish. Balansni tiklash va ortda qolayotgan guruhlarni ko'tarish yo'llarini izlashimiz kerak. Agar deficit bilan ishlanmasa, bu jarohatga olib keladi. Men raqib ishtirokisiz jarohatlar haqida aytayotganimni sezish mumkin. Misol keltiraman - sonning orqa yuzasini cho'zib olish eng ko'p uchraydigan jarohatlardan. Bu ekscentrikda (mushaklar qisqarish oldidan cho'zilganda) sonning ortdagi mushaklaridagi kuchning deficitidan bo'ladi. Davolash va tiklash darajasiga qarab 4 haftadan bir necha oylargacha vaqtni oladi. Yaxshisi buning oldini olish yo'llarini bilish.
— Germaniyadagi skauting tizimi Evropadagi boshqalardan nimasi bilan farq qiladi?
— Evropadagi boshqa mamlakatlar uchun gapira olmayman, men faqat Germaniyada ishlaganman. Bu erdagi skautlar hamma joyda bor, hattoki pastki qishloq ligalarida ham. Aynan shunaqa joylardan boshqalardan farq qiladiganlar chiqadi. 8 yoshdayoq nimanidir payqash mumkin.
Yondashuv o'zgargan. Futbol juda intensiv bo'lgan. Germaniya doim o'zining tez, intensiv va tanaffussiz futboli bilan ajralib turadi. Bu erdan qachonlardir faqat jismoniy tarafdan etuk yigitlarni izlashgan. Texnik jihatdan eng yaxshisi emas, eng yirigi/yuqorisi olingan. Va Germaniya terma jamoasining so'nggi yillardagi natijalari buni aks ettiradi. Futbolchilar yo'q, yuguradiganlar bor. O'z xatolarini tushunishdi va anglashdi. Texniklarni izlashga qaytishdi, ko'proq pullarni o'z sport zallarini rivojlantirishga, atletika bo'yicha murabbiylar va sport fanlardigai mutaxassilarga ko'proq yo'nalitirishga o'tishdi.
Saralashda xulq-atvor va o'yinchining manaviy/ijtimoiy sifatlariga juda ham etibor berishmoqda. Bizda "harakatlarini nazorat qilishadi" deyishlari mumkin. Bolaning futbolga, o'z sheriklariga va murabbiylarga bo'lgan munosabati muhim. Hattoki o'yindan/mashg'ulotdan so'ng fishkalar yoki to'plarni yig'ish, kimdir esa bularni qilmasligi o'yinchi haqida dalolat beradi. Madaniyat jihatdan o'zini tutishi, tilni bilishi, uning shaxsiyati jamoadoshlari bilan hamohang bo'lishi, boshqa poziciyalarda o'ynashga tayyor bo'lishi va boshqalar. Ro'yxatning oxiri yo'q. Akademiyalar va klublarda Kaderplanung degan ibora bor, aniqrog'i "tarkibni rejalashtirish". Ular qaysi poziciyada necha o'yinchilar borligini ko'rib chiqishadi, barcha scenariylarni o'rganishadi, jumladan tarkibdagi kimningdir ehtimoliy jarohat va tarkibning kengligini taminlash uchun yoshdagi o'sishga masul bo'lishadi. Ammo, ular barchaga imkoniyatlarini namoyish etish uchun aniq rejalashtirishadi.
Yaxshi bir misol keltiraman:
Mainz 05 Bundesligada o'ynaydi, ammo ularning o'rinbosarlari (U23) to'rtinchi hududiy ligada harakat qiladi. Masalan ularda "Borussiya Dortmund"di bor 3-ligaga chiqish uchun barcha imkoniyatlar bor. Ammo, ular atayin 4-ligada qolishadi. Sababi, ular birinchi jamoaga ko'tarmoqchi bo'lgan forvard doimiy ravishda hujumchidan kutilgan ishni tinimsiz bajargan holda doimiy ravishda jarima maydonchasida o'ynaydi. Agar "Borussiya"ning o'rinbosarlariga qarasangiz ular uchinchi ligada doim jadvalning pastida borishadi va 4-ligaga tushib ketsalik uchun qisman "avtobus" qo'yib faqat himoyalanishadi. Natijada esa "Borussiya" forvardi mudofaada ishlagan holda faqat to'p ortidan yuguradi va "Maync" forvardiga qaraganda kamroq raqib jarima maydonchasida bo'ladi. Farq yondashuvda.
Hamyurtimiz Kozimjon Aripov akcioner hisoblanadigan "Ayntraxt Frankfurt"dan misol. Biz uni juda yaxshi bilamiz, u juda etiborli inson, doim yordam kerak bo'lganda men uchun vaqt topadi. Bizni Dilshod Ro'zmetov tanishtirgan - 5 yildan ko'p vaqtdan beri futboldagi akam. Usiz bir qadam ham tashlanmaydi (kuladi).
Xo'sh, ular ikki yil oldin "Barselona B"dan 16 yoshli Fabio Blanko bilan shartnoma imzolashdi. U17 akademiyaga imzo chekishdi, ammo u shunchalik yaxshi ediki, birdan U19ga ko'tarishdi. U erda ham o'zidan ikki yosh kattalar jamoasida eng yaxshilardan edi. U murabbiy bilan kelisha olmadi, ammo bunday iqtidorni qo'yib yuborishni xohlashmadi va uni qoldirish yo'lini topishdi. "Ayntraxt"da anchadan beri o'rinbosarlar jamoasi yo'q edi, U19 va birdan bosh jamoa. SHunday qilib, ular ushbu o'yinchi uchun pandemiya davrida bankrot bo'lgan va o'z stadionini saqlay olmagan 5-ligadagi jamoani xarid qilishdi va bu jamoa asosida "Ayntraxt" o'rinbosarlarini yaratishdi va barchasini o'zgartirishdi. Barchasi top iqtidorning ularda o'ynashi uchun. Bu yordam bermadi, u Ispaniyaga, adashmasam Valensiyaga qaytib ketdi.
Nega bir-biriga aloqasi yo'q ikki misol? Skauting - juda masuliyatli va murakkab jarayon bo'lib, unda ko'p mustaqil va nomustaqil parametrlar mavjud. Evropada va aynan Germaniyada tasir ko'rsatishi mumkin bo'lgan barchasini hisoblashadi, ammo murabbiy bilan janjal kabi jihatlardan hech kim kafolatlanmagan.
Nodirxo'ja Yuldashev suhbatlashdi
Fikrlar