Fyodorov o'zbekistonlik yoshlarning rossiyaliklardan ustunligi, SHomurodov, futbolchilarning maoshi, klub, ovqatlar, oilasi va Toshkent haqida
29 iyu 2020 13:09
Yangiliklar
Fyodorov o'zbekistonlik yoshlarning rossiyaliklardan ustunligi, SHomurodov, futbolchilarning maoshi, klub, ovqatlar, oilasi va Toshkent haqida
U Rossiya va O'zbekistonda yashaydi va ikki mamlakatda ham uni qadrlashadi va hurmat qilishadi. 2008 yilda "Rubin" bilan chempionlikka erishgan, Farg'onaning "Neftchi"si bilan esa 4 karra mamlakat g'olibiga aylangan. Faoliyatidagi eng katta muvaffaqiyati esa O'zbekiston terma jamoasi bilan 1994 yilgi Osiyo o'yinlarini yutganidir.
- Kayfiyatlar qanday?
- So'nggi vaqtlarda yaxshi emas. "Lokomotiv" ketma-ket 3 bor mag'lubiyatga uchradi.
- Joriy mavsumda jamoangizning ishlari joyida emasmi?
- Joyida, ammo tarkib deyarli 100 foizga o'zgarib ketdi. Biz oldingi uslubda o'ynashga harakat qilyapmiz, ammo hozircha o'xshamayapti.
Eng qizig'i, bizda mudofaada muammolar bor. Gap shundaki, o'zimiz xohlaganlarini ololmadik. Muammoni hal etish uchun bu etarli emas.
- Maqsad doimgidek birinchi o'rinmi?
- Ha, albatta. Yana bitta maqsad - chiroyli futbol ko'rsatish.
- Klub rahbariyati natija yaxshi emasligi ortidan sizga bosim o'tkazmayaptimi?
- Tushunishmoqda. Ular bizning asosiy futbolchilarimiz - qishda to'rttasi ketganini, yaqinda chap qanot himoyachimiz ketganini bilishadi. Hammasi - to'plangan o'yinchilar edi.
Qolaversa biz qisqa va o'rta pog'onalarda murakkab futbol o'ynashga harakat qilamiz. Bizni shunday yutishmoqda: butun jamoa orqaga o'tib oladi, keyin qarshi hujum va gol.
Do'stlarim biz yutqazgan ikki o'yinning yozuvlarini tomosha qilishdi. Ularning aytishicha, o'yinning bir necha soniyasini kesib tashlasa, nima uchun mag'lubiyatga uchraganimizni bilib bo'lmas ekan.
"O'zbekistonda futbolchilar 500dan 1000 dollargacha maosh olishadi"
- Umuman, O'zbekistonda ishlash qanday?
- Qiziqarli. Men Osiyo CHempionlar Ligasida o'zimni sinab ko'rish uchun bu erga keldim. Biz o'tgan yili guruhda o'ynadik va qandaydir tajriba oldik. O'zbekistonda ulg'ayayotgan hozirgi yoshlar umuman boshqacha ekanligini angladim. Ha, nafaqat bu erda, balki Rossiya va boshqa mamlakatlarda ham. Rossiyada hali ham Sovet ananalari kuchli, hatto bu meros emas, balki mentalitetdir.
- O'zbek futbolchilari rossiyaliklardan nimasi bilan farq qiladi?
- Ular texnik taraflama kuchliroq. O'zbekistonda 16 yoshdan 20 yoshgacha bo'lgan iqtidorli futbolchilar juda ko'p. Rossiyadagi yoshlardan ham ko'pligi aniq. Ammo, ularning kattalar futboliga o'tishi bilan bog'liq tizim yaratilmagan. O'rinbosarlar tarkibida o'ynaydigan ajoyib yigitlar o'sishdan to'xtab qolishdi. Ularda qandaydir pul olishni boshlaganlarida va qulay sharoitlarga ega bo'lishganida o'sish istagi yo'qolmoqda. Rossiyada esa texnik jihatdan imkoniyati kam bo'lganlar oldinga intilishadi.
- O'zbek yoshlari qaysi chempionatlarni orzu qilishadi?
- Orzu qilishadi - ammo bu uchun hech qanday kuch sarflashmaydi. Lekin ko'pchilik Rossiyada o'ynashni xohlaydi. Ammo, buning uchun kamida rus tilini bilish kerak va hozirgi avlodda bundaylar kam.
- O'zbekistonda futbolchilar o'rtacha qancha maosh olishadi?
- Bir oyda 500 dollardan 1000 dollargacha. Kimdir 2 ming dollar ham olishi mumkin, ammo bundaylar ko'p emas.
- Siz jamoada rus tilida gapirasizmi?
- Ha, ammo ko'p kishi tushunmaydi. Men yakka suhbatlar olib borganimda, katta yoshdagi futbolchilardan tarjimon bo'lib turishlarini so'rayman. Mening murabbiylar shtabimda o'zbek tilida hech gapirmaydi.
- O'zingizchi?
- Ha, oddiy narsalarni o'zbek tilida tushuntira olaman.
- Hozirda O'zbekiston chempionatida rossiyaliklardan kimlar bor?
- Oxirgi paytlarda ular juda kam. Bizda, yani "Lokomotiv"da Pavelning ukasi Kirill Pogrebnyak o'ynaydi.
- Siz uchun Rossiyadagi eng kuchli o'zbek futbolchisi kim?
- Eldor SHomurodov - so'zsiz!
- Uni boshqalardan nima farqlab turadi?
- U Krishtianu Ronaldu kabi mehnatkash. O'z vaqtida uning amakisi bilan o'ynaganman - u ham shunaqa edi. Bu ularning qonida bor. Menimcha Karpin to'g'ri ish qildi va uni hujum markaziga qo'ydi. U O'zbekistonda klub va terma jamoada ko'proq qanotda o'ynardi.
Eldorda aqldan ozdiradigan texnika yo'q, ammo bosim, gol sezish qobiliyati bor. Eng asosiysi, oldinroq aytganimdek, u mehnatsevar va o'rganishga tayyor. Aynan shu narsa o'zbek yoshlarining ko'piga etishmaydi.
- O'zbek futboli tarixidagi eng kuchli 3 o'yinchi?
- Birinchi o'rinda - Mirjalol Qosimov. Bundan tashqari Gennadiy Krasnickiy va Birodar Abduraimov.
"O'g'illarimdan faxrlanaman"
- Toshkentda yashash qanday?
- Karantin paytida uncha yaxshi emas. Men allaqachon yarim yil bir o'zim yashayapman, oilam Moskvada. Bu albatta psixologik jihatdan qiyin.
Umuman olganda Toshkentda yashash o'rtacha.
- U erda sizga nima ko'proq yoqadi?
- Toshkent butun O'zbekiston kabi iliq va do'stona joydir. Insonlar bir-biriga yaxshi munosabatda bo'lishadi.
- Toshkentni qaysidir Rossiyadagi shaharga taqqoslash mumkinmi?
- Bilmadim. Balki, Qozongadir.
- Issiq bezovta qilmayaptimi?
- Bo'lmasamchi! Bu birinchi navbatda bu erga kelganlarga seziladi. Mening jamoamda legionerlar bor va ular ko'proq bundan qiynalishadi. O'zbekistondagi issiq holatingizga tasir qilmasdan qolmaydi.
Men bu erga 20 yillik tanaffusdan keyin 2014 yilda kelgandim va menga moslashish qiyin kechgandi.
- Siz "Lokomotiv"dagi legionerlar haqida gapirdingiz. Ular kimlar?
- Hozirgi tarkibda bular Kirill Pogrebnyak, chernogoriyalik Slavko Damyanovich va gruziyalik Kaxi Maxaradze, ammo Kaxi 10 yildan buyon O'zbekistonda yashaydi, shu sababli u ko'nikib bo'lgan. Bularga oson bo'lmasligi aniq va men bu haqida ularni ogohlantirdim. Vaqti-vaqti bilan ular oldimga kelishadi: "Vitalich, nafas olish imkonsiz, mashg'ulot esa bundan ham battar". Issiqlik sizni charchatadi va kuchsiz qoldiradi.
- Sizdan o'zbek oshxonasi haqida so'ramasam bo'lmasdi: sizga yoqadimi?
- Men uchun dunyodagi eng zo'ri.
- Siz bizning o'quvchilarga qaysi ovqatni maslahat berasiz?
- SHubhasiz - palovni. Keyin qozon-kabobni. Somsani ham. Menimcha, u eng mazalisi.
Ammo qizig'i, men 2 martdan pravoslav sifatida ro'za tutishni boshladim va go'sht eganim yo'q.
- O'zingiz nimalarni tayyorlay olasiz?
- Ko'p narsalarni. Xohlaganimni tayyorlayman. Karantin vaqtida o'zim uchun ko'plab ovqatlarni kashf qildim. Takrorlayman, ko'plari o'simlik yog'i va sabzavotlar bilan pishiriladigan ovqatlardir.
- Eng mazali o'zbek deserti?
- Qovun va tarvuz. Men hali pomidorni aytmadim, ammo bu savzavot (kuladi). Men uchun pishgan o'zbek pomidoridan boshqasi yo'q!
- Hozir oilangizdan uzoqsiz, ammo ko'proq narsa bilishni xohlayman. Ayta olasizmi?
- Jonim bilan. Rafiqam Svetlana bilan anchadan beri tanishmiz, shu yil turmushimizga 27 yil bo'ladi. Meni doim qo'llab-quvvatlaydigan ajoyib inson.
Katta o'g'lim Nikita 26 yosh. U O'zbekistonda tug'ilgan. Sport yuristi, hozirda Moskvaning "Lokomotiv" klubida ishlamoqda, shu bilan birga RFIda kibersport bilan shug'ullanadi.
Kichkina o'g'lim Aleksey MDUning iqtisodiyot fakultetida uchinchi kursda o'qiydi. O'zi "byudjet"ga kirdi, - bu biz uchun g'ururdir. Uni G'alaba Kunidek nishonladik (kuladi)
- Rossiyada tez-tez bo'lasizmi?
- Epidemiyaga qadar Moskvaga ikki oyda bir marta borardim. Yoki rafiqam va bolalarim shu erga kelishardi. Hozir esa Rossiyada 2 yanvardan beri bo'lmayapman.
- Faoliyatingizdagi eng yorqin o'yin?
- 1994 yil Xirosimada o'tgan Osiyo Kubogi finalida Xitoyni 4:2ga yutganimiz. Men o'shanda 23 yosh edim...
- Faoliyatingizda nimadan afsuslanasiz?
- Yo'q, unday demagan bo'lardim. Agar men boshqacha yo'l tutsam, u holda nima bo'lishini hech kim bilmaydi. Yo'q, afsuslanmayman. Men 38 yoshgacha O'zbekiston va Rossiyada yuqori o'rinlar uchun kurashadigan jamoalarda o'ynadim.
Fikrlar