Futbol afsonasi Pelening o'limiga bir yil bo'ldi. Futbol qiroli haqida 20 ta fakt
30 dek 2023 16:02
Yangiliklar
Futbol afsonasi Pelening o'limiga bir yil bo'ldi. Futbol qiroli haqida 20 ta fakt
Uch karra jahon chempioni Braziliya terma jamoasi va “Santos”dagi o'yinlari bilan millionlab muxlislar mehrini qozongan. Terma jamoada 91 o'yinda 77 to'p kiritgan. Uning faoliyatidagi muhim jihatlarga etiboringizni qaratamiz.
1940 yil 23 oktyabr sanasida Braziliyaning Tres-Korasoyns mavzesida Edson Arantis du Nasimentu dunyoga kelgan. Keyinchalik u jahonga Pele laqabi bilan futbol yulduzi sifatida tanildi.
Pele otasi tufayli futbolga kirib kelgan. Juan Ramos du Nasimentu yoki Dondino Minas-Jeyras shtati saviyasida yaxshi futbolchi bo'lgan. Keyinchalik u o'g'li Edsonning to'p bilan mahoratini shakllantirgan va “Santos” maktabiga ko'rikka olib borgan.
Katta futbolda ajoyib muvaffaqiyatlarga erishgan Pelening 1363 uchrashuvda 1283 to'p kiritgani malumotlarda saqlangan. Biroq shulardan 500 golni u norasmiy o'yinlarda urgan. U ko'rgazmali bellashuvlardagi gollarini ham hisobga qo'shgan. 17 yoshdayoq u jahon chempionatiga yulduziga aylangan. CHorak finalda bir, yarim finalda uch va finalda ikki to'p kiritgan. 1962 yil jarohat tufayli finalni, 1966 yil guruh bosqichi o'yinlarini o'tkazib yuborgan. 1970 yil esa Pele juda kuchli Braziliya terma jamoasi safida uchinchi marta mundial g'olibiga aylangan. U uch marta jahon chempioniga aylangan yagona o'yinchi hisoblanadi. Klublari bilan 29 marta turli sovrinlarga ega chiqqan.
Pelening bashoratlari noto'g'ri chiqishi bilan mashhur. Nii Lempti va Nik Barmbi jahon yulduzlariga aylanishi, 2000 yilgacha Afrika termalaridan biri jahon chempionatida g'olib bo'lishi, 2002 yil Braziliyaning guruhdan chiqmasligi va finalda Franciya va Argentina o'ynashi to'g'risida bashoratlarni eslab o'tish buning uchun etarli bo'lsa kerak.
Pele Braziliyada savodli insonlar ko'payishiga katta hissa qo'shgan. Gap shundaki, 1970-yillarda uning hayoti haqida avtobiografik asar chop etilgan. Uni o'qish uchun ko'plab braziliyaliklar o'qish va yozishni o'rganishgan. CHunki u millatning sevimli insonlaridan biriga aylangan, uning hayoti haqida barcha malumotdan xabardor bo'lishni xalq o'zi uchun shart deb sanardi.
Edsonning laqabi nomi ostida sport mahsulotlari, qo'l soatlari va kofe ishlab chiqarilgan. Oxirgi yillarda futbol yulduzi sog'lig'i bilan bog'liq muammolarga duch keldi, bir qator operaciyalarni boshdan kechirdi. Lekin tashqi ko'rinishi ancha yosh. SHunga qaramay, turli marosimlarda avvalgidan kamroq ko'rinish bermoqda.
SHu o'rinda Pelening faoliyatidagi eng muhim holatlarni alohida yodga olib o'tsak.
1. Pelening ikki tug'ilgan kuni mavjud: 21 va 23 oktyabr. Aslida u 21 oktyabrda tug'ilgan, biroq uni ikki kundan keyin cho'qintirishgan. SHu sababli tug'ilgan kunini 23-sanada nishonlab kelardi.
2. U terma jamoadagi faoliyatini 135 ming muxlis qarshisida yakunlagan. “Marakana”da 1971 yil 18 iyul kuni Yugoslaviyaga qarshi bellashuvda so'nggi marta terma libosida maydonga tushgan. O'yin 2:2 hisobida yakunlangan.
3. Pele bir qator filmlarda suratga tushgan. 9 kartinada u rollarni ijro etgan. SHulardan biri uning hayotiga bag'ishlangan hujjatli filmdir. SHuningdek, “Futbol qiroli” nomli komedik filmda ham o'ynagan.
4. U o'g'li Edinoni giyohvand moddalar sotishi tufayli 33 yilga ozodlikdan mahrum etilganini yoqlab chiqqan.
5. Rio de Janeyroning 2016 yilgi Olimpiada o'yinlari uchun arizasini qo'llab-quvvatlash jarayonida Maykl Jordanni Maykl Jekson bilan adashtirib yuborgan.
6. 1969 yil 19 noyabrda u faoliyatini 1000-golni urgan. SHundan buyon bu kun “Santos”da “Pele kuni” sifatida nishonlanadi va mahalliy bayram deb nishonlanadi. O'sha o'yin arafasida Braziliya pochtasi futbolchining 1000-goliga bag'ishlab maxsus markalarni sotuvga chiqargan. Bu futbol tarixida yagona holat bo'lib turibdi. Yubiley golini u “Vasko de Gama” darvozasiga urgan.
7. 1969 yil Nigeriyada harbiylar va ularga qarshi tomon Peleni ko'rish uchun urushni 48 soatga to'xtatib turishgan. O'shanda “Santos” Afrika bo'ylab turnega chiqqan. Futbolchini shu qadar yoqtirishardiki, Lagosdagi stadionga ikki tomonda bir-biriga urush olib borayotgan insonlar tashrif buyurib, uning harakatlaridan bahra olishgan.
8. Pele AQSHda “Nyu-York Kosmos” uchun o'ynaganda u bilan futbolkasini almashtirishni xohlagan raqib o'yinchilari shunchalik ko'p bo'lganki, ularning har biriga futbolchining libosi berib chiqilgan. Aks holda, jamoaning maydondan chiqib ketishi oson bo'lmagan. SHu sababli raqib safidagi o'yinchilar miqdoriga teng liboslar tayyorlab kelingan.
9. 17 yoshda Edson jahon chempionatida debyut qilgan. SHveciyada SSSR terma jamoasiga qarshi o'yinda ilk marta maydonga tushirilgan. Ilk golini chorak finalda Uels darvozasiga urgan. Yarim finalda francuzlar darvozasiga uchta, finalda shvedlar darvozasiga ikki to'p kiritishga erishgan. Jahon esa yangi vunderkindning o'yinlaridan zavq olgan.
10. U yoshligidan mahsuldorligi bilan ajralib turgan. 1964 yil “Santos” tarkibida Ribeyraoning “Botafogo” darvozasiga bir o'yinda 8 to'p kiritishga muvaffaq bo'lgan.
11. Pele Braziliya terma jamoasida ko'p gol urish bo'yicha rekordchi sanaladi. U 77 to'p kiritgan. SHuningdek, yaqinda Neymar Pelega etib olishga erishdi. Pele esa Neymar yaxshi o'yinchi bo'lsa-da, uning darajasiga eta olmasligini takidlagan.
12. Juda mehnatsevar va ajoyib jismoniy ko'rsatkichlarga ega Pele futbolda fenomenal natijalarni qo'lga kiritgan. Faoliyati cho'qqisida u 100 metrni 10 soniyada bosib o'tgan. Bunday natija qisqa masofaga yuguruvchi sprinterlarga xos sanaladi. Aytaylik, hozirgi kunda u yamaykalik sprinter Useyn Boltga raqobat tug'dirgan bo'lardi. Bo'yi 173 santimer bo'lgan futbolchi ikki metrdan yuqoriroqqa sakray olgan. SHu xislati bilan ham u engil atletikachilar, aniqrog'i balandlikka sakrovchilar bilan bellasha olgan bo'lardi.
13. San-Paulu shtati jamoasi “Santos”da u 18 yillik faoliyatini o'tkazgan. 1956-1974 yillarda Edson 1091 to'p kiritgan. Klub tarixi aynan u tufayli nomlangan: Pelegacha va undan keyingi davr. Jamoa Pele bilan qatorasiga 5 marta Braziliya Kubogini yutgan, 2 bor Libertadores Kubogi va qitalararo kubok g'olibiga aylangan. 2014 yil “Santos” Pelening imijidan foydalanish uchun umrbod shartnoma tuzdi.
14. Pele 1000 va undan ortiq gol urganlar klubining sanoqli azolaridan sanaladi. Bazi manbalarda uning 1389 yoki 1281 to'p kiritgani yozilgan. Undan ko'proq gol urish chex-avstriya hujumchisi Yozef Bican (1468) va nemis Gerd Myullerga (1461) nasib qilgan.
15. 1999 yil Xalqaro olimpiya qo'mitasi Peleni 20-asrning eng yaxshi 5 sportchisi ro'yxatiga kiritdi. Qiziq tarafi shundaki, Pele biror marta Olimpiada o'yinlarida ishtirok etmagan. SHunga qaramay, jahonda eng mashhur shaxslardan biriga aylangan futbol yulduzining xizmatlari hisobga olingan.
16. O'nlab nashrlar talqini bo'yicha u o'tgan asrda jahonning eng yaxshi futbolchisi sifatida etirof etilgan. “World Soccer”, “France Football” kabi nashrlar shunday qarorga kelgan. FIFA esa uni shunday o'yinchi sifatida etirof etib, asr terma jamoasiga kiritgan.
17. “Santos”ni ko'pchilik aynan Pele tufayli tanigan. Xalqaro uchrashuvlar chog'ida Pele maydonga tushmasa, klub oladigan gonarar 2 baravar kamroq bo'lgan. SHu sababli Edson imkon qadar har bir bellashuvda o'ynashga intilgan. Safarlar chog'ida bir marta o'ta qiziq holat yuzaga kelgan. Eron shohi Peleni ko'rish va u bilan suhbatlashishni istagani sababli aeroportda 3 soatcha futbol yulduzini kutib o'tirgan.
18. Futbol bilan shug'ullanishni u 7 yoshida boshlagan. Ilk jamoasi esa “7 sentyabr” klubi bo'lgan. 15 yoshida u debyutini o'tkazgan. Qizig'i, ilk golini 7 sentyabr sanasida urgan va o'sha bahsda 7:1 hisobi qayd etilgan.
19. Pelening 7 nafar farzandi bor. Etiborlisi, 7 raqami uning uchun omad keltiruvchi raqam sifatida gavdalangan.
20. Futbol qiroli faoliyati davomida 92 marta xet-trik qayd etishni uddalagan.
Ilk marta terma jamoaga chaqirilgan sanasini u kitobida ham yozib o'tmagan. O'sha kuni Pele Santusdan qadrdon Bauruga kelib, uyda yolg'iz o'zi radiodan berilayotgan sport yangiliklarini tinglab o'tirgan. Unda terma jamoa bosh murabbiyi Visente Feola SHveciyadagi jahon chempionatida terma jamoa sharafini himoya qiladigan 22 o'yinchi nomini elon qilgani haqida malumot berilgan.
– Diktor ro'yxatni o'qish uchun qog'ozni tayyorlaganda badanim jimirlab ketdi. Yoshligimni tushunardim, professional sifatida bir yillik faoliyatga ega edim. O'sha paytda 10 yillik tajribaga ega ajoyib futbolchilar bor edi. SHunga qaramay, umid qilardim. Boshlovchi esa o'qishdan davom etdi: Kastilo, Jilmar-r-r-r-r… Jalma Santos… Mario Zagalo… Maccola… Pele...
Oxirigacha tinglay olmadim. Kresloda asabiylasha boshladim. SHu payt xonaga onam kirdi va kasal emasligim haqida so'radi. SHunday holatda edimki, gapirishim qiyin kechardi. Nihoyat, terma jamoaga taklif etishganini ayta oldim.
SHveciyaga Feola avvalgi mundialda o'ynagan ikki futbolchini taklif etdi xolos. Uni ilk uchrashuvda ko'rgan muxlislar biror murabbiy do'stining o'g'li terma jamoaga taklif qilingani haqida xayolga borishlari mumkin edi. Baland bo'lmagan va ozg'in yosh o'yinchi hech kimning etiborini tortmasdi. SSSRga qarshi o'yindagi 90 daqiqaning o'zi jahon yangi futbol yulduzi to'g'risida xabar topishi uchun etarli bo'ldi. Birinchi bo'limda u to'sinni nishonga oldi. Ikkinchi bo'limda Vava kiritgan to'pga hammuallif bo'ldi. SHundan keyinoq u boshqalardan ko'ra ko'proq intervyu berishga tushdi. Barcha Peleni o'z mamlakatiga tanitishni istardi.
O'sha mundialda u pley-off bosqichlarida gollar urdi va Braziliyaning jahon chempioniga aylanishiga katta hissa qo'shdi. O'yindan keyin esa jamoa ilk bor Jyul Rime Kubogi qo'lga kiritilganini bayram qilishga tushdi. Pele esa shunday hislar og'ushida ediki, o'yin tugagandan keyin nima qilishini ham bilmasdi. SHu onda Jilmar uning oldiga kelib, yig'lashni maslahat bergan.
1962 yil u “Santos” safida mavsumda 80 uchrashuv o'tkazgan holda tashrif buyurdi. Qolaversa, harbiy xizmatni o'tash jarayonida armiya jamoasi va terma jamoa uchun ham to'p tepgandi. Guruh bosqichida CHexoslovakiya bilan bellashuvda u jarohat oladi. Jamoa usiz finalga etib borib, CHexoslovakiyadan o'chini oladi – 3:1. Biroq finalda o'ynamagani sababli Pele to'liq baxtni his qilmagan.
1966 yil u yana jarohatga duchor bo'ladi. Guruhdagi oxirgi o'yinda Portugaliya ustidan yirik g'alaba “Selesao”ni keyingi bosqichga olib chiqardi. Liverpulda kechgan bahsda portugaliyalik Joao Morais ikki oyog'i bilan Pelaga qarab tashlandi va uni jarohatladi. Portugaliya 3:1 hisobida zafar quchdi, Braziliya esa musobaqani tark etdi.
1969 yil u 1000-golini penaltidan urdi. O'shanda jamoaning shtatli penaltichisi Karlos Alberto to'pni tepishi kerak edi, biroq stadion penaltini Pele ijro etishini talab qilgan. Gol urilgach, muxlislar maydonga tushishni boshlashgan. Bu paytda 77-daqiqa o'tib borardi, biroq bellashuvning qolgan qismi hech kimni qiziqtirmasdi.
Pele esa mikrofonga shunday so'zlarni aytgan: - Hozir meni mamlakat ko'rayotgan va eshitayotgan holatda favellalardagi kambag'al bolalar haqida eslashni taklif qilaman. Keling, barchamiz ularga birgalikda yordam beramiz! Axir Rojdestvo yaqinlashmoqda. Biroq qancha odam uni och qarshi olmoqda? Men o'zim och bolakay bo'lganman! Buning nimaligini bilaman. Do'stlarim, keling, etim bolalar va barcha yordamga muhtojlarga yordam beramiz. Minginchi golimni aynan ularga bag'ishlayman.
Ertasi kuni Pelening 1000-goli eng muhim, amerikalik astronavtlarning Oyga qo'ngani ikkinchi muhim hodisa sifatida etirof etilgan.
1970 yil Meksikada o'tgan mundialda Braziliya eng yorqin futbol ko'rsatib, chempionlikni qo'lga kiritdi. Pele esa o'zini ko'rsatdi. Yarim finalda Urugvay mag'lubiyatga uchratildi. Bu 1950 yil finaldagi mag'lubiyat uchun qasos edi. 1950 yilning 16 iyul kuni Pele Braziliyaning alamli kechasiga guvoh bo'lgan.
“O'sha kun va soatni hech qachon unutmayman. O'shanda Braziliya urushni yutqazgandek tuyulgandi. Barcha o'ta achinarli holatda edi. Ko'z yosh to'kib, anchagacha uxlay olmaganman. Hayotimda ilk marta kattalar qanday yig'lashini ko'rgandim. O'sha kuni kasbim yuzasidan bir qarorga kelganman. Futbolchi bo'lish va bir kun kelib Urugvayni mag'lub etishga qaror qildim. Men qasos olishga vada berdim”, - deb yodga olgan Pele.
Keyinchalik Edson o'sha kecha ko'z yosh to'kkan, otasi, yaqinlari, do'stlari va millati uchun 3 bor jahon chempionligini sovg'a qildi.
Behzod NAZAROV tayyorladi
Fikrlar