So’nggi yangiliklar

14:02Оқ ёки кўк? Ўзбекистон терма жамоаси Кувайтга қарши қайси рангдаги формаларда ўйнаши маълум бўлди  1 13:26Жеррард Трентнинг "Реал"га кетиши ҳақида: "Мен бундай қилмаган бўлардим. Нималар қилаяпсан ўзи?"  4 12:54МЮ футболчиси жамоани тарк этмоқчи  1 12:25Жеррард: "Руни бир ўзи рақибнинг бутун бошли ҳимоясига босим ярата оларди"  2 12:16Фабио Каннаваро ҳикояси: Копток узатувчиликдан "Олтин тўп"га қадар йўл  2 12:00Championat.asia ва Transfermarkt Суперлиганинг сентябрь ойидаги энг яхши мураббийи ва футболчисини аниқлади   1 10:55Криштиану Роналду: "Мақсад жаҳон чемпионатига чиқиш ва унда ғалаба қозониш"  39 10:25Осиё Кубоги-2011. Жепаров ва Шацкихнинг голлари Кувайт устидан ғалаба келтирган оқшомни ёдга оламиз  4 10:04"Интер Майами" Альбанинг ўрнига "Реал" собиқ футболчини олиб келмоқчи  5 09:31"Истанбул Башакшехир" қишда РПЛдан ҳужумчи олиб келмоқчи  4 09:00"Реал" ва "Барселона" Германия МТЖ ҳимоячиси учун курашмоқда  1 08:33ПСЖ "Барселона" футболчиси учун трансфер рекордни янгилашга тайёр  7 08:06МЮ Бруну бўйича бир қарорга келди  7 07:41Фабрицио Романо: "Ал Иттиҳод"нинг янги бош мураббийи маълум  0 01:57Ўзбекистон терма жамоаси янги мураббий қўл остида илк машғулотини ўтказди  25

Fabio Kannavaro hikoyasi: Koptok uzatuvchilikdan "Oltin to'p"ga qadar yo'l Yangiliklar

Fabio Kannavaro hikoyasi: Koptok uzatuvchilikdan "Oltin to'p"ga qadar yo'l

Italiyalik afsona Maradona va Zidan bilan birga o'ynagani, La Ligadagi hayoti va Xitoyda murabbiylik faoliyati haqida so'zlab berdi.

Bugungi kunda odamlar Italiya futboli haqida o'ylaganda, himoyani tasavvur qilishadi. Ehtimol, bolalar Jorjo Kellini yoki Leonardo Bonuchchi kabi metin mudofaa vakili bo'lishni orzu qilishar.

Lekin sizga bir narsani aytib qo'yay... Men avvaliga himoyachi bo'lishni xohlamaganman.

1982 yilgi jahon chempionatida hujumchi Paolo Rossi oltita gol urganini ko'rganidan so'ng, kim orqa chiziqda o'ynashni istardi deysiz? Yarimhimoyachi Marko Tardellining final o'yinida maydon chetidan zarba berib gol urganini hali-hanuz eslayman. Uning nishonlashini, gol urganidan keyingi yuz ifodasi, ikki qo'lini osmonga ko'tarib, baqirgancha yugurganini xotiramda saqlayman.

Italiyadagi boshqa ko'plab bolalar singari men ham televizor qarshisida o'tirardim, o'shanda endigina to'qqiz yoshga to'lgandim – final hushtagi chalinib, Italiya jahon chempioni bo'ldi va efirda Nando Martellini ovozi yangradi:

"Jahon chempionlari! Jahon chempionlari! Jahon chempionlari!"

O'shandan keyin Italiyada birorta ham bola qolmadiki, devorga to'p tepayotganda Martellini ovozini eshitib, o'zini uning olqishlaridan ruhlantirilgandek his qilmagan bo'lsa.

"Napoli"ga ilk bor kelganimda, to'p uzatuvchi edim. Bu menga afsonalarning mashg'ulotlarini kuzatish imkonini berardi. So'ngra, o'smir yoshimda yoshlar jamoasiga qo'shilganimda, xuddi Tardelli singari yarim himoyachi poziciyasida o'ynardim. Bu holat yoshlar akademiyasi direktorlaridan biri yonimga kelib, poziciyamni o'zgartirishimni aytgunga qadar davom etdi.

"Fabio, seni himoyachi bo'lishingni xohlayman", dedi u.

Shu bilan ish bitdi. Hech qanday tushuntirish yoki sabab yo'q edi. Maydondagi boshqa o'yinchilarning aksariyatidan bo'yim pastroq edi, shu bois himoyachiga o'xshamasdim, ayniqsa markaziy himoyachiga. Ammo o'sha lahzadan boshlab shu pozicida qoldim. Baxtimga, himoyada o'ynashni yaxshi ko'rardim. Ustiga-ustak, bu ishni juda yaxshi uddalardim.

O'tmishga nazar solsam, kareram uchun ikki narsaga qarzdorman. Birinchidan, eng yaxshilarni kuzatib o'rgandim. "Napoli"ga kelganimda, Chiro Ferrara bilan birga to'p tepdim – u "Napoli" va "Yuventus" tarkibida 500 dan ortiq o'yin o'tkazgan va Italiya futboli tarixidagi eng buyuk himoyachilardan biri hisoblanadi. Ferrara, ko'pchilik italyanlar singari, gapni cho'zmasdi. U sizga qaerda turishingiz, nima qilishingiz kerakligini va raqibingizga qarshi imkoniyatingiz bor-yo'qligini to'g'ridan-to'g'ri aytardi.

Men Ferrarani 1987 yilda, "Napoli"da to'p uzatuvchi bo'lgan paytlarimda tanidim. O'shanda jamoa A Seriyadagi ilk chempionligini qo'lga kiritgandi va men ular bilan maydonda birga bo'lgandim. Mo'jizaviy mavsum edi. Men barcha o'yinchilardan juda ko'p narsa o'rgandim, lekin bittasidan alohida. U daho edi. Diego Maradona.

Har kuni afsonani kuzatardim. Asosiy jamoa bilan mashg'ulotlarga chaqirilganimda, o'zimga: "Nihoyat Maradona bilan birga shug'ullanaman", dedim.

Ferrara menga jilmayib qaradi-da, shunday dedi: "Yo'q, yo'q, Maradona bilan shunchaki mashq qilib bo'lmaydi. Uning yoniga shunchaki borib to'p olib qo'yib ham bo'lmaydi. To'p uning oyog'idan ajralmaydi".

Keyin u menga to'pni uzatdi. "Ma, buni ol, chunki sen Maradonadan hech qachon to'p ololmaysan", dedi u jilmayib. "Lekin mendan olishing mumkin".

Oxir-oqibat, nihoyat Ferrara va asosiy tarkibning boshqa azolari, jumladan, mening kumirim Maradonaga qarshi mashg'ulot o'tkazish imkoniyatiga ega bo'ldim. Bir kuni Maradona men tomonga kela boshladi, oyoq barmoqlari bilan to'pni harakatlantirib, driblingini ishga solardi. O'ylab o'tirmasdan, to'pga tashlandim.

Men Maradonaga podkat tashladim. Dahoga! Afsonaga! Birdan jamoadoshlarim va murabbiylarimning nigohi menga qaratilganini his qildim. Keyin, miyamda Ferraraning ovozi yangray boshladi:

Maradonani shunchaki to'xtatib bo'lmaydi.

Faqat Maradona jilmayib turardi. Mashg'ulot tugagach, u men tomon yurib kelib, butsasini menga uzatdi. Yotoqxonamning devorlarida Neapol ilohi – Maradonaning suratlari bor edi. Endi esa qo'limda uning kun bo'yi mashg'ulotda kiygan va loy tekkan butsasi turardi.

Bu men o'rgangan ikkinchi narsa edi: buyuk himoyachi bo'lish uchun dunyodagi eng kuchli o'yinchilarga qarshi maydonga tushish kerak.

Buning uchun sizga kerak bo'ladigan yagona narsa nima? Bo'y emas, tezlik ham emas, hatto to'p bilan ishlash mahorati ham emas. Ishonch bo'lishi shart.

O'zimga bo'lgan ishonchni qaerdan olganimni aniq bilmayman, lekin Maradonaga qarshi o'ynagan kunimda bu ishonch, shubhasiz, menda mavjud edi. Bu ishonchni butun faoliyatim davomida – "Napoli"da, "Parma"da, "Inter"da, "Yuventus"da mustahkamlashga intildim. 

To'g'risini aytsam, 2006 yilning 9 iyuligacha o'zimni himoyachi sifatida ishonchli his qilmagan edim... O'sha kuni Jahon chempionati kubogini ko'targanimda va jurnalistlar bizga qarata: "Campioni del mondo! Campioni del mondo! Jahon chempionlari! Jahon chempionlari!" deya hayqirishganida, bu ishonch paydo bo'ldi.

Himoyachi sifatida turli xil ko'rinish va o'lchamlarda bo'lishingiz mumkin. Baland yoki past bo'yli, tez yuguruvchi yoki baland sakrovchi bo'lishingiz mumkin. Bularning ahamiyati yo'q. Eng muhimi, maydonga chiqqaningizda o'zingizga ishonchingiz komil bo'lishi kerak – chunki har hafta yangi sinov kutib turadi. 

Faqat ana shunday sinovlar orqaligina o'zingizga bo'lgan ishonchni topasiz. Bu men uchun Maradonaga qarshi o'ynagan o'sha kundan boshlandi va keyinchalik har safar maydonga chiqqanimda davom etdi. Bugun ham, murabbiy sifatida maydon chetida turib, o'zimga bo'lgan ishonchni mustahkamlash ustida ishlayapman.

Shuning uchun men muvaffaqiyatli lahzalarim haqida emas, balki menga eng ko'p qiyinchilik tug'dirgan lahzalar, raqiblar va jamoadoshlar haqida gapirmoqchiman. Aynan ular tufayli o'zimga bo'lgan ishonchni shakllantira oldim.

RONALDO

Undan oldin ham, undan keyin ham kim bilan to'qnash kelgan bo'lsam, Ronaldo har doim menda qo'rquv uyg'otgan yagona futbolchi bo'lgan. U bizning avlod o'yinchisi. Fenomen. Ronaldo.

1998 yilgi jahon chempionati oldidan Franciyada Braziliya va Italiya o'rtasidagi o'rtoqlik o'yinida Ronaldoga qarshi ilk bor o'yngandim. Hatto u bilan bir maydonga tushishning o'zi meni vahimaga solardi. O'sha o'yinda durang natija qayd etdik va shundan so'ng murabbiyimiz Chezare Maldini bilan suhbatlashdim.

"Fabio, bilasanmi, ko'pchilik Ronaldoning qanchalik ajoyib, qanchalik zo'r futbolchi ekanligi haqida gapiradi".

U gapida davom etarkan, men bosh irg'ab qo'ya qoldim.

"Uning senga qarshi o'yinini kuzatganimdan keyin shuni aytishim mumkinki, ha, Ronaldo chindan ham o'ta mohir futbolchi ekan". 

Maldinining o'ziga xos uslubi.

"Tashakkur, murabbiy".

Ronaldo shunday futbolchi ediki, uni himoya qilish emas, balki iloji boricha cheklash va nazorat qilishga intilardingiz. Chunki Ronaldo gol urmoqchi bo'lsa, albatta urardi. To'g'ri, Braziliyada Romario, Roberto Karlos, Ronaldino ham bor edi. Ammo Ronaldo... u butunlay boshqacha edi. 

U tez edi. U kuchli edi. U aql bovar qilmas darajada mahoratli edi. Har safar unga qarshi o'ynaganimda, o'rtada doim o'zaro hurmat bor edi. Unga o'xshagan futbolchiga so'z otishning hojati yo'q edi va uning miyasiga kirishga urinishdan mano yo'q edi. Hushtak chalinmasdan oldin u allaqachon sizning ongingizga kirib bo'lgan bo'lardi.

Menimcha, undan qo'rquvim hech qachon yo'qolmagan. Lekin shu qo'rquvdan hurmat tuyg'usi paydo bo'ldi. Ronaldodek futbolchini hurmat qilish esa har kuni qo'lingdan kelgancha mashq qilish demakdir. Maydonga chiqqanimda, barcha vaqtimni sarflayotganimni bilardim. Qo'rqdimmi? Albatta. Ammo o'yinni va raqibni hurmat qilish uchun buni maydonda sezdirmaslik kerak edi.

Ronaldo orqali maydonda qo'rquv bilan kurashishni o'rgandim.

ZINEDIN ZIDAN

Ronaldoda maydondagi qatiyatlik bo'lsa, Zidanda noziklik bor edi. U maydonning haqiqiy jentlmeni edi. Uning oyoqlari albatta erga tegardi, ammo harakatlari shunchalik engil ediki, go'yo havoda suzayotgandek tuyulardi. Uning burilishlari va aldashlari shunchaki sportga xos emasdi, balki baletga o'xshab ketardi. O'yinchilar orasida suzib yurgandek harakatlanishida alohida nafislik bor edi. 

Uning o'yinini kuzatish zavqli edi va unga qarshi o'ynash imkoniyatiga ega bo'lganimdan baxtiyorman.

Men butun faoliyatim davomida Zidanga qarshi o'ynaganman. Ko'plab futbolchilar uchun ularga qanday qarshi o'ynashni o'rganadigan nuqtaga etib borasiz. Ammo Zidanga qarshi birinchi o'yindan to oxirgi o'yingacha u meni dog'da qoldirishning yangi usullarini topardi.

Ronaldo singari, Zidanga qarshi o'ynashga tayyorlanishdan boshqa iloj yo'q edi. Aytganimdek, men o'z ishimga juda jiddiy yondashardim. Zidan bilan to'qnash kelganimda uni to'xtatish uchun imkon qadar ko'proq imkoniyatga ega bo'lish maqsadida qattiq shug'ullanardim. 

2006 yilda biz Jahon chempionati finalida Franciyaga qarshi o'ynadik va Zidan o'yindagi birinchi golni urdi. Bu gol penaltidan urildi, ammo himoyamiz biroz sarosimaga tushib qoldi. O'yin boshlanganiga besh daqiqa bo'lgandi va u shunchaki to'pni darvozaga yo'lladi. To'p havoda suzib borib, to'singa urilganini kuzatib turganimni eslayman. 

Biz hammamiz to'p darvozaga chizig'ini kesib o'tmagan bo'lsa kerak deb umid qilgandik, lekin Zidan orqasiga o'girilib qaraganida, hammasi tamom bo'ldi. Vahimaga tushdik. Sardor sifatida esa jamoamizni yana diqqatini jamlashga undashim kerakligini bilardim. Ammo bu Zidanning qo'lidan kelardi. U hatto himoyangizdan o'tib ketmasa ham, sizni sarosimaga solib qo'yishi mumkin edi. Uning maydondagi mavjudligini his qilardingiz. Xotirjamlik va ijodkorlik uning tanasidan to'pga o'tayotgandek tuyulardi.

Yani u o'zini boshqara olmay qolguncha. Hatto Zidanda ham shunday holatlar bo'lgan. 

Ammo bu erda men yana bir saboq oldim: Maydondagi etakchilik. Mening vazifam nafaqat to'pni to'xtatish yoki yarim himoyachi va hujumchilarimizni joylashtirish, balki hayotimizdagi eng muhim o'yinda yutqazib qo'yayotgan bo'lsak ham jamoamizni ruhlantirish ekanligini tushundim.

"Biz uddalay olamiz," dedim sheriklarimga qarab. "G'alaba bizniki".

Baxtimizga, oradan 10 daqiqacha o'tgach, Marko Materacci boshi bilan gol urdi. Jamoamiz biroz engil tortganini his qilish mumkin edi. Biz yana o'yinga qaytdik.

Penaltilarga o'tgunimizcha shunday edi. Kimdir to'p tepishga chiqqanda, yuragim to'xtab, yana urishni boshlardi. Fabio Grosso g'alabamizni taminlaganida, quloqlarim hech narsani eshitmay qoldi. Ishonishim qiyin edi.

Campioni del mondo.

Jahon chempioni.

Men o'sha o'yin yakunida nafaqat sovrinni, balki undan-da ko'proq narsani qo'lga kiritdim. Ilk bor o'zimni maydonning orqa qismida nima qilayotganimni tushunayotgandek his qildim. Bu Italiya terma jamoasining mudofaa tizimi tufayli edi. Maydonda yakka o'zingiz o'ynaysizmi yoki jamoa bo'lib o'ynaysizmi – bu siz bilan birga kim o'ynayotganiga bog'liq. O'sha turnir davomida biz chinakam jamoaviy ruhda harakat qildik va biz eng kuchlisi edik.

Faqatgina mudofaada emas, barcha jabhada.


ANDREA PIRLO VA FRANCHESKO TOTTI

Yuqorida takidlaganimdek, ko'pchilik Italiya futboli haqida o'ylaganda faqat mudofaani tasavvur qiladi. Mening nazarimda bu noto'g'ri. Bizda eng buyuk hujumchilar bor. Bizda eng zo'r yarim himoyachilar ham bor.

Shunday bo'lsa-da, ko'pchilik bizni 2006 yilgi jahon chempionatida faqat mudofaa tufayli g'olib chiqqan deb o'ylaydi. Biz bu turnirda barcha raqiblarimizni engib, g'alaba qozondik. Mudofaada o'z vazifamizni bajara olamiz, ammo gol urmasak, g'olib bo'la olmaymiz. Bu aniq-ku, lekin menimcha, bizning hujum chizig'imiz o'z hissasi uchun etarlicha etirof etilmadi.

Albatta, bir jamoada bo'lishimiz menga ko'proq yoqardi, lekin klub futbolida italiyalik hamjamoadoshlarim Andrea Pirlo va Franchesko Tottiga qarshi o'ynash men uchun juda "quvonchli" sinov edi.

Tottiga qarshi o'ynaganimda, u hujumchi bo'lgani uchun maydonda ko'proq gaplashish imkoniyatimiz bo'lardi. Agar darvozabon to'pni o'yinga kiritayotgan bo'lsa va biz harakatni kutib tursak, bir-birimiz bilan hazillashardik. Bu biz uchun oddiy hol edi. U juda qiziqchi yigit. Pirlo-chi? Uning uslubi boshqacha. To'p unda bo'lganida, nima qilishini hech kim bilmasdi. U markaziy chiziqda harakat qilganida, doim uning keyingi qadamini oldindan bilishga harakat qilardim.

Bu erda o'zaro hurmat bor edi. Hammamiz bir-birimizga oson bo'lishini istamasdik. Ular har qanday imkoniyatdan foydalanib, darvozani zabt etishga urinishlarini bilardim va ularni erga yiqitishdan tortinmasligimni ham bilishardi.

Maydondagi yagona do'stlaringiz – siz bilan bir xil libos kiygan 10 nafar o'yinchi. Qolgan barcha do'stliklar maydon tashqarisida qoladi. O'yindan oldin yoki keyin bo'ladigan kechki ovqatlar ahamiyatsiz. Birgalikda qo'lga kiritgan sovrinlarimiz esa o'z joyida qolaveradi.

Ammo maydonda o'z ishimni qilishim kerak, vazifam – yaqin do'stlarimning gol urishiga to'sqinlik qilish.

LA LIGA

Bir so'z bilan aytganda, Ispaniya murakkab edi. 2006 yil "Real Madrid"ga o'tganimda, umrim davomida birinchi marta Italiyadan tashqarida o'ynashga to'g'ri keldi. Yangi shaharga ko'chib o'tish ham, jamoadoshlarim bilan muloqot qilish ham qiyinchilik tug'dirdi. Bu, ehtimol, sportchilik faoliyatimda duch kelgan eng murakkab vaziyatlardan biri edi.

Italiyadagi o'yindan oldingi hafta Ispaniyadagidan biroz farq qiladi. U juda tartibli – mashg'ulotlar uzluksiz davom etadi, murabbiylar esa tinim bilmaydi. Baxtimga, murabbiyimiz Fabio Kapello Madridga italyan futbolining bir qismini olib keldi. Hech kim undan ko'ra intizomli emasdi.

Agar mashg'ulot soat 10 da boshlanishi kerak bo'lsa, u aynan 10:00 ni nazarda tutardi. Bir daqiqa ham kech qolish mumkin emasdi. 

U Ispaniyadagi hayotga moslashishimga yordam berdi, lekin men ham individual o'yinchi sifatida o'ynashni o'rganishim kerak edi. Qobiliyatim tufayli yirik klubda edim va mendan katta ishlar kutishardi. Shu bilan birga, yangi jamoadoshlarim va himoya chizig'imizning o'yin uslubini ham o'zlashtirishim lozim edi.

Dastlabki mashg'ulotlarimdan birida Serxio Ramosga pas berganimni eslayman.

"Nega xato qilding?" deb so'radi Serxio. "Xato qilmadim, senga to'pni uzatdim", dedim men. 

Hamma narsa yangicha edi. Italiyada biz to'pni bo'sh hududga uzatishga odatlanganmiz, Ispaniyada esa ular to'pni oyoqlari tagida kutib olishadi.

"Yo'q, menga kuchli pas berishingiz zarur va to'pni oyog'imga to'g'ri uzatishing kerak". 

Ko'p narsani o'rganishim kerak edi, lekin Madridga borganimda 21 yoshli yigitcha emasdim. Jahon chempionligini endigina qo'lga kiritgandim. O'zimga ishonchim bor edi. Bilmayman, yosh paytimda bunday qadam qo'ya olarmidim. Ammo Italiya 2006 yilda erishgan yutuqlardan so'ng, o'z o'yinimni yaxshi bilardim. "Real Madrid"da esa ketma-ket ikki yil La Ligada g'olib bo'ldik.

"Real Madrid" libosini bir marta kiyganingizdan keyin, siz umrbod o'sha klubning bir qismiga aylanasiz.

 

XITOYDA MURABBIYLIK

Men maydonda hamma kuchimni sarfladim deb o'ylagan ko'plab o'yinlarni o'tkazganman. O'yinga butun borlig'imni berdim. Ammo butsalarimni mixga ilib, murabbiylik faoliyatimni boshlaganimdan so'ng tushundimki, maydondagi 90 daqiqa murabbiylik hayotiga aslo tenglasha olmaydi.

Futbolning butunlay yangi qirrasini o'rganishga harakat qildim. Murabbiy sifatida har kuni, har hafta futbolchilarimga bor kuch-g'ayratimni berishim kerak. Kimningdir qanday oilaviy muammolarga duch kelayotganini, kim uyatchan yoki kamgap ekanligini va kimni qattiqroq turtkilash mumkinligini bilishim shart.

Endi buni xitoylik tarjimon yordamida 25 nafar turli xil o'yinchi bilan amalga oshirib ko'ring-chi. Shuning uchun, so'zlar bilan tushuntira olmaganimda, o'yinchilarimga mashg'ulotlarda qo'shilib, bilganlarimni va ulardan nimani xohlayotganimni amalda ko'rsataman. Bazida ularni o'rgatish uchun birga shug'ullanishimga to'g'ri keladi.

Murabbiy sifatida o'zingizni yolg'iz his qilishingiz mumkin. Siz maydondagiday ko'rinasiz-u, aslida ular bilan birga maydon ichida emassiz. Shunday bo'lsa-da, o'z tajribam va bilimlarimni futbolchilarim bilan baham ko'rishim kerak.

Bu bilimlarning bir qismi dunyoning eng sara murabbiylari – Lippi, Trapattoni, Maldini, Kapello kabilardan o'zlashtirilgan. Ularning har biri menga nimadir o'rgatdi, men esa futbolchilik faoliyatimda bularni kichik bir daftarga yozib bordim.

Har qanday xato yoki yutuqni qayd etib qo'yardim. Xitoyda o'tgan yil davomida ham o'sha daftarni o'zim bilan olib yurdim. Bir xil xatolarni takrorlamaslikka intilaman.

O'tgan yili yozda "Tyanczin Czinmen"ga kelganimda nima kutishni bilmasdim. Bu Xitoyning ikkinchi darajali futbol ligasi edi. Jamoa ketma-ket etti o'yinda mag'lubiyatga uchragan edi. Ular 16 ta klub orasida sakkizinchi o'rinda turardi.

Biroq men o'zimning futbolchi sifatidagi shaxsiyatim, menga qarshi o'ynagan va murabbiylik qilgan insonlardan olgan ishonchim haqida o'yladim. Liga tituli, jahon chempionatini qo'lga kiritish tuyg'usini esladim.

O'yinga hurmat ko'rsatish.

Shundan so'ng ishga kirishdik. Mavsum oxiriga kelib, turnir jadvalida birinchi o'ringa chiqdik. Keyingi mavsumda Xitoy Superligasida o'ynash huquqini qo'lga kiritdik.

Yuqori ligaga chiqqanimizni elon qilishganda, Martinellining meni olqishlayotgan ovozini eshitmadim. Yuqori ligaga ko'tarilish – bu sovrin emas, bu g'alaba keltiruvchi gol yoki o'yinni o'zgartiruvchi to'p tortib olish ham emas. Ammo jamoangiz va o'yinchilaringizdan muvaffaqiyat yaratib, ularni yuqoriga olib chiqish? Bu sizni umringiz oxirigacha baxtli qiladigan ishdir.

Bolaligimdan maydonda o'zimga bo'lgan ishonchni qidirardim. Buni faqat jahon chempionati kubogini, so'ngra o'sha yili "Oltin to'p"ni qo'lga kiritganimdan keyingina topdim.

Endi esa yana o'zimga bo'lgan ishonchni izlayapman. Bu safar orqa chiziqda emas, balki maydon chetida – murabbiy sifatida.


Oqil Abdubarnoev tarjima qildi.

Reyting:    

Fikrlar

   
08 okt 13:17:51
fanat_Andijan FC and Liverpool
Kannavaro katta nom. Hamma endi O'zbekiston haqida ko'proq qiziqadi. Reklama
   
08 okt 13:04:23
Nodirhon
Каннаваро Хусанов учун аллох томонидан берилган бир ином. Мен Хусановни Каннаварога ухшатардим. Мана уларни узи бирлаштирди.
championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика