So’nggi yangiliklar

21:10"Милан" — "Ювентус". Таркиблар маълум  0 20:57А Серия. "Интер" "Верона"га қарши ўйин тақдирини биринчи бўлимнинг ўзида ҳал қилди  0 20:40Вадим Абрамов: "Барча голларни қарши ҳужумлар туфайли ўтказиб юбордик, ўйин учун режамиз умуман бошқача эди"  0 20:27Александр Хомяков: "Раҳбарият янги мутахассис излаётган экан, демак улар мендан мамнун эмас"  2 20:13"Ланс" — "Марсель". Ҳусанов дисквалификация сабаб ўйинни ўтказиб юборади  2 19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  1 19:27Илёс Зейтуллаев: "Йигитлар сўнгги учрашувларда асосий ва захира деган тушунчалар йўқлигини тушунишди"  2 19:21Суперлига. "Андижон" "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этди ва Суперлигада ўрнини сақлаб қолди  13 19:09Денис Коростиченко: "Бунёдкор" захираси бизникидан кучлироқ экан"  0 18:47Туркия. Алиқулов жамоаси иродали ғалабага эришди  0 18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  7 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  3 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  7 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1

Erkin Boydullaev: “Nasaf”da qolish-qolmasligim hali aniq emas” Yangiliklar

Erkin Boydullaev: “Nasaf”da qolish-qolmasligim hali aniq emas”

Yaxshi saviyadagi markaziy yarim himoyachilardan biri Erkin Boydullaev bu yil “Nasaf”da o'zining to'rtinchi mavsumini o'tkazdi.
Oliy liga yakuniga etgach, futbolchi Dubayga borib dam olib qaytdi. Boydullaev Toshkentga kelgach, u bilan “championat.asia” ofisida uchrashuv tashkil qildik va bir soatdan ko'proq vaqt mobaynida suhbat uyushtirdik. Va albatta intervyu davomida bir qator savollarga futbolchining o'zidan javob oldik.

- Suhbatimizni chempionat yakunlariga oid fikrlar bilan boshlasak.
- Oliy liga bahslari o'ziga yarasha og'ir kechdi. Uchinchi o'rinni qo'lga kiritgan bo'lsak-da, bronza medallarga ega chiqish oson bo'lmadi. Bir qancha qiyin bahslarni o'tkazdik. Jamoamizda pul bilan bog'liq muammolar yuzaga kelgan bo'lishiga qaramay, oxirigacha sovrinli o'rinlar uchun kurashdik. Avvallari 3-4ta jamoa bizga qiyinchilik tug'dirardi, endi bo'lsa chempionatdagi sakkizta klubni yaxshi o'yin ko'rsatyapti deya olaman.



- “Nasaf”da pul bilan bog'liq muammolar ko'pmi?
- Oylik maoshlarni hartugul olib turibmiz. Oxirgi marta oktyabr uchun oylikni oldik. Faqat 7-8tacha mukofot pullari, shuningdek ko'tarma puli qolgan. Bilishimcha, jamoamizdan ko'tarma pulini hali hech kim to'liq olmagan.

- Ko'tarma puli odatda mavsum boshida berilmaydimi?
- Ko'p klublarda shunday. Lekin bizda hamma rahbariyat bergan vadaga ishonib qog'ozga qo'l qo'ygan, lekin hozircha puldan darak yo'q.

- “Nasaf”ga kelgandan beri to'rt mavsumni shu klubda o'tkazdingiz. Qaysi yillar qiyin kechdi?

- 2012 yil og'ir o'tgani yodimda. Bundan tashqari, bu mavsum ham qiyin kechdi. Vaqtida pulni ololmaganimiz ko'pchilikka tasir o'tkazdi. Lekin nima sababdan mukofot pullari o'z vaqtida berilmayotganini bilmayman, balki bu “SHo'rtangazkimyo” majmuasida rahbar o'zgargani bilan bog'liq bo'lsa kerak. Jamoamiz bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev ham rahbariyatga ko'p marotaba futbolchilarning pulini qilib berish kerak deb aytdilar. Birinchi davrada klub prezidenti deyarli har o'yindan keyin “O'yin uchun rahmat, pulni dushanba kuni olasizlar” derdi. Mana oradan nechta dushanba o'tib ketdi, ammo haliyam jimjitlik.

- Qiziq, bunday holatda keyingi bellashuvlarga tayyorlanish qiyin bo'lmadimi?

- Biz - professionalmiz. Maydonga tushgach, hamma muammoni unutib faqat o'yin to'g'risida o'ylashimiz kerak. Qiyinchiliklar bo'lishiga qaramay, har bir bahsda bosh murabbiyning ko'rsatmalarini bajarishga harakat qildik, yo'qsa uchinchi o'rinni qo'lga kirita olmasdik.



- Muammolar haqida futbolchilar faqat o'zaro gaplashisharmidi yoki bosh murabbiyga ham bu haqda aytilganmi?
- Bir bir jamoamiz, shunday ekan qanday qilib murabbiylardan bekitib faqat o'zimiz gaplashishimiz mumkin? Albatta, murabbiylarning ham hamma gapdan xabari bor.

- Unday bo'lsa, nimaning evaziga uchinchi o'rin qo'lga kiritildi?
- Cafarda “Bunyodkor”ni mag'lub etganimiz muhim rol o'ynadi. Birinchi davrada hammasi yaxshi ketayotgandi, biroq ikkinchi davraga kelib mukofot pullarini berish to'xtab qoldi. Buning ustiga safarda “Neftchi”, “Metallurg”, “Buxoro”ga qarshi qiyin o'yinlarni o'tkazdik. Ammo “Bunyodkor”ni mag'lub etganimizdan so'ng uchinchi o'rin bizniki bo'lishini tushunib etdik. Vaholanki, mavsum boshida ko'pchilik “Nasaf” to'rtinchi o'rinni egallaydi deb aytgandi.

- Ikkinchi davrada “Nasaf”ning o'z maydonida “Lokomotiv”dan yirik hisobda mag'lub bo'lganini qanday izohlaysiz?
- O'sha uchrashuvda nimalar ro'y berganini hech birimiz tushunmay qoldik. Xavfli vaziyatlar bizda ham bo'ldi, biroq “Lokomotiv”ning deyarli har bir zarbasi golga aylanaverdi.

- “Nasaf” bilan amalda shartnomangiz bormi?
- Yil boshida dekabrgacha tuzgandim, yaqinda tugaydi. Klubga kelganimdan beri boshida bir yil, keyin ikki yilga shartnoma tuzdim, o'tgan yil esa yana bir yilga uzaytirgandim.  



- Endi keyingi rejalar qanday? Klub siz bilan gaplashdimi?

- Hozircha hech kim men bilan gaplashgani yo'q. 14 dekabrdan yangi mavsumga tayyorgarlik boshlanadi. O'shanda hammamiz klub bazasida yig'ilamiz. SHundan so'ng kim ketishi, kimlar qolishi malum bo'ladi.

- “Nasaf” to'g'ridan to'g'ri Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etadi. Bu haqda qanday xabar topdingiz?
- CHempionlar ligasida nechta o'rin berilishi borasida malumotga ega emasdim. Menga “Bunyodkor” matbuot kotibi Bahodir Mirzaev bu haqda yozib yubordi. Eshitib xursand bo'ldim.

- Aytgancha, sizni “Fulad”ga yo'l olyapti deb eshitdik.
- To'g'risi, bundan o'zimning xabarim yo'q. Dubayda ekanligimda Eldor Boymatov “Eron chempionatiga ketayotgan ekansiz” deb yozib yubordi. O'zim ham hayron qoldim, chunki shaxsan menga hech kim bunday taklif bilan chiqqani yo'q.

- 2012 yilgi mavsumda sizga Saudiya Arabistonidan xat kelgandi. O'shanda transfer nima uchun amalga oshmagan?
- Ha, to'g'ri, menga “Al Ittifoq” klubi qiziqish bildirgandi, biroq “Nasaf”ning o'sha paytdagi murabbiyi Usmon Toshev tufayli Saudiyaga bora olmagandim. Toshev sen menga keraksan deyaverdi, vaholanki, “Al Ittifoq” ikki yillik shartnoma taklif qilgandi. Keyin esa ikkinchi davra oldidan Boyan Malishichni 70 ming dollar evaziga qo'yib yuborishdi. O'shanda Usmon Toshevning oldiga borib, meni ham qo'yib yuboring o'sha 70 mingni o'zim beraman degandim. Ammo yakunda baribir Saudiyaga borishim amalga oshmadi. Agar “Al Ittifoq”qa ketganimda arablar klub hisob-raqamiga hech bo'lmasa 50-100 ming dollar o'tkazib berishardi.  



- “Nasaf” yangi shartnoma taklif qilsa qanday yo'l tutasiz?
- Klubda qolish-qolmasligim hozircha aniq emas. SHu bois bu borada tayinli gap aytolmayman. Klub hisob-kitob ishlarini bajarganidan so'ng bu borada bir to'xtamga kelamiz.

- Malumki, 2008 yil “Lokomotiv”da to'p tepgansiz. Bu jamoa yana chaqirdi deylik...
- 2012 yili ham “Lokomotiv” meni chaqirgandi, lekin o'shanda “Nasaf”da qolishga qaror qilgandim. Yana taklif bo'ladimi-yo'qmi, biror gap aytishim qiyin.

- Bu yilgi chempionat sizga yoqdimi?
- Yuqorida aksariyat bellashuvlar og'ir o'tganini aytib o'tdim. Kuchli klublarni hisobga olmaganda ko'p jamoalar bizga qarshi “avtobus” qo'yib o'ynashdi. Qolaversa, bazi maydonlarda umuman futbol o'ynab bo'lmadi. SHunga qaramay, chempionatimiz saviyasi chakki emas. Yaqinda Yaroslav Krushelnickiyning intervyusini o'qib qoldim. Uning aytishicha, Malayziya birinchi ligasida o'yinlar saviyasi bizning oliy ligadan sira qolishmas ekan. Ularda super ligada uch-to'rtta yaxshi klub bordir, ammo birinchi ligasi bizning oliy ligadagidek emas. Bilishimcha, Malayziya klublari Osiyo chempionlar ligasida qatnashmaydi, shuning o'ziyoq chempionat saviyasini ko'rsatib turibdi.



- Mabodo sizga ham yaxshi maosh evaziga Malayziyaga borish varianti chiqib qolsa, qanday yo'l tutasiz?
- Hozircha kuchli chempionatda yaxshi o'yin ko'rsatishni xohlayman. Yaxshi pul to'lashini hisobga olmaganda, Malayziya bizning futbolchilar borib to'p tepadigan joy emas. Undan ko'ra shu erda qolganim maqul.

- Bu yil sizga qarshi o'ynagan futbolchilardan kim yaxshi taassurot qoldirdi?
- Menga ko'proq “Olmaliq”dagi Sanjar SHoahmedov yoqdi. Juda harakatchan futbolchi ekan. SHuningdek, “Paxtakor” yarim himoyachisi Jamshid Iskanderov ham zo'r o'yinchi. U xoh o'ng qanot, xoh chap qanot, kerak bo'lsa markazda ham bir xil o'ynab ketaveradi. Boshqa klublardan biron bir futbolchi yarq etib yodimda qolgani yo'q.

- Oliy ligada sizni hayron qoldirgan klublar bo'ldimi?
- “Paxtakor”ning yaxshi o'ynab ketgani meni hayron qoldirdi, bejizga chempion bo'lgani yo'q. Bu jamoa o'tgan yil bunchalik chiroyli o'yin ko'rsatmagandi. SHuningdek, “Qizilqum” ham yomon taassurot qoldirmadi.

- O'z klubiga sadoqatli futbolchilar yildan yilga kamayib ketmoqda. Buning sabablari nimada deb o'ylaysiz?
- Buning bir qator sabablari bor. Birinchisi, har bir futbolchi qisqa faoliyati davomida yaxshi pul ishlab olishni xohlaydi. Sovrinlar yutishni, yaxshi shartnomaga ega bo'lishni istaydi. Ikkinchidan esa ko'pchilik poytaxtga kelishga oshiqadi. CHunki bu erda hamma narsa uchun sharoit bor. Mana shu kabilar futbolchilarning tez-tez u jamoadan bunisiga ko'chib yurishiga sabab bo'lmoqda. Qolaversa, ayrim klublar vada qilingan pulni berishdan o'zlarini olib qochadi. Bu ham o'yinchilarning boshqa jamoaga ketishiga sabab bo'ladi. Albatta, ko'pchilik bir erda uzoq yil to'p tepishni xohlaydi, lekin bizda “Paxtakor”, “Nasaf”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “Mashal” kabi infratuzilmasi yaxshi klublarni hisobga olmaganda boshqa jamoalarda uzoq vaqt to'p tepish qiyin.

- Sizga hech o'yining yaxshi-yu, faqat kam gol urasan degan gapni aytishganmi?
- SHunga o'xshash gaplarni ko'pincha muxlislardan eshitib turaman. O'ylab qarasam, “Nasaf”ga kelganimdan beri oliy ligada atigi uchta gol uribman. Bu yil hisobidan esa bittayam to'p kiritganim yo'q. Albatta, bu kam lekin men o'ynayotgan chiziqdan kelib chiqib aytganda, vazifam raqib hujumini to'xtatish, jarima maydonchasi ichida to'pni kutib gol urish emas.

- “Lokomotiv” bilan o'yinda Siroj Sayfievning og'ir jarohat olgani sizga ham qattiq tasir qilgan bo'lsa kerak?
- Albatta. Bunday jarohatni odam o'z dushmanigayam ravo ko'rmaydi. Eshitishimcha, “Dinamo” rahbariyati unga deyarli etibor bermayotgan ekan. Siroj davolanishi uchun jamoadoshlari, shuningdek “Bunyodkor” futbolchilari bir-ikki marta pul yig'ib berishibdi. Hayron qolganim shuki, Sayfievning “Bunyodkor”ga umuman aloqasi yo'q, shunga qaramay, o'yinchilar odamgarchilik qilishdi.

- O'tgan yil “Guliston” bilan kechgan bahsda nima ro'y berganini aytib bersangiz?

- Biz 4:0 hisobida g'alaba qozongan o'yindami? O'yin shunday kechdiki, maydon egalari deyarli qarshilik ko'rsatishmadi. Hisob 3:0 bo'lgach, ko'pchilik shu hisob qolsa kerak deb o'ylab turgandi. Qo'shib berilgan oxirgi daqiqada uzoqdan to'pga zarba bergandim, gol bo'ldi. Nimagadir ularning darvozaboni bemalol qaytarishi mumkin bo'lgan to'pni o'tkazib yubordi. Uchrashuv tugaganidan keyin bazi gap-so'zlar chiqdi.

- 2011 yil OFK Kubogini yutgan “Nasaf” 2012 yilgi OCHLda guruhda oltita o'yin o'tkazib atigi bir ochko to'plagandi. Musobaqalar saviyasi shunchalik farqlimi?
- CHempionlar ligasi Osiyoda klublar o'rtasidagi eng nufuzli musobaqa hisoblanadi. Bu erda qitaning eng kuchli jamoalari bahs olib boradi. O'sha yil “Nasaf” endi birinchi bor qatnashgani uchunmi o'zini ko'rsata olmagandi. Bundan tashqari, arab jamoalarida juda kuchli legionerlar bor bo'lib, o'yinni ham aynan ular qilib berishgandi.

- Bizning chempionatda Artur Gevorkyan singari kuchli legionerlar bormi?

- Bitta yo ikkita bo'lsa kerak. Gevorkyan singari “Paxtakor”dagi Kaxi Maxaradzeni ham yaxshi o'yinchi deya olaman. Boshqalarni esa unchalik tanimayman. Bizda uch-to'rt futbolchini ko'rdim demay aldab o'tadigan legioner yo'q.



- “Nasaf”da Anatoliy Demyanenko, Usmon Toshev va Ro'ziqul Berdiev qo'l ostida o'ynashga erishdingiz. Bu murabbiylarga tarif bera olasizmi?
- SHubhasiz, Demyanenko kuchli mutaxassis edi. Jamoa yutqazayotganda ham ortiqcha ehtirosga berilmasdi. Qaerda xato qilganimizni juda tushunarli qilib tushuntirib berardi. Usmon Toshev haqida ko'p gapirmoqchi emasman. CHunki bu murabbiy biz bilan ko'p ishlagani yo'q, qolaversa, uning davrida “Nasaf” jismoniy tomondan kuchsizlanib qolgandi. Ro'ziqul Sadullaevich esa taktik tomondan jamoani yaxshi tayyorlaydi. Har bir futbolchini o'z ukasidek ko'radi, odam ajratmaydi.

- Sizningcha, Abramov qo'l ostidagi jamoa kuchli edimi yoki Qosimov boshqarayotgan jamoami?
- Mening fikrimcha, Abramov boshqargan payti terma jamoa boshqacha futbol namoyish etardi. Qatarda o'tgan Osiyo Kubogini yoki bo'lmasa safarda Yaponiya bilan bo'lgan o'yinni yodga olaylik. Abramov klubdan ko'ra terma jamoalarda ishlab muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Balki unga oxirigacha imkoniyat berilganida terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqqan bo'larmidi.

- Samvel Babayanni menejer deb bilasizmi yo murabbiymi?
- To'g'risi, u kishini shu paytgacha kuchli menejer sifatida bilardim. Ammo “Paxtakor”ning bu yilgi o'yinlaridan kelib chiqib Babayan nafaqat menejer, balki yaxshi murabbiy ekanligini ham ko'rsatdi. Umuman olganda, Samvel Babayan futbolchilar uchun doim qayg'uradi. Misol uchun o'rinbosarlar tarkibida yurgan Akrom Bahriddinovni avvalgi yili operaciya uchun Germaniyaga jo'natgandi. Babayanning mana shu tomonlariga qoyil qolaman. CHunki boshqa menejerlar jarohat olgan o'yinchini chet elga yuborish tugul, o'zimizda davolanishiga ham yaxshi sharoit qilib berishmaydi.

Xayrulla Xoliqov va SHahboz Beg'amov suhbatlashdi. 
foto: Tolibjon Qosimov
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика