So’nggi yangiliklar

13:59Футзал. Қўшниларимиз ҳам Тошкентга етиб келишди  0 13:33Футзал. Амалдаги Жаҳон чемпионлари Тошкентга етиб келишди  2 13:07ЖЧ-2026 саралаши. Ироқ 83 дақиқа битта кам ўйнаб дуранг қайд этди  1 12:38Суперлига. "Нефтчи" — "Қизилқум" учрашуви Яйпанда ўтказилади  0 12:11Суперлига. "Пахтакор" - "Динамо" баҳси санаси ҳам ўзгарди  1 11:45Кожо Жоэль: "Эътиборлироқ бўлишимиз керак эди"  7 11:23Суперлига. "Динамо" — "Бунёдкор" ўйини санаси ўзгарди  2 11:00ПСЖ ва "Челси" собиқ устози АҚШ терма жамоасини ЖЧга тайёрлайди  1 10:31Ёзда шартномаси тугайдиган Салоҳга иккита ТОП клуб қизиқиш билдирмоқда  5 09:56"Арсенал" академияси тарбияланувчиси 14 йилга қамалди  3 09:50Суперлига 18-тур баҳсларининг ҳакамлари маълум. "Навбаҳор" - "Насаф" учрашувини Аҳрол Рисқуллаев бошқариб боради  4 09:22Футзал. Ливия терма жамоаси Тошкентга етиб келди  0 08:50УзПФЛ. Ойнинг барча соврини ҳам «Насаф» аъзоларига насиб этди  5 08:36Жалолиддин Машарипов: "Энди ёш футболчи эмасмиз, айрим вазиятларда масъулиятни ўз бўйнимизга олиб, вазиятни ўзгартиришимиз керак"  20 08:17Футзал. Жаҳон чемпионлигига даъвогар қўшниларимиз Тошкентга етиб келди  3

Bizni to'nayotganlarga to'n kiydiryapmizmi? championat.asia Morentesning tashrifiga bog'liq katta surishtiruv o'tkazdi Yangiliklar

Bizni to'nayotganlarga to'n kiydiryapmizmi? championat.asia Morentesning tashrifiga bog'liq katta surishtiruv o'tkazdi

Kuni kecha yurtimizga “Real Madrid” sobiq futbolchisi Fernando Morentes tashrif buyurdi.

Yaqin tarixning kuchli futbolchisi Morentesning tashrifi futbol muxlislarining katta qiziqishiga sabab bo'lgani aniq. Ushbu tashrifning tashabbuskori o'tgan yili yurtimizning “Oq-tepa” klubiga kelgan, Ispaniyaning “Rasing Mursiya” klubi prezidenti, “Genova International School of Soccer” akademiyasi rahbari Morris Panello hisoblanadi. Janob Panello Morentesning tashrifini tashkillashtirish maqsadida O'zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasida uchrashuv o'tkazadi. SHundan so'ng, Milliy Olimpiya qo'mitasi bilan muzokara o'tkaziladi. Morris Panelloning o'zi esa O'FA rasmiylari bilan ham uchrashuv o'tkazgani haqida yozadi va rasm joyladi. Yurtimizning eng ilg'or telekanallaridan biri UzReport TV ham “Genova International School of Soccer” bilan hamkorlik memorandumi imzoladi.

Morris Panelloning shaxsi bizda juda katta qiziqish uyg'otdi. Albatta, yurtimiz futboliga befarq bo'lmagan insonlar kimni ham qiziqtirmaydi deysiz. Internet tarmog'ida Morris Panello haqida malumot izlar ekanmiz, juda g'alati, shu bilan birga o'zbek futboliga jon kuydiruvchi har bir insonni shokka tushiruvchi malumotlarga duch keldik. Ispaniyaning juda ko'p nashrlari, aniqrog'i, "Marca", "ElMundo", "El Economista" va yana ko'plab nashrlar qahramonimizni juda yaxshi bilishar ekan. Jumladan, Ispaniyaning obro'li va shu bilan birga ishonchli OAV laridan biri bo'lgan "El Sonfidential" nashri Morris Panello va uning biznes sxemalari haqida juda katta jurnalistik surishtiruv o'tkazgani malum bo'ldi. Maqolada Morris Panelloning qanday qilib quyi ligalardagi klublar qoshida "akademiyalar" tashkil qilib, klubda o'z "akademiya"si o'quvchilarini o'ynatishi, buning evaziga futbolchilardan pul olib, klublarga to'lashi (har doim ham emas) haqida so'z boradi.

Quyida ushbu maqolani sizga o'zbek tilida taqdim qilish bilan birga, hammasi tushunarli bo'lishi uchun izoh va qo'shimchalar berib boramiz. Boshladik:

Ushbu suratga diqqat bilan etibor bering, bu “Rayo Valekano C” jamoasining o'yinlaridan biridan olingan surat.

Bu 38 yoshli Dimitriy Kolcov, faoliyatining asosiy qismini Italiyaning quyi ligalarida o'tkazgan ukrainalik futbolchi. Dimitriyning bu o'yinda o'ynashiga sabab boshqa futbolchining yo'qligi bilan izohlangan. 

Qo'shimcha: Mana bu rasmga nima deysiz? Suratda belgilangan inson bu o'sha  Dimitriy Kolcov. Qahramonimiz ham Toshkentda ekanlar. Ha, ukrainalik futbolchi "Genova" xalqaro futbol maktabi xodimi hisoblanadi. Agar sizga qiziq bo'lsa, ushbu suratdagi qora tanli inson Edvin Kongo - "Real"ning sobiq o'yinchisi. U o'z vaqtida giyohvand moddalar savdosi bilan ayblanib qamoqqa olingan:


Aslida esa gap boshqa joyda. “Rayo Valekano C” jamoasi va "Genova International School of Soccer" tashkiloti futboldan ko'ra biznesga yaqinroq bo'lgan loyiha hisoblanadi. Keling tushuntirishga harakat qilamiz. “Rayo” ayollar jamoasi o'zining "Real Madrid" klubiga qarshi o'yiniga yangi hamkorlar, yani "Genova International School of Soccer” nomi tushirilgan formada tushib keladi. Bu ko'pchilikni hayron qoldiradi. Sababi, “Rayo”ning ayollar jamoasining o'yinlari translyaciya qilinmas, stadionda ham juda ko'p muxlis yig'ilmasdi. 

“Rayo Valekano”ning rasmiy bo'lmagan manbaalari bu masalaga quyidagicha izoh berishgan: "Bu hamkorlik shartnomasi emas, aksincha "Rayo C" jamoasi "Genova International School of Soccer” tarbiyalanuvchilarining shug'ullanishi uchun joy vazifasini bajaradi. Bu ikki tomon uchun qulay ish. "Rayo" uchinchi klubining maosh harajatlarini qisqartiradi, shu bilan birga "Rayo B"ning asosiy o'yinchilari kadr etishmasligi tufayli uchinchi jamoa uchun o'ynashi ham shart bo'lmaydi". Rasmiy ravishda esa biror izoh berilmagan.

Qo'shimcha: Modomiki, tasodiflar yoki o'xshashliklar haqida gapirar ekanmiz, "Oq-tepa" klubi formalarida ham "Genova International School of Soccer” yozuvi bor. Muxlislar? Translyaciyalar? Superligamiz translyaciyalari orqali reklama berishning "maftunkorligi" hamin qadar bo'lib turgan bir paytda Pro-Liga klubidagi bunday ishlar odamni "quvontiradi" albatta. Maqolada davom etamiz:


"Rayo S" ni zaxira o'rindig'idan Antonio Amayya boshqarib boradi. Bu inson kelishilgan o'yinlardagi ishtiroki bilan futbol ommasiga tanish edi.

Amayya "Betis"da o'ynab yurgan paytlarida, 2013-2014 yilgi mavsumning 37-38 tur doirasida "Real Valyadolid" va "Osasuna" jamoalariga qarshi o'yinning natijasini oldindan kelishgani uchun "Betis" klubi 650.000 dollar miqdorida pora olgani tasdiqlanadi. Asosiy aybdorlar orasida Antonio Amayya ham bo'ladi va bir yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

Hammasi faqat foto uchun

"Genova International School of Soccer”ning biznes sxemasi quyidagicha: Ular yosh futbolchilardan pul olishadi, ushbu pulning malum bir qismini klublarga o'z tarbiyalanuvchilari aynan ushbu klub infratuzilmasidan foydalanganligi uchun to'lab berishadi. Qolgan pul esa cho'ntakka.  "Genova" shartnoma imzolagan klublari qoshida o'zining kichikroq filialini ochadi va bu tuzilma faqat o'zlarining tarbiyalanuvchilariga xizmat ko'rsatadi. "Genova xalqaro futbol maktabi" o'quvchilari asosan Avstraliya, AQSH va arab mamlakatlaridan keltirilgan bo'lib, ular quyi ligalarda o'ynash uchun "Genova"ga oyiga o'rtacha 2500 evro miqdorida pul to'lab turishadi

 Ular bu davlatlardan futbolchilarni jalb qilish uchun Roberto Karlos, Fernando Morentes, Valter Pandiani, Jenaro Gattuzo va Tim Kexill kabi mashhur o'yinchilardan foydalanishadi. Bu mashhur futbolchilar "tashrif qog'ozi" vazifasini o'tashadi va o'zaro ishonch uchun xizmat qilishadi.

Tushuntirish: Mashhur futbolchilarning ketma-ketligi sizga nimanidir eslatmayaptimi? Roberto Karlos, Fernando Morentes... Bu maqola O'zbekistondan bexabar holda yozilgan va ushbu maqola yozilganda Morentesning tashrifi haqida hech qanday gap-so'z ham yo'q edi.  Biz bu bilan Roberto Karlosning Toshkentga bo'lgan tashrifini shubha ostiga qo'ymoqchi emasmiz. Balki, bularning barchasi tasodifdir, bunisi bizga qorong'u. Quvontiradigan narsa shundan iboratki, keyingi yil O'zbekistonga kimlar kelishi mumkinligi haqida bizda ajoyib variantlar bo'lishi mumkin.  Maqolada davom etamiz:

Nomi sir qolishini xohlagan ispan klublaridan birining rahbari "Genova" haqida shunday deydi: "Bu kompaniya bizni futbolchilar bilan taminlashdan tashqari, ular uchun bizga pul to'lashadi. Qo'pol qilib aytganda, ular yoshlardan pul olib, bizga to'lashadi".

Bu "Genova" uchun zo'r kelishuv. Axir ularning birorta shaxsiy tuzilma va sport inshootlari yo'q.

Futbolchilarning "Genova International School of Soccer”dan Evropadagi klublarga o'tishi haqidagi gaplar shunchaki ro'yo. Futbolchilar nari borsa "Genova"ning bir filialidan boshqa bir filialiga o'tishi mumkin. Futbolchilar oxir-oqibat o'z mamlakatlariga qaytishga majbur bo'lishadi.

Bu xalqaro futbol maktabi, o'zining faoliyati davomida faqat uch martagina omadga erishgan, ular ham juda shubhali tarzda. Birinchisi 22 yoshli Reno Piskopo. U hozir Avstraliyaning "Vellington Feniks" jamoasida o'ynaydi. "Inter" va "Turin" klublari qoshidagi "Genova"ning filiallarida uch yil davomida bor-yo'g'i 18 o'yinda qatnashgan futbolchi, oxir-oqibat o'z klubini topadi. SHu bilan birga, u besh yil davomida 150000 evro sarflaganini ham hisobga olish lozim.

Ikkinchi qahramonimiz Jonatan Alkoras. U o'n yil vaqtini aynan shu akademiyada o'tkazadi va "Genova" bilan shartnomasi bo'lgan klublar orasida bo'zchining mokisidek borib keladi. "Genova" bu yigitning "Parma" klubiga o'tganini takidlaydi. Ammo, reallikda esa bu yigitning manzili Portugaliyaning ikkinchi divizionda o'ynaydigan odmi bir klubi bo'ladi. Hozir Alkoras jamoasiz, u 23 yoshda.

"Genova xalqaro sport maktabi"ni sudga berganlar ham talaygina. Avstraliya va xorvatiyalik oila akademiyaga o'g'lining o'qishi uchun umumiy hisobda 100000 evro to'lashadi. Akademiya ularga tog'dek vadalar beradi, ammo...

"U kishi Ferrarida keldi va futbol dunyosidagi hamma bilan tanishligini aytdi", - deydi oila. Ferraridagi inson ulardan ketma-ket pul talab qiladi va umumiy hisobda 100000 evroga yaqin pul undiradi. Bola esa, B seriyada muntazam zaxira o'rindig'ida o'tiradi. Sudga berilgan arizalar shubhali sabablarga ko'ra rad etilgandi. Ammo, bu oila taslim bo'lmoqchi emas. Jarayon hali ham davom etmoqda.

Akademiya haqida savollar juda ko'p. Misol uchun "Genova" veb-saytida akademiyaning Italiyaning Verona provinciyasida ajoyib sport markazi borligi yozilgan, ammo bu markaz bilan "Genova" ancha yillardan beri hamkorlik qilmaydi. Saytda akademiya uchun ishlaydigan murabbiy Pablo Amo nomi ko'rsatilgan. Lekin, murabbiy "Genova" haqida o'z rezyumesida hech narsa ko'rsatmagan.

Akademiya ko'rsatgan raqamlarda ham umuman asos yo'q. Turli reklama roliklarida akademiya o'zini dunyoda "eng katta" ekanligiga urg'u beradi. Ularda 18000dan 23000gacha o'quvchi talim olishi iddao qilinadi. Ammo, akademiya faqatgina Ispaniyaning o'zida 40-o'rinda turadi. Ular bunga koronavirus sababligini va tez orada ko'plab o'yinchilar "Genova"ga qo'shilishi bilan izoh berishadi. Buni qarangki, pandemiyagacha, yani 2019 yilni "Genova" 46300 evro aylanma mablag' bilan boshlab, yilni 17300 evro zarar bilan yakunlagan.

Iltimos, o'z joyingizga mahkamroq joylashib oling. Barchasi endi boshlanmoqda...

Minglab selfisi bor inson

Asosiy qahramonimiz - bu kelib chiqishi italyan bo'lgan, avstraliyalik Morris Panello. Yuqoridagi Ferrari mingan inson. Bu insonning suratlaridan dunyodagi eng obro'li futbol shaxsi degan taxminga borsangiz bo'ladi. SHunchaki, biror bir futbolchini hayolingizga keltiring va uning albomidan shu inson bilan tushilgan suratni qidiring, bu suratni topishingiz aniq. Florentino Peres, Bartomeu, Pele, Messi, Krishtianu, Infantino, kerak bo'lsa Rim Papasi! Panello - selfilar qiroli. U o'zining instagram sahifasida dunyodagi eng mashhur futbol insonlari bilan birga tushilgan rasmlarni joylaydi. Aftidan, ulardan eng yaxshi ko'rgani - bu Messiga "Oltin Butsa" topshirish marosimidagisi. Rasmlarga diqqat bilan qaralsa, janob Morris ularning birortasi bilan ish yuzasidan aloqador emasdek ko'rinadi.

Qo'shimcha: Biz ham bazi postlarni tekshirib ko'rdik. Misol uchun, Morris o'zining sahifasiga “BBC Sport” nashrining maqolasini soxtalashtirib, Pol Skoulz bilan hamkorlik qilgani haqida post qo'yadi, aslida maqolaning asl nusxasining Morrisga umuman aloqasi yo'q, surat ham soxtalashtirilgan:Morris Panelloning "Racing City Group" tashkilotining instagramdagi sahifasiga nazar tashlasak, 15 mingga yaqin obunachilarni ko'ramiz. Ammo, haqiqiy kuzatuvchilar soni sezilarli darajada kam, ular ham shu tizim ishtirokchilari:


"Real Madrid" klubiga yaqin manbaalarning aytishicha janob Panello istalgan vaqtida Valdebebas ("Real"ning mashg'ulotlar o'tkazadigan bazasi)ga kirib, kim bilan xohlasa "selfi"ga tushadi va prezident bilan salomlashadi. SHu sabab, undan hech kim shubhalanmaydi.

Voqealarning eng yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqdamiz. 2014 yil Morris Panello Italiya futboli tarixidagi eng yirik nizolardan biri bo'lgan "Iflos futbol" (Dirty Soccer) janjallariga aloqador deb topilib qamoqqa olinadi. "Iflos futbol" bu Italiya quyi ligalarida avj olgan, kelishilgan o'yinlar bilan shug'ullanuvchi yirik mafiya to'dasi bilan bog'liq janjal bo'lib, policiya yirik masshtabdagi operaciyalar orqali ushbu to'daga aloqador 50 nafar shaxsni qamoqqa oladi. Ammo, Morris Panello oxir-oqibat aybdor deb topilmaydi va Ispaniyaga yo'l oladi.

Morris Ipaniyaga kelishi bilan klub sotib olish niyati borligini bildiradi va bu o'zini uzoq kuttirmaydi. Tez orada qahramonimiz "Kultural Leonesa" klubi asosiy akciyadoriga aylanadi. Yangi rahbar klub qoshida o'z akademiyasining filiali ochilishini va ushbu akademiyaning yosh o'yinchilari klubga jalb etilishi evaziga jamoaga 100000 dan 200000 evrogacha investiciya kiritishini bildiradi. Bu shunchaki navbatdagi yolg'on edi. "Genova" akademiyasi "Kultural Leonesa" ga 5 futbolchi uchun bor-yo'g'i 15000 evro to'laydi. "Genova" esa besh futbolchining har biridan yiliga 25000 evrodan pul olar edi. Eng yomoni, "Kultural Leonesa" 5000 evronigina toza ko'rinishda oladi. Sababi, harajatlarning o'zi 10000 evroni tashkil qilardi. Bir yildan so'ng, "Kultural Leonesa" klubi prezidenti Felipe Lamazares Morris Panelloni "bezbet" deb ataydi. "U Leonga bizni tunash uchun kelgan", - deydi Felipe Lamazares o'zining bayonotida.

Bu hali hammasi emas. Morris Panello "Kultural Leonesa" jamoasida ekanligida juda shubxali ishlar ham yuz bergan. LaLiga ekspertlarining qayd etishicha, bukmekerlik idoralari 2014 yil 23 noyabr kuni o'tkazilgan "Marino" - "Kultural Leonesa " (3:0) o'yini davomida onlayn pul tikish jarayonida g'ayritabiiy holatni qayd etishadi. O'yinlarni soxtalashtirishga qarshi radarlar mezbonlarning g'alabasi uchun pul tikayotgan katta oqimni aniqlaydi. Yani, "Kultural" dagilar o'z jamoalari mag'lubiyati uchun katta miqdorda pul tikishadi. LaLiga bu malumotlarni ham rasman tasdiqlagan.

Navbat qahramonimizning yana bir boshqa klubga ko'rsatgan tasiriga. 2017 yilning aprelida "Eldense" klubi "Barselona B" jamoasiga 0:12 hisobida mag'lub bo'ladi. Bukmekerlik tashkilotlari ushbu o'yinga yana g'ayritabiiy pul tikish holatlarini aniqlashadi. Bu shunchalik ochiqchasiga qilinayotgan ish edi-ki, o'yinni tomosha qilgan muxlis bu o'yin soxtalashtirganiga zarracha ham shubha qilmaydi. Bu haqda birinchi marta "Eldense" hujumchisi SHayx Saad xabar beradi: "Kiyinish xonasida deyarli mushtlashuv boshlangandi. To'rt o'yinchi va jamoa rahbariyatining bunda qo'llari bor edi. Menga tazyiq o'tkazishdi. Mening jamoadoshlarimga bu o'yinga juda juda katta miqdorda pul qo'yishgan edi. Tanaffusgacha 0:8, keyin esa 0:12", - deydi hujumchi. Futbolchi uchrashuvga yarim soat qolganda ham asosiy tarkibda bo'ladi, keyin esa yo'q. Quyida ushbu o'yin videosini tomosha qilishingiz mumkin. Bu ish shunchalik ochiqchasiga qilinganki, videoda  "Eldense" himoyachilari xuddi-ki himoyalanishni istamayotgandek taassurot qoldirishadi.

Ushbu vaziyatga eng yaxshi izohni "Eldense"ning sobiq murabbiyi Mario Kartaxena beradi: "Albatta, bu o'yin kelishilgan. O'zini hurmat qiladigan o'yinchi 7:0 dan keyin hisobni saqlab qolish uchun borini beradi. Ular bizga o'ynashi uchun pul to'laydigan futbolchilarni olib kelishadi. Ular "Segunda B" ning darajasidan ham ancha past. Murabbiy, Morris Panello ularga etkazib bergan o'yinchilarning darajasi shunga mosligini ham bildirib o'tgan: "Men nimadir sodir bo'lishini bilardim. Istalgan klub "Eldense" ga beshta to'p kiritishi mumkin".

Bundan bir qancha vaqt oldin klubga yangi rahbarlar keladi. Ularning jamoaga tashrifidan so'ng ikki hafta o'tar-o'tmas jamoaga Di Perro ismli biror hujjati yo'q murabbiyni olib kelishadi va oxir-oqibat u bosh murabbiy bo'ladi. Yuqoridagi "Barselona B" bilan o'yinda ham aynan Di Perro jamoani boshqargan edi.

Keyinroq, bu "Eldense" ishtirokidagi yagona kelishilgan o'yin emasligi, balki bunday o'yinlar soni beshtani tashkil qilishi rasman malum bo'ladi. Bu ish tepasida italyan va xitoy mafiyalari turganligi va ular o'rtasidagi kelishmovchilikni yumshatish uchun "Eldense" va "Barselona B" jamoalari o'rtasidagi o'yin aynan shu scenariy ostida kechgani aniq bo'ladi. Murabbiy, ikki futbolchi va jamoa rahbari hibsga olinadi.

LaLiga o'zining 2017 yilgi rasmiy hisobotida Morris Panelloni "Eldense" klubi ishiga aloqador deb ko'rsatadi. Bu ish hali ham taftish qilinmoqda.

Morris Panello barcha ayblovlarni rad etadi: "Biz Ispaniya jamoalariga 2014 yildan beri yordam berib kelamiz. Men "Kultural" bilan o'z ishimni boshlagan edim. Bizda har bir jamoa bilan yaxshi aloqalar saqlanib qolgan. Men ular o'ylagandek yoki gazetalar yozgandek inson emasman".

SHuncha janjallardan so'ng, Panelloda hozir faqatgina "Racing de Murciya" klubi qolmoqda. Panello bu haqda quyidagi fikrlarni bildirib o'tadi: "Bizda o'zimizning "Racing Murciya" klubimiz bor. Biz bu klubga bor etiborimizni beramiz. SHu bilan birga, biz boshqa klublarning, masalan "Rayo" va "Leganes" kabilarning akademiyasi sifatida ham ishlaymiz", - deydi Morris Panello.

“ElConfidential” "Leganes" klubiga bog'langanida esa, klub Panelloning akademiyasi bilan bir necha oylardan beri hech qanday kelishuv yo'qligini bildiradi.

Ammo, akademiya saytida "Leganes" hali ham hamkor sifatida ko'rsatilgan

Maqola yakunlandi. Ushbu maqola mutlaq haqiqatga davo qilmaydi. Ayblov ham emas. Bizda faqat bir qancha savollar bor holos:

  • Bir necha yillar oldin Ispaniya va Italiyada yuz bergan holatlar bizning yurtimizda "sug'ur kuni"dek qaytarilayotgani tasodifmi? 
  • Soxta akademiyalar, kelishilgan o'yinlar orqali butun jahonga tanilgan inson o'zbek futboliga shunchalik kerakmi? Yoki yana bir necha yil ortga qaytmoqchimizmi?
  • Mantiqan to'g'ri, biznes model ham o'sha-o'sha, buni ustiga rasmiy manbaalar tasdiqlagan malumotlarning o'zi biroz shubhaga borishga, Morris Panelloning o'tmishini tekshirib ko'rishga sabab bo'lishi kerak emasmidi? 
  • Qahramonimiz UzReport, Elchixona, Olimpiya qo'mitasi, va O'FA kabi yuqori tashkilotlar bilan muzokaralarga etib kelguncha, qaysidir bir bosqichda tarixi tekshirilishi, deylik butunlay aybsizligi isbotlanishi va matbuot orqali bu haqida tushuntirish berilishi lozim emasmidi? 
  • Morris Panelloning O'zbekiston futbolini rivojlantirish uchun tashrifi, yurtimizda "totalizator"ning qonuniylashtirishga harakatlar boshlanishi bilan deyarli bir vaqtda sodir bo'lishi shunchaki o'xshashlikmi? 
  • Qanday qilib kuchli infratuzilmasi, javohirga teng akademiya va shogirdlari bo'lgan O'zbekistonning ikkinchi raqamli jamoasi – “Nasaf” ga biror bir tashkilot yoki xorijlik kompaniya qiziqish bildirmayotgan paytda, shunga o'xshash "loyixalar" tashkil qilinishi normal biznes qarashlariga to'g'ri keladimi? SHu o'rinda biz boshqalarning ishiga aslo aralashmoqchi emasligimizni takidlab o'tmoqchimiz.

Biznes - bu xaridorga biror bir mahsulot yoki xizmat taqdim qilib, shu orqali daromad olinadigan faoliyat turi. Futboldagi foyda, o'yinchilarni sotish, chiptalar, translyaciya va reklama orqali keladi. Yuqoridagi jihatlar "jozibador" bo'lsagina biror investor foyda olish uchun O'zbekistonga keladi. Bunday emasmi? Demak, kamida bunday investorlardan shubhalanishga asos bor.

Biror chet ellik tadbirkor o'zining asosiy maqsadi deb O'zbekiston futbolini rivojlantirish, yosh o'yinchilar uchun imkoniyatlar berish desa – aslo ishona ko'rmang. Mukammal dunyoda o'zining sifatli xizmatini ko'rsatgan tashkilot, ushbu xizmatga yarasha foyda olishi lozim.

Hulosa o'rnida shuni takidlab o'tish joizki, Morris Panello va “Genova International School of Soccer” ning maqsadlarini aniq bilmaymiz. Balki,  ular O'zbekistonda  o'tmishlari tekshirilmasligiga amin bo'lishgandir (har holda shunday ham bo'layotgandi) , balki,  barcha maqsadlari to'g'ridir.  Bunisini aniqlash bizning ishimiz emas. Bizning maqsadimiz - siz aziz muxlislarga malumot etkazish, xulosa o'zingizdan.  Maqolaning so'nggida "Streyzand effekti" haqida malumot berishni joiz deb bildik. Streyzand effektiga ko'ra biror bir malumotni ommadan yashirish uchun qilingan har qanday urinish, bu malumotni faqatgina kengroq tarqalishiga olib keladi. Hech narsa demoqchi emasmiz, omon bo'ling.



Muallif: Jalolxon Inog'omxo'jaev

Reyting: +62   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика