Bir o'yin tarixi. Barselona - Bunyodkor 1:1
10 apr 2020 18:16
Yangiliklar


Bir o'yin tarixi. Barselona - Bunyodkor 1:1
Eslasangiz, 2007 yildan so'ng oldinga katta qadam tashlagan klub infratuzilma borasida jahonning ko'plab jamoalaridan andoza olishni va uni o'zida tadbiq etishni boshladi. Mazkur loyiha asosida yurtimizga ko'plab taniqli yulduz futbolchilar, mutaxassislar kelishi davom ettirildi. Samuel Eto`Oning qudratli bo'lib borayotgan poytaxt jamoasi bilan shartnoma imzolashiga oz qolgandi.
SHuningdek, loyiha doirasida kataloniyaliklar safida harakat qiluvchi Karles Puyol, Andres Inesta, Lionel Messi, Sesk Fabregas mahalliy futbolchilarimizga mahorat darslarini o'tishdi. O'shanda yoshlar terma jamoamiz Messi bilan birga mashg'ulot o'tashgandi.
Tez orada poytaxtimizda «Bunyodkor» stadioni qurilishni boshladi va uning birinchi g'ishtini «Barselona» prezidenti Xuan Laporta qo'ygandi. Uning tashrifi davomida O'zbekiston futbol federaciyasi prezidenti Mirabror Usmonov bilan ham uchrashgan, turli masalalar yuzasidan muzokara olib borgandi. Qaysidir manoda yurtimiz futboli o'zining yangi darajasiga chiqayotganini sezish qiyin emasdi. Biroq, bu ishlar oxiriga etkazilmay qolindi. Loyiha malum bir sabablarga ko'ra yarim yo'lda to'xtab qoldi.
2010 yilda bir qator braziliyalik yulduzlar «Bunyodkor»dagi moliyaviy qiyinchiliklar sabab tark etishdi. Lekin, bu ishlarning kichik bo'lsada samarasi bir, ikki yil o'tgach ko'zga tashlana boshlandi. Terma jamoalarimiz, klublarimiz xalqaro maydonlarda zafar quchishdi. «qaldirg'ochlar» OCHL yarim finaligacha etib bordi. To'g'ri, bular o'tgan voqealarga bog'liq emas dersiz. Asosiysi mahalliy o'yinchilar ulardan o'rnak olishdi. «Bunyodkor»ning Ispaniya klubi hamkorligi natijasida Ispaniyada yig'in o'tkazishga muvaffaq bo'ldi. Yig'inda dunyoning eng kuchli klublaridan biri «Barselona» bilan o'rtoqlik uchrashuvida qatnashdi. Mazkur bahs 2009 yil 9 yanvar sanasida mezbonlarning ikkinchi uy arenasi bo'lmish «Mini Estadi» stadionida o'tkazilgan.
Tomonlar o'zaro murosa ko'chasini tanlashgan va 1:1 hisobidagi durangga imzo chekishgandi. Karles Puyolning goliga Server Jeparov javob qaytargandi.
“BARSELONA” – “BUNYODKOR” 1:1 (1:1)
Gollar: Karles Puyol 21 (1:0), Server Jeparov 37 (1:1)
“Barselona”: Albert Xorkera, Daniel Alves, Martin Kaseres, Karles Puyol, Silvino, Seydu Keyta, Eydur Gudyonsen, Xavi, Lionel Messi, Samuel Eto’O, Terri Anri
“Bunyodkor”:
1-taym: Pavel Bugalo, Aleksandr Xvostunov, Luizao, Gochguli Gochguliev, Sahob Jo'raev, Yannis Mandzukas, Jasur Hasanov, Server Jeparov, Timur Kapadze, Ulug'bek Baqoev, Xose-Luis Vilyanueva
2-taym: Murodjon Zuhurov (Muhiddin Xudoyorov 80), SHavkat Raimqulov, Hayrulla Karimov, Timur Yafarov, Sahob Jo'raev, Viktor Karpenko, Erkin Boydullaev, Anvar Raximov, SHavkat Salomov, Bahodir Pardaev, Anvarjon Soliev
09.01.2009. Kataloniya. “Mini Estadi” stadioni
Ushbu uchrashuvni o'sha paytda yosh futbolchi sifatida asosiy tarkibga kirishga intilayotgan Anvar Rahimov quyidagicha xotirlaydi.
“Ortga nazar tashlab futbolchilik faoliyatimdan qoniqish hosil qildim. Negaki, «Bunyodkor» jamoasida Rivaldo bilan elkama-elka o'ynash baxti nasib qildi. Luis Felipe Skolari qo'l ostida o'ynadim. Ayniqsa, «Barselona» bilan Ispaniyadagi o'rtoqlik uchrashuvi xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan. Jahon yulduzlariga qarshi maydonga chiqish har kimga ham nasib qilavermaydi”.
Darvozabon Pavel Bugalo ham bu borada fikrlarini bildirib o'tgandi.
“2009 yil «Bunyodkor» bilan Ispaniyaga borganmiz. Bu ajoyib davrlar bo'lgan. «Barselona» o'rtoqlik uchrashuvida qatnashganmiz. Ko'p futbolchilar Messi, Gvardiola, Inesta bilan esdalik uchun rasmga tushishgan. Yulduzlarga qarshi to'p tepishni so'z bilan ifodalab bera olmayman”
Abdulaziz Iskandarov tayyorladi.
foto: Hasan Pirmuhammedov
O’xshash yangiliklar

Fikrlar