"Bavariya"da butkul yangi davr boshlanmoqda...
30 avg 2019 22:54
Yangiliklar
"Bavariya"da butkul yangi davr boshlanmoqda...
Unga ko'ra, klub prezidenti Uli Xyoness navbatdagi saylovga o'z nomzodini qo'ymaydigan bo'ldi. Bu haqda bugun Myunxenda bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Uli Xyoness nega bunday qarorga kelganini tushuntirdi. Noyabrda bo'ladigan klubga yangi prezident saylovida Uli Xyoness o'z nomzodini ilgari surmaydi.
"Bu qarorga kelish oson bo'lgani yo'q. SHuningdek, bunday qaror tusatdan yuz bermadi. Bu haqida o'tgan yildan buyon o'ylab kelayotgandim. To'g'risi, endi bemalol oilam, farzandlarim va nabiralarim ixtiyorida bo'lishni istayman. O'rnimga kelayotgan prezident ham sport odami. "Adidas" kompaniyasini ajoyib boshqargan odam "Bavariya"dek klubni ham eplashiga shubha yo'q. Qaror qabul qilishda xotirjam va uzoqni o'ylab yo'l tutdik. Klub moliyaviy jihatdan shunchaki ideal holatda. Noyabrning ikkinchi qismidan boshlab klub oldida hech qanday masuliyat qolmaydi", - dedi Uli Xyoness maxsus tashkil etilgan matbuot anjumanida.
Saytimiz ijodkori SHahboz Beg'amov mazkur holat bo'yicha o'z fikr va mulohazalarini bo'lishdi.
Bugun, yani 29 avgust kuni Uli Xyoness klub prezidentligiga o'z nomzodini qo'yishi yoki qo'ymasligini elon qilishi kerak bo'lgan oxirgi muddat edi. Yani dedlayn. Rasmiy sayt xabariga ko'ra, Uli Xyoness o'z nomzodini qo'yishdan bosh tortdi va klub yangi davrni boshlashi kerakligini maqulladi.
Lekin bu degani Uli "Bavariya"dagi missiyasini butkul yakunladi va unga jamoaning kelgusi taqdiri qiziq emasligini bildirmaydi. Uli Xyoness klub prezidentligiga "Adidas" kompaniyasining sobiq boshqaruv raisi (2001-2016) Xerbert Xayner nomzodini tavsiya qildi.
Xerbert Xayner va Uli Xyoness 1997 yildan buyon do'stona aloqalarni mustahkamlashgani haqida malumotlar etarlicha. Xerbert Xayner uchun "Bavariya" begona emas. CHunki mazkur brend aynan Xayner rahbarligi paytida klub bilan hamkorlik qilgan va "Bavariya"ning 10% akciyasini qo'lga kiritgandi. Xayner ajoyib boshqaruvchi sifatida ham nom qozongan. Uning mashhur brend kompaniyadagi faoliyati davomida "Adidas" pul aylanmasi yiliga 6,1 milliarddan 19,3 milliard daromadga kirgan. Xerbert Xayner 2005 yilda Germaniyada yil tadbirkori sifatida etirof etilgan. SHuningdek, 2008 yilda Germaniya Federativ Respublikasidagi xizmatlari uchun orden bilan mukofotlangan. 2010 yilda esa Germaniyada eng yaxshi menejer deb topilgan.
Bilasiz, bunga qadar Oliver Kan 2020 yildan etiboran "Bavariya" kengashi azosi sifatida ish boshlashi rasman elon qilingandi. Klub o'zining afsonaviy futbolchisi bilan shartnoma imzoladi. Bundan tashqari, klub kengash raisi hisoblangan Karl-Xaync Rummeniggening shartnomasi tugashi (2021) bilan Kan avtomatik ravishda klub kengash raisi sifatida uning ishini davom ettiradi. Yani, Uli Xyoness ketish oldidan klubning keyingi davri uchun ham qaysidir manoda mustahkam poydevor o'rnatib ketmoqda.
Azaldan "Bavariya" rahbariyatida klubning ananalari, mentaliteti va uning masuliyatini to'liq his etadigan sobiq hamda aqlli futbolchilar ishlashgan. Bekkenbauer, Rummenigge va xususan Uli Xyoness shular jumlasidan. Klub boshqaruv tizimida futbolga begona yoki "Bavariya" uchun yangi insonlar paydo bo'lishmaydi. Aniq va tekis ishlaydigan tizim muruvvatlarini yanada yaxshilab, uni kerakli yo'nalishda ishlatishni xush ko'ruvchi "Bavariya" yangi davr ostonasida.
Uli Xyoness haqiqatdan ham klubning moliyaviy holatini ideal ko'rinishga keltirdi. Bu yildan etiboran katta, qimmat transferlarni amalga oshirishga bemalol jazm etayotgan "Bavariya" keyingi yilda yanada kattaroq pul sarflashi ham mumkin. O'tgan yili klubning moliyaviy holati, daromadi va pul aylanmasi tarixdagi eng yaxshi ko'rsatkichni qayd etdi. Qarzdorlik butkul yo'q. Ayni daromadga kirgan "Bavariya" Uli Xyoness bilan muvaffaqiyatli davrni boshdan kechirdi.
Bugun klub prezidentligiga navbatdagi saylovda o'z nomzodini qo'ymaslikni elon qilgan Uli Xyoness ishtirokidagi matbuot anjumani so'nggida uning ko'p yillik do'sti, hamkasbi Rummenigge tomonidan kutilmagan syurpriz ham taqdim etildi.
Gap shundaki, sahnaga ko'tarilgan va qo'lida birgalikda tushgan suratlaridan iborat bo'lgan kollaj hamda 11-raqam tushirilgan futbolkani olgan Rummenigge buni quyidagicha izohladi:
"Men Uliga minnatdorchilik bildirmoqchiman. To'g'ri, bugun uning "Bavariya"dagi oxirgi ish kuni emas. Umuman Uliga nisbatan "Bavariya"dagi oxirgi kun degan jumlani ishlatish noto'g'ri. Qo'limdagi sovg'aga keladigan bo'lsak, bugun bizning do'stligimizga 45 yil to'ldi. Aynan 45 yil oldin men "Bavariya"ga endi kelgan va xonadoshimga aylangan Uli bilan tanishgandim. bu vaqt oralig'ida men Ulidan maydonda va undan tashqarida juda ko'p narsalarni o'rgandim. "Bavariya"da birga o'ynadik, keyinchalik esa rahbariyatda birga ishladik. Nafaqat futbolchi, murabbiy sifatida, balki menedjment sohasida ham birga faoliyat ko'rsatdik. Bugun bizning do'stligimizning yubiley kuni. Uli, sendan minnatdorman va senga katta rahmat aytaman. Eng yaxshi tilaklarim sen uchun", - deya gapirib o'tdi Karl-Xaync Rummenigge.
O'tgan mavsum yakunlariga ko'ra, "Bavariya"dan Riberi va Robben ketdi. Francuzning 12 yillik faoliyati, Robbenning 10 yillik ajoyib damlaridan keyin "Bavariya" jamoasida yangi mavsumdan etiboran yangi davr boshlandi. Endilikda bu yangi davr klub tizimida ham start olmoqda.
Joriy yilning noyabr oyida "Bavariya"ga yangi prezident saylanadi. Uli Xyoness o'rniga "Adidas" kompaniyasida muvaffaqiyatli ishlagan sobiq rahbar Xerbert Xayner keladi.
Fikrlar