Bastian SHvaynshtayger: “Angela Merkel hali menga xabar yozgani yo'q”
10 sen 2015 23:55
Yangiliklar
Bastian SHvaynshtayger: “Angela Merkel hali menga xabar yozgani yo'q”
U Germaniyaning “Bild” nashriga Angliyadagi faoliyati qanday kechayotgani haqida intervyu berdi.
- 17 yil siz “Bavariya” libosida to'p tepdingiz. Bir necha haftadan beri Angliyadasiz. O'zingizni manikunianlik o'yinchi sifatida his qilyapsizmi?
- Myunxendagi ajoyib davrdan keyin “Bavariya” hamisha yuragimda bo'ladi. Jamoa bilan yaqin aloqa saqlanib qoladi. U erda tarixiy vaqtni o'tkazdim. Endi Manchesterda men uchun yangi davr boshlanyapti. Kelganimga bir necha hafta bo'ldi, lekin jamoa va ishqibozlar bilan munosabatni his etyapman.
- Qanday qilib?
- Ishqibozlar meni 1-turda “Tottenxem” bilan “Old Trafford”dagi uchrashuvda iliq qarshi olishgani kutilmagan hol bo'ldi. Maydonga tushishga shug'ulanayotgan vaqtimda odamlar qichqirib, olqishlashni boshlashdi. Badanim titrab ketdi. Bu ruhlantiradi. O'yindan keyin o'sha stadionda keyingi bellashuvda maydonga tushishni xohlab qoldim. Bu erda o'ynash haqiqiy zavq.
-Siz “MYU”dagi birinchi nemis futbolchisisiz. Bu siz uchun faxrmi?
- Albatta, shunday. Bu erga kelgunimga qadar jamoada birorta nemis o'yinchisi to'p tepmaganini bilmagandim.
-Sizdan ko'p narsa kutishadi, bosim yuqori. Jahon chempioni sifatida keldingiz. Muxlislar sizning yordamingiz bilan klub yana sovrinlarni qo'lga kiritadigan yo'lga qaytishiga umid qilishmoqda.
-Men 3 yillik shartnoma bor paytda har mavsum chempion bo'lishimizni ayta olmayman. Men sovrinlarga yo'l beradigan kartochka emasman. Premer-liga kuchli chempionat. “CHelsi”, “Manchester Siti”, “Arsenal”va“Liverpul” ko'p narsaga davogarlik qiladi. Meni taniydiganlar yutishni istashimni yaxshi bilishadi. “MYU”ni sovrinlarga ega chiqishga qodir klub deb hisoblayman.
- Evropada hammi?
- Jamoa Lui van Gal bilan yangi davr boshlaganiga ishonaman. “Bavariya” bilan bo'lganidek. Bu men uchun qo'shimcha ishtiyoqdir. Men tajribam va bor kuchim bilan xalqaro arenada “Real”, “Barselona” va “Bavariya” darajasiga chiqish uchun harakat qilishimizga vada beraman.
- Van Gal sizga nima dedi? U bilan nemischada muloqot qilasizmi?
- “Xush kelibsan”. SHunday deya u meni kutib oldi. Van Gal bilan inglizchada gaplashamiz. Boshqalar bilan ham. Angliyada murabbiyni menejer deb atashadi, men uni chaqirishda shunday yo'l tutyapman. Kamdan-kam holatda nemischada nimalarnidir aytishimiz mumkin.
- U sizdan Tomas Myullerni o'tishga ko'ndirib berishni iltimos qildimi?
- Yo'q. Tomas haqida menejer bilan suhbatlashmadik.
-U jamoada 31-raqamli libosda harakat qilishingiz mumkinligini aytdi. Yaqindagina bu raqam Fellayniga tegishli edi.
- Uning bunday qarorga kelgani men uchun syurpriz bo'ldi. Juda yaxshi. 2002 yil “Bavariya” uchun ilk bahsda 31-raqamda o'ynaganman. Bu erda ham elkamda shu raqam bor holda debyut qildim. Bu men uchun boshqacha hissiyotdir.
- “Bavariya” ustidan CHempionlar ligasida zafar quchishni orzu qilasizmi?
- Hozir “MYU”da o'ynayapman. Yaqin 3 yil ichida “Bavariya” bilan to'qnash kelishimiz mumkin. Bu rostdan ham yaxshi duelga aylanardi.
- Evropa chempionati haqida o'y transferingizga qanchalik tasir qildi?
- Evropa chempionati men uchun juda muhim. Manchesterdagi yangi sinov menga ijobiy tasir qilishi mumkin. Angliyadagi birinchi mavsum menga yaxshi sinov bo'ladi. Bu erda to'playdigan tajribam meni terma jamoa uchun kuchliroq va foydaliroq qiladi.
- Terma jamoa sardori sifatida Yoaxim Lyov bilan o'tishingizdan oldin suhbatlashdingizmi?
- Murabbiy bilan maslahatlashgandim. “MYU” murabbiy jamoani almashtirishga xohishim va ishonchim borligini so'raydigan klub emas. Aksincha, klub kuchli, katta va kelajak bilan bog'liq ajoyib loyihaga ega. U bunga ijobiy munosabat bildirib, o'tishim bilan meni tabrikladi.
- Sizga yangi klubning madhiyasi yoqdimi?
- “Glory, Glory”ni yaxshi bilaman. Ukam Tobias “Bavariya” va “MYU”ga muxlislik qiladi. U birinchi bo'lib yangi libosimni oldi. Bolalikda Tobias Giggz, Skoulz va Kantonaning o'yinidan zavq olardi. O'shanda budilnikda u o'zini uyg'otish uchun “Glory, Glory”ni qo'yib olgandi.
- Manchesterdan birinchi taassurotlaringiz qanday?
Schweinsteiger: Ob-havoning yaxshi ekanligidan hayratlandim. Umid qilamanki, u o'zgarmaydi. Ko'chada odamlar ko'p, restoranlar etarlicha. Bundar tashqari, odamlar “Manchester Yunayted” bilan qanday bog'langani va ular o'zlarini klubga yaqin tutishidan katta taassurot oldim. Qiziqish, klub tarixi va ananalariga sodiqlik hayratda qoldiradi.
- Sizning ketishingizni ham ko'pchilik kutmagandi.
- 2010 yil “Bavariya” bilan shartnomani uzaytirishdan avval menda xorijga ketish uchun takliflar bor edi. Lekin jamoa bilan CHempionlar ligasini yutishni xohlagandim. O'shanda hali bunga erishmagandik. Biz intildik va 2013 yil trebl qayd etdik. Endi 100 foiz ishonch va toza vijdon bilan ketishim mumkin edi. Zebener shtrasseda hamisha xorijdagi tajribasi haqida so'zlab beradigan o'yinchilar etarli bo'lgan. Menda “MYU”ga o'tish imkoniyati yuzaga keldi va bundan foydalandim. Qachondir Angliyada o'ynasam, ushbu jamoada o'ynashni orzu qilardim. Hozir buning vaqti keldi.
- Pep bundan xafa bo'lmadimi?
- U o'tish amalga oshganda menga xabar yozdi. O'rtamizda barchasi yaxshi.
- Angela Merkel-chi? U sevimli futbolchisi Germaniyani tark etganidan xafa bo'ldimi?
- Haligacha u menga xabar yubormadi. Menimcha, u Evropa Ittifoqida o'zimga ish topganimda xursand bo'lardi. Lekin uning muhimroq ishlari bor. Lekin u Manchester yaqinida bo'lsa, uni “Old Trafford”ga taklif etishdan xursand bo'laman.
Behzod Nazarov tayyorladi
Fikrlar