So’nggi yangiliklar

02:40Чехия кубоги финалидан кейин мухлислар можаро келтириб чиқарди  0 02:13"Манчестер Сити" Чемпионшип финалидан 20 млн фунт-стерлинг ишлаб олиши мумкин  0 01:56А Серия. "Кальяри" сўнгги дақиқада ўтказилган тўп эвазига "Фиорентина"га ютқазди, Шомуродов майдонга тушмади  11 01:29"Милан" янги мавсум учун мўлжалланган уй либосини тақдим этди  0 01:12Саудия Премьер-лигаси. "Ал Насср" сўнгги дақиқаларда мағлубиятдан қутулиб қолди  1 00:48Мбаппе Мадриддан уй сотиб олди ва Рамосга қўшни бўлди  0 00:31"Ал Ҳилол" "Милан" футболчиси учун 175 млн евро товон пули тўлашга тайёр  0 00:14Раньери фаолиятини якунламоқчи эмас, у терма жамоада ишламоқчи  2 23:57Умарали Раҳмоналиев: "'Рубин' келаси мавсум медаллар учун кураша олади"  3 23:20Левандовски: "Мбаппенинг "Реал"га келишидан қўрқмаймиз"  7 23:03Еврокубокларнинг 2027 йилгача бўлган финаллари ўтказиладиган шаҳарлар маълум  4 22:46Асрор Алиқулов: "Бундай майдонда жароҳат олиш даражаси юқори бўлади"  1 22:29Неъматилло Қуттибоев: "Бу ўйинда ғалаба қозонган жамоа жадвалда бир кунга бўлса ҳам биринчи ўринга кўтариларди"  0 22:12Футзал бўйича Олий лиганинг ғолиб ва совриндорларини тақдирлаш маросимидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  4 21:55Фарҳод Нишонов: "Дўстлик"га ҳар томонлама ютқаздик"  1

Barcha fotosuratchilar o'qib chiqishini tavsiya qilamiz: "Men - fotojurnalist". Ustoz fotograf Anvar Ilyasov bilan dildan suhbat Yangiliklar

Barcha fotosuratchilar o'qib chiqishini tavsiya qilamiz: "Men - fotojurnalist". Ustoz fotograf Anvar Ilyasov bilan dildan suhbat

O'zbek sporti olamida taniqli fotojurnalistlardan biri Anvar aka Ilyasov saytimiz mehmoni bo'ldilar.




Intervyu dastlab video shaklida berilganidan xabaringiz bo'lsa kerak. Lekin bir yarim soat davom etgan suhbatni kimdir ko'rgan, kimdir umuman ko'rmagan bo'lishi mumkin. Buni juda yaxshi tushunamiz. SHu bois videoli intervyularni sal o'tib matnli tarzda ham berib borishga harakat qilyapmiz.

Anvar Ilyasov bilan suhbat chog'ida bir nechta mavzularga to'xtaldik, xususan hozirgi o'zbek sportida fotosuratchilarning o'rni, yutuq va kamchiliklar, fotograf ish paytida nimalarga etibor berishi hamda intervyu oxirida nima uchun sport fotojurnalistlari alohida taqdirlanmasligi haqida.

O'ylaymizki, bu suhbat ayniqsa fotoapparat bilan ishlashga qiziqadiganlar uchun ham manaviy ozuqa, ham darslik vazifasini o'taydi. Unday bo'lsa, boshladik... 


- Anvar aka, necha yoshdan fotoapparat ishlatasiz?

- 15 yoshimdan beri fotoapparat tutaman. 1979 yil birinchi «Zenit» rusumli fotoapparat ishlatganman. O'shanda bu apparat 100 rubl bo'lib, juda qimmat hisoblanardi. Uyda bitta xonani fotostudiyaga o'xshatib, kechasi bilan uxlamay qorong'i xonada plyonka yuvib rasm chiqarardim.

 

- Hozir urf bo'lgan ikkita atama bor: fotosuratchi va fotojurnalist. O'zingizni qaysi sohaga yaqin deb bilasiz? 

- Men - fotojurnalistman. CHunki 35 yildan oshiq vaqt mobaynida matbuotda faoliyat yuritib kelyapman. Hozir davr o'zgarib, turli fotoshop va montaj dasturlari chiqib ketdi. Biz paytimizda bunday narsalar yo'q edi, biz faqat plyonkani yuvib rasm chiqarardik, hozirgidek texnologiyalar yo'q edi. Aslida men fotojurnalist va fotosuratchi o'rtasida katta farq bor deb o'ylamayman. Negaki fotografiya so'zi "nur bilan yozaman" manosini berib, foto bilan bog'liq barcha sohalarga ishlatsa bo'ladi. Hozir turli terminlar ko'payib ketgani bor gap: fotojurnalist, foto bloger, reklama fotosuratchisi va hokazo. Aslida hammamizning vazifamiz bitta yoki bo'lmasa bir-biriga juda yaqin hisoblanadi.


- Aytib o'tganingizdek, oxirgi yillarda internet rivojlanib bloger, foto bloger kabi soha egalari ko'payib ketdi. Ular qaerdadir o'qitiladimi? SHunday kurslar bormi? 

- Jurnalistika universitetida fotosuratchilik kursi va Kamoliddin Behzod nomidagi Sanatshunoslik institutida operatorlik bilan bog'liq kurslar borligini bilaman. SHuningdek, Toshkent Badiiy akademiyasi qoshida fotosuratchilar uyi ham bor. Ko'pchilik pullik kurslarga qatnab tahsil oladi. Lekin fotosuratchining o'zida bo'lmasa, har xil kurslarga qatnamasin yoki eng zo'r fotoapparatni ko'tarib yurmasin, baribir olgan rasmlari yaxshi chiqmaydi. Ko'p kurslarda bo'lajak fotosuratchilar uchun fotografiyaning alifbosi o'qitiladi. Qolgani esa hammaning o'ziga bog'liq. 


- 35 yildan ziyod vaqt davomida sport fotojurnalisti sifatida faoliyat yuritib kelyapsiz. Bilamizki, fotografiyaning bir nechta turlari bor, kimdir studiyada portret bilan ishlaydi, kimdir tabiat qo'yniga chiqib peyzaj suratga oladi. Siz ham o'zingizni boshqa yo'nalishlarda sinab ko'rganmisiz? 

- To'g'risini aytsam, ko'p sohalarda o'zimni sinab ko'rganman. Reklama fotosuratchisi sifatida ishlab ko'rdim, toqqa chiqib manzara suratga olishga ham harakat qilganman. Lekin hammaning qarashi har xil. Aytaylik, to'rtta fotosuratchidan uchtasi nimanidir o'tkazib yuborishi mumkin, lekin to'rtinchisi o'sha narsani payqaydi va suratga oladi, qarabsizki uning rasmi chiroyli chiqadi. Ruschasiga aytganda bunday suratlarni shedevr deymiz. 

To'g'risi, peyzajlarni rasmga olish menga emas. Vaholanki, peyzaj olish uchun alohida uskuna ham shart emas. Men tabiatga boqib alohida nimadir ko'rmayman. Yoki bo'lmasa reklama bilan ishlashni olaylik, kimdir studiyada o'tirib faqat reklama suratga oladi, kimdir tashqarida avtomobillarni rasmga tushiradi. Men bu bosqichlardan ham o'tganman, ammo ko'rdimki bular men uchun emas. Menga ko'proq jonli muloqot yoqadi. Odamlar bilan suhbatlashishni yoqtiraman. Sport sohasi esa aynan shunday imkoniyatni beradi. 


- Faoliyatingiz davomida ko'plab xalqaro musobaqalarda ishlagansiz, to'g'rimi? 

- Ha, shunday. Hozirgacha yirik turnirlardan beshta Olimpiya o'yinlari va bitta jahon chempionatida ishlashga muvaffaq bo'ldim. Olimpiadaga birinchi marta 2000 yil Sidneyga borgandim. 2018 yil Rossiyada o'tkazilgan mundial esa men uchun dastlabkisi bo'ldi. 


- Siz eng ko'p zavq bilan ishlagan Olimpiya o'yinlari? 

- 2004 yil Pekinda o'tgan musobaqa. Bunda OAV xodimlari va fotojurnalistlar uchun barcha sharoitlar to'la to'kis edi. Deyarli muammo kuzatilmagan. Lekin sportchilarimiz chiqishidan rohatlanib ishlaganim bu - 2016 yilgi Rio Olimpiadasi. Mening o'ylashimcha, Olimpiya musobaqasi doim boy davlatlarda o'tkazilishi kerak. Nega deganda boy davlatlarda mehmonlarga ko'rsatiladigan xizmat yuqori bo'ladi. Rio Olimpiadasida kamchiliklar ko'p kuzatildi. SHunga qaramay rohatlanib ishlaganman, chunki O'zbekiston delegaciyasi 13ta medal bilan qaytgandi.


- Fotomuxbir o'yin paytida ehtirosga berilmasdan o'zini tutib tura bilishi kerak. Ayting-chi, xalqaro musobaqalarda va ayniqsa bizning sportchilar g'olib chiqqanda ehtiroslarni jilovlash qiyin bo'lmaydimi? Bu o'rinda muxlisga aylanib qolishdan qo'rqmaysizmi? 

- Aslida eng qiyini ham shu. Men doim o'yinga obektiv orqali qarashga harakat qilaman. Lekin muxlislik qilishga tushib ketsam, hech qachon ishim yaxshi chiqmaydi. Emociyaga berilish har bir sportchida bo'ladi, kimdir sakraydi, kimdir kimnidir quchoqlab oladi, kimdir muxlislar tomon o'zini otadi - ularning o'sha paytdagi harakati boshqa takrorlanmaydi. Ularga mana shu rakursda turib ber deganing bilan rasm o'zing xohlagandek chiqmaydi. 

CHunki sportda eng muhimi - g'alabali onlarni suratga olish va bu o'rinda fotosuratchining muxlisga aylanib qolmasligi. Zavqli lahzalar qandaydir soniya ichida o'tib ketadi, bizdan talab qilinadigani esa o'sha lahzalarni kadrga muhrlay olish. To'g'risi, men o'yin payti futbolchi yoki sportchimiz ishtirokidagi jang qanday ketayotganini ko'rmayman. Xayolim faqat chiroyli surat olishda bo'ladi.


- Futbolda qanday ishlash o'yinning borishiga bog'liqmi?

- Bog'liq. Bir xil payt zerikarli o'yinlar ko'p bo'ladi va fotosuratchi ham yaxshi ishlay olmaydi. Eski fotoapparat ishlatgan paytimda tez-tez plyonka tugab qolardi. Keyin noiloj o'tirib faqat futbol tomosha qilardim. Hozir esa imkoniyatlar kengaydi, bemalol o'yin payti bir yarim - ikki mingta kadr olaverasiz. Futbolchilar yuguradi, to'pni tepadi, pas beradi, lekin nimagadir rasmlar yaxshi chiqmaydi. Va kurash ko'pincha maydon markazida bo'ladi. Bu esa bahs zerikarli kechganidan darak beradi.


- Intervyularingizdan birida "Qaysi sport turida maza qilib ishlaysiz?" degan savolga "Dzyudo" deb javob bergansiz. Savol tug'iladi: nima uchun futbol emas? 

- Ha, to'g'ri shunday deganman. SHu o'rinda aytib ketay, eng qiyin rasm olish boksda bo'ladi. Boks bo'yicha katta musobaqalarga borsam, haligacha yaxshi rasm chiqarmikan degan hayajon bo'ladi. Endi nima uchun dzyudo deganimga kelsak, dzyudoda nima ko'p, kurash ko'p. Keyin hayajon ham yuqori bo'ladi. Menga esa kurash va sportchilarning yuz ifodasini suratga olish yoqadi. Kimdir yutib, kimdir yutqazib yig'lab yuboradi, kurash tugaganidan keyin sportchilar bir-biri bilan quchoqlashadi va mana shu payt zo'r kadrlar chiqadi. 

Endi futbolga kelsak, shunday o'yinlar bor, odam zerikib ketadi. Qo'pol qilib aytganda, uxlab qolasan. "Paxtakor", "Lokomotiv", "Bunyodkor", "Nasaf" kabi klublarimiz xalqaro o'yinlarda maydonga chiqsa, haqiqiy kurash kechadi, muxlislik ham joyida bo'ladi va maza qilib ishlaysan. Mana shu klublarning o'zaro bahsi ham yaxshi bo'ladi. Ammo shunday o'yinlar borki, uxlab tomosha qilasan. 


- Siz uchun maydonning eng qulay qismi? 

- Unchalik farqi yo'q. Lekin ko'pincha fotosuratchilar burchak to'pi tepiladigan bayroqcha oldida tizilib olishadi. Bu ham yaxshi rakurs va zo'r kadrlar chiqadi. FIFA, OFK tasnifidagi musobaqalarda fotosuratchilarning bayroqcha yaqinida o'tirishiga ruxsat berilmaydi, chunki futbolchiga yoki qanot hakamiga xalaqit berib qolishlari mumkin. SHu bois ko'pincha reklama to'siqlari ortida - darvozaga yaqin erdan joy egallaymiz. 

SHu o'rinda yoshlarga maslahat berib ketsam: fotosuratchi o'yinga borganda bitta joyni tanlab xuddi baliqchi suvga qarmoq tashlagandek qulay moment ushlashni kutib turishi kerak. Lekin biz ko'ramizki, o'yin payti ko'p fotograflar u yoq-bu yoqqa yuradi. Aslida yurish mumkin emas. Masalan, tennisda bitta joyga o'tirg'izib qo'yadi va o'rningdan qo'zg'alish tugul, yoningdagi bilan gaplasha olmaysan ham. Agar hangomalashib o'tirsang, kortdan chiqarib yuboradi. 

Futbolda ham shunday: bitta joyni tanlab oxirigacha o'tirish kerak. Qolaversa, sport fotografi uchun eng keraklisi bu - sabr. Bazan 10ta ham kadr ololmaysan. Sendan sal nariroqda o'tirgan fotosuratchi zo'r kadr ushlashi mumkin. Endi bu omadga ham bog'liq. Ko'p yillardan beri gapiraverganimizdan so'ng "Paxtakor" suratchilar uchun kichik stulchalar qo'yadigan bo'ldi. Bu narsa "Lokomotiv" bilan "Bunyodkor"da ham bor. Lekin boshqalar bunga etibor bermaydi. 

Keyingi kerakli narsa - internet. Hozir internetsiz matbuotni tasavvur qilib bo'lmaydi. Internet qimmat bo'lishi mumkin, lekin ikki soatga yoqib qo'ysa bo'ladi-ku, to'g'rimi? Stadionda internet borligi faqat klubga foyda. Jamoasi o'ynab turganda o'yindan suratlar tez tarqaladi, odamlar etibori oshadi. Ko'pchilik o'yinni ko'rmasligi mumkin, lekin suratlarga qarashni yoqtiradi.


- Ko'pincha "Lokomotiv" stadionidagi o'yinlarda kuzatganman, futbolchilar gol urgach siz tomonga yuguradi. Buni o'zingiz ham sezasizmi?

- Ha, sezaman. Bu ham qiziq holat. Ayniqsa Marat Bikmaevga ko'p aytganman, gol ursang men tomonga yugur deb. Lekin o'yin payti har xil holatlar bo'ladi, futbolchilar gol urib muxlislar tomon yugurishi ham mumkin. Gol urgandan keyin eng hissiyotga beriluvchan Aleksandr Geynrix edi. Uni suratga olsam maza qilardim. Golni ham zo'r nishonlardi. SHunday futbolchilardan yana biri - Jasur Hasanov. U ham ehtirosga berilib golni nishonlaydi. 


- Anvar aka, shu paytgacha nechta fotoapparat tutgansiz?

- Juda ko'p. Professional darajada o'ntadan ko'p fotoapparat ishlatganman. 1987 yil ota-onam yangi "Nikon" olib bergandi. O'shanda ming rubl turardi. Bu pulga ozgina qo'shsangiz, mashina yo kvartira berardi. 30 yildan oshdiki, faqat "Nikon" ishlatib kelaman. Kimgadir "Canon", kimgadir "Nikon" yoqadi, bularning har ikkisi zo'r fotoapparat. Lekin shuni unutmang, fotoapparat bu shunchaki qo'ldagi texnika. 

Fotojurnalistika asoschilaridan biri Anri Karte-Brissonning shunday gapi bor: menga fotoapparat emas, oddiy temir banka bersangiz ham rasm olib beraman. Albatta, bu bo'rttirilgan gap. SHu odamdan nega rasmlaringiz zo'r chiqadi deb so'rashganida, suratga olayotganimda ko'zim, aqlim, yuragim bir nuqtaga qadalgan bo'ladi deya javob bergan ekan. Duradgor randani yaxshi ishlatsa taxta tekis kesiladi. Fotosuratchi ham shunday: rasm olishni bilmagan odamga eng zo'r apparatni berib qo'ying, baribir hech nima o'zgarmaydi.


- Hozirgi paytda qaysi rusumdagi fotoapparatdan foydalanyapsiz?

- "Nikon D5". "Nikon" va "Canon" har to'rt yilda professional yangi fotoapparat chiqarib keladi. Nima uchun har to'rt yilda? CHunki 4 yilda bir marta dunyoning eng yirik sport musobaqasi Olimpiya o'yinlari bo'lib o'tadi. SHu bois ikkita firma Olimpiada startiga 6 oy qolganda yangi fotoapparatni taqdim etadi. Agar siz Olimpiadani suratga olish uchun ro'yxatdan o'tib akkreditaciya olsangiz, bemalol musobaqa payti "Nikon" yoki "Canon" fotoapparati va obektivlaridan bepul foydalanishingiz mumkin. SHu orqali ular o'z mahsulotini reklama qilib oladi. "Nikon D5" 2016 yil chiqqandi, undan keyin "D6" ham chiqdi. To'g'risi, boshqa fotoapparatlarga uncha qiziqmayman. 


- Mana shu "Nikon D5" qancha turadi? 

- Qimmat. Faqat obektivsiz apparatning o'zi 6 ming dollar atrofida. Obektivlar turi va modeliga ko'ra alohida baholanadi. Yangi chiqqan payti 7 ming dollar edi, vaqt o'tib narxi pasayib boradi, buning ustiga yangi rusumi chiqqach, narx ancha tashlaydi. To'g'risi, sportga ixtisoslashgan fotoapparatlar qimmat, shu bois "Nikon" bilan "Canon" professionalga yaqin birmuncha cho'ntakbop "ukalari"ni chiqarib keladi. 

Bundan kam byudjetli agentliklar yoki OAVlar foydalanishi mumkin. Bularning narxi ikki yarim - uch yarim ming dollar atrofida. Yana bir gap, shu ikkita firma o'z mijozlarini  ancha erkatoy qilib qo'ygan, yangi fotoapparatlar soniyasiga 12-14ta kadr oladi. 80-yillarda "Zenit" ishlatgan paytim kadr kam bo'lardi va plyonkani o'ta ehtiyotkorlik bilan ishlatardim. Hozir zamon o'zgarib raqamli texnologiya chiqib ketdi. Knopkani bosib o'yin payti ikki mingtacha rasm olaverasiz. Keyin esa eng yaxshisini tanlaysiz.


- Ko'pincha televizor orqali yoki bo'lmasa chet jamoalari bilan o'yinlarda ko'ramiz, xorijlik fotosuratchilar qo'lida qimmat texnikalar bo'ladi. Bizning futbolda birmuncha arzon fotoapparatlardan foydalaniladi. Nima deb o'ylaysiz, o'zbek OAVda oxirgi rusumdagi fotoapparat va obektivlarni olish uchun pul yo'qmi?

- Pul bor, lekin kam deb o'ylayman. Yildan yilga bizda ham vaziyat yaxshilanyapti. Oldinlari o'yin payti bir-ikkita fotograf ishlasa, Hozir 10 nafarcha chiqyapti. Menimcha, gazetalarning davri o'tdi va internet asri keldi. SHu bois gazetalar o'z xodimlariga qimmat apparatni olib bera olmaydi. CHet elda fotosuratchilar qaysi tartibda ishlaydi? Ko'pincha ular erkin ijodkor sifatida faoliyat yuritadi va biror bir musobaqa yoki o'yin payti ikki-uchta OAV bilan kelishib oladi. 

Ular o'z hisobidan yo'lkira sarflab o'yinga boradi va olgan rasmini pullash orqali xajatlarini chiqarib oladi. Ularning tirikchiligi shundan. Suratlar qimmatga sotilsa bemalol xarajatini chiqarib, foyda olsa bo'ladi. Ko'p joyda ishlash tartibi shunday. Bizda esa tizim bir-biriga bog'lanib qolgan. Ko'p nashriyotlarda pul yo'q, lekin buning uchun ularni ayblamayman. Ammo qachondir biz ham shunday kunlarni ko'ramiz va fotosuratchilar ham yaxshi pul topadigan bo'ladi.


- Bizda va chet elda rasm narxi qancha? Yaxshi suratni necha pulga sotish mumkin? 

- Bizda juda past. Xalqaro agentliklar uchun bitta rasm o'rtacha 50 dollarga baholanadi. Suratning darajasiga qarab 20, 30, 40, 50 dollar berishadi. Bitta zo'r rasmga 100 dollar beradigan tashkilotlar ham bor. Ko'rib turibsiz, so'mga chaqqanda o'rtacha narx 400-500 ming so'm chiqyapti. Bazi agentliklar fotosuratchi bilan kelishib ularga kunbay haq to'laydi. Nechta rasm berishidan qatiy nazar kunlik haq oladi. 

Aytaylik, boks bo'yicha musobaqalar yarim kechasiga cho'zilib ketishi mumkin. SHunda 150-200 dollarga kelishib ishlasa bo'ladi. O'zimizda fotosuratchilar bilan gaplashib, bitta rasm uchun qancha olasan desam, 10 ming so'm degan javobni eshitganman. Uch yil oldin bu pul ikki dollar edi. Hozir ham narx shu atrofda bo'lsa kerak. Bitta rasmga 10 ming olsa, u qancha xarajat qilib stadionga boradi, nima ovqat eydi - buni hatto solishtirish qiyin. 


- Narxni ko'tarish imkoni bormi yo qiyin masalami?

- Bir narsani tushuning, Ommaviy axborot vositalari bu - biznes emas. Bu bozor ham, foyda keltiradigan boshqa narsa ham emas. Masalan, jahonga mashhur "Reyter" agentligi chiqaradigan xabarlari orqali emas, balki banklarni reklama qilish orqali katta pul topadi. Va shu pullardan o'z xarajatlarini qoplaydi. Bizda ham sekin-asta shu yo'lga o'tilyapti. O'quvchisi ko'p OAV asosan reklamadan pul topyapti. Qachonki reklama ko'p tushum keltirib tursa, shundan so'ng jurnalistlar va fotosuratchilarning oyligini ko'tarish mumkin. 

Jurnalistika bu -  ideologiya, daromad keltiruvchi soha emas. Bazilar studiyada ishlab yoki to'yga chiqib ham yaxshi pul topishi mumkin. Faqat ularning yo'nalishi boshqa. Suhbatimiz boshida aytganimdek, fotografiyaning turlari ko'p, lekin menga kun bo'yi studiyada o'tirib ishlash yoqmaydi. Men ko'proq odamlar orasiga kirgim, ular bilan muloqot qilgim keladi. Tahririyatda ham ertalabdan kechgacha bir joyda o'tira olmayman. 


- Yana qanday muammolarni ayta olasiz? 

- SHu o'rinda aybni faqat stadion xodimlari yoki boshqalarga to'nkamagan bo'lardim. Biz - fotosuratchilarda ham ayb ko'p. Ayniqsa yoshlarga aytadigan gapim: o'yinga borganda u yoqdan bu yoqqa yuravermasdan bitta joyda o'tirib ishlashga o'rganinglar. Negaki o'yin payti fotosuratchilar yursa bo'ladigan joy bor, yursa bo'lmaydigan joy bor. Biz esa ko'pincha beruxsat o'zimiz xohlagan joyga o'tirib olamiz. Lekin bu yaxshi emas. 


- Bizdagi stadionlarda yorug'lik darajasi ishlash uchun etarlimi?

- Bu eng og'riqli savollardan biri. Internet bo'lmasa telefondan vay-fay tarqatib bo'lsayam rasmni yuborsa bo'ladi, lekin o'yin payti yorug'lik darajasi past bo'lsa fotosuratchilar ishlashga juda qiynaladi. Toshkentda "Paxtakor", "Bunyodkor" va "Lokomotiv" stadionlarida projektor ancha yaxshi. Viloyatlardan "Nasaf"da ham yorug'lik yaxshi. 

Boshqa o'yingohlar haqida bunday deya olmayman. Ayniqsa ikkinchi taymda qorong'i tushib qolganidan keyin ishlashga juda qiynalasiz. Rasm ham zo'r chiqmaydi. Men tushunaman, o'yin payti yorug'lik qancha zo'r bo'lsa, pul ko'p ketadi. Bu o'rinda klublarni to'g'ri tushunsa bo'ladi, lekin hozirgi paytda turli xil LED projektorlar chiqib ketgan va kam tok eydi. Qorong'i bo'lsa yaxshi kadr chiqmaydi.


- Bugungi kunda sport sohasida faoliyat yuritib kelayotgan qaysi fotograflarning ishini kuzatib turasiz? 

- Yoshlar orasida ishi menga yoqadiganlari bor, yo'q emas. Masalan, "Kun.uz"dagi Maruf Asqarov yaxshi ishlaydi. Lekin negadir oxirgi payt o'yinlarga kelmay qo'ydi. "Championat.asia"da Tolibjon Qosimov bilan Jahongir Fayzullaev bor. O'FA fotosuratchisi Hasan Pirmuhamedov ham kuchli fotograf. O'zimizga o'xshagan oqsoqollardan Alimurod Mamadaminov va u kishining o'g'li Timur - ularning ham ishini kuzatish zavqli. 

2000 yillarda o'zbek futboli fotografiyasida bo'shliq yuzaga kelgandi. O'yinlarga men bilan faqat Alimurod aka kelardi. Ammo quvonarlisi, oxirgi payt safimiz ancha kengayib qoldi. Yaponiya, Janubiy Koreya terma jamoalari kelsa maydonda fotosuratchilar ko'payib ketadi, lekin ularning hammasi ham ishlash uchun kelmaydi. Kimdir uchun o'yin payti maydonda bo'lishning o'zi bir baxt. Ichki muhitda yursam bo'ldi deydi. 

Yaxshi fotosuratchilardan Nodirxo'ja Yuldashev ham bor edi, ammo anchadan beri rasm olmay qo'ydi. Men unga hazillashib uchtasi birda derdim: ham turnir o'tkazadi, ham rasm oladi, ham o'zi yozadi. Xullas, men uchun yoshlarning ishini kuzatish yoqimli. SHu o'rinda yosh fotojurnalistlarga maslahatim: hech qachon o'qish va o'rganishdan chekinmang, eng muhimi ingliz va rus tilini puxta o'rganing, bu ayniqsa xalqaro musobaqalarda juda kerak bo'ladi. 

Etibor berib qarasak, fotografiyaga oid kitoblar yoki atamalar faqat rus yoki boshqa tillarda yozilgan. Men shu paytgacha bir necha marta qiziqib ko'rdim, o'zbek tilida fotografiyaga oid hatto lug'at nashr etilmagan ekan. Biz o'qigan darsliklar ham asosan rus tilida bo'lgan. Nazariyani o'rganish kerak. Ko'p yoshlardan "vyderjka", "diafragma", "glubina rezkost", "programnaya syomka", "avtomaticheskaya syomka" nima deb so'rang bilmaydi, chunki ular fotografiya nazariyasini o'qimagan. Qo'liga fotoapparatni olib ishlab ketavergan. 

Ammo buning uchun fotosuratchilarni ayblay olmayman, chunki o'zbek tilida darslik chop etilmaganidan keyin qaerdan o'qisin. Menga 40 yil ustozlik qilgan Sodiq aka Mahkamov yosh paytim tahririyatga borganimda bir nechta savollar berardi. Men esa ularning javobini bilmasdim va shunda erinmay o'rgatardilar. 

Fotosuratchi uchun yana bir muhim narsa: o'zini o'zini tanqid qila olish. Rasmlari o'xshamayaptimi, aybni avvalo o'zidan qidirsin, nima kamchilik bor, nega yaxshi chiqmayapti - shu kabi savollarga javob axtarib ko'rgani maqul. Bundan tashqari doim o'qib izlanish darkor. Ko'proq xorij saytlariga kirib chet ellik suratchilar ishini kuzatish ham katta yordam beradi. 


- Yoshlarning ishini kuzatganda yurak shuv etadigan kadrlar ko'zga tashlanadimi?

- Bor shunday kadrlar. Asosan markaziy o'yinlar bo'lib o'tganidan so'ng saytlarga kirib fotogalereyani birma-bir ko'rib chiqaman. Agar kimningdir ishi yoqsa, shu rasmni xuddi o'zim olgandek xursand bo'lib ketaman. Nimadir kamchilik ko'rsam, keyinchalik o'zi bilan ko'rishganimda albatta aytib qo'yaman. Kerak paytda elkasiga qoqib maqtayman ham. 


- Jahon sportini kuzatganda yirik tadbirlarda fotosuratchilar ham alohida taqdirlanganini ko'ramiz. Qandaydir gran-prilar sohibi degan gaplarni eshitamiz. O'zbekistonda ham shunday tadbirlar o'tkaziladmi?

- Aynan sport bo'yicha fotograflarni alohida taqdirlash yo'q. "Oltin qalam" marosimida boshqalar taqdirlanardi-yu, lekin fotosuratchilarni hech kim eslamasdi. Faqat ikki-uch yil gap-so'z bo'lganidan keyin "Eng yaxshi fotosuratchi" nominaciyasini qo'shadigan bo'lishdi. To'g'risi, bizda fotograflarga etibor ancha past. Masalan, eng yaxshi jurnalistni aniqlaganda 1, 2, 3-o'rinlarga bo'lib chiqishadi, lekin negadir eng yaxshi suratchi bitta bo'ladi. SHuni ikkinchi, uchinchi o'rin qilib boshqalarni ham taqdirlasa bo'ladi-ku. 

Bizda ham yaxshi fotosuratchilar bor, faqat etibor kam. Olimpiya qo'mitasi OAV bilan ancha yillardan beri yaxshi ishlab kelyapti. Lekin shunday federaciyalar borki, iloji boricha jurnalistlardan chetroq yursam deydi. Tadbirlar bo'lganda ko'p sport federaciyalarining o'zi taklif bilan chiqadi, kelinglar yoritib beringlar deb. Boshqalari esa jim turadi. Musobaqa o'tkazdimi, birov bilib birov bilmay qoladi. 

Men xohlardimki, eng yaxshi fotojurnalist yoki fotosuratchi emas, balki eng yaxshi fotosurat aniqlansa. CHunki yaxshi suratchilarimiz ko'p, muhimi ularni taqdirlash emas, balki ularning ishini etirofga loyiq ko'rish lozim. Bunda sportga oid suratlarni stol ustiga yoyib konkurs orqali eng yaxshisini tanlab olsa bo'ladi. Keyin shu surat muallifi sifatida fotograf taqdirlanadi. 

Agar biz ishiga emas, fotosuratchining o'ziga etibor qaratsak, unda tanish-bilishchilik bo'lib ketishi mumkin. SHu bois eng yaxshi suratni aniqlayotganda professional hakamlardan tashqari murabbiylar, sportchilar, qalam ahli vakillari va albatta muxlislar fikri ham inobatga olinsa ayni muddao bo'ladi.


- Anvar aka, vaqt ajratib intervyu berganingiz uchun Sizga katta rahmat. Faoliyatingizga doim omad tilab qolamiz.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика