Babayanning Markaz oldidagi besh sharti terma jamoada nimani o'zgartirdi?
14 okt 2015 13:37
Yangiliklar
Babayanning Markaz oldidagi besh sharti terma jamoada nimani o'zgartirdi?
Avval ham ishlagan, lekin ishlashda ishlash bor.
VITAMINIZACIYA
Deyarli ikki yil davomida bu masala saytimiz tomonidan eng og'riqli muammo sifatida ko'tarilib kelindi. Aziz Haydarovni OK uchun homiylik qilgani allaqachon o'z sirini yo'qotib bo'ldi. SHu kungacha terma jamoamiz mashg'ulotlarida, ha aynan mashg'ulotlarda vitamin vositalari bo'lmasdi. Balki mehmonxonada maxsus osma ukollar bo'lgandir. Lekin mashg'ulot atrofida bo'ladigan vitaminlar o'rnida gazsiz suv va limon choy bo'lardi.
Ayni paytda haqiqiy vitaminlar keltirildi. MTJning har bir mashg'ulotida undan foydalanilyapti. Hozircha 4 xil turdagi vitaminlar keltirilgan. Ulardan ikkitasi mashg'ulot paytida tiklanishga yordam bersa, yana ikkitasi mushaklar uchun mo'ljallangan. Ishonavering, avvallari bunday bo'lmasdi.
CHARTER REYSLAR
Xoxxot voqeasi yodingizdami? Ha bu o'sha o'yin, Janubiy Koreyagacha bizni toliqtirib bo'lgan uzoqdan - uzoq reyslar. O'shanda terma jamoamiz Toshkent - Pekin - Xoxxot - Vladivostok - Seul yo'nalishi bo'ylab manzilga etib borgan edi. Ayrim shaharlarda 4 soatgacha reys kutilgan. Tabiiyki, o'z maydonida terma jamoamizga qarshi puxta tayyorgarlik ko'rgan Janubiy Koreya katta bo'lmagan ustunlik evaziga g'alaba qozona olgandi.
Hozircha terma jamoa safarda uchta o'yin o'tkazdi. KXDRga charter reysda borgan maqul. Boshqa yo'l yo'qdek. Ammo Bahrayn, Filippin va Qatar kabi davlatlarga biz biron bir davlatga uchish orqali borar edik. Bugun xarajatni biroz oshirgan holda futbolchilarning tetikligini saqlab turishga erishildi. Filippinga ham, Bahraynga ham borishda terma jamoamiz charter reys xizmatidan foydalandi. Malum bo'lishicha, Qatarda bo'lib o'tadigan Yaman bilan o'yinga ham shu anana davom etadi.
MEHMONXONA
SHu kungacha MTJ uch yulduzli mehmonxonada istiqomat qilardi. Babayanning birinchi talablaridan biri "baza"ni almashtirish bo'ldi. Natijada MTJning turar joyi o'zgardi. Basseyn va saunaga ega mehmonxona avvalgisidan zamonaviyroq ko'rinish olgan. Bu esa legioner futbolchilarning ruhiyatiga ijobiy tasir o'tkazadi.
"INSTANT FOOTBALL"
MTJ murabbiylar shtabi "Instant Football" kompaniyasining xizmatidan foydalanishni boshladi. Mazkur kompaniya murabbiyga legioner futbolchilarning so'nggi o'yinlarda qayd etgan natijalarini video va pdf ko'rinishda taqdim etadi. SHu bilan birga terma jamoaning raqiblari to'g'risida 40 sahifaga yaqin malumot beradi. Unda siz qaysi futbolchi nechanchi daqiqada, qaysi chiziqda o'ynaganidan tortib, qancha to'g'ri pas bergani-yu, qay paytda xatolarga yo'l qo'yganigacha malumotga ega bo'lasiz. Undan tashqari raqib jamoa o'yinini qidirib o'tirmaysiz, tizim orqali yuklab olsangiz kifoya. Xullas kompaniyaning imkoniyatlar katta, ammo bu pul turadi.
ILMIY-TEXNIK GURUH
Serbiyalik mutaxassis Deyan Jurjevich va yana ikki nafar xodim bilan ilmiy guruh tuzildi. Jurjevichning asosiy vazifasi oliy liga o'yinlarini kuzatish va raqibni yaxshilab o'rganish bo'lyapti. Bahrayn va Filippin bilan bo'lib o'tgan o'yinlarda uning xizmati katta bo'ldi. Ayniqsa, raqib futbolchilari borasida berayotgan malumoti. Yana ikki nafar xodim esa mashg'ulotlar paytida terma jamoa azolarining holatini kuzatib, futbolchilarni mashg'ulotdagi faolliklarini nazoratga olganlar.
Markaz vakillari MTJga oid tanqidlarimizni g'arazlik deb bilmasligini so'ragan bo'lardik. To'g'ri yo'l, bu g'alaba degani, g'alaba esa mukofot pullari degani. Terma jamoamiz g'alaba qozonaversa, biz mukofot olmaymiz, Siz olasiz. Bizga g'alabaning o'zi kifoya. Agar qolgan muammolarni ham bartaraf eta olsangiz, biz albatta JCHga chiqamiz.
Kecha...
Bugun...
Nodirxo'ja Yuldashev
Fikrlar