Aziz Ibragimov:Hakam noto'g'ri qaror chiqardi
30 avg 2015 22:35
Yangiliklar
Aziz Ibragimov:Hakam noto'g'ri qaror chiqardi
O'z maydonida chempionat autsayderi - Buxoroni qabul qilgan Nasaf qimmatli ikki ochkodan mahrum bo'ldi. Qizig'i, hisob ochilmagan o'yinda har ikki jamoaning bir nafardan futbolchisi - SHohruh Gadoev va Aziz Ibragimov maydondan chetlatilgan edi. Biz uchrashuvdan so'ng mehmonlar yarim himoyachisi, o'yin qahramonlaridan biri Aziz Ibragimovdan intervyu oldik.
- Avvalo, Nasafga qarshi o'yin haqida fikringizni bildirsangiz. Natijaga kutilmagan, deya baho berish mumkinmi yoki hisob haqqoniy bo'ldimi?
- Menimcha, durang haqqoniy edi. Hatto Qarshidan uch ochko bilan qaytishimizga oz qoldi. Lekin so'nggi daqiqalarda yuzaga keltirilgan xavfli vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Aks holda, kutilmagan so'zining o'rniga shov-shuvli natija jumlasi ishlatilarmidi? Ochig'i, o'yin oson kechmasligini oldindan bilardik. Boisi, Nasaf sovrinli o'rinlar uchun kurashyapti. Yo'qotiladigan har bir ochko qarshilik futbolchilarni peshqadamlardan uzoqlashtirardi. Buxoro esa autsayder bo'lib turganligi uchun ko'pchilik Nasafning yirik hisobdagi g'alabasini kutgandi. Ro'ziqul Berdiev shogirdlari maydonda bir kishi kam bo'lib qolgandan keyin ham hujum qilishni to'xtatishmadi. Yakunda o'zimiz uchun kerakli natijani qayd etganimizdan xursandman. Buxoro o'z o'yinini topib bormoqda.
- Gaplaringizdan kelib chiqib aytish mumkinki, bu kutilmagan natija emas, shundaymi?
- Agar jamoalarning turnir jadvalida egallab turgan o'rinlarini inobatga olsak, shunday deyish mumkin. Lekin o'yin bo'yicha olsak, bu fikrga qo'shilolmayman. Biz himoyaga yotib olganimiz yo'q. Hujumlar uyushtirdik. Golga tortadigan vaziyatlarni yaratdik. Eldor Suyunov jamoasini muqarrar gollardan qutqarib qoldi. Qolaversa, himoyachilarimizning ishonchli o'ynashganini ham aytish lozim.
- Ikkinchi sariq kartochka tufayli maydondan chetlatildingiz. Bu haqda nima deysiz?
- Umuman noroziman. O'sha vaziyatda to'pni atayin qo'lim bilan o'ynamagandim. Hech qanday xavfli vaziyat ham yuzaga kelmayotgandi. Bosh hakam ikkinchi ogohlantirishni noto'g'ri berdi, deb o'ylayman. SHunchaki, maydondagi o'yinchilar soni tenglashtirib qo'yildi. Men shunday deb o'ylayman.
- Ko'pchilik qatori siz ham Samarqandni tark etdingiz. Umuman, Dinamodan Buxoroga o'tishingiz qanday ro'y berdi?
- To'g'risi, bu mavzuda ortiq gapirmoqchi emasman. O'sha onlarni esga olgim kelmayapti.
- Unda nega Buxoroni tanladingiz? Bu savolga javob berarsiz.
- Tachmurod Agamurodovning taklifi bilan Buxoroga keldim. Ushbu mutaxassis Dinamoda ishlagan paytida juda yaxshi taassurot qoldirgandi. U bilan birga ishlaganmiz, munosabatlarimiz alo darajada. Agamurodov kuchli murabbiy va yaxshigina ruhshunos hisoblanadi.
- Dinamodagi maoshlaringizni to'liq oldingizmi?
- Ha, oldim. Buning uchun klub rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. SHuningdek, jamoa muxlislariga ham katta rahmat aytmoqchiman. Ular Dinamodan ketishim sabablarini bilishadi. Samarqandni tark etish oldidan klubning jonkuyar muxlislari, oqsoqollar bilan uchrashdim.
- Buxoro oliy ligada qolishga qodirmi? Bu vazifani uddalay olasizlarmi?
- Nasib qilsa, maqsadga erishish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Klub rahbariyati qo'lidan kelgancha yordam berishga tayyor. Futbolchilar ham 100 foiz kuch bilan o'ynashyapti.
- Ikkinchi davraning qolgan o'yinlarida oliy ligada jon saqlab qolish uchun kurash avjiga chiqadi. Bu raqobatdagi ayovsiz kurashga tayyormisizlar?
- Albatta. Ayniqsa, autsayderlar o'rtasidagi olti ochko uchun o'ynaladigan uchrashuvlarda qoqilishga haqqimiz yo'q.
- Dinamoda bajargan vazifangiz Buxoroga o'tganingizdan keyin o'zgardimi? Qaysi poziciyada o'ynayapsiz?
- Gohida hujum chizig'ida, aksariyat holatlarda esa yarim himoyada o'ynayapman.
- Buxoroning moliyaviy holati yaxshi ekanmi?
- Ko'z tegmasin, hozircha yomon emas. Viloyat rahbari Buxoroning har bir uy uchrashuvini bevosita stadionda kuzatadilar. Bunyodkor bilan uchrashuvdan keyin kiyinish xonasiga kirib, chiroyli o'yin uchun bizni tabrikladilar. Albatta, bu munosabat futbolchilar ruhiyatini yanada ko'tardi.
- Klub bazasida yashayapsizmi?
- Ha, shunday. Bu erda barcha sharoitlar yaratilgan. Nolishga aslo haqqim yo'q.
- Oliy liganing yuqori qismidagi kurash haqida qanday fikrdasiz?
- CHempionat yakunlanishiga 11ta tur qolgan bir paytda Paxtakor peshqadamlikni davom ettiryapti. Lokomotiv esa karvonboshini quvishdan charchamayapti. Garchi biz bilan o'yinda ochko yo'qotgan bo'lsada, Nasaf ham hali chempionlik uchun kurashni davom ettirsa kerak. Ro'ziqul Berdiev shogirdlarini safdan chiqarishga shoshilmaslik lozim.
- Taxmin qilib ko'ring, sizningcha, yakunda kim chempion bo'ladi?
- Buni aytish qiyin. Paxtakor va Lokomotiv jamoalaridan birining chempionlik shohsupasiga ko'tarilish ehtimoli juda ham yuqori.
- Autsayderlar o'rtasidagi kurash haqida nima deya olasiz?
- Hozircha bizning jamoa oxirgi o'rinni egallab turibdi. Lekin chempionat so'ngida turnir jadvalidagi joylashuv hozirgidek bo'lmaydi. Buning uchun yuqorida aytganimdek, astoydil harakat qilamiz. Qolgan autsayderlar ham qarab turishmaydi. Menimcha, ko'p narsaga aynan quyi pog'onalardagi klublarning o'zaro uchrashuvidan keyin oydinlik kiritiladi.
- Bir muddat avval Moldovaning Dachiya klubiga o'tishingiz mumkinligi haqida xabar tarqalgandi. Lekin mazkur transfer amalga oshmay qoldi. Buning sababi nimada?
- Dachiya CHempionlar Ligasining saralash bahslarida ishtirok etayotgandi. SHu bois, ularga hujumkor yarim himoyachi suv va havodek zarur edi. Ming afsuski, Dinamo jamoasi rahbarlari tegishli hujjatlarni berishni paysalga solishdi. Moldova chempionlari esa uzoq kuta olmasdilar. Bundan tashqari, tibbiy ko'rikdan ham o'tishim kerak edi. Telefon orqali o'rnimga boshqa o'yinchi olishganini aytishdi. Hozir ko'pchilik bu taklif bo'lmaganini takidlayapti.
Kamoliddin Alimov suhbatlashdi.
Fikrlar