So’nggi yangiliklar

16:16Лео Жарагуа сафда: Қозоғистон ҳимоячиси Аргентина билан учрашувга тайёр  0 15:55"Сўғдиёна"дан 3, ОКМК, "Пахтакор" ва "Динамо"дан 2 нафардан футболчи — Суперлига 20-тур рамзий терма жамоаси  2 15:38Ҳакамлар Суперлига 20-турида хатоликка йўл қўймаган. Лекин Про лигада қўпол хато! — Эксперт-ҳакамлар комиссияси  0 15:20Аббос Файзуллаев Россия чемпионати тур рамзий жамоасидан жой эгаллади  1 14:53Икки ой комада ётган ПСЖ собиқ дарвозабони футболга қайтди ва Қатар клубига ўтди  0 14:25Гризманн Франция терма жамоасидаги фаолиятини якунлаганини эълон қилди  3 14:14Ихор Корсун: "Кейинги босқичдаги рақибимиз — Бразилия? Бу ҳақда сиздан эшитдим"  0 13:55Абдуқодир Ҳусанов Франция чемпионати ҳафта жамоасидан ўрин олди  3 13:20Аргентина дарвозабони Сармиенто: "Игитага қарши ўйнаш – бутунлай бошқа футзал"  0 12:56Ниҳоят, МЮ Тен Ҳаг ўрнига мураббий қидира бошлади  12 12:30Афсонавий Буффон иккинчи марта уйланди. Унинг рафиқаси "Sky Sports" собиқ ходимаси   4 12:07Суперлига. 21-тур учрашувларининг санаси маълум  4 11:46Хитой Тайпейидаги қийинчиликлар, Суперлига мураббийларига раҳмат, Аргентина ва Уругвайга қарши бўлажак ўйинлар ҳақида — Фарҳод Нишонов  1 11:40Рафаэль Морильо: "Бир кун келиб, шоҳсупадан ўрин оламиз"  0 11:35Клублар ўртасидаги ЖЧ-2025: ФИФА стадионлар рўйхатини эълон қилди  4

Aziz Haydarov: Hali hech kim termadan ket, demadi Yangiliklar

Aziz Haydarov: Hali hech kim termadan ket, demadi

Tajribali tayanch yarim himoyachisi Azizbek Haydarov mavsumlar oralig'idagi tatilni Toshkentda, oila azolari davrasida o'tkazyapti.

Etti yildan buyon BAA chempionatida to'p surayotgan futbolchimiz o'tgan davr mobaynida Amirliklarda katta obro'ga ega bo'lib ulgurdi.

Olti yil davomida «Al-SHabab» klubi sharafini himoya qilgan Haydarov o'tgan yili jamoasini almashtirib, «Ajman» tarkibiga qo'shildi. Uning yangi klubi 12ta jamoa ishtirok etadigan BAA Pro-ligasida 26 ochko bilan 8-o'rinni egalladi. «Ajman» 22ta o'yinning ettitasida g'alaba qozondi.

Beshta uchrashuvda durang qayd etib, roppa-rosa 10ta bahsda mag'lubiyat alamini totib ko'rdi. CHempionat yakunlanishi bilan hamyurtimizning «Ajman» bilan imzolagan shartnomasi ham tugadi. Hozircha Haydarovning yangi mavsumni qaysi jamoada boshlashi aniq emas.

SHuningdek, termadagi faoliyati ham mavhum bo'lib turibdi. Yangi murabbiylar shtabi tajribali yarim himoyachining xizmatlariga ehtiyoj sezadimi, yo'qmi, bunisi ham bizga qorong'u. Biz aynan shu mavzular yuzasidan Azizbek Haydarovdan intervyu oldik.

- Azizbek, mavsumlar oralig'idagi tatil qanday davom etyapti? Oila azolaringiz davrasidami yoki xorijda hordiq chiqarishni afzal bildingizmi?

- Tatilni Toshkentda, oila azolarim davrasida o'tkazyapman. Lekin shu bilan birga mashg'ulotlarni ham kanda qilmayapman. Olti kun davomida «Bunyodkor» jamoasi mashg'ulotlarida ishtirok etdim. Bundan tashqari, sport formamni ushlab turish maqsadida o'zim ham individual tarzda shug'ullandim. Bu jarayon hozir ham davom etyapti.

- Tatil qachongacha davom etadi va keyingi rejalar qanday?

- Bu savolga aniq javob bera olmayman. Hammasi faoliyatimni qaysi klubda davom ettirishimga bog'liq. Tez kunda bu masalaga oydinlik kiritib olamiz.

- Adashmasam, «Ajman» bilan bir yillik shartnoma imzolagan edingiz. Kelishuvni uzaytirish haqida o'ylayapsizmi yoki klubingizni almashtirasizmi?

- Jamoa bilan amalda shartnomam bor edi. Lekin klub rahbariyati men bilan aloqaga chiqqani yo'q. Aftidan, shartnomani uzaytirishni istashmadi. Meni taajjubga solgani, shu narsani ochiq aytishmayapti. Xuddi shunday holat jamoamizning bosh-qa legionerlari bilan ham yuz bergan. Men boshqa xorijlik futbolchilar bilan ham gaplashdim. Menimcha, klubga yangi legionerlar keladi.

- Klub rahbariyati jamoaning o'tgan mavsumdagi ishtirokini qanday baholadi? Yig'ilish o'tkazildimi?

- Jamoa oldiga qo'yilgan vazifa Pro-ligadagi o'rnimizni saqlab qolish edi. Bu vazifani chempionat yakunlanishiga 7ta tur qolganida hal qilib bo'lgandik. CHempionatni 8-o'rinda tugatdik. Ishonchim komil, «Ajman» mutasaddilari xohlagan va kutganidan ham yaxshiroq natija qayd eta oldik. So'nggi turgacha jamoa rahbarlari, murabbiylar, umuman, hammaning kayfiyati chog' edi. CHempionatning oxirgi uchrashuvida durang o'ynadik. Lekin hafsalimizni pir qilgan narsa, rahbariyat va murabbiylar shtabi biz bilan mavsum yakunlari bo'yicha suhbatlashmadi. Ortda qolgan mavsumdagi ishtirokimiz muhokama qilinmadi. Aftidan, ular mavsum boshida bergan vadalarini bajarishga qo'r-qishdi. Biz - futbolchilar zimmamizga yuklatilgan vazifani uddaladik. Lekin rahbarlar oxirida yaxshi ish qilishmadi. Mayli, biz legionermiz, shaxsan o'zim «Ajman»dagi bir yillik faoliyatimdan xursand bo'ldim. Menga berilgan imkoniyatdan yaxshi foydalandim. Murabbiylar ham o'yinimdan qoniqish hosil qilishdi, deb o'ylayman. CHunki ular buni o'zaro suhbatlarimizda ham aytishgandi. SHunchaki, oxirgi palladagi munosabat nafaqat menga, balki boshqa futbolchilarga ham yoqmadi. Har qanday holatda ham ochiq yuz bilan xayrlashish kerak edi. Sababi, biz shunga loyiq o'yin ko'rsatgandik. CHempionat yakunlanishiga 5-6 tur qolgan bir paytda shartnomani uzaytiramiz, deyishgandi. Ammo bu vadalar ham o'z-o'zidan yo'q bo'lib qoldi. Mayli, men ularni vadasida turishga majburlamayman. Lekin hech qanday munosabatsiz futbolchilar bilan xayrlashishni oqlamayan. SHunday bo'lsada, klubda qolgan jamoadoshlarimga omad tilayman. Yangi mavsumda bundan ham yuqori o'rinlarni egallashsin.

- SHaxsan o'zingiz yakunlangan mavsum haqida nima deya olasiz? Bir yillik faoliyatingizdan ko'nglingiz to'ldimi yoki baribir, yosh o'z tasirini, hukmini o'tkazishni boshladimi?

- Yuqorida aytganimdek, klub rahbariyati, murabbiylar va futbolchilarning o'tgan mavsumdan ko'ngillari to'ldi. Oldimizga qo'yilgan vazifa ortig'i bilan bajarildi. O'zimga real baho bera olmaymanu, lekin o'yinimdan ko'nglim to'ldi, deya olaman. Har qanday holatda ham futbolchiga xolis bahoni muxlislar berishadi. «Yosh o'z tasirini o'tkaza boshladimi?» degan savolingizga «Yo'q», deb javob beraman. CHunki hozir 32 yoshdaman va bu futbolchining ayni kuchga to'lgan davri hisoblanadi. Hali BAA, Qozog'iston va o'zimizning klublarda bemalol o'ynay olaman. Takliflar ham yo'q emas. SHukrki, oyog'im butun, miyam ishlab turibdi. Maydondagi fikrlashim ham joyida. SHunday ekan, hali sport formam talab darajasida va butsalarimni mixga ilishga ancha bor. Ozod agent ekanligimni aytdim. Meni o'z safida ko'rishni istagan jamoalar bilan muloqotga tayyorman. O'zim yoki agentlarim bilan bog'lanib, muzokara olib borishlari mumkin.

- Faoliyatingizni BAAda davom ettirish imkoniyati ko'proqmi yoki O'zbekiston chempionatida?

- Bu narsani aniq ayta olmayman. Qaysi klubdan menga har tomonlama qulay va yaxshi shartnoma taklif etilsa, o'shani tanlayman. U BAAdan bo'ladimi yoki O'zbekiston jamoasimi, buning ahamiyati yo'q. Hozir erkin agentman va tabiiyki, takliflarni ko'rib chiqishga tayyorman.

- Yaqinda Aleksandr Geynrix Qozog'iston klubida rahbar lavozimida ish boshladi. Siz ham etti yildan beri BAAdasiz. Balki sizda ham keyinchalik Amirlik klublaridan birida ishlash rejasi bordir?

- Ochig'i, hali bu haqda o'ylayotganim yo'q. Futbolchilik faoliyatim kamida 3-4 yil davom etadi. Geynrixga kelsak, unda Qozog'iston klubida rahbarlik lavozimida ishlash uchun barcha sifatlar bor. Birinchi galda rus tilini mukammal bilishi. Ikkinchidan, menga o'xshab o'z jamoasida bir necha yil o'ynadi. Klub tizimi, ichki sir-asrorlarni juda yaxshi biladi. Keyin u futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so'ng bu ishga o'tdi. Menda hali bir necha yil futbolchi sifatida to'p surish imkoniyati bor. Ehtimol, keyinchalik men ham BAAda ishlarman. Lekin buning uchun yuqorida aytganimdek, arab tilini mukammal tarzda bilishim va arablarga xos psixologiyani o'zlashtirib olishim kerak. Hozirgi holatdagi bilimlarim BAA klubi tizimida rahbarlik lavozimida ishlash uchun kamlik qiladi. O'ylaymanki, oradan yillar o'tib, bu mavzuga yana qaytamiz.

- O'zbekiston oliy ligasi endilikda Superliga deb yuritilmoqda. Nima deb o'ylaysiz, chempionatimizda faqat nom o'zgardimi yoki o'yin sifatida ham o'sish ko'zga tashlanyaptimi?

- Birinchi galda Superliga o'yinlarining barcha tur uchrashuvlari to'g'ridan-to'g'ri «Sport» telekanali orqali namoyish etilayotganini alohida etirof etish darkor. Bu muxlislar uchun ajoyib sovg'a bo'ldi. Faqat nom emas, chempionatning o'zida ham ijobiy tomonga o'zgarish kuzatildi. Safarga otlangan jamoalar uyga qanday natija bilan qaytishlarini bilishmayapti. Umuman, hech kim kutmagan natijalar kuzatilmoqda. Turnir jadvalining quyi pog'onalarida borayotgan jamoalar ham grandlarni mag'lub etishyati. Aksincha, etakchi klublarimiz o'z maydonlarida ochko yo'qotishyapti. Bu esa stadionga muxlislarning yana qaytishiga sabab bo'lmoqda. Qolaversa, chempionatning yangi formatda o'tkazilayotganini ham qo'llab-quvvatlayman. SHaxsan menga maqul keldi. Ikkinchi bosqichda oltita jamoaning barida chempion bo'lish uchun imkoniyat saqlanib qoladi.

- Terma jamoamizdagi o'zgarishlar haqida nima deysiz? Senegal, Marokash, Urugvay va Eron terma jamoalariga qarshi kechgan o'yinlar xususidagi fikringiz ijobiymi?

- SHaxsan menga o'tkazilgan 4ta uchrashuvning barchasi maqul keldi. Futbolchilarimiz yorqin taassurot qoldirishdi. Eronliklarga kichik (0:1) hisobda yutqazishgan bo'lsa-da, lekin ko'rsatgan o'yinlari yaxshi chiqdi. Eron o'z maydonida g'alaba qozonib, Rossiyadagi mundialga xush kayfiyatda yo'l oldi. Qaysidir manoda futbolchilarimiz o'sha bayramni buzib qo'yishlariga bir bahya qoldi. Urugvay termasiga qarshi kechgan bahs borasida ham shunday fikrdaman. Yarim soat davomida yigitlar hatto urugvayliklardan ustunlik ham qilishdi. O'sha maydon markazidagi birgina xato keyinchalik terma jamoamizning o'yin tizginini qo'ldan chiqarishiga olib keldi. Etibor bergan bo'lsangiz, maydon egalari hisobni ochishguncha, anchagina asabiylashishdi. Tajovuzkor futbol namoyish etishdi. Agar futbolchilarimizda xalqaro tajriba etarli bo'lganida edi, bu o'rtoqlik uchrashuvlaridan ijobiy natija bilan qaytishardi. Hali yoshlarimiz o'z ustilarida juda ko'p ishlashlari kerak. Murabbiylar yaxshigina ter to'kishlari lozim. Etibor bergan bo'lsangiz, terma jamoamiz o'rtoqlik bahslarida yaxshi o'yin namoyish etadi. Rasmiy uchrashuvlarga kelganda esa buning aksini ko'ramiz.

- Karlush Keyrushning milliy jamoamizga kelishi haqida gap-so'zlar bo'ldi. SHaxsan sizga qolsa, qaysi murabbiyni termaga olib kelgan bo'lardingiz?

- To'g'risi, Keyrush bilan olib borilgan muzokaralar, portugaliyalik mutaxassisning yurtimizga kelishi mumkinligi haqidagi malumotlardan bexabarman. Lekin agar Keyrushni olib kelishning imkoniyatini topishsa, bu futbolimiz ravnaqi yo'lida tashlangan katta qadam bo'lardi. Ushbu mutaxassis qanday saviya va darajaga ega ekanligini allaqachon isbotlab ulgurgan. Eron terma jamoasining hozirgi darajasiga etishishida aynan Karlushning xizmatlari katta. Agar Keyrushdan boshqa murabbiy Eronda ishlaganida, bu terma qatorasiga ikkinchi marotaba mundial yo'llanmasini qo'lga kiritmagan bo'lardi. Yuz foiz ishonch bilan ayta olaman, Karlush Keyrush termamiz o'yinini kuchaytira oladi. U nafaqat jamoamizning o'yin uslubi, balki futbolchilarning o'yinga bo'lgan munosabatlarini ham o'zgartirishga qodir mutaxassis.

- Terma jamoadagi faoliyatingiz hali davom etadimi yoki...?

- Nasib qilsa davom etadi. Hali hech kim menga «Terma jamoadan ket», degani yo'q. SHunchaki, associaciya rahbariyatidan qo'ng'iroq bo'ldi va menga terma jamoa yoshartirilayotganini bildirishdi. Bu narsani allaqachon qilish kerak ekanligini aytdim. Mendan so'rab qilish shart emas (kuladi). SHunisiga ham rahmat, bir og'iz bo'lsada terma jamoadagi bugungi holatni tushuntirib qo'yishdi.

- Temur Kapadzening o'zi bilan gaplashmadingizmi?

- Gaplashdim. Kapadzeni akamdek ko'raman, u bilan bir necha yil davomida elkama-elka o'ynadik. Temur aka ham terma jamoa tarkibi yoshartirilayotganini aytdi. Uning murabbiylik faoliyatida omad tiladim. Qanday yordam kerak bo'lsa, tayyor ekanligimni bildirdim.

- O'zbek futbolidagi muammolarni nimada ko'ryapsiz?

- O'zbekiston futbol associaciyasining yangi rahbariyati muammolarni bartaraf etishga harakat qilyapti. Oldin eng katta muammolardan biri o'yinlarning teletranslyaciyasi edi. Hozir har bir uchrashuv to'g'ridan-to'g'ri namoyish etilyapti. Muammolardan biri bartaraf bo'ldi. Yosh kichraytirish degan jirkanch illat bor edi, unga ham jiddiy kurash elon qilindi. Hatto shunday futbolchilar jazolandi ham. Yangi rahbariyat futbolimiz rivoji yo'lida astoydil mehnat qilyapti.

- Rossiyadagi jahon chempionatini kuzatib boryapsizmi? Taassurotlaringiz qanday? Qaysi terma jamoaga muxlislik qilyapsiz?

- Azaldan Italiya termasiga muxlislik qilib kelaman. Afsuski, bu safargi mundial «Skuadra Adzurra»siz o'tmoqda. Xuddi bizning milliy jamoa singari italyanlar ham dam olishyapti va Qatardagi jahon chempionatini kutishyapti. Imkon qadar hamma o'yinlarni ko'rishga intilyapman. Menga Ispaniya - Portugaliya bahsi juda yoqdi. Har ikki jamoa futbolchilari ham oxirigacha kurashishdi. Juda ko'p termalarga o'rnak bo'ladigan futbol namoyish etib berishdi. Xorvatiya terma jamoasidan ko'p narsa kutgandim. Buni ular Argentina bilan o'yinda isbotlashdi. Xorvatlar chempionatda hali uzoqqa borishadi. Germaniyaning mag'lubiyatini ko'pchilik kutilmagan natijaga yo'ydi. Lekin men bunday demagan bo'lardim.  Jahon chempionati hozircha o'z nomiga munosib tarzda o'tmoqda. Oson g'alaba qozonaman, degan jamoaning o'zi qolmadi. Aytmoqchi bo'lganim, butun dunyoda futbol o'syapti. Eng muhimi, ana shu rivojlanishdan biz qolib ketmasak bo'lgani.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi, "Interfutbol" gazetasi

Reyting: +13   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика