Azimjon Ahmedov: “O'zbekiston kubogini qo'lga kiritish niyatidamiz”
23 apr 2020 14:12
Yangiliklar
Azimjon Ahmedov: “O'zbekiston kubogini qo'lga kiritish niyatidamiz”
- Azimjon, karantin davrini uyda qanday o'tkazyapsiz? Futbolni sog'ingizdingizmi?
- Albatta, barcha futbolchilar qatori men ham karantin paytini uyda, oilam davrasida o'tkazyapman. Jamoamiz murabbiylar shtabi tomonidan uyda bajarish uchun belgilangan mashg'ulotlarni bajaryapman. Mashqlarni bajarishimda menga farzandlarim ham yordam berishmoqda (kuladi).
Har qanday futbolchi futbolni sog'inadi. Futbolsiz hayot to'xtab qolganday tuyularkan.
Biroq koronavirus xastaligini engish uchun barchamiz hukumatimiz tomonidan ko'rilayotgan chora-tadbirlarga og'ishmay amal qilib, sabr qilishimiz lozim.
Bu ham Allohning bir sinovi. Xudo xohlasa, bu kunlar ortda qolib, hayot yana oldingidek, o'z iziga tushib ketadi.
- Sizningcha, karantin davri futbolchilarning jismoniy holatlariga salbiy tasir ko'rsatmaydimi?
- Salbiy tasir ko'rsatishi ehtimoli yuqori. Boisi, karantin paytida mashg'ulotlarni yakka tartibda olib borasiz. Jamoa bilan birga, umumiy tartibda mashg'ulotlar o'tkazish bilan individual holda, mashqlar olib borishning farqi katta, albatta.
- Karantin yakunlanganidan so'ng, Xudo xohlasa, Superliga bahslari davom ettiriladi hamda barcha jamoalar bir xil vaziyatda bo'ladi. Mazkur holat milliy chempionatimizda sensaciyalar yuzaga kelishiga olib kelishi mumkinmi?
- Karantin tugaganidan keyin barcha futbolchilarning jismoniy holatlari bir xil bo'ladi. SHuning uchun bu haqda oldindan biror narsa deyish qiyin.
Xudo xohlasa, milliy chempionatimiz bahslari boshlanaversin-chi, o'shanda bilamiz-da, sensaciya bo'ladimi yoki yo'qmi? (kuladi).
- Joriy mavsumda “Navbahor”ga sovrinli o'rinlar uchun kurashda qaysi jamoalar asosiy raqib bo'lishi mumkin?
- Bu borada alohida klubni ajratib ko'rsata olmayman. CHunki Superligamizda kuchsiz jamoa yo'q. Barcha klublar deyarli teng kuchga ega.
SHuning uchun “Navbahor”ga sovrinli o'rinlar uchun kurash yo'lida har qanday jamoa munosib qarshilik ko'rsata oladi.
- Joriy mavsumdan boshlab, maydonga sardor sifatida tushyapsiz. Buning esa o'ziga yarasha masuliyati bor. Sardorlik qiyinchilik tug'dirmayaptimi?
- Takidlaganingizdek, sardorlikning masuliyati ancha yuqori. Boisi, maydondagi ko'plab holatlarda sardor barchasini o'z zimmasiga oladi. Ammo Xudoga shukr, bu borada qiyinchilik sezmayapman. CHunki jamoadoshlarim bu borada menga do'stona yordam berishmoqda. SHuningdek, biz bir oilamiz va “Navbahor”ning yuksak maqsadi yo'lida bir yoqadan bosh chiqarganmiz.
SHuning uchun bu borada qiyinchilikka duch kelmayapman.
- O'zbekiston kubogi finali bahsi bu yil Namanganda o'tkaziladi. Sizningcha, “Navbahor” o'zi uchun qadrdon stadionda uzoq yillik tanaffusdan so'ng, yana billur sovrinni qo'lga kirita oladimi? Ushbu imkoniyatni qanday baholaysiz?
- O'zbekiston kubogi uchrashuvlarining final o'yini Namanganda o'tkazilishi juda yaxshi bo'ldi. Bu jamoamizga qo'shimcha motivaciya beradi.
Joriy mavsumda O'zbekiston kubogi sohibiga aylanish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz hamda buni amalga oshirish qo'limizdan kelganicha harakat qilamiz. Uzoq yillik tanaffusdan keyin yana O'zbekiston kubogini qo'lga kiritib, muxlislarga quvonch ulashish niyatidamiz.
- Siz bilan muborak ramazon oyi arafasida suhbatlashyapmiz. Hamyurtlarimizga ushbu muqaddas oy arafasida qanday tilaklaringiz bor?
- Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizni kirib kelayotgan ramazon oyi bilan tabriklayman!
Ushbu muqaddas oyda hamyurtlarimizdan bir-birlarini kechirishlarini so'rayman. O'zim ham kimnidir xafa qilgan, ko'nglini ranjitgan bo'lsam, uzr so'rayman.
Ramazon oyida ro'zadorlarga Allohdan sabr tilayman va tutgan ro'zalarini o'z dargohida qabul qilishini so'rayman.
Barcha vatandoshlarimiz sog'-salomat bo'lishsin!
Koronavirus xastaligi yurtimizdan tezroq daf bo'lsin hamda xalqimiz oldingidek odatiy hayotiga qaytsin, ilohim!
Fikrlar