So’nggi yangiliklar

03:00Евро-2024 1/8 финал. Германия - Дания 2:0, "VAR" учта голни бекор қилди  0 02:20Евро-2024. Чорак финал йўлида чақмоқ ҳам Германияни тўхтата олмади!  41 01:38Расман: "Марсель" Де Зерби билан 3 йиллик шартнома имзолади  1 01:03Ламин Ямаль 250 миллион еврога сотилиши мумкин?!  5 00:45Евро-2024 1/8 финал. Швейцария - Италия 2:0, Спаллетти ҳам, Скамакка ҳам хеч нарса қила олишмади.  0 00:24Гол ва ассист қайд этган Варгас Швейцария – Италия баҳсининг энг яхши ўйинчиси деб топилди  0 23:24ҚПЛ. "Қайрат" "Астана" устидан иродали ғалабага эришди, Йўлдошев эса...  2 23:16ҚПЛ. "Ордабаси" камбэк қайд этди ва турнир жадвалида якка пешқадамга айланди. Яхшибоевдан гол!  0 22:53Евро-2024. Швейцария амалдаги чемпионни мағлуб этиб, дастлабки чорак финалчига айланди  62 22:41"Бетис" "Бавария" собиқ футболчисини харид қилди  0 22:08МЮ "Бавария" футболчиси билан музокараларни бошлади  1 21:41"Барселона" 23 ёшли футболчисини текинга қўйиб юборди  0 21:11"Интер" ва "Манчестер Сити" собиқ ҳужумчиси Саудия лигасига йўл олиши мумкин  1 20:31Карвахаль: "Реал"дан сўнг ҳеч бир Европа клубига ўтмасликка кафолат бераман"  13 19:42Уилсон Раж Перумал: "Эрон ва Ўзбекистон терма жамоалари мундиалга йўл олишади. Иордания Ироқдан кучлироқ. Саудия эса плей-офф орқали ЖЧга йўл олади  6

Azamat Allaniyozov: “Qoraqalpog'iston Respublikasida mahoratli va iqtidorli futbolchilar juda ko'p” Yangiliklar

Azamat Allaniyozov: “Qoraqalpog'iston Respublikasida mahoratli va iqtidorli futbolchilar juda ko'p”

“Navbahor” va “Metallurg” uchrashuvda mezbonlar hujumchisi Azamat Allaniyozov zaxiradan maydonga tushib “xet-trik”ka erishdi va jamoasining yirik – 3:0 hisobidagi g'alabasini taminladi.

Bu Allaniyozovning faoliyatidagi ilk “xet-trik” ekanligini etirof etish joiz. SHu munosabat bilan undan intervyu oldik.

Azamat, avvalo Sizni “Metallurg” klubi ustidan qozonilgan yirik hisobdagi g'alaba va faoliyatingizdagi ilk “xet-trik” bilan tabriklaymiz. Bekobodliklarga qarshi kechgan bahs hamda urgan gollaringiz borasida nima deya olasiz?
Tabrik uchun rahmat. Garchi yirik hisobda g'alaba qozongan bo'lsak-da, “Metallurg” bilan bo'lgan o'yin jamoamiz uchun oson kechmadi. Uch kun ichida 2ta uchrashuvda maydonga tushganligimiz sababli, 1-bo'limda jamoadoshlarimda charchoq alomatlari sezildi. Mehmonlar esa bizdan 1 kun ko'proq dam olishgandi. SHuning uchun birinchi 45 daqiqalikda ular yaxshi o'yin namoyish etishdi. Ayniqsa, Zohid Abdullaevning darvozabonimiz Botirali Ergashev bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqqan holati ancha xavfli ko'rinish oldi. O'sha vaziyatda Ergashev o'z mahoratini namoyish etib, o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Mabodo o'shanda bekobodliklar gol urishganida, uchrashuv bizga qiyinchilik tug'dirgan bo'lardi. Yaxshiyamki, baxtimizga hammasi biz uchun xayrli yakunlandi.

O'sha uchrashuvda gol urishimni ko'nglim sezgandi. SHu sababli, zaxiradan maydonga ham o'zgacha ishtiyoqda tushdim. Xudoga shukr, sezgim pand bermadi. O'z “xet-trik”imni qayd etib, jamoamizning yirik hisobdagi g'alabasiga munosib hissa qo'shganimdan xursandman. Endi keyingi bahslarda ham to'p kiritib, muxlislarni xursand etishga intilaman.

Boshlang'ich tarkibdan kam o'rin olyapsiz. Bu nima bilan bog'liq?
Buning bir nechta omillari bor. Jumladan, “Navbahor”ning hujum chizig'ida raqobat kuchli. Mendan tashqari, jamoamizda serbiyalik Nenad Inyac, Sardor Sulaymonov va Ro'zimboy Ahmedov singari hujumchilar bor. Inyac jarohat olganligi bois, ayrim bahslarda maydonga tusha olmadi. Ahmedov esa jarohatidan qutulib, sport formasini endi tiklayapti. U tajribali forvard va hali o'z gollari bilan jamoamizning zafarlariga munosib ulush qo'shadi, degan umiddaman. SHunday bo'lsa-da, raqobatdan cho'chimayman. Axir, raqobat bor joyda o'sish bo'ladi. Bundan tashqari, murabbiylar shtabi raqibga qarab, taktika tanlaydi. Unga ko'ra, ayrim paytlarda boshlang'ich tarkibda, bazi holatlarda esa zaxiradan maydonga tushyapman. Zaxiradan tarkibga qo'shilsam ham, xafa bo'lmayman. Asosiysi, jamoamizga foydam tegsa bo'lgani.

Serbiyalik jamoadoshingiz Nenad Inyac borasida nima deya olasiz?
Inyac Evropa klublarida to'p surgan ancha tajribali forvard. Faqat jamoamizga moslashish jarayoni biroz qiyin kechdi. Nenad hali o'zining yorqin o'yinlarini namoyish etib, jamoamizning g'alabalariga munosib ulush qo'shadi, degan umiddaman.

Joriy yilgi Superliga bahslari borasida nima deya olasiz?
Joriy mavsum o'yinlari ancha qiziqarli va keskin kurashlar ostida kechmoqda. Jamoalarning saviyasi deyarli teng bo'lganligi sababli, o'yinlarning natijasini  oldindan bashorat qilish qiyin bo'lyapti. Uchrashuvlar xuddi Angliya premer-ligasidagidek keskin kurashlar ostida o'tmoqda.  
Bir so'z bilan aytganda, Superliga bahslari  o'z nomiga mos tarzda o'tyapti.

Mana, Superliganing 12ta turi ortda qoldi. Sizningcha, bo'lib o'tgan o'yinlarda qaysi bahs “Navbahor” uchun qiyin kechdi?

Menimcha, jamoamiz uchun 9-tur doirasidagi Farg'onaning “Neftchi” klubi bilan bo'lgan uchrashuv ancha qiyin kechdi. Garchi turnir jadvalining so'nggi pog'onasini egallab turishgan bo'lsa-da, farg'onaliklar jamoamizga munosib qarshilik ko'rsatishdi. Bundan tashqari, o'sha o'yin “vodiy derbisi” maqomiga ega bo'lganligi uchun ham ancha qiziqarli va keskin kurashlar ostida o'tdi.

Bungacha “Nasaf” tarkibida o'ynaganimda, “voha derbilari”da ishtirok etganman. Biroq  “Mashal” va “SHo'rtan” klublari qarshiliklarga  munosib qarshilik ko'rsatishga intilishsa-da, “Nasaf” kuchli bo'lgani bois, doimo g'alaba qozonardi. “Vodiy derbilari” esa ancha keskin kurashlar ostida kechar ekan. Bunga O'zbekiston kubogi 1/8 finali doirasida safarda “Andijon”ga qarshi kechgan bahsda ham guvoh bo'ldim. Pro-ligada ishtirok etishlariga qaramay, andijonliklar jamoamizga qarshi o'zgacha ishtiyoqda maydonga tushib, g'alaba qozonishdi va klubimizni kubok bahslaridan chiqarib yuborishdi. Bu ham “vodiy derbilari”ning qanday ahamiyat kasb etishidan dalolat.


Futbolchi bo'lishingizga kim sababchi bo'lgan?
Otam sababchi bo'lganlar. Men sportchi oilasida tug'ilganman. Dadam bokschi bo'lganlar. Men esa futbolga qiziqqanman. Otam bu qiziqishimni qo'llab-quvvatlab, meni 8 yoshimda qo'limdan etaklab, futbol to'garagiga olib borganlar. SHu tariqa millionlar o'yinidagi faoliyatim boshlangan.

Bolaligingizda qaysi futbolchiga havas qilgansiz?
Ukrainalik hujumchi Andrey SHevchenkoga havas qilardim. U o'sha paytda Italiyaning “Milan” klubi safida to'p surardi va men ham shu jamoaga muxlislik qilardim hamda milanliklarning barcha uchrashuvlarini tomosha qilishga intilardim.

O'zbekistonlik futbolchilardan esa hamshahrim Nematulla Qutiboevga havas qilib, uning o'yinlarini kuzatardim. Xudoga shukr, ushbu mutaxassisning qo'l  ostida o'ynash nasib etdi. Katta futbolga kirib kelishimda aynan Nematulla aka Qutiboev katta rol o'ynab, meni “Jayxun” (hozirgi “Orol”) jamoasiga taklif qilgan.

Siz tug'ilib-o'sgan Qoraqalpog'iston respublikasi o'zbek futboliga ko'plab iqtidorli futbolchilarni etkazib bergan. Berdaq Olloniyozov, Nematulla Qutiboev, Rustam Qurbonboev, Salamat Qutiboev, Oybek Nurboev, Azamat Bobojonov, Navro'z Alimov, Damir Nizomov va Siz shular jumlasidan. Ammo Nukusning “Orol” klubi Pro-liganing o'rtamiyona jamoasi hisoblanadi va to'g'risini aytish kerak, Superliga yo'llanmasi uchun kurash olib borishga qodir emas. Sizningcha, buning sababi nimada?
Takidlaganingizdek, Qoraqalpog'iston Respublikasida mahoratli va iqtidorli futbolchilar juda ko'p. Biroq futbolga mutasaddi rahbarlar tomonidan millionlar o'yiniga bo'lgan etibor kam. SHuning uchun qoraqalpog'istonlik ko'plab iqtidorli futbolchilar boshqa jamoalardan qo'nim topishga majbur bo'lishmoqda. Mutasaddilar tomonidan futbolga bo'lgan etibor kuchayishi hamda “Orol” jamoasi qachonlardir Superliga vakiliga aylanishiga umid qilamiz.

Sizning ommaga tanilishingizda “Nasaf” klubining hissasi katta. Qarshi jamoasidan yorqin xotiralar qolgan bo'lsa kerak-a?
Bo'lmasam-chi! Takidlaganimdek, katta futboldagi faoliyatimni Pro-liga (1-liga) vakili “Jayxun” (hozirgi “Orol”) jamoasida, Nematulla Qutiboevning qo'l ostida boshlaganman. Keyin Vladimir Bondarenko “Nasaf”ga taklif qilgan. O'sha paytda Qarshida ukrainalik mashhur mutaxassis Anatoliy Demyanenko faoliyat olib borayotgandi. Keyinchalik u o'z yurtiga ketdi va “ajdarlar”ni Ro'ziqul Berdiev boshqarishni boshladi. Ro'ziqul aka meni 2011 yilning 2-davrasidan asosiy tarkibda maydonga tushira boshladi va shundan oliy ligadagi faoliyatim boshlandi. “Ajdarlar” safida 1 marta kumush, 4 marta bronza medallarini qo'lga kiritdim, O'zbekiston kubogi sohibi bo'ldim. Qisqasi, “Nasaf”dan ajoyib taassurotlar qolgan. Buning uchun Ro'ziqul Berdievdan minnatdorman va ushbu mutaxassisning ishlariga omad tilayman.

Hozirgi ustozingiz Ilhom Mo'minjonov haqida nima deya olasiz?
Ilhom Ibrohimovich yosh bo'lsa-da, ancha mahoratli mutaxassis va “Navbahor” bilan ijobiy natijalarni qayd etmoqda. SHuningdek, ijobiy fazilatlarga ega inson. Mo'minjonov sobiq futbolchi bo'lganligi bois, biz – o'yinchilarni yaxshi tushunadi. Kerakli paytda qattiqqo'l va talabchan, ayrim paytlarda biz bilan do'st. Mashg'ulotlarni ham qiziqarli va rang-barang tarzda olib boradi. SHuningdek, o'zi sobiq hujumchi bo'lganligi bois, biz – forvardlar bilan alohida mashg'ulotlar o'tkazadi.
Bir so'z bilan aytganda, Ilhom Mo'minjonov ajoyib inson va yaxshi mutaxassis. Ilhom Ibrohimovichning qo'l ostida to'p surayotganligimdan xursandman.

Qaysi jamoadoshlaringiz bilan yaxshi chiqishasiz?
Jamoamiz ahil-inoq. Barcha jamoadoshlarim bilan yaxshi chiqishaman. Barchamiz bir maqsad yo'lida birlashib, oldimizga qo'yilgan vazifani bajarishga harakat qilamiz.
“Navbahor”ning hozirgi tarkibi klub rahbariyati tomonidan jamoa oldiga qo'yilgan vazifa, yani sovrindorlar safidan joy olishga qodirmi?
Albatta. Aytganimdek, bu yil barcha jamoalarning saviyasi bir xil. SHunday ekan, sovrindorlar safidan joy olish uchun kurashamiz. Tarkibimizdagi yigitlar bunga qodir. Misol uchun, “Lester”ning chempion bo'lishini kim ham o'ylabdi, deysiz? Biz ham qo'ldan kelganicha, “Navbahor”ning 40 yillik yubileyiga munosib sovg'a hozirlashga intilamiz.
Klub rahbariyati tomonidan bizga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bizdan faqat maydonga tushib, yaxshi to'p surish qolyapti, xolos.

Xudo xohlasa, rahbariyat tomonidan oldimizga qo'yilgan vazifani bajaramiz, degan umiddamiz.



Joriy mavsumda Superligada yorqin o'yin namoyish etayotgan 3 nafar ampluadoshingizni aytib bera olasizmi?
Bular – Marat Bikmaev (“Lokomotiv”), Elguja Grigalashvili (“Qizilqum”) va Zohid Abdullaev (“Metallurg”).

14 iyun kuni Rossiyada navbatdagi jahon chempionati start oladi. Bo'lajak mundialda qaysi terma jamoaga muxlislik qilasiz va Sizningcha, qaysi yurt vakillari jahon chempioni unvonini qo'lga kiritishadi?
Rossiyadagi jahon chempionatida Ispaniya va Portugaliya terma jamoalariga muxlislik qilaman. Menimcha, portugaliyaliklar jahon chempioni unvoniga sazovor bo'lishadi.

“Navbahor” ishqibozlari borasida nima deya olasiz?
Namanganlik muxlislarga gap bo'lishi mumkin emas. Muxlislarga to'la stadionda to'p surishning gashti o'zgacha. Bunday paytda ishtiyoq ham o'zgacha bo'ladi va har qanday jamoani mag'lubiyatga uchrata olasiz. Xudo xohlasa, muxlislarning ishonchlarini oqlashga intilamiz. Ular bizni doimo qo'llab-quvvatlab turishsa bo'lgani.


Blic-savollar

Yoqtirgan rangingiz?
Ko'k.
Avtomobil?
“Kaptiva”.
Taom?
Palov va manti.

Bizning malumot
Azamat Allaniyozov – 1989 yil 15 oktyabrda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Nukus shahrida tug'ilgan.
Futbol bilan 8 yoshidan shug'ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiyi: Yuldash Qo'shjonov.
Ampluasi: hujumchi.
Nukusdagi futbol maktab-internati va Nukus Davlat pedagogika institutini tamomlagan.
O'ynagan jamoalari: “Jayxun” (Nukus) – 2007-2009 yillar, “Nasaf” (Qarshi) – 2010-2016 yillar, “Qizilqum” (Navoiy) – 2017 yilning 1-davrasi, “Buxoro” (Buxoro) – 2017 yilning 2-davrasi.
2018 yildan “Navbahor”da.
Oilali, 3 qizning otasi.
Muxlislik qiladigan jamoasi: “Real” (Madrid)
Havas qiladigan futbolchisi: Krishtianu Ronaldu.



Ulug'bek Umarov suhbatlashdi.

Reyting: +10   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика