Andijonning ikki jamoasi Qozog'istondagi turnirning yarim finalida

Mirjalol Normatov
4 may 2018, 07:39
Shu kunlarda qo'shni Qozog'istonning Shimkent shahrida 2006-2007 yillarda tug'ilgan o'smirlar o'rtasida sobiq Ittifoq mehnat qahramoni Boranbek Shukurbekov xotirasiga bag'ishlangan futbol turniri bo'lib o'tmoqda.

Suratda: Farhod G'ofurov murabbiyligidagi Andijon VFIMI jamoasi

11 jamoa ikki guruhga bo'lingan holda bosh sovrin uchun kurash olib borishyapti. Takidlash joizki, ushbu musobaqada respublikamizning Andijon futbol akademiyasi, Qibray hamda Andijon viloyati futbolga ixtisoslashtirilgan maktab internati jamoalari ham o'z omadlarini sinab ko'rishmoqda. Endi guruhlar bilan tanishing:

“A” guruhi: Aris-1 (Qozog'iston), Andijon futbol akademiyasi (O'zbekiston), Qoziyurt (Qozog'iston), Qibray (O'zbekiston), Qirg'iziston o'smirlar jamoasi, So'zoq (Qirg'iziston)

“B” guruhi: Andijon viloyati futbolga ixtisoslashtirilgan maktab internati (O'zbekiston), Aris-2 (Qozog'iston), Chordara (Qozog'iston), Qorabuloq (Qozog'iston), Taraz (Qozog'iston)

O'z vaqtida mamlakatimizning bir qator klublarida to'p surgan Farhod G'ofurov boshchiligidagi Andijon viloyati futbolga ixtisoslashtirilgan maktab internati jamoasi a'zolari barcha uchrashuvlarni qo'tarinki kayfiyatda o'tkazib, “B” guruhida birinchi o'rinni qo'lga kiritishdi. Andijon VFIMI – Aris-2 – 1:1, Andijon VFIMI – Chordara – 4:0, Andijon VFIMI – 3:0, Andijon VFIMI – Taraz - 1:0. 

Ma'lumot uchun, bugun mazkur turnirning yarim final uchrashuvlari bo'lib o'tadi. Aris-1, Aris-2, Andijon futbol akademiyasi hamda Andijon VFIMI final yo'llanmasi uchun kurash olib borishmoqda.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia