"Amir Temur Kubogi" o'z yakuniga etdi, 2020 yilning eng yaxshi musobaqalaridan biri haqida batafsil
11 noy 2020 17:25
Yangiliklar
"Amir Temur Kubogi" o'z yakuniga etdi, 2020 yilning eng yaxshi musobaqalaridan biri haqida batafsil
6 yildan beri O'zbekistondagi eng sara musobaqalarni o'tkazib keladigan "Kelajak Yulduzlari" kompaniyasi bilan hamkorlikdagi bu safargi turnirga Samarqandda "Dinamo FM" va "Odil Ahmedov FA" (Samarqand) mezbonlik qildilar. 2018 yil ilk marotaba bo'lib o'tgan buyuk qirol nomidagi musobaqa bu safar bir yo'la 3ta yosh toifasida tashkil qilindi. 2009 va 2010 yillarda tavallud topgan bolakaylar bosh sovrin yo'lida bahs olib borgan bo'lsalar, 2011 yillar festival ko'rinishida o'tkazildi. Unda qatnashgan barcha jamoalar kubok va medallar bilan taqdirlandilar.
2009 yillar musobaqasining finaliga qadar etib kelgan Termizning "Toj" jamoasi mahalliy "Dinamo FM" klubini mag'lubiyatga uchratib, musobaqa g'olibi bo'ldi. Uchinchi o'rin uchun kechgan bahsda BO'SM-2 (Samarqand) Namanganning "Barkamol Avlod" jamoasini mag'lubiyatga uchratdi.
2010 yillar musobaqasida "Umid FK" ikkita yosh toifasi bilan qirol kubogiga tashrif buyurgan "Traktor"ni 3:1 hisobda mag'lubiyatga uchratdi. Sensacion tarzda musobaqa finaliga chiqa olmagan "Odil Ahmedov FA" esa uchinchi o'rin uchun bahsda BO'SM-2 tarbiyalanuvchilarini mag'lubiyatga uchratdi.
2011 yillar musobaqasida hech qanday g'olib aniqlanmadi. Futbolchilar shunchaki turli viloyat vakillariga qarshi festivalda to'p tepdilar. Hisob qanday ko'rinish olishidan qatiy nazar, bolajonlar penaltilar seriyasida o'z omadlarini sinadilar.
Taqdirlash marosimi shunchaki maydonda nomi uchungina emas, haqiqiy bayram sifatida Registon maydonida tashkil qilindi. Amir Temur va uning avlodlari tomonidan barpo etilgan dunyo mo'jizasida bo'lib o'tgan medallarni taqish marosimi haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Samarqand shahar Jismoniy tarbiya va sport bo'limi boshlig'i Jasur Nurmanov boshchiligida har bir jamoaga kubok va medallarni berishdan tashqari, nominaciyalar bo'yicha eng yaxshilar ham taqdirlandi. 3ta yosh toifasida bo'lib o'tgan musobaqaning kashfiyoti sifatida 2011 yilda tavallud topgan Kozim Kozimov topildi. Samarqandning "Umid FK" klubi azosi 2010 yillar musobaqasi finalida ham o'z hisobiga bitta gol yozib qo'ydi. Termizning "Toj" jamoasi tarbiyalanuvchisi Xayrullaev Sadriddin "Amir Temur" Kubogining eng yaxshi futbolchisi sifatida elon qilindi.
SHu bilan bir qatorda musobaqa tashkilotchilari tomonidan 2009 va 2010 yillarda sovrindor bo'lgan murabbiylarga esdalik sovg'alari topshirildi. 4 kun davomida uchrashuvlarni bir tekisda boshqarib borgan ikki nafar hakam, Artyom Adamyan va Rustam Hakimov ham tashkilotchilarning eslaridan chiqmadi.
Musobaqa so'nggida, bolalar futboli bo'yicha katta tajribaga ega bo'lgan "Kelajak Yulduzlari" kompaniyasi rahbari Nodirxo'ja Yuldashev tomonidan musobaqaning asl tashkilotchilari, kamtarona chetda turgan Alisher Ahmedov, Farhod Norbo'taev, Bektosh Maqsadov, SHarof Rahmonov, SHuhrat Alievlarga musobaqa medallaridan taqar ekan, mana shunday musobaqa uchun barcha ishtirokchi viloyat jamoalarining nomidan minnatdorchilik bildirdi, hamda musobaqaga oid fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- Ancha bo'lgan edi Samarqand bunday chiroyli va fayzli musobaqaga mezbonlik qilmaganiga. Kichik detallardan xato topib, bazi jamoalar shu mehnatni qadriga etmay, turnirni yarim yo'lda tashlab ketdi. Musobaqa o'tkazmaguncha, uni qanday mashaqqat ekanligini his qilib bo'lmaydi. SHu fursatdan foydalanib, yaqin hamkorimiz Alisher akaga barcha bolajonlar nomidan rahmat aytaman va shu o'rinda turnirda ishtirok etgan samarqandlik boshqa do'st murabbiylarimizni keyingi musobaqalarni yanada ajoyib tashkil qilishda, axillikda vodiydan keyin, O'zbekistonning ikkinchi yarmini ham musobaqalar markaziga aylantirishda yordam berishlariga chaqiraman. Bu bilan biz ham harajatdan, ham vaqtdan yutamiz.
Musobaqaning bosh tashabbuskori Alisher Ahmedovga so'z tutdik.
- Avvalo mehnatimizni qadriga etib, ona shahrimiz bo'lgan Samarqandga etib kelgan barcha murabbiy va futbolchilarimizga rahmat aytaman. Musobaqadagi kamchiliklar uchun uzr so'rayman! Turnirimiz ananaviy tus olishi yo'lida qo'limizdan kelgan barcha ishlarni qilamiz. Bugun Toshkentdan keyin, Namangan viloyatining To'raqo'rg'on tumani "Kelajak Yulduzlari" kompaniyasi bilan eng zo'r musobaqalar tashkil qilinadigan hududga aylanib ulgurdi. Toshkentdan bu tomonidagi viloyatlar uchun vodiyga borish katta harajatni talab etadi. Hammada ham birdek imkoniyat yo'q.
"Kelajak Yulduzlari" mana shunday sifatli musobaqani o'tkazishda o'zining katta yordamini bergan Samarqand viloyati hokimligi va sport boshqarmasiga, hamda yashil maydonlarini beg'araz taqdim etgan "Dinamo FM"ga o'z minnatdorchiligini bildiradi.
Fikrlar