Aleksandr Xomyakov: "Xarakter tomondan o'zimizni ko'rsata oldik"
23 okt 22:32
Yangiliklar


Aleksandr Xomyakov: "Xarakter tomondan o'zimizni ko'rsata oldik"
- O'yin haqida fikringiz?
- O'ziga yarasha qiyin bo'ldi. Mavsum oxirlariga kelib har bir uchrashuv shunaqa murakkab o'tyapti. Hammaga ochko kerak, shu bois hech kimga oson bo'lmayapti. Bizning holatda esa oson o'yinning o'zi yo'q. Yigitlarga oxirigacha kurashishgani uchun rahmat aytaman. Barchasidan qoniqdim deya olmayman, lekin o'yinga borini berish va xarakter tomondan o'zimizni ko'rsata oldik. Birinchi taymni juda yaxshi o'tkazdik. Tanaffusdan keyin esa doimgidek hisobni saqlab qolish niyatida o'ynayapmiz. Hatto ustunlikni raqibga topshirgan paytimiz ham bo'ldi. Dastlabki 15 daqiqa ichida ikkita gol urib olganimiz jamoamiz foydasiga ishladi.
- Bugun Izzatillo Po'latovning ikkita gol urishi mashg'ulotlarda ishlangan taktika natijasimi? Chunki o'ng qanot himoyachisi bo'la turib ikki bor to'p kiritdi.
- Bu alohida taktika mevasi emas, balki Izzatilloga vaziyat bo'ldi deguncha yuqoriroq o'tib o'ynashi mumkinligini aytganimizda. U hujumlarga faol qo'shildi va ikkita to'p kiritdi hamda o'ziga berilgan imkoniyatdan yaxshi foydalandi.
- Jamoangiz nega faqat bir taym futbol o'ynayapti?
- Bekitadigan narsamiz yo'q, bizdagi intensivlik faqat bir bo'limga etyapti xolos. Buni o'yin oxirigacha saqlab qola olmayapmiz. Mutaxassislar ham buni ko'rib turibdi. O'yinlar grafigi juda tig'iz ko'rinish olgan, qolaversa zaxira o'rindig'imiz ham tor. Lekin har bir vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz.
- Kubok finalidan oldin "Paxtakor"ni o'rganish qanday ketyapti? Bugun "Paxtakor" safarda "Xorazm" bilan o'ynadi. "Buxoro"dan kimdir raqibni kuzatish maqsadida shu uchrashuvga bordimi?
- Menga malum bo'lishicha, bugun "Paxtakor" ikkinchi tarkibi bilan Xorazmda o'ynagan va etakchi o'yinchilarini olib bormagan. Har holda menda shunaqa malumot bor.
- "Buxoro" jamoasidan raqibni kuzatish uchun kimdir bordimi?
- Nima uchun?
- Raqibni o'rganish uchun.
- Biz 21-asrda yashayapmiz. Raqibni o'rganish uchun stadionga borish shart emas. Buning ustiga biz superklub emasmiz birortani yubora oladigan. O'zimizda muammolar ko'p va shu erda qolib shularni hal qilyapmiz. To'g'risi, hech kimni yubormadik.
- Jamoaning asosiy kuchi finalga asrab qo'yildimi?
- Bu haqda nima deyishim mumkin? Biz o'yin tanlamaymiz. Men futbolchilarga bugun kam kuch bilan harakat qilinglar, ertaga yanayam muhim o'yin bor deb ayta olmayman. Futbolda bunaqasi ketmaydi. Har bir bahs biz uchun final, har bir o'yinda bor kuch bilan harakat qilamiz. Men sehrgar emasman va finalda nima bo'lishini bilmayman.
- Final oldidan muxlislarga nima degan bo'lardingiz?
- Shuni aytishim mumkin, bizga ishqibozlarimizning qo'llab quvvatlashi nihoyatda zarur bo'ladi. Chunki biz ham o'z navbatida muxlislar uchun o'ynaymiz. Bosh sovrin kubokni Buxoroga olib kelish uchun bor imkoniyatni ishga solamiz.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar