So’nggi yangiliklar

09:37Sofascore. Кечаги учрашувда Ҳусниддин Алиқуловнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?   0 09:05Гвардиола кечаги мағлубиятдан сўнг нималар деди?  2 08:36Sofascore. Кечаги учрашувда Аббосбек Файзуллаевнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  1 08:06Саудия Арабистон чемпионати. «Ал Ҳилол» мавсумдаги илк мағлубиятини қабул қилди  0 07:38Суперлига. Бугун 25-тур якунланади  0 04:12"Андижон" ўз уйида "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этган ўйиндан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 04:07Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлган ўйиндан ФОТОГАЛЕРЕЯ  1 02:57Ла Лига. "Барселона" "Сельта"га қарши ўйинда сўнгги дақиқаларда иккита гол ўтказиб, ғалабани қўлдан чиқарди  109 02:06"Челси" 100 миллионлик форвардни харид қилмоқчи?!  2 00:29А Серия. "Милан" ва "Ювентус" ўртасидаги ўйин нурсиз дуранг билан якунланди  9 00:26АПЛ. "Манчестер Сити" ўз уйида "Тоттенхэм"га йирик ҳисобда таслим бўлди  31 23:11Битта гол урилган Тошкентдаги "Олимпик" — "Бунёдкор" ўйинидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 23:00Франция чемпионати. "Ланс" Ҳусановсиз ўз уйида "Марсель"дан учта тўп ўтказиб, мағлуб бўлди  8 22:49Моуринью "Реал" собиқ ўйинчисини нишонга олди  2 22:11АПЛ. "Арсенал"дан йирик ғалаба, лондонликларнинг сўнгги голини ўтган йили Ўзбекистонга қарши баҳсда ҳаракат қилган 17 ёшли ўйинчи урди  10

Aleksandr Geynrix: Qatar bilan o'yinda muxlislarimizga 1-raqamni beraman Yangiliklar

Aleksandr Geynrix: Qatar bilan o'yinda muxlislarimizga 1-raqamni beraman

Men uchun hamisha Geynrix bilan suhbat qurish yoqimli bo'lib kelgan.

Har bir jurnalistda o'zi muntazam fikr almashadigan va suhbat quradigan futbolchilar bo'ladi. Odil Ahmedov, Kamoliddin Tojiev, Aleksandr Geynrix va Ilhom Suyunov kabi futbolchilar bilan suhbatlashib, odam hech qachon zerikmaydi. Bu futbolchilar bilan bir-birimizni yaxshi taniganligimiz uchun suhbatlarimiz doim samimiy va betaraf savollarga boy bo'ladi. Garchi, terma jamoadagi ishi avvalgidek yurishmayotgan bo'lsa-da, Qozog'iston chempionatining eng yaxshi o'yinchilaridan biri bo'lib turgan Sashadan o'zbekistonlik muxlislarning ishonchi katta. Geynrix bilan bu safargi suhbatimiz asosan uning bugungi kundagi jamoasi haqida bo'ldi. Geynrixning intervyularidan muxlislar Mourinoda bo'lgani kabi ajobtovur fikrlarni o'qishga o'rganib qolishgan. Bu safargi suhbatimiz ham hangoma bilan boshlandi.

- Assalomu Alaykum, Aleksandr! Muxlislaringiz sizni sog'inib qolishdi, ko'rinmaysiz?
- Men o'zim o'zimni ko'rmayapman-ku (hazillashadi)!

- Pasportingizni yo'qotib qo'ydingizmi?
- Nega? Yo'q, albatta.

- Unda rasmingizni tomosha qiling!
- Toshoyna ham bor (men hazilni davom ettirayotganmni bilgandan so'ng).

- Aktobedagi ishlaringiz qanday ketyapti? Ko'nikib qoldingizmi?
- Ha, ishlar zo'r. Ajoyib desa ham bo'laveradi.

- Bugungi kunga kelib jamoangiz birinchi pog'onadan joy olib turibdi. Bo'lib o'tgan turlardan xulosa qilib, chempionlikka erishamiz deb o'ylaysizmi?
- Har bir kuchli jamoa o'z oldiga chempionlikni maqsad qiladi. SHunday ekan, agar Aktobe singari o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yayotgan jamoa tarkibida o'ynayotgan ekanmiz, boshqa vazifani maqsad qilib, maydonga chiqa olmaymiz. Bizning asosiy etibor mamlakat chempionligiga qaratilgan.

- Avvalgi yilgi chempion, SHaxtyor 2013 yilda qaysi jabhada ortda boryapti, yoki Aktobe kuchaydimi?
- SHaxtyor bilan nima yuz berayotganini bilmayman. Asosiy etiborni o'z jamoamga qaratganman. Agar biz chempionatning birinchi bosqichida maksimal tarzda ochkolarni qo'lga kiritadigan bo'lsak, pley-off bosqichida biz uchun ancha oson bo'ladi. SHuning uchun butun jamoamiz faqat va faqat g'alaba qozonishni o'ylayapti.

- Legionerlar Qozog'iston chempionatiga qanchalik foyda berishyapti? O'zbekistonda sanoqli futbolchilarni aytmasangiz, qolgani sariq chaqaga ham arzimaydi…
- Ularning foydasi juda katta bo'lyapti. Bu erga 30 yoshdan oshmagan va o'z terma jamoasiga nomzod bo'lgan futbolchilarni chaqiriladi. Legionerlarga bo'lgan talab juda katta. Bu esa chempionat saviyasini oshishiga olib kelmoqda.

- Yil boshida Aktobeni mahalliy mutaxassis Nikitenko qabul qilib oldi. Sizlar esa Muxanov davrida jamoaga taklif qilingan edingiz. Nikitenkoni bizning trioga bo'lgan munosabati qanday?
- Bosh murabbiy bilan munosabatlarimiz yaxshi. Yangi murabbiy himoyaga jiddiy etibor qaratdi va bu natijalarimizga ijobiy tasir ko'rsata boshladi. Buni turnir jadvalidan ham bilib olsa bo'ladi.

- SHuning uchun jamoa kam gol o'tkazyaptimi?
- Bu birinchi sabab, ikkinchisi esa Armaniston terma jamoasi azosi Robert Arzumaniyan va moldoviyalik yarim himoyachi Sergey Kovalchukni jamoaga kelgan bo'ldi. Bu ikki futbolchi himoya tomondan jamoamizga katta foyda bermoqda.

- Hozircha jamoangiz ketma-ket uch o'yinda durang o'ynadi. Meni hayron qoldirgani, ularning ichidagi Akjayik va Jetisu autsayderlar hisoblanadilar. Savolni boshqacharoq qo'ysam, Qozog'istonda peshqadam va autsayder o'rtasida farq qanday?
- Tafovut juda ham kam. Istalgan autsayder jamoa chempionat favoritini mag'lubiyatga uchratishga qodir. Bu erda jamoalarning saviyalari bir-biriga juda yaqin.

- Premer liga rahbarlari o'z klublarini ayab o'tirmayaptilar. Mana bir necha yildirki kuchlilar safida bor yo'g'i 12ta jamoa qatnashyapti. Bazan ochkolar olib tashlanyapti. Bizning PFLda ham shunday keskin choralar ko'rish kerak deb o'ylamaysizmi?
- Men aksincha fikr bildirgan bo'lar edim. Bizda kuchli jamoalar ko'paysin. SHundagina bizga ham kuchli legionerlar kelishadi. Hozirgi 3+1 menimcha kamdek.

- Lekin gapimga qo'shilmasdan o'zga chorangiz yo'q. Agar 5+1 legionerlar tizimiga o'tadigan bo'lsak, bizdagi sariq chaqalik futbolchilar 3tadan 5taga ko'payadi. Hamma jamoa ham Miladinovich, Pishur, Gevorkyan va Gogol kabi o'yinchilarni saralamayapti?
- Bu borada qo'shilmay ilojim yo'q.

- O'zbekiston chempionatini kuzatyapsizmi? Bugungi Paxtakor va Neftchiga qanday sharh berasiz?
- Albatta. Menimcha, Paxtakorga tajriba etishmayapti. Yoshlar safiga ko'pni ko'rgan tajribali futbolchilarni jalb qilish kerak deb o'ylayman. Neftchi esa so'nggi paytlarda safar o'yinlarida yaxshi o'ynay olmayapti. Bu yil esa o'z maydonida ham kerakli ochkolarni yo'qotdi. Faoliyatim davomida Neftchiga qarshi juda zo'r o'yinlarda maydonga tushganman. Neftchi va Paxtakor hurmatga loyiq klublardir.

- Afsuski, chempionatimiz saviyasi tushib ketdi. Tabiiyki, bu 2018-22 yillardagi JCH oldida terma jamoamiz uchun katta muammo tug'dirishi aniq. Hozirgi terma jamoa, 2002-2008 yillardagi oliy liga mevasi deb bilaman.
- Bu gapga qo'shilaman. Ichki chempionat qanchalik kuchli bo'lsa, milliy terma jamoa ham shu saviyada bo'ladi.

- Terma jamoamiz oldida o'ta muhim o'yinlar turibdi…
- Bu borada bir gapni aytishim mumkin. To'g'ri, bazan o'yinimiz chiqmayapti. Bu futbol, o'sish va pasayishning oldini olib bo'lmaydi. Ammo barchamiz jahon chempionatiga chiqishni istaymiz. Buni hammamiz yaxshi his qilib turibmiz. Biz kabi futbolchilar uchun bu so'nggi imkoniyat bo'lsa, yoshlar uchun Evropaga chiqish eshiklari degani. SHuning uchun bu chempionat barchamiz uchun kerak. Livan bilan o'yin haqida to'xtalib o'tsam, bilasizmi, men bunday muxlislikni anchadan beri ko'rmagan edim. Bizning muxlislarimiz hech kimdan kam emasliklarini o'sha kuni isbotlashdi. O'yinimiz o'xshamay turgan paytda, muxlislar 60 daqiqadan keyin shunday ishqibozlik qildilarki, ishoning, men futbolchiman, har qanday o'yinchi bunday holda mondrajga tushib qoladi. O'sha kuni muxlislarimizga 10 ball qo'ydim! Koreyada bizni o'ta qiyin o'yin kutib turibdi. Lekin Qatar bilan bo'lib o'tadigan uchrashuvda muxlislarimiz 12chi o'yinchi emas, 1chi o'yinchi sifatida yurtimiz sharafini himoya qilsalar, biz aniq g'alaba qozonamiz. 60-daqiqada boshlangan ajiotajni ilk daqiqalardan ko'rsata olsalar, biz azaliy orzumiz bo'lgan jahon chempionati yo'llanmasini aniq qo'lga kiritamiz.

- Aleksandr, sayt o'quvchilariga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur!
- Kapadze va Bikmaevlardan hamma o'zbekistonliklarga katta salom!


Nodirxo'ja Yuldashev suhbatlashdi
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика