So’nggi yangiliklar

07:45Шунчаки қойил! 6 очкодан маҳрум бўлган Канада аёллар терма жамоаси плей-оффга йўл олди. Чорак финал жуфтликлари билан танишинг  1 07:00Бугун Париж Олимпиадасида қайси спортчиларимиз иштирок этишади? (рўйхат)  0 04:48Париж-2024. Ўзбекистон гуруҳ босқичида барча жамоалар ичида қандай кўрсаткичлар қайд этди?   12 00:32Расман: "Милан" Павлович трансферини эълон қилди  1 00:01"Атлетико" "Барселона" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  0 23:31ЕЧЛнинг янги формати тасдиқланди: анъавий гуруҳ босқичи ўтмишга айланди, қуръани махсус компьютер ўтказади  15 22:30Аёллар футболи афсонаси Марта ўзининг Олимпиададаги катта эҳтимол билан сўнгги ўйинида қизил карточка олди  4 21:43Расман: АПЛ "Манчестер Сити"ни жаримага тортди  2 21:18Килиан Мбаппе ўзи ўйнаган клубни расман сотиб олди  2 20:49Юрген Клопп қачон мураббийликка қайтиши ҳақидаги саволга жавоб қайтарди  3 20:25Расман: "Насаф" сербиялик вингер трансферини эълон қилди  8 19:46Суперлигада тоза ўйин вақти ошди  6 19:20"Боруссия" "Манчестер Сити" футболчисини сотиб олади  0 18:43Расман: U-20 Осиё кубогида чемпион бўлган футболчимиз легионерга айланди  8 18:18Флик "Барса" ҳақида: "Манчестер Сити"дек иш тутмоқчимиз"  0

Akrom Komilov: Zalcburgga qo'yib yuborishmaganidan afsuslanaman Yangiliklar

Akrom Komilov: Zalcburgga qo'yib yuborishmaganidan afsuslanaman

Xabaringiz bor, O'zbekiston milliy jamoasi iyun oyi boshida Montevideo shahrida Urugvayga qarshi tarixiy o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdi.

To'g'ri, vakillarimiz avval ham ushbu mamlakat termasi bilan bir necha marotaba to'qnash kelishgandi. Lekin milliy jamoalar darajasidagi o'yin ilk marotaba tashkil qilindi: termamiz Montevideo shahridagi tarixiy stadionda, yulduzli tarkibga ega jamoaga qarshi maydonga tushdi.

Garchi o'sha o'yinda yirik hisobdagi mag'lubiyat qayd etilgan bo'lsa-da, Suares, Kavani, Muslera singari yulduzlarga qarshi kechgan uchrashuv futbolchilarimiz uchun har tomonlama foydali bo'ldi. Biz ana shu o'yin tafsilotlari yuzasidan terma jamoamizning qanot himoyachisi Akrom Komilovdan intervyu oldik.

- Akrom, bunday uzoq safarga birinchi chiqishingiz edimi?

- Yo'q, avval ham olis yurtlarga borganmiz. Lekin bu galgisi ancha murakkab bo'ldi.

- Uzoq safar deganda, uch qitani kechib, okean ortiga borilganini nazarda tutgandim.

- Ha, haqiqatan ham, Urugvayga etib borishimizga deyarli bir sutka vaqt ketdi. Toshkent - Istanbul - Madrid - Montevideo aviareysi orqali manzilga etib bordik. Delegaciyamizning ayrim azolari hatto Madriddan avvaliga Braziliyaga uchib borib, keyin u erdan Urugvay poytaxtiga etib olishdi. Adashmasam, shunga o'xshash safarlar shaxsan mening faoliyatimda uch marotaba bo'lgan. O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bilan birga jahon chempionatida ishtirok etish maqsadida Yangi Zelandiyaga borganman. O'sha safarimiz ham ancha murakkab kechgandi. Keyin Afrikaning qaysidir davlatida ham o'yin o'tkazganmiz. Faqat hozir qaysi mamlakatda bo'lganini aniq eslay olmayapman. Qolaversa, bu yil hisobidan Marokashga safarimiz ham engil bo'lmadi.

- Lekin baribir, bu galgi safar boshqalaridan ajralib turdi. Yulduzlarga qarshi kechgan o'yinni qolganlari bilan taqqoslab bo'lmaydi, nazarimda. SHunday emasmi?

- Albatta. Bu o'yin avvalgilaridan ajralib turdi. Uchrashuvga alohida ruhiy tayyorgarlik ham bo'ldi. O'zimizni yulduz futbolchilarga qarshi bahsda qanday tutishimiz hamma uchun qiziq edi. Bu borada aynan ruhiy tayyorgarlik muhim rol o'ynardi. O'ylashimcha, mana shu sinovdan muvaffaqiyatli o'ta oldik. To'g'ri, natija biz uchun ijobiy ko'rinish olmadi. Lekin jahon chempionatida favoritlar qatorida qaralayotgan jamoaga qarshi munosib o'yin ko'rsata oldik, deb o'ylayman. Bu kabi uchrashuvlarning ko'proq o'tkazilishi futbolimiz rivojiga xizmat qiladi.

- Luis Suares, Edinson Kavani singari yulduzlarni jonli tarzda ko'rish, ularga qarshi o'ynash, siz tasavvur qilgandan ham boshqacha taassurot uyg'otdimi?

- SHubhasiz. Bir narsani uyalmasdan ayta olaman, siz sanab o'tgan futbolchilarning o'yinlarini hatto stadiondan kuzatish ham bizlarga orzu edi. Lekin ana shu orzu ortig'i bilan ro'yobga chiqdi. Biz yulduzlarga qarshi maydonga tushdik. Eng muhimi, o'zimizni yo'qotib qo'yganimiz yo'q. Bilasizmi, ana shu o'yindan keyin bir narsani o'ylab qoldim - biz ham Evropaning eng kuchli beshta chempionatida bemalol o'ynay olar ekanmiz. Faqat bunga o'zimizni ishontira olishimiz va shu narsani amalga oshirish uchun harakat qilmog'imiz lozim. Yil boshida kim ham Senegal, Marokash, Urugvay singari dunyoning etakchi jamoalari bilan o'ynashimizni o'ylabdi deysiz. Hech kimning xayoliga ham kelmagandi. To'g'ri, kimlardir aytishi mumkin, «Mundial oldidan guruhdagi raqiblari Osiyo jamoalari bo'lgani uchun biz bilan o'ynashga rozilik bergan», deb. Lekin ular ham baribir, termaning potencialiga etibor qaratishgan.

- Milliy jamoamiz bosh murabbiyi Temir Kapadze o'yindan oldin nimalar dedi?

- Bu hammamiz uchun juda yaxshi imkoniyat ekanligini murabbiylar aytmasa ham bilardik. Ular bizga aynan shuni uqtirishdi. Qolaversa, Temur aka o'yindan oldin bolalarni tinchlantirib, raqibdan hech qanday kam joyimiz yo'qligi, o'z o'yinimizni bemalol namoyish etishimiz kerakligini aytdilar. Eng muhimi, qo'rqmasdan to'p surishimizni so'radilar. SHu o'rinda bir narsani aytishim kerak. Agar mamlakatimizdagi iqtidorli yigitlarni yoshlikdanoq Evropa klublariga qo'yib yuborishsa, bizda ham kamida Urugvay darajasidagi o'yinchilar hamda terma jamoa shakllanadi, vakillarimiz saviya jihatidan raqiblardan aslo qolishmasdi, ishoning, terma jamoamiz allaqachon jahon chempionatiga chiqqan bo'lardi. Afsuski, bizda bunday emas. Achchiq bo'lsada ushbu haqiqatni tan olishimiz kerak.

- Istedodli futbolchilarimizni, siz aytgandek, Evropa jamoalariga qo'yib yubormaslikka qandaydir to'siqlar xalal beradimi?

- To'siqlar... keling, bu mavzuda chuqurlashmay qo'ya qolay. Nima uchun koreyalik futbolchilar Angliya, Ispaniya, Germaniyaning ko'zga ko'ringan klublarida o'ynashadi? Ularning bizdan ortiq joyi bormi? Kerak bo'lsa, biz ularni o'smir va yoshlar futbolida mag'lub etganmiz. Nega ular bizdan vaqt o'tishi bilan o'zib ketishyapti? CHunki ularni yoshlikdan o'sha tomonlarga arzimagan pulga qo'yib yuborishadi. Yosh futbolchi uchun otning kallasidek pul so'rashmaydi. Klublar mamlakat futboli rivoji yo'lida istedodli yoshlarning Evropa klublariga yo'l olishlarini taminlab beradi. Bizda esa aksincha holat kuzatilmoqda. Bugungi kun bilan yashayapmiz-da! Agar hech bo'lmasa, bir futbolchi «ko'hna qita» klubida muvaffaqiyatli o'ynab keta olsa, buning natijasida keyinchalik boshqa o'zbekistonlik futbolchilarga ham yo'l ochiladi. Evropaliklar O'zbekistondan shunday istedodlarni qidirib, chempionatimizni kuzata boshlashadi. Kechirasiz-u, sayyoramizning kuchli klublarida hech kim o'ynamaganidan keyin o'zbekistonlik futbolchilarga qanday qiziqish bo'lsin? Osiyodagi asosiy raqiblarimiz hisoblangan Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya allaqachon Evropa futboli bozorida o'z reklamasini qilib bo'lgan. SHuning uchun ham bu mamlakat vakillariga hamisha ehtiyoj saqlanib qolmoqda. SHu narsaga erishmas ekanmiz, bizga mundialda o'ynash armon bo'lib qolaveradi.

- Sizda shunday imkoniyat bo'lganmi? Masalan, Yangi Zelandiyadagi jahon chempionatidan keyin faoliyatingizni biror-bir kuchliroq chempionatda davom ettirish uchun takliflar kelib tushganmi?

- Ha, menda ham shunday imkoniyat bo'lgan. Faqat Yangi Zelandiyadagi yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatidan keyin emas, undan avvalroq, BAA mezbonlik qilgan o'smirlar mundialidan so'ng Evropa klubiga taklif qilishgan.

- Qaysi klubdan taklif bo'lgandi va nima yoki kim sizning ketishingizga to'sqinlik qilgan?

- Menga Avstriyaning mashhur va nomdor jamoasi «Red Bull Zalcburg»dan taklif bo'lgandi. Ular meni ko'rikdan o'tish uchun chaqirishgan. Jamoa mashg'ulotlarida ishtirok etganman. Ikkita o'rtoqlik uchrashuvida maydonga ham tushganman. Murabbiylarda iliq taassurot qoldira olganman. Lekin afsuski, malum bir sabablarga ko'ra bu transfer amalga oshmay qolgandi. Albatta, hozirgacha shundan afsuslanaman. Ammo hali yoshman va o'ylaymanki, Evropa klublarida o'ynashga ulguraman.

- Nimaga «Zalcburg»da qolmagansiz? Klubingiz transfer uchun katta summa so'raganmi?

- O'shanda «Zalcburg» klubi murabbiylari va shaxsan jamoa prezidenti mening qolishimni xohlashgan. Hatto o'sha mavsum uchun asosiy tarkibdan joy ham kafolatlashgandi. Keyin o'rnimni saqlab qolish o'z qo'limda bo'lishini aytishgandi. Bu borada menga yordam berishlarini ham takidlashgandi. Birinchi navbatda, o'zimdan qolish istagim borligini so'rashgan, keyin shaxsiy shartnoma masalasida ham kelishib olgandik. SHunda ular «Klubing bilan aloqaga chiqamiz, ular rozi bo'lishsa, o'sha kunning o'zida shartnoma imzolaymiz», deyishdi. Keyin men Toshkentga qaytib keldim. Bir haftadan keyin klubimizdagilar «Seni olishmadi», deyishdi. Albatta, o'sha payt yosh bo'lganman, qaerga murojaat qilishni bilmaganman. Hech kimga dardimni gapira olmasdim. Eshitadigan odamning o'zi yo'q edi. Bilmadim, o'shanda jamoamizdagilar «Zalcburg»ga qanday javob berishgan ekan? Bunisi menga qorong'u. Bilganim shuki, Avstriya klubida meni kutishayotgandi. SHundan keyin hammasi suv quygandek jim-jit bo'lib ketgandi. Haligacha o'sha transfer amalga oshmay qolganidan afsuslanaman.

- Akrom, endi yana Urugvay bilan o'yinga qaytsak. O'sha uchrashuvning dastlabki 30 daqiqasida chindan ham yaxshi o'ynadinglar. Keyin nima bo'ldi?

- Agar birinchi golni o'tkazmaganimizda, uchrashuvning oxirigacha shunday o'ynagan bo'lardik. Keraksiz holatda kiritilgan to'p bizni ruhan sindirib qo'ydi. To'g'ri, futbolda gollar asosan yo'l qo'yilgan xatolardan so'ng uriladi. Ayniqsa, Urugvayga o'xshagan jamoalar bunday xatolarni aslo kechirmaydi. Hujumda kamchilik bo'lsa ham aql bilan ish yuritib, o'z maqsadiga erishadi. Etibor bergan bo'lsangiz, o'sha o'tkazib yuborilgan goldan keyin biz «sinib» qoldik. Ungacha esa urugvayliklar hech narsa qila olishmayotgandi. Yo'l qo'ygan xatoimiz uchun ayovsiz jazolashdi.

- Afsuski, maydondan chetlatildingiz va buning natijasida jamoadoshlaringizni qiyin holatda qoldirdingiz. Xolis fikringizni ayting, o'sha qizil kartochka ko'rsatilgan vaziyatda hakam haqmidi?

- Menimcha, qizil kartochka ko'rsatadigan vaziyat emasdi. Bu mening shaxsiy fikrim.

- O'yin davomida yulduz hujumchilarga qarshilik ko'rsatdingiz. Haqiqatan ham ular maydonda juda tezkormi?

- Men bunday demagan bo'lardim. Tezligi xuddi biznikidek. Faqat fikrlab, tezkor qaror chiqarishida farq bor.

- Bu o'yin Marokash, Senegal va Eronga qarshi kechgan uchrashuvlardan nimasi bilan farq qildi?

- Ochig'ini aytsam, shaxsan menga Marokash termasi Urugvaydan ko'ra kuchliroq ko'rindi. Janubiy Amerika jamoasi bilan o'tgan o'yin biz uchun osonroq o'tdi. Lekin Urugvayda Marokashga qaraganda kuchli ijrochilar ko'proq. O'yinning borishini o'zgartira oladigan futbolchilar masalasida Urugvay ustun. Ammo Marokashning ham o'ziga yarasha kuchli jihatlari ko'zga tashlandi. Masalan, marokashlik futbolchilar raqibning aldab o'tishiga yo'l qo'yishmadi. To'pni mahorat evaziga olib qo'ya olmagan taqdirda, mayda fol, yani qoidabuzishlar evaziga bo'lsada, raqibni to'xtatib qoladi. Hujum uyushtirishga qo'ymaydi. SHu jihatidan ham Urugvayga qarshi kechgan o'yinimiz osonroq bo'ldi.

- O'yindan keyin futbolchilarimiz mezbon jamoa azolari bilan o'zaro libos almashtirishdimi?

- SHaxsan men bunday qilmadim. O'zimning futbolkam yaxshi (kuladi). Bazi jamoadoshlarimiz esa almashtirishdi.

- Suares va Kavani o'z futbolkalarini kimlarga berishdi?

- Luis Suares futbolkasini hech kimga bermadi. Kavani esa Zabihillo O'rinboevga taqdim etdi.

- Mezbonlar mashg'ulot o'tkazish uchun yaxshi sharoit yaratib berishdimi?

- To'g'risini aytaman, sharoitlar biz kutganchalik yaxshi bo'lmadi. Maydonning sifati talab darajasida emasdi.

- Ko'pchilik jamoamiz o'ynagan taktikani maqtadi...

- Temur aka o'yinga yaxshi taktika tanlay oldilar. Ochig'ini aytsam, oldin terma jamoamizda o'yin tizgini yo'qolgandi. Hozirgi yosh futbolchilardan iborat tarkib esa o'ziga ishonch bilan maydonda harakat qilyapti. Bu erda jamoa ustozining roli ham katta. Bosh murabbiy futbolchilarni har tomonlama tushunib, o'yinga to'g'ri tayyorlay bilyapti. O'zi ko'rishni istagan futbolni shogirdlari ongiga singdira olyapti. O'ylaymanki, mana shu tarkib bilan jahon chempionatiga chiqish vazifasini bajarsa bo'ladi.


Manba. "Interfutbol" gazetasi

Reyting: +40   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика