Jaloliddinov, Erkinov, Abdixoliqov - ortga qaytgan legionerlarni oldinda nima kutmoqda?
26 iyu 13:26
Yangiliklar


Jaloliddinov, Erkinov, Abdixoliqov - ortga qaytgan legionerlarni oldinda nima kutmoqda?
Ayrimlar shiddat bilan porlab, yangi bosqichlarga ko'tarilmoqda, boshqalar esa barqaror o'yin amaliyoti va ishonch etishmasligi tufayli yana yurtimizga qaytishni maqul ko'rmoqda. Ko'pincha bu qaytishlar nafaqat futbolchi uchun, balki uni jalb qilgan klub uchun ham foydali bo'ladi. Ushbu yozda O'zbekiston Superligasiga qaytgan besh nafar muhim futbolchi haqida so'z yuritamiz: ular kim, qaydan keldi, qaysi jamoaga o'tdi va nimalar kutish mumkin?
Jasur Jaloliddinov — "Sumqait" → "So'g'diyona"
Jasur Jaloliddinov bir necha yildan buyon istedodli, lekin barqarorlik etishmaydigan futbolchi sifatida tilga olinib keladi. "Bunyodkor"da porlab, Evropa klublarining etiboriga tushgan Jasur bir paytlar Rossiyaning "Lokomotiv", "Tambov", keyinchalik "Andijon", "Lokomotiv", "Neftchi" safid qildi.
So'nggi manzili Ozarbayjonning "Sumqait" jamoasi bo'ldi – bu erda u 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, bir assist bilan cheklandi. Bu ko'rsatkich uning iqtidoriga nisbatan juda kam. Ammo so'nggi paytda jizzaxliklar safida o'tkazayotgan nazorat uchrashuvlarida u nafaqat gol urish, balki o'yinni boshqarish, tezkor qarorlar qabul qilish kabi hislatlarini namoyon qilmoqda.
Agar u to'liq imkoniyatga ega bo'lsa va o'ziga bo'lgan ishonchni qayta tiklasa, ikkinchi davraning eng yaxshi transferi bo'lishi turgan gap.
Bobir Abdixoliqov — "Sumqait" → "Paxtakor"
Bobir Abdixoliqov — hujumchi sifatida qanday futbolchi ekanilgi sir emas. O'tgan yili "Nasaf" bilan mamlakat chempionligini tantana qildi, muhim o'yinlarda gollar urdi, assistlar berdi va jamoaning to'liq azosiga aylandi. Shundan so'ng u ham Ozarbayjonning "Sumqait" klubiga yo'l oldi.
U erda 13 ta o'yinda 4 ta gol va 3 ta assist bilan jamoaning muhim figurasiga aylanishga harakat qildi. Shunga qaramay, uning faoliyati uzoqqa cho'zilmadi – "Paxtakor" unga eshiklarini ochdi. Endi u Igor Sergeev bilan asosiy hujumchi bo'lish uchun raqobat olib boradi. Bu raqobat har ikki futbolchiga ham foyda beradi.
Bobir uchun "Paxtakor" yangi chorlov – u "Nasaf" bilan qo'lga kiritgan chempionlikni endi "sherlar" safida takrorlashga intiladi.
Xojimat Erkinov – "Al Vahda" → "Paxtakor"
Xojimat Erkinov uchun "Paxtakor" begona emas – u bu jamoada o'sdi, tanildi va yorqin o'yinlari bilan muxlislar etirofini qozondi. 2023 yilda qisqa vaqtga jamoaga qaytganida, u chempionlik qo'lga kiritgandi. Keyin BAAning "Al Vahda" klubiga yo'l oldi va u erda Pro ligada 31 ta uchrashuvda 1 gol va 6 assist bilan munosib faoliyat olib bordi.
Endi u yana Toshkentga qaytdi. Bu safargi maqsadi aniq: jamoada o'z o'rnini qayta egallash. Erkinov tezkor futbolchilar toifasiga kiradi — vaziyatni tez baholab, qanotlarda keskinlik yarata oladi, hujumdagi sheriklariga yordam beradi.
Agar u barqarorlikka erishsa, "Paxtakor" safidagi bu uchinchi fasl Xojimat uchun faoliyatidagi samarali davr bo'lishi mumkin.
Abbos Otaxonov – "Muangtong Yunayted" → "Xorazm"
2018 yilgi U-23 Osiyo chempionatidagi g'alabali tarkibning azosi Abbos Otaxonov ham o'tgan davrda legioner sifatida o'zini sinab ko'rdi. 2024 yilda Tailandning "Muangtong Yunayted" jamoasi bilan shartnoma imzoladi va 27 ta uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta gol va 1 ta assistga mualliflik qildi. Uning o'yini murabbiylar tomonidan ijobiy baholandi.
Endi Abbos Hakim Fuzaylov boshchiligidagi "Xorazm" klubiga o'tdi. Fuzaylov va Otaxonov 2023 yil "Buxoro"da birga ishlagan — shundan so'ng ular o'zaro tushunish va ishonchga erishgan. "Xorazm" uchun bu tandem katta salohiyatga ega, Otaxonovning transferi esa himoyani mustahkamlash bilan birga, mudofaadagi raqobatni oshishiga xizmat qiladi.
Aziz Turg'unboev - "Sivasspor" → ?
Tajribali yarim himoyachi Aziz Turg'unboev Turkiyaning "Sivasspor" klubida 33 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Unga ayrim vaziyatlarda jarohatlar tasir qilgan bo'lsa-da, kuchli chempionatda o'zini yo'qotib qo'ymadi. Unga bu yozda nafaqat O'zbekiston jamoalari, balki Eron klublari ham qiziqish bildirdi.
Hozirda u "Paxtakor" safida mashg'ulot olib bormoqda. Shu bilan birga, "Navbahor" ham uni o'z safiga qo'shishni xohlamoqda. Turg'unboevning qarorini tez fursatlarda elon qilsa kerak. U qaysi jamoani tanlasa ham, etakchi bo'lishi va katta tajribasi bilan foyda keltirishi mumkin.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
Kimga sir emas!?Qanday futbolchi!?
Man uchun masalan sir!!Zoʻr hujumchi emas lekin
Oʻzlaricha Pele Pele deb maqtagandilar .....Vijdonan yozinglare