“Yoshlik” - ochiq birinchilik g'olibi

Narzulla Saydullayev
8 iyun 2018
Xorazm viloyati markazida qad rostlagan “Yoshlik” sport majmuasi stadionida 2004-2005 yillarda tug'ilgan yosh futbolchilar o'rtasida Urganch shahridagi Sport o'yinlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan BO'SMning ochiq birinchiligi nihoyasiga etdi.

Birinchilikda mezbonlardan tashqari Qoraqalpog'iston respublikasi va  Navoiy viloyatlaridan jami 14 ta jamoa qatnashdi. Dastlab uchrashuvlar to'rt guruhda olib borildi. So'ngra, o'z guruhlarida yaxshi ko'rsatkichga ega bo'lgan sakkizta jamoa chorak finalda maydonga tushdi. O'z navbatida ushbu juftlik g'oliblari yarim finalda o'zaro kuch sinashishdi.

Yarim final
Urganch OZK(Urganch) – “Turon”(Nukus) – 0:1,
“Yoshlik”(Urganch)-“Do'stlik”(Urganch) – 2:0.

Hal qiluvchi uchrashuvda “Yoshlik” jamoasining yosh futbolchilari nukuslik tengdoshlarini 3:2 hisobida mag'lubiyatga uchratib, qutlug' ayyom munosabati bilan uyushtirilgan ochiq birinchilik g'olibiga aylanishdi. “Do'stlik” jamoasiga uchinchi o'rin nasib etdi.

- Sport maktabimiz tomonidan bayramlar va shonli sanalar munosabati bilan musobaqalar tashkil etishni ananaga aylantirganmiz, - deydi Urganch shahridagi SO'EAIBO'SMning yo'riqchi-uslubchisi Anvar Alimov.-Bu gal ham bundan mustasno bo'lmadi. Albatta, bundan yosh “charm to'p” ustalarimiz juda xursand bo'lishdi. Ayniqsa, birinchiligimizda Qoraqalpog'iston respublikasi va Navoiy viloyati  jamoalarining ishtiroki musobaqamiz nufuzini yanada oshirib yubordi.

-  Jamoam finalgacha yetib kelganidan juda xursandman, - deydi “Turon” jamoasi murabbiyi Jalg'ashbay Sarsenov. -  Musobaqa yuqori saviyada o'tkazildi. Asosiysi, ushbu o'yinlar shogirdlarimning mahoratining oshishiga xizmat qildi. Umid qilamanki, kelgusida ular orasida yurtimiz dovrug'ini ko'klarga ko'taradigan sportchilar yetishib chiqadi. Bunga aminman.
   


Ikrom XUDOYBERGANOV



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia