Xayrulla Hamidov: "Afsungar"

Aslanov Jasurbek
21 mar 2024
Bugun 21 mart. Yurtimiz daholaridan biri rahmatli Abdulla Oripov tavallud topgan kun.

Buyuk shoir. Futbol maydonining ham bir shoiri borki, u bugun qirq to'rtga to'ladi: Ronaldinyo!


Braziliya futboli deganda ko'proq mana shu yigitni tushunishimiz shart. Chunki Rivaldoning o'yin uslubi qaysidir mamlakatda ulg'aygan yigitda shakllanishi mumkindir, Ronaldoning goleadorligi ham braziliyaliklarning o'zlariga xos jihat emas, Roberto Karlosning zarbalari siri ham Kopakabana plyajlarining qumliklariga yashirinmagan - boshqa joyda ham topilib qolishi mumkin yodgorlik... Ammo Ronaldinyoning maydondagi o'yini, xatti-harakati, gol urishi, fintlari va hattoki to'psiz turishlari ham Braziliya futbolining milliy ifodasidir. Bu felni, bu fitratni faqat o'sha diyor etishtirib chiqaradi. Boshqa mamlakatda bu kabi elastik harakatlar muallifi bo'lib ulg'ayish imkonsiz. 


Ronaldinyo yuqori formada nari borsa besh yil o'ynadi. Biroq, ana shu besh yil ichida u yashil maydonda raqsga tushdi. Haligacha Muhammad Alining 10-raundda, raqibi butunlay holdan toygan paytda raqsga tushib yurganiga hayron qolishadi. Ronaldinyo ham shunday o'yinchi edi. U futbolchi emas, o'yinchi edi.

Haligacha echilmagan bir muammo saqlanib qolgan: Ronaldinyo dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo'lib turgan paytlari “Barselona”ni tark etdi va Messi atalmish dahoga o'z taxtini bo'shatib ketdi. Leo va uning mitti jamoasi Ronaldinyodek darg'aning ketganiga qaramay, katta natijalar qayd etib, kataloniyaliklar braziliyalik yulduzni ketkazib to'g'ri qilishganini isbotlashdi go'yo. Ammo “Barsa” shu qarori bilan baribir boshqa bir narsani yo'qotgandi o'sha kuni. Jamoaga natijalar keltirgan va dunyoga tiki-taka atalmish mashhur uslubni taqdim etgan jamoa bir o'yinchi ijrosidagi estetik zavqdan ayrilib qolgandi.


Messi va uning do'stlari jamoaviy o'yin bilan raqiblarini er bilan bir qilib tashlayotgan paytlari eski kataloniyalik ishqibozlar maydonda bir kemtik o'rinni ilg'ab qolaverishdi. Bu kemtik o'rin Ronaldinyo o'zidan keyin tashlab ketgan zargarona harakatlar edi. 


Yillar o'tib Ronaldinyoga o'xshashga intilganlar keldi. Ular ham braziliyalik, ularda ham Ronaldinyoning bazi harakatlariga intilishlar kuzatiladi. Biroq, Roni bu uslubning original egasi bo'lgani uchun ulardagi suniylik sezilib turaverdi. Qahramonimiz shu uslub bilan tug'ilgan edi, u bu uslubga intilmasdi, balki shu uslub bilan yashab kelayotgan edi. 


“Milan”dagi Ronaldinyoni afsusu nadomatlar bilan eslashadi. Lekin bilasizmi, inson baribir o'zligini hech qayerda yo'qotmaydi. Hozirda youtube tarmog'ida braziliyalik afsungar ijrosidagi chiroyli fintlarni izlasangiz, uning bu harakatlari barcha o'ynagan jamoalari libosida chiqib kelaveradi. Yani, o'sha oqsoqlanib qolganida ham, qay bir kuni o'zining Ronaldinyo darajasida o'ynab bergan bo'ladi u. O'sha uslub uning qoniga singib ketganidan dalolat bu.

Yillar o'tadi, yaqin o'tmish va hozirgi avlod futbolchilari kelajak tomonidan tahlil qilinganida, aniqki, Ronaldinyoning harakatlariga kelganida, insofli muxlis to'xtaydi. Bu qanaqasi, deydi. Bu nimalar qilyapti, deydi. Bu qadar go'zallikni odam o'zida qanday jamlashi mumkin, deydi. Shu bois, hozirda etti-sakkiz yoshga kirgan bolangizga yaqin o'tmishda o'ynagan futbol yulduzlarining roliklarini qo'yib berayotganingizda, Ronaldinyonikini ko'rsatmay turinglar, aks holda, uning harakatlari ko'zni qamashtirib, Oltin to'pni qalashtirib tashlagan va natijalari kattaroq yulduzlarni ko'rmay qolishi mumkin bolangiz.


Xayrulla Hamidov


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: t.me/xayrulla_hamidov