Ummondagi muvaffaqiyatsizlikning bosh aybdori kim? (So'rovnoma natijalari)

Narzulla Saydullayev
2 fev 2014, 13:18
Saytimizga U-22 Osiyo chempionatidan so'ng “Ummondagi muvaffaqiyatsizlikning bosh aybdori kim?” mavzusida so'rovnoma qo'ygandik.
Bugun mazkur so'rovnoma natijalarini e'lon qilamiz.

Ma'lumki, Shuhrat Maqsudov boshchiligidagi jamoa u yerda uchta o'yin o'tkazib, bir g'alaba va ikki mag'lubiyat qayd etgan holda ortga qaytib keldi. Yoshlar terma jamoamiz bu bilan hatto guruhdan ham chiqa olmadi. Vaholanki, biz ulardan kamida yarim finalga chiqishni kutgandik.

So'rovnoma qo'yilganidan beri shu kungacha jami 847 nafar kishi ishtirok etibdi. Quyida natijalarni keltirib o'tsak.

So'rovnoma: Ummondagi muvaffaqiyatsizlikning bosh aybdori kim?
Murabbiylar shtabi – 308 ovoz
Futbolchilar – 81 ovoz
Terma jamoalar markazi – 181 ovoz
O'FF – 277 ovoz

Ko'rib turganingizdek, eng ko'p ovozni “Murabbiylar shtabi” degan javob olgan. Yani, so'rovnomada ishtirok etgan 308 kishi aynan shu variantda to'xtalgan. Buning ham o'ziga yarasha sabablari bor, albatta. Ushbu jamoaga yangi bosh murabbiy etib Shuhrat Maqsudov tayinlandi. Tan olaylik, Maqsudovda jamoani tayyorlash uchun etarlicha fursat bo'lmadi. Ehtimol, shuning uchun ham murabbiy natija ko'rsata olmagan bo'lishi mumkin. Lekin bu variant eng ko'p ovoz yiqqaniga qaraganda, muxlislar Shuhrat Maqsudovdan xafa bo'lishgan, chunki bu tarkib bilan hech bo'lmaganda guruhdan chiqishimiz shart edi.

Keyin 277 ovoz to'plagan holda O'FF varianti ikkinchi o'rinni egalladi. Buning boisi shundaki, O'FF ham bosh murabbiyni tanlashda, ham jamoaga kerakli sharoitlarni qilib bermagani uchun muxlislarning ko'p qismi shu javobda to'xtalgan. Aslini olganda O'zbekiston futbol federatsiyasi butun o'zbek futbolini nazorat qiladigan tashkilot hisoblanadi. Har qanday yoshdagi terma jamoalarning faoliyati shu tashkilotga bog'liq. Albatta, O'FF tomonidan U-22 jamoamizga e'tibor yuqori bo'lmaganidan keyin guruhdan chiqa olmaslik oddiy hol sanaladi.

“Terma jamoalar markazi” degan javob esa 181 ovoz bilan uchinchi bo'ldi. Markazni tashkil etishdan maqsad nima bo'lgani barchamizga ma'lum. Lekin Markazning faoliyati bugungi kunda ko'pchilikni qoniqtirmayapti. Buni Ummondagi qita birinchiligida ishtirok etgan yoshlar terma jamoasiga kerakli o'rtoqlik o'yinlari va puxta tayyorgarlik rejasini tuzib bermaganidan ham bilsak bo'ladi.

Va nihoyat eng kam ovozni “Futbolchilar” varianti yig'ibdi. Futbolchilarimizning o'yinini ko'rdik, ularda ishtiyoq bo'lgani bilan tayyorgarlik sust olib borilgani tufayli o'ylagan barcha ishlarini maydonda amalga oshira olishmadi. Aslini olganda bu terma jamoaning muvaffaqiyatsizligida ko'p ham futbolchilarni ayblamaslik kerak. Eng asosiy ayb baribir murabbiylar shtabi, O'FF va Terma jamoalar markaziga borib taqalaveradi. O'yinchilarimizning salohiyatidan kelib chiqib ular bundan ortig'iga loyiq edilar deya olamiz. O'quvchi bilmasa ayb avvalo o'qituvchida bo'ladi deganlaridek, futbolda shunday bo'lmog'i lozim. Murabbiy o'rgatmaganidan keyin futbolchi ham o'z bilganicha to'p tepaveradi.

Xayrulla Xoliqov.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia