Ulug'bek Bakaev: "U-21 jamoamizni doim kuzatib kelyapmiz"

Aslanov Jasurbek
13 apr 2026
Superliga 7-turidan o'rin olgan "Qizilqum" – "So'g'diyona" (1:3) uchrashuvidan keyin "So'g'diyona" bosh murabbiyi Ulug'bek Bakaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- O'yin yaxshi boshlandi, har ikki jamoa ham himoyada o'ynab, ham hujumga o'tdi. Birinchi taymda gol urishga muvaffaq bo'ldik, o'sha vaziyatda yarim himoyachi xatoga yo'l qo'ydimi yo himoyachimi, hozir bir narsa deyishim qiyin. Keyin ikkinchi golni urdik va tanaffusga yo'l oldik. Ikkinchi bo'limda tezkor qarshi hujumga o'tib, yana to'p kiritdik. Va oxirida bitta gol o'tkazib yubordik. Jamoamizni mavsumdagi ilk g'alaba bilan tabriklayman. Bugun maydonga tushgan hamma borini berdi, tartibli o'yin namoyish etishga harakat qildik. "Qizilqum" jamoasiga keyingi bahslarda omad tilayman.

- O'tgan yil va undan oldingi yil aksar murabbiylar U-21 bir kun oldin o'ynashi kerak deb "yig'lashgandi". Mana hozir 7ta tur o'tdiki, men bironta bosh murabbiyni U-21 o'yinlarida ko'rmadim. Shunday ekan, bu mavzuni ko'tarishning nima keragi bor edi?

- Men uchun bu savolga berish qiyin. Lekin sizni hurmat qilganim uchun javob berishga harakat qilaman. Balki bosh murabbiylarda vaqt bo'lmayotgandir, balki yordamchi murabbiylar U-21 o'yinlariga borayotgandir.

U-21 musobaqasini o'tkazishdan maqsad yoshlarni ko'rib olish va yaxshi futbolchilarni asosiy jamoaga taklif etib raqobat shakllantirish. Hozir texnologiya davrida yashayapmiz: o'yinlar videoga olinyapti, hammada yozuvlar bor, xullas ma'lumotga ega bo'lish imkoniyati ko'p. Shaxsan men uchun U-21 jamoalar bahsi asosiy jamoa o'yinidan bir kun oldin o'tkazilgani yaxshi. Chunki o'zini ko'rsatgan yoshlarda ertasi kun qaydnomaga kirish imkoni bo'ladi.

Bizning jamoada yordamchilarim har doim U-21 o'yinlarini stadionga borib ko'radi. Kecha asosiy jamoa uch futbolchisini U-21ga yuborib ular haqida tegishli bahoni bilib oldik. Boshqalar haqida gapira olmayman, lekin biz U-21 jamoamizni doim kuzatib kelyapmiz.

- Bugungi muvaffaqiyatning asosiy kaliti nimada?

- Ikkala jamoa ham o'yindan oldin o'raga tushib qolgandi. Raqibimiz bungacha g'alaba qozongan bo'lsa, bizda umuman g'alaba yo'q edi. "Qo'qon-1912" bilan bahsda 2ta to'p kiritib, keyin 2ta gol o'tkazdik. "Dinamo" bilan 1:0 hisobida oldinga o'tib olib, yakunda ikkita o'tkazdik. Bundan ko'rdikki, futbolchilarni avvalo ruhan tayyorlash kerak. Ikkinchi masala, jamoaning jismoniy holati. Biz 70-daqiqalarga kelib gol o'tkazyapmiz. Bugungi o'yinning 50-daqiqasida "Qizilqum" hujum tashkil etib, raqib o'yinchisi 20 metrdan zarba yo'lladi. Yaxshiyamki bu vaziyatda darvozabonimiz goldan qutqarib qoldi. Agar raqib gol urganida uchrashuv qanday kechardi, bilmayman.

- Jamoangiz darvozaboni Shohruh Isoqov juda chiroyli ikkita seyvni amalga oshirdi.

- Bu uning ishi. Kerak bo'lsa, ikkita emas o'n marta seyv qilishi kerak. Biz unga ishonyapmizmi, demak u ham ishonchni oqlashi kerak. Hozircha eng ko'p gol o'tkazgan jamoa biz bo'lib turibmiz. Shohruh bu statiskani ko'rib xulosa chiqarishi lozim. Uning "nolga" turishini xohlayman va bu borada unga omad tilayman. Barchasi o'z qo'lida.

DSC_0006.JPG


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia