Turkiya Superligasi. Autsaydyerdan sensaciya va "Galatasaroy"dan irodali g'alaba yoxud 8-tur yakuni

Narzulla Saydullayev
22 okt 2019, 12:44
Kuni kecha, Turkiya milliy chempionatida navbatdagi tur o'yinlari bo'lib o'tdi va unda ishqibozlar bir necha uchrashuvlarda "gollar shousi"ga guvoh bo'lishdi.

Galata saroyida bayram

Ayni paytda, turnir jadvalining "ekvator" qismida ishtirokchilar juda zich joylashishgan. Turni ochib bergan o'yinda ham, ana shunday jamoalar "Galatasaroy" va "Sivasspor" o'zaro bahs olib borishdi. Uchrashuvda, mezbonlar Florin Andonening "dubl"i va Rayan Babel tomonidan urilgan gol evaziga g'alabani qo'lga kiritishdi. Bunga, sivasliklardan Aruna Kone va Eshilyurtlar kiritgan to'plari bilan javob qaytarishdi. Ushbu muvaffaqiyat orqali istanbulliklar jadvalda quvib yetishga erishishdi.




Autsayder narasi

Ushbu turga qadar hali biron marta g'alaba sharbatidan totib ko'rmagan jamoa “Genchlerbirligi” kutilmaganda yana bu etmaganidek mehmonda “Antalyaspor”ni sharmandali ko'rinishda er tishlatdi va so'nggi o'rindan bitta tepaga siljishga muvaffaq bo'ldi. Uchrashuvdagi gollarga kelsak, o'ziga xos “benifisi”ni namoyish etgan Daniel Kandeyash “xet-trik”ni rasmiylashtirdi. Jovanni Sio “dubl” qayd etgan bo'lsa, yana bir golga Stanku mualliflik qildi. Shunday qilib, Antaliya shahri jamoasi joriy mavsum hisobidan eng yirik mag'lubiyatini quyi pog'ona vakilidan qabul qilib oldi va 10-o'ringacha tushib ketdi.



Raqobatchilar bahsida izmirliklar mag'lub

Musobqa jadvalida bir-biriga maksimal darajada yaqin joylashgan klublar “Istanbul Bashakshehir” va “Gyoztepe” o'zaro bellashishdi. O'yin kutilganidek, qiziqarli va keskin kurashlar ostida o'tdi va unda ko'hna shahar jamoasi bo'lgan istanbulliklar minimal hisobda g'alaba qozonishdi. Gollarga, g'olib tomon vakillaridan Gulbrandsen va vaqtida “Liverpul” sharafini himoya qilib, havas qilsa arzigulik katta yutuqlarga erishgan tajribali himoyachi Martin Shkrtel so'nggi soniyalarda kiritgan g'alaba to'pi bilan mualliflik qilishdi. Bunga, mehmonlardan Soner Aydogdu birgina goli orqali javob qaytardi. Shu tariqa, Izmir shahri klubi raqobatchisini quvib yetish imkoniyatidan foydalana olmadi.



Trabzonda navbatdagi g'alaba

So'nggi paytlarda, muvaffaqiyatli odimlayotgan jamoalardan biri “Trabzonspor” bu safar o'z uyida o'tgan turda muxlislari qarshisida istanbulliklardan engilgan bechorahol “Gaziantep”ni ayab o'tirmadi va raqibini 4:1 ko'rinishida mahv etdi. Gollarga kelsak, mezbonlarning ko'pchilikka malum va mashhur bo'lgan golni nishonlash bo'yicha antiqa “qo'g'irchoq” uslubiga ega super forvardi Daniel Starrij hisobni ochib berdi. Yana Syorlot, Yusuf Sari va vaqtida “Milan”da o'ynagan Xose Ernesto Sosa bittadan to'p kiritishdi. Gazishehirliklardan esa, yagona golga Jefferson mualliflik qildi. “Trabzonspor” qatorasiga erishilgan uchta g'alabadan keyin, 2-o'ringacha ko'tarilib oldi.



Anqara va Istanbul to'qnashuvida durang

Shanba kungi o'yinlarning so'nggisida hozirda o'ziga yarashmagan o'rinlarni band etib turgan ikki buyuk tarixga ega klublar “Anqaragyujyu” va “Beshiktosh” o'zaro to'qnash kelishdi. Tengma-teng kurashlarga boy o'tgan uchrashuvda hisob ochilmadi. Har ikkala jamoa futbolchilarida ham gol urish uchun bir qator qulay imkoniyatlar yuzaga keldi. Biroq, nursiz durang qayd etilishining bosh sababi tomonlar aynan yaratilgan vaziyatlardan samara chiqarishda oqsashgani bilan bog'liq. Ushbu natijadan so'ng, jamoalar turnir jadvalida tegishlicha ketma-ket 12-13-pog'onalarga joylashishdi.



Autsayderlar jangida murosa

Joriy mavsumni juda sust boshlagan va turnir jadvalining quyi qismida izg'ib yurgan jamoalar “Qaysarispor” va “Qosimposho” o'zaro bahs olib borishdi. Uchrashuvga to'xtalsak, qeskin tortishuvlarga to'la bo'lgan o'yinda har ikkala jamoa vakillariga naq sakkizta sariq kartochka ko'rsatildi va natijada tomonlar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekishdi. Avvaliga, mehmonlar Mame Tiam 6-daqiqada urgan goli evaziga oldinga chiqib olishdi. Ammo, Pedro Enrike ikkinchi bo'lim boshlarida to'p kiritdi va jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qoldi. Bu bahs natijasiga ko'ra, mezbonlar ohirgi o'ringa mustahkamroq joylashishdi. Qosimposholiklar bo'lsa, “qizil chiziq” yoqasida turishibdi.



Shavqat bilmas yetakchi

Oldingi tur doirasida, mamlakatning uzoq yillik gigant klublaridan biri bo'lgan “Beshiktosh”dan engilgan musobaqaning hozirgi karvonboshisi “Alanyaspor” bu safar o'z maydonida qatorasiga to'rtinchi o'yinda ham mag'lubiyat ko'chasiga kirgan “Rizespor” ustidan ortiqcha qiyinchiliklarsiz g'alabaga erishdi. Gollarga, mezbonlardan bir vaqtlar Angliya Premer-ligasi to'purarlari ro'yxatida yetakchilar qatorida yurgan Pappis Sisse “dubl” qayd etdi. Jayxun Gyulselam, Bakasetas va Fernandeslar bittadan gol urishdi. Rize shahri jamoasidan esa, Fernando Boldrin kiritgan ikkita to'pi bilan faqatgina hisobni qisqartirishga muvaffaq bo'ldi.



Debyutant yana mag'lub

Mana uchinchi o'yindirki, mag'lubiyat domidan chiqib keta olmayotgan va tobora jarlikka sho'ng'iyotgan ayanchli holatdagi “Denizlispor” bu safar o'z muxlislari qarshisida o'ynab, musobaqaning kuchli ishtirokchilaridan biri bo'lgan “Fenerbaxche”ga yutqazib qo'ydi. O'yinga kelsak, Tolga Jigerji hisobni ochdi va mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo'limning 62-daqiqasida chempionatning ko'zga ko'ringan vingerlaridan biri Vedat Muriki o'rtadagi farqni ikkitaga oshirdi. Estupinan tomonidan kiritilgan gol Denizli shahri jamoasiga umid bag'ishlagandi. Biroq, ularning kuchi bundan ortig'iga yetmadi.



Raqobatchilar to'qnashuvi

Turnir jadvalida bir-biriga juda yaqin joylashgan va o'tgan turda yirik g'alabalarni nishonlagan klublar “Konspor” bilan “Yeni Malatspor” o'zaro jang olib borishdi. Uchrashuvda, Sergen Yalchin shogirdlari ishonchli hisobda g'alaba qozonishdi. Kiritilgan gollarga, jamoaning tajribali azosi Gilerme va bosh murabbiyning adashi bo'lgan yosh umidli yarim himoyachi Robin Yalchin mualliflik qilishdi. Ushbu muvaffaqiyat orqali, malatyaliklar asosiy raqobatchilarini jadvalda ortda qoldirishdi. Mezbon jamoa “Konyaspor” esa, omadsiz yakunlangan bahsdan keyin 4-o'rindan to'rt pog'ona pastladi.




Xondamir Hakimov

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia