Turkiya-2013: O'zbekiston Urugvayga imkoniyatga boy berdi

Narzulla Saydullayev
30 iyun 2013
29 iyun, shanba kuni Antaliyadagi Akdeniz universiteti stadionida O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi Turkiyada davom etayotgan U-20 JCH-2013 guruh bosqichidagi so'nggi o'yinini o'tkazdi.
Ahmadjon Musaev shogirdlarining guruh bosqichidagi so'nggi raqibi, Janubiy Amerika vakili – Urugvay yoshlar terma jamoasi bo'ldi. Uchrashuv O'zbekiston yoshlar terma jamoasi uchun omadsiz kechdi.

Shu kungacha O'zbekiston va Urugvay terma jamoalari FIFA bayrog'i ostidagi turli musobaqalarda to'qnash kelishgan. Birinchi to'qnashuv 2009 yili, Misrda o'tkazilgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida sodir bo'lgan, o'shanda janubiy amerikaliklar Ahmadjon Ubaydullaev qo'l ostidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasini 3:0 hisobida mag'lubiyatga uchratishgan edi. Oradan ikki yil o'tib, Meksikada tashkil etilgan o'smirlar o'rtasidagi 2011 yilgi jahon chempionati chorak finalida Aleksey Evstafeev qo'l ostidagi O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi urugvaylik tengqurlariga 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

Oradan yana ikki yil o'tib, 2013 yilning yozida O'zbekiston va Urugvayning Meksikada to'qnashgan futbochlilari Turkiyada o'zaro uchrashishdi. Har ikkala terma jamoa tarkibida Mekiskadagi musobaqada ishtirok etgan tarkibdan olti nafardan futbolchi jalb etilgan bo'lib, Antaliyada kechgan o'yinda 2011 yilning 3 iyul kuni o'tkaizlgan o'yin ishtirokchilaridan, Urugvay terma jamoasida Gaston Silva, Leonardo Pais va Jianni Rodriges, O'zbekiston safida esa Sardor Rahmonov, Abbosbek Maxstaliev, Sardor Sobirxo'jaev va Muhsinjon Ubaydullaev ilk daqiqalardan maydonga tushdi.

Baxtga qarshi, o'zbekistonlik yosh futbolchilar Urugvayga qarshi o'yinlardagi noxush ananani bu safar ham to'xtata olishmadi. Xuan Verzeri shogirdlari O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasiga qarshi o'yinni omadli o'tkazib, 4:0 hisobida g'alaba qozondi. Darhaqiqat, Urugvay yoshlar terma jamoasiga ko'p jihatdan omad kulib boqdi. Chunki O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi markaziy yarim himoyachisi Jamshid Iskanderovning birinchi bo'lim ikkinchi yarmidagi kutilmagan jarohatiga qadar, Ahmadjon Musaev shogirdlari ishonchli o'yin ko'rsatib, to'p nazorati bo'yicha ham ustunlik qilib turishgandi. Majburiy almashtirishdan so'ng esa, ko'p o'tmay, Urugvay hisobni ochdi va o'yin davomida Asilbek Omonov darvozasiga yana uch marta aniq nishonga oldi.

Urugvay yoshlar terma jamoasiga qarshi o'yindagi mag'lubiyatga qaramay, O'zbekiston yoshlar terma jamoasi, guruh bosqichining Yangi Zelandiya (3:0) va Xorvatiyaga (1:1) qarshi dastlabki ikki o'yinida to'rt ochko jamg'arib ulgurgani sabab, kamida uchinchi o'rin egasi sifatida, pley-off bosqichi yo'llanmasini o'zi uchun ijobiy hal qilib bo'lgandi.

U-20 JCH-2013, guruh bosqichi
F guruhi, 3-tur uchrashuvi
O'ZBEKISTON – URUGVAY 0:4 (0:1)
Gollar:
Jino Avesedo (38), Nikolas Lopes (47), de Arraskaeta (64), Ruben Bentankur (77).
Ogohlantirishlar: Abdul Aziz Yusupov (40), Jaloliddin Masharipov (53 ) – Jino Avesedo (89).
O'ZBEKISTON: Asilbek Omonov, Tohirjon Shamshitdinov, Sardor Rahmonov, Boburbek Yo'ldoshev, Abbosbek Maxstaliev, Vladimir Kozak, Diyorjon Turopov, Jamshid Iskanderov (Jaloliddin Masharipov, 34), Abdul Aziz Yusupov (Igor Sergeev, 51), Sardor Sobirxo'jaev (Zabihillo O'rinboev, 77).
URUGVAY: Gilermo de Amores, Gaston Silva, Leonardo Pais, Sebastyan Kristoforo (Gonsalo Bueno, 80), Jorjian de Arraskaeta (Ruben Bentankur, 67, Nikolas Lopes, Diego Lasalt, Jino Avesedo, Jianni Rodriges, Xose Ximenes (Emiliano Velaskes, 80).
Bosh hakam: Viktor Kashshai (Vengriya).

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com