Tramp Balogunning qizil kartochkasi haqida: "Bunday qilish mumkin emas"

Aslanov Jasurbek
6 iyul 2026, 21:19
AQSH prezidenti Donald Tramp AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga ko'rsatilgan qizil kartochka xususida o'z fikrlarini bildirdi.

AQSH terma jamoasi hujumchisi JCH-2026 1/16 finalida Bosniya va Gertsegovinaga qarshi kechgan bahsda (2:0) Tarik Muxaremovichning oyoq to'piga bosib olgani uchun VAR tekshiruvidan so'ng qizil kartochka olgandi. Keyinchalik Balogunning bir o'yinlik diskvalifikaciyasi bir yillik sinov muddati bilan to'xtatib turildi – endi hujumchi 1/8 finalda Belgiyaga qarshi maydonga tushishi mumkin.

Avvalroq siyosatchi Balogunning chetlatilishi yuzasidan FIFA rahbari Janni Infantinoga qo'ng'iroq qilganini va o'zining "sport borasida yaxshi tushunchaga ega ekanligini" tasdiqlagandi.

"Birinchidan: bu fol emasdi. Odamlar eng yaxshi o'yinchilar ishtirok etadigan o'yinlarni tomosha qilishni xohlaydi.

Agar Messini o'yindan chiqarib yuborsak, o'zingizni qanday his qilardingiz? U kim bilandir to'qnashib ketdi-ku. Yoki Ronalduni chiqarib yuboramiz. Ronaldu kimnidir turtib yubordi – uni o'yindan chiqarib tashlaymiz! Yoki Xarri Keynni. Xarri Keyn, biz seni o'yindan chiqarib yuboramiz, Xarri, chunki sen kimnidir oyog'iga biroz kuchliroq zarba berding. Bunday qilish mumkin emas.

Bizda eng yaxshi o'yinchilar bo'lishi kerak. Darvoqe, Belgiyada ajoyib jamoa bor. Bizda eng yaxshilarimiz, ularda esa o'z eng yaxshilari bo'ladi. Yutamizmi yoki yutqazamizmi, bu adolatli bo'ladi. Tasavvur qiling, biz uni (Balogunni) yo'qotdik va o'yinni boy berdik. Bu dahshatli bo'lardi", – dedi Tramp.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: CTV News