Temur Olimxo'jaev: Futbolchilar saralash bahslariga tayyor

Narzulla Saydullayev
22 sen 2013, 14:41
O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Olimxo'jaev U-16 OCH saralash bahslariga o'z shogirdlari tayyor ekanini ta'kidladi.
Temur Olimxo'jaev bosh murabbiyligidagi O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi 25-29 sentyabr kunlari Toshkent shahri mezbonlik qiladigan 2014 yilgi U-16 OCH saralash bahslarida Yaman hamda Falastin o'smirlar terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Olimxo'jaev o'z shogirdlarining saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun har tomonlama tayyor ekanini ta'kidladi.

Saralash bahslari oldidan etarlicha tayyorgarlik ko'rdik. Yaman hamda Falastinga qarshi kechadigan uchrashuvlarda mazmunli va chiroyli o'yin ko'rsatib kelasi yili Tailandda bo'lib o'tadigan Osiyo chempionati bahslariga yo'llanmani qo'lga kiritishni istaymiz, - deydi Olimxo'ajev.

18 sentyabr kuni Qatar o'smirlar terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik o'yini Toshkentdagi ilk xalqaro o'yin bo'lgani uchun futbolchilarda biroz hayajon sezildi. Qatarga qarshi o'yinda ko'p imkoniyatlardan foydalana olmadik. Buning ustida albatta ishlaymiz va saralash bahslarida chiroyli va mazmunli o'yin ko'rsatishga harakat qilamiz, - deya qo'shimcha qildi O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi.

Tarkibimizda ikkita futbolchida kichik jarohat bor. Ammo 27 sentyabrda bo'lib o'tadigan ilk o'yinimizgacha ular tiklanib safga qaytishi kutilmoqda. 24 sentyabr kuni futbolchilar bilan saralash o'yinlari oldidan mashg'ulotlarni boshlaymiz. Saralashdan muvaffaqiyatli o'ta olsak oldimizda etarlicha vaqt bo'ladi. Bu vaqt oralig'ida terma jamoada selekciya ishlarini olib borishni va tarkibga yana bir qator iqtidorli futbolchilarni jalb etishni maqsad qilganmiz, deydi Olimxo'jaev.

Eslatib o'tamiz, Olimxo'jaev shogirdlari saralash bahslarining ilk o'yinida 27 sentyabr kuni Falastin o'smirlar terma jamoasiga qarshi maydonga tushsa, 29 sentyabr kuni JAR stadionida Yaman o'smirlar terma jamoasiga qarshi o'ynaydi.


U-16 o'smirlar o'rtasidagi OCH-2014 saralashi.
V Guruhi. Toshkent. JAR stadioni. 25-29 sentyabr.


25 sentyabr.
Yaman (U-16) - Falastin (U-16)

27 sentyabr.
O'zbekiston (U-16) - Falastin (U-16)

29 sentyabr.
O'zbekiston (U-16) - Yaman (U-16)

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com