Superliga. So'nggi tur oldidan so'nggi prevyu

Xayrulla Xoliqov
3 dek 2020, 13:16
Bugun bo'lib o'tadigan o'yinlardan so'ng navbatdagi Superligaga yakun yasaladi.

Sovrindorlar ma'lum: "Paxtakor" - chempion, "Nasaf" - kumush va AGMK - bronza medallar sohibi. Lekin bitta savol qolyapti: Superligadan kim tushib ketadi? Da'vogarlar esa uchta: "Buxoro", "Andijon" va "Surxon". 

Uchala jamoa ham mavsumni yaxshi o'tkaza olmadi. Har uchta jamoada yil bo'yi past-balandliklar ko'p bor kuzatildi. Bugun mana shu klublardan biri to'g'ridan to'g'ri Superligani tark etadi. Yana bir jamoa o'tish turnirida o'ynaydi. Quyida bugungi juftliklar haqida bazi ma'lumotlarni keltirib o'tamiz.


PAXTAKOR – ANDIJON

- "Paxtakor" chempionlikni hal qilib bo'ldi. "Andijon"ning vazifasi esa og'ir. Chunki bu jamoa Superligadan tushib ketish xavfida turibdi.

- Ikkinchi davra boshlanganidan beri "Paxtakor" uy uchrashuvlarining barchasini g'alaba bilan yakunladi: uch o'yin, uch g'alaba. 

- "Andijon" avvalgi ikki turda mag'lub bo'ldi. Umuman olganda andijonliklar ikkinchi davrada faqat ikki bor g'alaba qozongan.


AGMK – BUXORO

- AGMK o'z tarixida ilk bor bronza medallarga ega chiqdi va bu bilan klub a'zolarini, jamoa muxlislarini tabriklab qolamiz. 

- So'nggi o'rinda borayotgan "Buxoro"ni bugun faqat g'alabagina qoniqtiradi, ammo bu oson bo'lmaydi.

- Ketma-ket to'rtta mag'lubiyat qayd etgan AGMK har tugul o'tgan ikki turda to'rt ochkoli bo'ldi. 

- "Buxoro" ikkinchi davrada hali yutmadi. Jamoaning yagona g'alabasi birinchi davrada "Surxon" ustidan qo'lga kiritilgan.


SURXON – SO'G'DIYONA

- "Surxon" ham xavfli zonada turibdi, lekin bu jamoaning imkoniyati "Andijon" va "Buxoro"ga nisbatan birmuncha yaxshiroq. 

- Termizliklar oxirgi uch turdan beri g'alaba qozona olishmayapti: bir durang, ikki mag'lubiyat. 

- "So'g'diyona" o'z maydonida "Nasaf"ni mag'lub etganidan so'ng oxirgi turda mag'lubiyat va durang qayd etdi.


QIZILQUM – BUNYODKOR

- "Qizilqum" birinchi davrada ikki bor zafar quchgandi, ikkinchi davrada tarkibini kuchaytirib 3ta bellashuvda g'olib chiqdi. 

- Navoiyliklar oxirgi uch turdan beri mag'lubiyatga uchrashmayapti: ikki durang va bir g'alaba. 

- "Bunyodkor" ikkinchi davrani ham birinchisidagi kabi o'tkazdi. Abramov shogirdlari oxirgi 3 o'yindan ikkitasini g'alaba bilan tugatishdi.


QO'QON-1912 – NAVBAHOR

- Qatorasiga uchta mag'lubiyatdan so'ng o'tgan turda uch ochkoli bo'lgan "Qo'qon-1912" bugun o'z maydonida "Navbahor"ni qabul qiladi. 

- "Navbahor" o'tgan ikki turda g'alaba qozona olmadi. Jamoa bir mag'lubiyat va bir durang qayd etdi. Bungacha namanganliklar ketma-ket uchta bellashuvda zafar quchishgandi.


MASH'AL – METALLURG

- Oxirgi turlarga kelib "Mashal" uyg'ondi. Muborakliklar ikkinchi davrada qatorasiga 7 bor mag'lub bo'lib, oxirgi ikki turda g'alaba qozonishdi. 

- "Shunday bo'ldiki, "Metallurg" ketma-ket 9ta bahsda g'alaba qozona olmadi. Bu jamoaning safarda oxirgi g'alabasi ikkinchi davra boshida "Qo'qon-1912" bilan o'yinda ro'y bergandi.


NASAF – LOKOMOTIV

- Kumush medallarga ega chiqqan "Nasaf" bugungi bahsni ortiqcha bosimsiz o'tkazadi. O'tgan ikki turni g'alaba bilan yakunlagan qarshiliklar mavsumning so'nggi o'yinida ham o'z muxlislarini xushnud etishga harakat qilib ko'rishadi. 

- "Lokomotiv" ikkinchi davrada ancha o'zgardi va 6ta bahsda zafar quchdi. Jamoa birinchi davrada 9 bor mag'lub bo'lgandi, ikkinchi davrada faqat ikkita bellashuvda imkoniyatni boy berdi. 

- Bugun "Lokomotiv" birinchi davrada "Nasaf"dan uchralgan 0:4 hisobidagi mag'lubiyat alamini olishga urinib ko'radi.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia