Stipe Perica: "Bazida aniq raqamlarni maqsad qilib qo'yish ortiqcha bosim keltirib chiqaradi - ham o'zing uchun, ham jamoa uchun"

Sherzod Nurmatov
25 mar 2026
“Neftchi”ning xorvatiyalik hujumchisi Stipe Perica klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Jamoaga bunday tez kirishib kyetishingiz nima bilan bog'liq? Superligada 4 o'yinda 4 ta gol urishingizni kutganmidingiz?

- Avvalo, mavsumni jamoa sifatida juda yaxshi boshladik. Barcha futbolchilar yuqori darajada o'ynayapti - Superkubokni qo'lga kiritdik va ketma-ket to'rtta g'alabaga erishdik, bu esa ishonchimiz uchun juda muhim. Umid qilamanki, shu ruhda davom etamiz va yana g'alaba qozonamiz. Jamoada ahillik bor, mening asosiy maqsadim - sifatli o'yin ko'rsatish. G'alabaga erishish uchun gol urish kerak, albatta, har bir hujumchi gol urishni xohlaydi.

- Dastlabki turlar o'tib bo'ldi. Jamoa bosh murabbiyi Islom Ismoilov va murabbiylar shtabi haqida qanday fikrdasiz?

- Bizda juda yaxshi murabbiy va murabbiylar shtabi bor. Ular bizga to'g'ri ko'rsatmalar berishadi va biz bunga amal qilamiz. Natijalardan ham ko'rinib turibdi - dastlabki o'yinlardanoq yaxshi futbol ko'rsatdik, gollar urdik va o'yinlarda ustunlik qildik. Jamoada juda yaxshi kollektiv yig'ilgan. Ismoilov yosh murabbiy, lekin uning g'oyalari va jamoani qanday o'ynatmoqchi ekanligi yaqqol ko'rinib turibdi. U har kuni qattiq mehnat qiladi va jamoada kuchli liderlik namoyon etadi. Unda qatiyat bor, shu bilan birga, biz birgalikda rivojlanish jarayonidamiz. O'ylaymanki, mavsum davomida yanada kuchayamiz - Ismoilov ham jamoa bilan birga o'sadi, biz esa u bilan birga rivojlanamiz.

- Faoliyatingiz davomida top-5 chempionlarlaridan birida faoliyat olib borgansiz. Shular haqida gapirib bering…

- Yevropadagi faoliyatimdan juda ko'p yaxshi xotiralar qolgan. Bu faoliyatimdagi muhim bosqich bo'lgan va futbolchi sifatida o'sishimga katta yordam bergan. Italiyada - Milan, Rim, Neapol kabi shaharlarda bo'lish va o'ynash men uchun katta tajriba bo'lgan. Shuningdek, Polshada o'tkazgan ayrim uchrashuvlarim ham unutilmas bo'lib qolgan. Albatta, Yevropa musobaqalarida ishtirok etish esa alohida hissiyot, bunday lahzalar doim yodda qoladi.

- O'zbekistonga kelishingizga nima turtki bo'ldi va "Neftchi" haqida nimalarni bilar edingiz?

- Bu erga kelishga asosiy turtki - chempionlik uchun kurash va Osiyo Chempionlar Ligasida o'ynash imkoniyati. Bu mening asosiy maqsadim edi. Shuningdek, jamoada o'ynayotgan ayrim futbolchilar bilan gaplashdim va klub haqida juda ko'p ijobiy fikrlar eshitdim. Shu narsa “Neftchi”ga kelish qarorimga katta ta’sir ko'rsatdi.

- Jamoadagi boshqa legionerlar bilan aloqangiz qanday?

- Jamoada hamma bilan juda yaxshi munosabatdaman. Barcha futbolchilar meni qo'llab-quvvatlamoqda, ayniqsa, legionerlar. Biz o'xshash tillarda gaplashganimiz uchun bir-birimizni yaxshi tushunamiz va bu menga ancha engillik yaratadi. Jamoada bir necha bolqonlik futbolchilar bor va ular menga nafaqat maydonda, balki maydon tashqarisida ham juda katta yordam berishdi. Masalan, Farg'onani aylanib ko'rishdan tortib, moslashish jarayonigacha - hamma narsada yordam qo'lini cho'zishdi.

- Farg'onalik muhlislarni Yevropa futboli muhlislariga o'xshatish mumkinmi?

- Ha, albatta. O'yinlarda  atmosfera juda zo'r, ayniqsa, oxirgi o'yinda. Superkubok bahsi a'lo darajada o'tdi, 3:1 hisobida g'alaba qozongan oxirgi uchrashuvimizda stadiondagi muhit yanada boshqacha edi. Muxlislarimiz qarshisida o'ynash - juda yoqimli. Ular bizga maydonda qo'shimcha motivaciya beradi.

- O'z odingizga shaxsiy vazifa qo'ydingizmi? Misol uchun, Superligada to'purar bo'lishni?

- Men aniq raqamlar yoki shaxsiy maqsadlarga e'tibor qaratishni yoqtirmayman. Men uchun eng muhimi - jamoaga yordam berish. Agar jamoa yaxshi o'ynasa, gollar o'zi keladi. Men ko'proq jamoaviy natijaga e'tibor qarataman, individual statistikaga emas. Bazida aniq raqamlarni maqsad qilib qo'yish ortiqcha bosim keltirib chiqaradi - ham o'zing uchun, ham jamoa uchun.

- Muhlislarimizga aprel oyidagi “boksing dey” oldidan nima degan bo'lar edingiz?

- Hozir biz tayyorgarlikka to'liq e'tibor qaratganmiz va har bir o'yinga bosqichma-bosqich yondashyapmiz. Eng muhimi - diqqatni yo'qotmasdan, har bir uchrashuvda bor kuchimizni berish. Oldinda muhim o'yinlar borligini bilamiz va ijobiy natijalar uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Muxlislarimiz qo'llab-quvvatlasa, bu davrni muvaffaqiyatli o'tkazamiz. Ishonamanki, muhlislar muhim bahslarda oldimizda bo'ladi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Нефтчи" матбуот хизмати