

Kuni kecha "So'g'diyona"da bo'shab qolgan bosh murabbiy lavozimiga Ulug'bek Baqoev nomzodi ko'rib chiqilayotgan va muzokaralar davom etayotgani haqida xabar bergandik.
Ma'lum bo'lishicha, muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan va tomonlar o'zaro kelishuvga erishishgan. O'tgan mavsum yakuniga qadar "Buxoro" bosh murabbiyi bo'lib ishlagan Ulug'bek Baqoev o'z xohishi bilan iste'fo chiqqandi. Endilikda mutaxassis Superligada "So'g'diyona" bosh murabbiyi sifatida ishlaydi. Ayni paytda Baqoev jamoani qabul qilib olgan va keyingi tur o'yiniga tayyorgarlik ko'rmoqda.

Tez orada murabbiy o'z shtabiga kerakli mutaxassislarni yig'ishi ham kutilmoqda.
Eslatib o'tamiz, kelasi turni "So'g'diyona" Jizzaxda "Metallurg"ga qarshi o'tkazadi. Qizig'i, Ulug'bek Baqoev o'zining "Buxoro" jamoasidagi oxirgi o'yinini aynan "Metallurg"ga qarshi o'tkazgandi.



