Shevchenko: “Eng muhimi - pley-offdan o'tib, JCH–2026 yo'llanmasiga ega chiqish”

Iskandarov Abdulaziz
6 dek 2025, 09:25
Ukarina futbol assotsiatsiyasi prezidenti Andrey Shevchenko Ukraina uchun Jahon chempionati–2026 qur'asi haqidagi taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

"Biz uchun eng asosiy kutilma - pley-off orqali jahon chempionatiga chiqish. Shu bois birinchi navbatda aynan shu o'yinlarga puxta tayyorgarlik ko'rish kerak. Guruh masalasiga kelsak, raqiblar kuchli ekanligi ayon, ammo bosh maqsad - avvalo, jahon chempionatiga yo'l olish", - dedi Shevchenko “Suspilne Sport”ga bergan intervyusida.

- Demak, ehtimoliy raqiblar ro'yxati hozircha siz uchun ahamiyatli emas?

- Hozir buning katta ahamiyati yo'q. Avvalo, yo'llanmani qo'lga kiritishimiz shart. Shundan keyin guruhni tahlil qila boshlaymiz. U yerda yaxshi jamoalar to'plangan, bugun hamma futbol o'ynaydi. Lekin yana takrorlayman: eng muhim vazifa - Jahon chempionatiga chiqish.

5 dekabr kuni Vashington shahrida JCH–2026ning final bosqichi uchun qur'a tashlandi. Ukraina terma jamoasi pley-off orqali saralashdan o'tish imkoniyatini saqlab turibdi.

26 mart kuni Sergey Rebrov shogirdlari Shvetsiyaga qarshi o'ynaydi. Bu juftlik g'olibi Polsha - Albaniya bahsida zafar qozongan jamoa bilan finalda to'qnash keladi. Pley-off g'olibi Jahon chempionatiga yo'llanma oladi.

Agar Ukraina saralashdan o'ta olsa, ehtimoliy guruhda Niderlandiya, Yaponiya va Tunisga qarshi to'qnash kelishi mumkin.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia