Ro'ziqul Berdiev “Yilning eng yaxshilari” deb kimga ovoz beradi?

Narzulla Saydullayev
24 dek 2019, 10:49
Ma'lumki, bugun Toshkent shahridagi “Zarafshon” koncert zalida O'FA va PFLning yil yakunlari bo'yicha bayram tadbiri o'tkaziladi.

Tabiiyki unda turli nominaciyalar bo'yicha “Eng yaxshilar” taqdirlanadi. Bo'lajak tadbir oldidan uch karra O'zbekistonning “Eng yaxshi murabbiyi” sifatida tan olingan Ro'ziqul Berdievning fikrlari bilan qiziqdik. Bizningcha “Nasaf” ustozining kimlarga ovoz berishi ko'pchilik uchun qiziq bo'lsa kerak.

- Yilning “Eng yaxshi murabbiyi” nominaciyasida Arveladze, Abramov va Baqoev o'rin olgan. Hamkasblarimni kamsitish fikridan yiroqman. Lekin ularning orasidan birini tanlash lozim bo'lsa, fikrimcha bosh sovringa Shota Arveladze munosib. “Paxtakor” ustozi bu yil murabbiy sifatida ko'pchilikda har jabhada iliq taassurot qoldirdi desam mubolag'a bo'lmaydi.



- 2019 yilgi mavsumda chempionatimizning eng yaxshi futbolchisi deb Dragan Cheranni aytgan bo'lardim. Ushbu futbolchi o'z vaqtida qo'l ostimda o'ynagan. Imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Legioner sifatida mahalliy futbolchilarga o'rnak bo'lib kelmoqda.

- Yilning “Eng chiroyli goli” muallifi deb yana Cheranni aytaman. Serbiyalik forvardning “Lokomotiv” darvozasiga kiritgan goli shunchaki ajoyib ko'rinish oldi men uchun.

- Joriy yil ko'plab yosh futbolchilar Superligada debyut mavsumini o'tkazishga muvaffaq bo'ldi. Ochig'ini aytganda, eng yaxshi yosh futbolchi deb “Nasaf” posboni Abduvohid Ne'matovni aytgan bo'lardim. 2001 yilda tavallud topgan ushbu darvozabonimiz bu yilgi mavsumni yuqori saviyada o'tkazdi. Umid qilamanki, Ne'matov bu bilan to'xtabi qolmasdan, o'z ustida ishlashda davom etadi. Uning uchun hali hammasi oldinda – deydi Ro'ziqul Sadullaevich.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia