Ro'ziqul Berdiev: "Ruhiy va jismoniy tomondan qiynalyapmiz, ammo bunga o'zimiz aybdormiz"

Sherzod Nurmatov
23 noya 2025, 20:33
Elit OCHL umumiy bosqich 5-turi doirasidagi "Nasaf" – "Traktor" o'yinidan avvalgi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev va darvozabon Abduvohid Ne'matov ishtirok etdi.

"Shuni takidlamoqchimanki, Elit OCHLda barcha raqiblarning darajasi yuqori. Ertaga bizni yana bir qiyin o'yin kutib turibdi. O'ylaymanki, yigitlarni o'yinga yaxshi tayyorlay oldik va ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz", – dedi Ro'ziqul Berdiev ertangi uchrashuvdan oldin.

"Yaxshi jamoaga qarshi o'ynaymiz. Nasib qilsa, muxlislarimizni xursand qilamiz va uch ochkoni qo'lga kiritamiz", – dedi Abduvohid Ne'matov.

- Jamoa Elit Ligada to'rt uchrashuv o'tkazdi. "Traktor"ning qolgan raqiblardan farqi qanday?

- "Traktor"da nomdor o'yinchilar kamroq bo'lishi mumkin, ammo ular jamoa sifatida juda kuchli. Terma jamoa futbolchilari va legionerlar ko'p. "Traktor" individual jihatdan emas, jamoaviy o'yinga ko'proq urg'u beradigan jamoa. Avvalgi raqiblarimizdan farqi shu deb o'ylayman.

- Abduvohid Ne'matovga savol. Eronga qarshi yaqinda o'ynadingiz. "Traktor" safidagi qaysi futbolchilar "Nasaf" darvozasiga ko'proq xavf solishi mumkin deb o'ylaysiz?

- Xavfni bir kishidan kutmaymiz. Imkon qadar har bir futbolchiga e'tiborli bo'lishga harakat qilaman.

- "Nasaf"ning ruhiy holati qanday? Yo'qotishlar yo'qmi?

- Hozir biz og'ir jarayonni o'tkazyapmiz. Ruhiy va jismoniy tomondan qiynalyapmiz, ammo bunga o'zimiz aybdormiz. Yigitlarga ham buni tushuntirdim. Muxlislar oldida yuzimiz yorug' bo'lishi uchun, g'alaba qozonishga intilamiz. Bazi bir futbolchilarimizda engil jarohat bor. Ertaga har bir futbolchi maydonda maksimal harakat qiladi degan umiddaman. Ushbu musobaqada hali imkoniyatlarimiz bor.

- Abduvohid Ne'matovga savol. Ertaga sizdan yuqori darajadagi o'yinni kutsak bo'ladimi?

- Nasib qilsa, albatta.

Eslatib o'tamiz, "Nasaf"ning "Traktor"ga qarshi o'yini ertaga 18:45 da boshlanadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia