YCHL. "Real" - "Yuventus" o'yini oldidan Davron Fayziev va Eldor Mustafoev qanday fikrda?

Bugun YCHL 1/4 final javob uchrashuvi bo'lib o'tadi.

Madridning "Real" klubi o'z uyida Turinning "Yuventus" klubini qabul qiladi. Ushbu bahs oldidan taniqli sport sharhlovchilari Davron Fayziev va Eldor Mustafoev quyidagi savollarimizga javob berdi.


"Real" Turinda bo'lib o'tgan YCHL 1/4 final dastlabki uchrashuvida keyingi bosqich masalasini deyarli hal qildi. Bugun hujumkor o'yin ko'rishimiz mumkinmi, yoki bo'lmasam PSJ bilan javob uchrashuvida guvohi bo'lganizdek ssenariy takrorlanishi mumkinmi?

Bugun "Yuventus"ga Paulo Dibala, Andrea Barcali yordam bera  olmaydi. Bu jamoa uchun ham jiddiy yo'qotish. Shunday bo'lsada, "Yuventus" nimaning evaziga kambekni amalga oshirishi mumkin, deb o'ylaysiz?

"Real" La ligadan deyarli umidini uzib bo'ldi. Bor e'tiborini YCHLga qaratgan. "Real" har yili hech bo'lmasa 1ta sovrinni qo'lga kiritishga odatlangan. Madridliklarda faqat YCHL musobaqasida g'olib bo'lish imkoniyati qolgan. Bu yil ham "Real" YCHLni qo'lga kiritishi qanchalik haqiqatga yaqin?


Davron Fayziev (sharhlovchi)

"Real" Turinda g'alaba bilan uyga qaytdi. Kecha bo'lib o'tgan "Roma" va "Barselona" jamoalari o'rtasida bo'lib o'tgan uchrashuvdan keyin, bu o'yinga bo'lgan munosabat butunlay o'zgarib ketdi. Muxlislarda ham ikkala jamoada ham. "Roma"ning qahramonligi "Yuventus"ga dalda bo'ladi. "Yuventus"ning tarkibidan kelib chiqadigan bo'lsak, bugungi kunda "keksa sinora" "Roma"dan  ko'p jihatlarda kuchli hisoblanadi. Bu narsa "Yuventus"ga ta’sir qiladi. "Roma" uddaladimi, demak biz ham uddalaymiz degan kayfiyat bo'ladi. Bu narsa "Real"ga ham ta’sir qiladi. Natija uchun o'ynash kabi kayfiyat bo'lmaydi. Chunki, o'zining asosiy raqobatchilari qanday muammo duch kelganini ko'rdi. "Real" kechagi voqealardan keyin bexavotir o'ynamasligi aniq. Bugungi o'yin qay darajada qiziqarli o'tishini kechagi bahs qaysidir manoda taminlab berdi.

Paulo Dibalaning yo'qligi "Yuventus"ga sezilishi mumkin. Sababi, Dibala "Yuventus"da yetakchi futbolchilardan biri hisoblanadi. Ammo, Barcalining yo'qligini "Yuventus" yopa oladi. Chunki, Barcali o'zining eng cho'qqisidan pastga qarab ketgan. Yosh jixatidan ham o'yin saviyasidan ham oldingi Barcalidan darajasi biroz pasaygan. Bu yo'qotish hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. "Roma" "Barselona"ni tarkib evaziga mag'lub etmadi. Faqatgina bitta uchrashuvda shijoat bilan maydonga tushib, shijoat bilan o'yin ko'rsatdi. Jamoaviy o'yin, ruhiyat, kayfiyat evaziga g'alaba qozondi. "Yuventus"da Dibala bo'lgan taqdirda ham, "Real"ga bas kela olmaydi. Dibalaning bor yo'qligi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas.

So'nggi voqealar shuni ko'rsatyaptiki, oldindan bir nima deyish qiyin. Kuch jihatdan "Real" o'tgan yilgidan pasaygan, deya olmayman. "Real" o'tgan yilgidek kuchga ega. Shunchaki o'tgan yilgi motevaciya yo'qligi sababli ligani boy berdi, kubok bahslaridan chiqib ketdi. YCHLda esa o'sha hamjihatlik chiqib kelmoqda. PSJga qarshi o'yinda biz "Real"ning haqiqiy kuchini ko'rdik. Bugungi kundagi "Real Madrid"ning kuchi YCHLda g'olib bo'lishga etadi. "Yuventus" to'sig'idan o'tib yarim final yoki final bahslarida mayda detallar "Real"ga yoki yordam berishi mumkin yoki bo'lmasam to'sqinlik qilishi mumkin. Choray finalning qolgan ishtirokchilari yoki yarim final yo'llanmasini qo'lga kiritgan jamoalar orasida "Real" kuchli bo'lsa kuchliki ulardan kuchsiz emas. Balki bular orasida favoritga aylanib qolgandir bugungi kunda", - deydi Davron Fayziev


Eldor Mustafoev (sharhlovchi)


Bugungi kunda sensaciya so'zini biror jabhada ishlatish noo'rin bo'lib qoldi. Kechagi o'yin buning yaqqol misoli. Ayrim jamoalarda mana shunday holatlar tez tez ko'rina boshladi, yani texnologik jihatdan biz raqibdan ustunmiz degan qarash yo'q emas. "Roma" uchrashuvga juda yaxshi tayyorgarlik ko'rganini va buni amalda isbotlay olgani bugungi zamonaviy futbolda hamma narsa bo'lishi mumkinligini isbotlay oldi. Italiya jamoalari har doim o'z o'rniga ega bo'lib kelgan. Balki sensaciyani "Yuventus"dan ham kutish mumkindir. "Barselona"ning Yevropa chempionlar ligasidan chiqib kyetishi "Real"ga qo'shimcha motivaciya berishi turgan gap. Xohlaysizmi yo'qmi, "Real" baribir o'zining eng ashaddiy raqibi sifatida "Barselona"ni biladi, YCHLda ham LaLigada ham. Zidanning qarashlari shu jihatni hisobga olmaslikka qaratilgan bo'lsa ham ehtimoldan holi emas. Zidanni tanimasamda, uni kibrga beriladigan insonlar toifasiga kiritmayman.


"Real"ni Ispaniya kubogidan chiqib ketganligi - fakt. Biroq o'sha aytganimdek "Barselona"ning YCHLdan chiqib ketganligi "Real"ga ishtiyoq beradi. Qolgan sovrinlarga ega chiqa olmasligi sababli "Real" ushbu turnirga katta e'tibor qaratadi. Undan ham qolishmaydigan jihat - rekordni o'rnatishdir. Yani, YCHL bosh sovrinini ketma ket uch marta qo'lga kiritishni jamoadagilar astoydil xohlashmoqda. "Yuventus" o'ziga hos jamoa. "Roma"ni ham ko'rdik, balki ular faqatgina bir o'yinda shunday o'ynay olar. Chunki "A" Seriyada ularning ishlari unchalik yaxshi emas. "Bavariya" - "Real"ning asosiy raqibi sifatida qolmoqda. O'yindan keyin qanday o'zgarishlar bo'lishini hech kim bilmaydi. Zidan shogirdlari yarim finalga chiqish uchun bo'layotgan shunday imkoniyatdan 100 foiz foydalana olishi haqiqatga yaqin turibdi", - deydi Eldor Mustafoev


Jahongir Sotvoldiev yozib oldi


Manba: championat.asia