Ravshan Ermatov Navoiy viloyatida futbolni rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishdi

Narzulla Saydullayev
9 noya 2021, 17:48
O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi mutaxassislar hududlardagi futbol ommaviyligini oshirish, bolalar-o'smirlar futbolini yanada rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi istiqbolli loyihalarni muhokama qilish maqsadida Navoiy viloyatiga tashrif buyurishdi.

Tashrif avvalida Ravshan Ermatov viloyatdagi “Qizilqum” futbol klubi stadioni, akademiya hamda bazaning qurilish-rekonstrukciya ishlarining loyihasi bilan yaqindan tanishdi. Mas'ullar bilan bo'lgan suhbatda qurilish ishlarini jadallashtirish, sifatli futbol maydonlarini barpo etish, inshootlarning yotoqxona va oshxonalarini zamon talablariga mos ravishda jihozlash, shuningdek, Yevropa akademiyalari kabi barcha talablarga javob beradigan sharoitlarni tashkillashtirish bo'yicha topshiriqlar berildi.

Shundan keyin klub qoshidagi bolalar-o'smirlar maktabining faoliyati, infratuzilmasi va mavjud shart-sharoitlari ko'zdan kechirildi. Viloyat miqyosida bolalar futbolining infrastrukturasi yuzasidan fikr almashildi.

Kelajakda Navoiydan ko'plab istedodli futbolchilar yetishib chiqishi uchun viloyatdagi futbol mahorati maktablarining faoliyatini tizimli va xalqaro standartlar asosida tashkil etish zarurligi takidlandi. Futbol maktablarida tarbiyalanayotgan bolalar nafaqat jismonan, balki manan ham etuk bo'lishi, ularning talim olishi va kitob o'qishi zarur ekanligi aytildi.

Shuningdek, tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan uchrashuv o'tkazildi. Bola psixologiyasida, ayniqsa uning etuk sportchi bo'lib voyaga yetishida oilaning roli katta ekanligi xususida suhbatlashildi. Ochiq va samimiy o'tgan uchrashuvda ota-onalarning takliflari tinglandi va kelgusidagi ishlarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz