

Tabiiyki, "Special one" qarshi o'yinlarda muvaffaqiyatli natija qayd etish ko'p ham murabbiylarga nasib etavermaydi. Bugun Mourinyoga qarshi o'yinlarda yaxshi statistikaga ega bo'lgan 6 nafar murabbiy bilan tanishtiramiz.
Alan Pardyu. Evro-2016da Xojsonning muvaffaqiyatsizligidan so'ng aynan Pardyu ushbu lavozimni egallashga munosib nomzod sifatida qaralgandi. Yakunda esa Sem Ellardays terma jamoa bosh murabbiyiga aylanib, iste'fo berishga ham ulgurdi. Pardyu "Nyukasl"da faoliyat olib borganida "aristokratlar"ning qonini ichgan. Uning Mourinyoga qarshi statistikasi 3 g'alaba, 2 mag'lubiyat.

Toni Pulis. O'ziga xos taktikaga ega bo'lgan murabbiyning "benazir"ga qarshi o'yinlardagi statistikasi 2 ga 2! Yani, 2 g'alaba, 2 mag'lubiyat!

Klaudio Raneri. Italiyalik murabbiy ham statistika borasida Mourinyoga yutqazmaydi. 6 ta o'yin: 2 g'alaba, 2 durang va 2 mag'lubiyat. Ushbu surat ko'p narsadan darak beradi :)

Rafael Benites. Portugaliyalik murabbiyning Benites bilan munosabatlari hech qachon do'stona bo'lmagan. Mourinyo bazida ochiqchasiga Rafaning ustidan kulardi. Shuningdek, Benites "Real" va "Inter"da aynan Mourinyoning o'rnini egallagan. Tomonlar 12 marotaba to'qnash kelganlar va 4 tadan mag'lubiyatga egalar.

Yurgen Klopp. Mourinyo va Klopp o'rtasidagi qarama-qarshilik haqida gap ketganida albatta 2013 yildagi "Real" - "Borussiya D" o'yinini yodga olmasdan ilojimiz yo'q. Robert Levandovskining ajoyib gollari... Hullas, Kloppning Mourinyo jamoalariga qarshi o'yindagi statistikasi 5 ta o'yin: 3 g'alaba, 2 durang va 1 mag'lubiyat.

Pep Gvardiola. Bungacha ushbu murabbiylarning to'qnashuvini "El Klassiko"larda ko'p ko'rganmiz. Shuni ham ta'kidlab o'tish lozimki, aynan Mourinyo "Real"ga kelishi bilan "Barselona"ning gegemonligiga chek qo'yiladi. Murabbiylar ushbu mavsumdan boshlab yana bir chempionatda faoliyat olib bormoqdalar va o'zaro to'qnash kelishga ham ulgurdilar. Manchester derbisida ham ispanilik murabbiyning qo'li baland keldi. Umumiy statistika esa 17 ta o'yin: 8 ta g'alaba, 6 durang va 3 ta mag'lubiyat. Ustunlik Gvardiola tomonda. Aytgancha, ertaga ushbu ikki murabbiy Angliya ligasi kubogida yana o'zaro kuch sinashadilar!
Aziz To'xtamurodov



