Prevyu. "Qizilqum" - "Dinamo"

Narzulla Saydullayev
4 iyul 2013
Turning shiddatli kechishi kutilayotgan o'yinlaridan biri Zarafshon shahrida kechadi.
Birinchi davraning so'nggi turi doirasida turnir jadvalida yonma-yon borayotgan Qizilqum va Dinamo jamoalari o'zaro maydonga tushishadi.

O'YIN OLDIDAN

Ushbu uchrashuvdagi g'alaba har ikki jamoa uchun juda muhim. Mag'lubiyat har ikki jamoani ikkinchi davra oldidan qiyin ahvolda qoldirishi mumkin. Ayniqsa, zarafshonliklar mag'lubiyatga uchrashsa, oldinda ikkinchi davra o'yinlari bo'lishiga qaramay Oliy ligada qolishlari juda qiyin bo'ladi. Dinamoning g'alabasi esa ko'hna shahar jamoasini turnir jadvalida bir necha pog'ona yuqorilashiga sabab bo'ladi. Chunki, aynan ushbu turda bir qator asosiy raqiblar o'zaro maydonga tushishadi. Shu bois, dinamochilar Sho'rtan ustidan qozonilgan g'alabadan keyin Zarafshonga yuqori kayfiyatda tashrif buyurdilar.

UCHRASHUVNI TOLIBJONOV BOSHQARADI

Birinchi davraning so'nggi turi doirasidagi Qizilqum - Dinamo uchrashuvini boshqarib boradigan hakamlar ro'yxati ma'lum qilindi.

PFL tomonidan e'lon qilingan ro'yxatga binoan, payshanba kuni Zarafshondagi Progress stadionida bo'lib o'tadigan uchrashuvni boshqarib borish toshkentlik hakamlar brigadasiga topshirildi. O'yinni Olim Tolibjonov boshqarib borsa unga qanotlarda Vlad Lushin va Oleg Dachevlar yordam berib borishadi. Uchrashuv nazoratchisi esa Sayfiddin Ermatov.

13-tur. 4 iyul (payshanba)
Qizilqum (Zarafshon) – Dinamo (Samarqand)
Hakamlar:
O. Tolibjonov (Toshkent), V. Lushin (Guliston), O. Dachev (Toshkent), E. Tursunov (Buxoro)
Nazoratchi: S. Ermatov (Toshkent).

O'ZARO O'YINLAR

Bu ikki klub oliy ligada 26 bora to'qnash kelgan. Ushbu o'yinlardan 11 tasida zarafshonliklar g'olib bo'lishgan. 7 o'yin durang hisobida yakunlangan. Dinamo shu kunga qadar oliy ligada Qizilquqni 8 marta mag'lubiyatga uchrata olgan.

O'zaro o'yinlardagi gollar nisbati 34-37, Dinamo foydasiga. Qizilqum o'zaro o'yinlarda 40 ochko ishlab olgan. Samarqand jamoasi esa 31 ochko. Qizilqumning oliy ligada Dinamo ustidan erishgan eng yirik g'alabasi 3:1 ni tashkil qiladi. Dinamoning esa zarafshonliklar ustidan qozongan eng yirik g'alabasi – 6:1ga teng bo'lib, bu natija 2007 yilda qayd qilingan.

O'zaro so'nggi o'nta o'yindagi natijalar:

30.06.08 Dinamo - Qizilqum - 3:1
23.08.08 Qizilqum - Dinamo - 1:2
25.06.09 Dinamo - Qizilqum - 3:0
14.08.09 Qizilqum - Dinamo - 2:0
01.05.10 Dinamo - Qizilqum - 0:0
18.09.10 Qizilqum - Dinamo - 3:1
28.05.11 Qizilqum - Dinamo - 2:1
21.08.11 Dinamo - Qizilqum - 1:1
28.04.12 Qizilqum - Dinamo - 1:1
27.09.12 Dinamo - Qizilqum - 3:0

BILASIZMI…
Qizilqum - Dinamo uchrashuvlarida eng ko'p gol urgan futbolchi bu Farhod Tojiev bo'lib turibdi. Joriy yilgi chempionatimiz to'purari 2007-2008 yilgi mavsumlarda Dinamo safida to'p surib Qizilqum darvozasiga umumiy 5ta gol urishga erishgan.

Jamoalarning o'rtacha yoshi:
Qizilqum - 25 yosh / Dinamo - 24 yosh.

Gollar daqiqalarda:
Qizilqum eng ko'p golini 30-45-daqiqalarda urgan.
Dinamo eng ko'p golini 75-90-daqiqalarda urgan.

SOBIQLAR UCHRASHUVI
Qizilqum - Dinamo o'yinini sobiqlar to'qnashuvi deyish ham mumkin. Xususan, yil boshida zarafshonliklarni boshqargan Ravshan Haydarov bugungi kunda Dinamo murabbiyi sanaladi. Qolaversa, ko'hna shahar jamoasida to'p surayotgan Andrey Melnichuk, Ahrol Risqullaev, Azamat Bobojonov, To'lqin Mirzaevlar o'tgan yillarda zarafshonliklar sharafini himoya qilishgan bo'lsa, oltin izlovchilardan Olim Navkarov, Temur Vasilevlar o'z vaqtida Dinamoda to'p surishgan.

Dinamo klubi Matbuot xizmati.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcdinamo.uz