

Mamlakat milliy chempionatining 26-turida Bekobodning "Metallurg" klubi o'z maydonida Toshkentning "Bunyodkor" klubini qabul qiladi.Mazkur jamoalar shu kunga qadar o'zaro 24 marotaba kuch sinashishgan. Natijalar yurtimizning nomdor klublaridan sanaluvchi “Bunyodkor” foydasiga. Toshkentliklar 18 ta o'yinda g'alaba qozonishgan. Ikkita o'yinda “Metallurg”ning qo'li baland kelgan. 4 ta chrashuvda esa kuchlar teng kelgan. To'plar nisbati: 50-21.
Jamoalarning o'zaro uchrashuvlardagi eng yirik hisob 2009 yili Bekoboddagi o'yinda kuzatilgandi. O'shanda bunyodkorchilar mezbonlar darvozasiga javobsiz to'rtta to'p yo'llashgandi. Eng sermahsul uchrashuv esa undan bir yil muqaddam Toshkentdagi uchrashuvda qayd etilgan. Qaldirg'ochlarning to'rtta goliga bekobodliklar ikkita aniq zarbasi bilan javob qaytarishgan.
Bu yilgi chempionatning birinchi davrasida Toshkentda kechgan o'yinda 3:1 hisobida mezbonlar zafar quchishgandi. Barcha gollar ikkinchi taymda kiritilgan. Shahzod Nurmatov (56), Sardor Sobirxo'jaev (67) hamda Javlon Ibrohimov (85) larning gollariga Shahzod Shaymanov 82-daqiqada penaltidan bitta gol bilan javob qaytargandi.

Bekobodda o'tgan barcha uchrashuvlar:
19.07.2018 Metallurg - Bunyodkor 1:1
14.10.2017 Metallurg - Bunyodkor 1:1
16.06.2016 Metallurg - Bunyodkor 1:1
26.04.2015 Metallurg - Bunyodkor 1:2
01.10.2014 Metallurg - Bunyodkor 1:2
17.08.2013 Metallurg - Bunyodkor 2:3
27.09.2012 Metallurg - Bunyodkor 1:3
23.10.2011 Metallurg - Bunyodkor 2:1
19.03.2010 Metallurg - Bunyodkor 0:1
25.06.2009 Metallurg - Bunyodkor 0:4
17.08.2008 Metallurg - Bunyodkor 1:2
01.04.2007 Metallurg - Bunyodkor 0:1
Bekoboddagi o'zaro o'yinlar haqida fakt : “Metallurg” o'z maydonida faqat bir bor “Bunyodkor”dan ustun kelgan. Bekobodda o'tgan so'nggi uch uchrashuvda jamoalar bir xil hisobdagi durangga imzo chekishdi.

Tanishing – “Bunyodkor”
Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubi mamlakatimizning eng yosh jamoalaridan biri sanaladi. Klubga asos solinganiga endigina 14 yil bo'ldi. Ammo qisqa fursat ichida jamoa birinchi ligadan oliy ligaga yo'l oldi va kuchlilar safida ham doimiy ravishda yetakchilar qatoridan o'rin egallab kelayapti. 2007 yildan elita safida “qaldirg'ochlar” besh marta O'zbekiston chempioni, ikki marta vice-chempion, bir marta bronza medali sovrindori, to'rt marta O'zbekiston kubogi sohibi va besh karra finalchisi, O'zbekiston Superkubogi sohibi bo'ldi. 2008 yildan Osiyo chempionlari ligasida yurtimiz sharafini himoya etib kelayotgan “Bunyodkor” jamoasi ikki marta qitaning mazkur nufuzli turnirida yarim finalgacha yetib bordi (2008, 2012 yillar). Oliy ligadagi eng past ko'rsatkichi to'rtinchi o'rin bo'lgan (2014-2015, 2017 yillar).
“Bunyodkor”ning uy stadioni mamlakatimizning eng muhtasham futbol majmuasi “sanalardi”. 2012 yilning 28 sentyabr sanasida qurib, foydalanishga topshirilgan, “Bunyodkor” va O'zbekiston milliy terma jamoasi uy stadioni hisoblanuvchi maskan o'z bag'riga 34000 tomoshabinni sig'diradi. Ammo yaqindan “Bunyodkor” stadioni O'FA balansiga o'tkazildi va endilikda u “Milliy” stadion deb atala boshlandi.
“Bunyodkor” bugungacha oliy liga bahslarida 335 ta uchrashuv o'tkazgan. Shulardan 229 tasida g'alaba qozongan, 64 tasida durang o'ynagan, 42 tasida mag'lubiyatga uchragan. Kiritilgan va o'tkazib yuborilgan to'plar farqi – 641:204. Jamoaning oliy ligadagi eng yirik g'isobli g'alabasi – 7:0 (“Sho'rtan”, 2008 yil), eng yirik mag'lubiyati – 0:3 (“Lokomotiv”, 2015 yil).



