Pattachilar

Bir qo'shnim bor, futbolning haqiqiy muxlisi. Oddiy muxlis va ma'lum jamoa fanati o'rtasidagi farqni ongli ravishda tushunadigan aqlli inson.

Paxtakorning poytaxtdagi va umuman Toshkentda bo'lib o'tadigan xalqaro o'yinlar, markaziy uchrashuvlarni qo'yib yubormaslikka harakat qiladi. Agar Oliy liganing qolgan o'yinlari ham talabga javob berganida, u har turdagi 1ta o'yinni stadiondan kuzatib borishiga shubham yo'q.

Shu qo'shnimga ikki safardan beri chipta topib berishni niyat qilib, uddalay olmadim. Aslida kimgadir og'irligi tushmaydi. Chiptaxona qayerda-yu, qaysi paytda chipta topib bo'lishini yaxshi biladi. Faqatgina Livan, Qatar kabi terma jamoalar Toshkentga kelgach, chipta ololmadi. Har safar kassa oldida kuta-kuta qaytib keldi.

Har birimizning futbolga umuman aloqasi yo'q bo'lgan tanishlarimiz bor. Livan qanday jamoa-yu, Qatar Toshkentga qanday maqsadda tashrif buyurganidan mutlaqo bexabar ular. Lekin ancha ovoza bo'lgan yangi stadiondagi qandaydir mashhur o'yinni ko'rish ular uchun ham qiziqarli. Boyroqlariga desa chipta 100 ming so'm bo'lmaydimi!

Bu xolat ayrim mutasaddi raxbarlar uchun juda asqotadi. Chipta savdosida sun'iy tirbandlikni vujudga keltirish ular uchun muammo emas. Savdo tushumining qonuniy raqamlari terma jamoalar markazi hisob raqamiga o'tadi. Chiptaning olib-sotarlar qo'liga o'tishi esa uni olib-sotar qo'liga beradigan va olib sotadiganlar uchun foydali. O'yin arafasida chiptaning o'z narxidan 4-5 barobar qimmatlashib kyetishi taxminiy raqamlarni tasavvur qilib ko'rish uchun etarlidir.

Futbol birinchi navbatda muxlislar uchun o'ynaladi. Demak, ammamning futbolga umuman qiziqmaydigan o'g'lidan ko'ra haligi qo'shnimning futbolni stadiondan turib tomosha qilishga bo'lgan haqqi ozgina bo'lsada ko'proq. Zero klublarimiz va terma jamoaning mag'lubiyatlaridan o'sha kishi ko'proq aziyat chekadi, bosh jamoa g'alaba qozongan paytda esa o'zini dunyodagi eng baxtli insonlar qatorida xis qiladi. To'g'ri, 100 ming so'mga chipta sotib olishga uning qurbi yetmaydi. Lekin chiptaning asl narxi 15 ming so'm bo'lsachi?

Terma jamoalar markazi futbolimizning eng ko'p mablag' sarf qiluvchi tashkilotidir. Bundan ko'z yumib bo'lmaydi. Har bir yosh terma jamoalarning boshdan-oyoq kiyimi-yu, ularning xorijiy yig'inlari va mukofot pullari hazilakam mablag'ni talab qilmaydi. Mirabror Zufarovichning O'FFga tashrifidan keyin nafaqat milliy terma jamoa, balki turli yoshdagi termalarga ham e'tibor tubdan o'zgardi. Eng muhimi O'FF prezidenti terma jamoalar markazining kam-ko'sti uchun etarli mablag' topish sistemasini yo'lga qo'ya oldi.

O'zbekiston terma jamoasining JCH saralash uchrashuvlariga bo'lgan qiziqish ancha katta. Ayniqsa so'nggi bosqichdagi barcha uchrashuvda stadion muxlislar bilan to'lib toshadi. Mana shunday paytda chipta savdosidan tushadigan daromad terma jamoalar markazi uchun ayni muddaodir. Biroq chipta savdosidagi muammo va o'zboshimchaliklar sabab muxlislar orasida terma jamoalar markazi chiptaning olib-sotarlar qo'liga chiqib kyetishidan manfaatdormikan?! qabilidagi shubhalar paydo bo'ldi. Chunki chipta savdosidagi sun'iylikni deyarli hamma bilib turadi-yu, ammo har yangi o'yin oldidan u bilan bog'liq muammolar yana qalqib chiqaveradi.

Biroq aql bilan fikr yuritilsa, bunga ishonish qiyin. Masalan chiptalar o'z narxida sotilgan taqdirda va stadion muxlislar bilan to'lgan o'yinlarda eng kamida 600 million so'm terma jamoalar markazi hisob raqamida bo'ladi. Shu bilan birgalikda muxlislar orasida norozilik keltirib chiqarishni hech qanday sabab bilan oqlab bo'lmaydi va bunga aynan nufuzli tashkilotning bosh bo'lishini tasavvur qilish qiyin.

Boz ustiga, O'zbekiston hamda Qatar terma jamoalari o'yinidagi chipta savdosi bilan terma jamoalar markazi emas, boshqa tashkilotning shug'ullangani yuqoridagi tahminlar asossiz ekanidan dalolat beradi. Yani, terma jamoalar markazi hisob raqami uchun qonuniy raqamlar o'tkazib berildi-yu, qolgan foyda chipta savdosi bilan shug'ullanganlar uchun qoladi. Xulosa: terma jamoalar markazi qonuiy raqamlardan ortig'i uchun davogar emas. Sun'iylik uchun o'z mansabini suistemol qilayotgan ayrim kishilar javobgar xolos.

Kulguli tomoni, chipta savdosidagi muammolarga echim sifatida, ular mahalla komissiyalari-yu, davlat tashkilotlari, shuningdek, oliy o'quv yurtlariga bo'lib berildi. Bu bilan go'yoki chiptalarning olib sotarlar qo'liga chiqib kyetishi oldi olindi. Va albatta tarqatilgan chiptalar adadi oshkor qilinmadi. Aniqrog'i, futbol muxlislar uchun o'ynaladi degan shior bir chetda qoldi.

Muxlislar kassa oldida uch kun oftobda sarg'ayishdi-yu, ayrim tashkilotlar g'oyibdan kelib qolgan chiptalar bilan nima xohlashsa shuni qilishdi. Toshkent mahallalari uchun tarqatilgan chiptaning olis qishloqlardan tashrif buyurganlar qo'liga o'z narxida yetib bormasligi kundek ravshan. Aslida har bir masalaning neytral echimi bor. Faqatgina buni ongli ravishda tushunish yoki ayrim kimsalar o'z nafsini ozgina tiyib turishi kerak bo'ladi.

Bunyodkor stadioni chimi bilan bog'lik muammolar shu yil bartaraf etilsa, kelasi yildan boshlab milliy terma jamoaning barcha o'yinlari aynan mana shu stadionda o'tkazilishi katta ehtimol. Zero ayni paytda bundan-da yaxshi stadionga ega emasmiz. Agar futboldagi katta masalalarni hal qiladigan insonlar chindan ham chipta savdosi masalasini tartibga solishni istashsa, uni elektronlashtirish lozim (bu taklif bilan bir qator hamkasblarimiz chiqishgan, biroq taklifga xayrixohlik bildirilmagan). Oldindan bir narsani aytish kerakki, elektronlashtirish vaziyatni tartibga solish uchun kerak. Yani, internetni tushunmaydigan kishi stadionga kira olmaydi degan fikrga bormaslik lozim.

Masalan, Bunyodkor stadioni o'z bag'riga 34 ming ishqibozni sig'dira oladi. Bular orasida futbolga aloqador shaxslar, terma jamoalar fan-klubi, jurnalistlar, mehmon jamoa muxlislari, OFK, FIFA kabi tashkilotlar uchun tegishli bo'lgan o'rinlar ham borligini hisobga olib, yil boshidan tahminan 20-25 ming o'rindiqni butun bir mavsum uchun sotishni yo'lga qo'yish mumkin.

Ammamning o'g'li 4 yilda 1 marta futbolga tushadi. Qo'shnim esa bir yilda kamida 15ta uchrashuvni mana shu stadionda tomosha qilishni istaydi. Agar u o'zi uchun 1ta o'rindiqni butun bir mavsum uchun sotib ololsa, bunda futbol muxlislari manfaati hisobga olingan bo'ladi. Va albatta haqiqiy futbol muxlisi yil avvalidayoq o'zi uchun 1ta o'rindiq sotib olishdan va shu yo'l bilan chipta savdosidagi qing'irliklardan qutilib qolishdan o'zini tiymaydi.

Terma jamoa yoki shu stadionda o'ynaydigan klubning har bir o'yiniga pasport kserakopiyasi bilan tashrif buyurib, faqatgina uni ko'rsatgan holda chipta harid qilish masalasi ayrim raxbarlar tomonidan o'ylab topilgan rasmiyatchilikdan boshqa narsa emas. Yani, elektron qo'llanmaga asoslanmagan sistema hech qanakasiga ish bermaydi. Birgina pasport kserakopiyasi bilan 100ta chipta harid qilish ham yoki 100ta odamning pasport kserakopiyasi bilan 200ta chipta olib-sotar tomonidan olinishi ham mumkin. Elektronlashtirilgan sistema esa bunday ishni bartaraf qila oladi.

To'liq mavsum uchun 20-25 mingta o'rindiqni elektron yo'l bilan bir yilda bir marta rasmiylashtirish klub uchun og'ir ish emas. Masalan siz o'z pasportingizni ko'pi bilan 4ta o'rindiq uchun rasmiylashtirasiz va shu o'rindiqlarni mavsum so'nggiga qadar o'z nomingizga sotib olasiz. Demak, stadionda bo'lib o'tadigan har qanday o'yin chiptasini o'z narxida sotib olish imkonini qo'lga kiritasiz. Chunki siz sotib olgan o'rindiqlarni boshqa birov egallay olmaydi. U sizning nomingizga rasmiylashtirilgan bo'ladi. Agarda siz xorijda bo'lsangiz yoki qaysidir o'yinni qandaydir sabab bilan ko'rishni istamasangiz chipta bilan shug'ullanuvchi tashkilotni o'yinga 3-5 kun qolganida xabardor qilasiz va sizning chiptangiz erkin savdoga chiqarib yuboriladi. Bu borada sotuvchi va talabgor o'rtasidagi shartnomaga ayrim bandlarni ham kiritish mumkin. Masalan siz ketma-ket bir nechta uchrashuvga tashrif buyurmasangiz sizga tegishli o'rindiqlar erkin savdoga qo'yilishi yoki bu o'rindiqlar uchun huquqingizdan mahrum bo'lishingiz mumkin.

Terma jamoalar markazi bu bilan chipta muammlaridan qutuladi va o'ziga yog'ilayotgan qator ayblovlardan chetda qoladi. Yani, chiptalar bilan shug'ullanuvchi tashkilot belgilangan summani terma jamoalar markazi hisob raqamiga o'tkazib beradi. O'z navbatida muxlislar o'zlari uchun kafolatlangan o'rindiqqa ega bo'lishadi. Mazkur o'rindiqlarni ham joylashgan joyi va futbol ko'rish uchun qulayligiga qarab narxlash mumkin. 4 yoki 5tadan ortiq o'rindiqni sotib ololmaslik chiptalarning olib sotarlar qo'liga o'tib kyetishidan asraydi. Shuningdek, olib sotarlarning o'zi ham yilda ko'pi bilan 3-5 marta bo'ladigan markaziy o'yinlar uchun tavakkal qilib, mavsum boshidan bir nechta o'rindiqni sotib olishmaydi.

Bu borada yana bir qator takliflarni o'rganib chiqish mumkin. Yuqoridagi taklif ham kamchiliklardan xoli emas albatta. U tartibga solish va ma'lum o'zgartirishlar kiritishga muxtoj. Muhimi, futbol muxlislarining huquqi ayrim kishilar tomonidan paymol qilinmasligi. Men shunchaki haligi qo'shnimning futbolni stadionda ko'rishini xohlayman xolos.

P.S. “Istiqlol” sanat saroyida bo'lib o'tadigan bir qator koncertlar tashkilotchisi Arslon Kamolovni ko'pchilik yaxshi taniydi. Mazkur insonni 4 ming kishiga mo'ljallangan koncertlar uchun chipta masalasini to'liq tartibga sololgani uchun juda xurmat qilaman. U o'tkazadigan koncertlar uchun chiqarilgan chiptalar olib-sotarlar qo'liga o'tmaydi. Sababi Arslon Kamolov chiptalarni internet orqali sotadi.

Masalan siz nafaqat O'zbekiston, balki xorijdan turib ham internet sahifasida ko'rsatib qo'yilgan o'rindiqni o'zingiz uchun band qilish imkoniga egasiz. O'zbekiston sharoitida internet to'lovlar to'la taraqqiy etmagani uchun siz faqatgina bron qilish bilan cheklanasiz va koncertga ma'lum muddat qolguniga qadar uni saroy kassalaridan sotib olib ketasiz. Saroy kassasidagilar ham chiptani aynan sizning pasportingizga rasmiylashtirib berishadi va siz koncertga pasport hamda chipta tekshiruvidan keyin kiritilasiz. Yani, bron qilgan chiptangizni boshqa kishiga sota olmaymiz. Agar o'zingiz bilan 9ta kishini koncertga olib kirishni istasangiz, o'ninchi inson aynan Siz bo'lishingiz lozim. Chunki qolgan 9ta chipta aynan sizning nomingizga rasmiylashtirilgan.

Diyor IMOMXO'JAEV


Manba: imamkhodjaev.livejournal.com