O'zbekiston Ummondan keyin Iordaniya, Qatar va Bahrayn bilan o'ynaydi

Narzulla Saydullayev
30 mar 2014, 12:19
Avval xabar beranimizdek, O'zbekiston milliy terma jamoasi 25 va 27 may kunlari Toshkentda Ummon terma jamoasi bilan 2 ta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi.
Ma'lum bo'lishicha, sentyabr va oktyabr oylaridagi FIFA kunlariga ham o'rtoqlik o'yinlari uchun raqiblar topilgan.

Unga ko'ra, Mirjalol Qosimov shogirdlari 7 sentyabr kuni Iordaniya terma jamoasi bilan hisob-kitob qilishadi. Bu uchrashuv katta ehtimol bilan Toshkentda o'tkaziladi. Ayni paytda 3 sentyabr kuniga raqib izlanyapti. Tabiiyki, bu o'yin ham poytaxtimizda bo'lib o'tadi.

Oktyabr oyida ham 2 ta FIFA kuni bor. Avvaldan kelishilganidek, 6 oktyabr kuni terma jamoamiz Doha shahrida Qatar mehmoni bo'ladi. 10 oktyabr sanasiga esa Bahrayn bilan o'yin belgilandi.

Ikki tomonning kelishuviga ko'ra, bu uchrashuv Dubay shahrida o'tkaziladi. Demak, yo'l-yo'lakay terma jamoamiz Dohadan qaytishda Bahrayn bilan Dubayda o'ynab, keyin o'sha yerdan to'g'ri Toshkentga qaytadi.

Nihoyat, o'rtoqlik o'yinlari uchun yarim yilcha oldinroq raqiblar topildi. Bu yaxshi. Lekin nima uchun faqat arablar bilan o'ynaymiz? Terma jamoalar markazidagilar Osiyo Kubogi-2015 qur'asi bizga KXDR va Xitoy terma jamoalarini tuhfa etganini yoddan chiqarishmagan bo'lsa kerak. Balki, raqiblardan birini o'sha Sharqiy Osiyo tomonlardan tanlash kerakmidi? Mayli, shunisiga ham shukur.

Terma jamoamizning o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishi bo'yicha ma'lumotlarni arab manbalaridan olishga muvaffaq bo'ldik. Terma jamoalar markazi odatdagidek, hali bu borada hech qanday ma'lumot begani yo'q. O'FF rasmiy sayti ham bir necha oydan beri ishlamayapti.

Faqat federatsiyaning rasmiy tvitteri orqali xabarlar berilmoqda. Muxlislar uchun esa imkon qadar tezroq xabar etkazish kerak. Biz ahir, XXI asrda yashayapmiz, tosh asrida emas...

Kamoliddin ALIMOV

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia