

Boisi 29 yoshli hujumchi hozirda Super liga debyutanti Cementchi mashg'ulotlarida ishtirok etmoqda. Yaqinda quvasoyliklar Andijonga safar uyushtirib, nazorat-sinov bahsini o'tkazdi. Mazkur bellashuv chog'ida Isroilov bilan qisqacha suhbatlashdik.
- Xabaringiz bor, o'tkan mavsum Qizilqum uchun o'ynadim. Rosti, 2017 yil futbolchilik faoliyatimda biroz omadsiz kechdi. Navoiyda o'zim istagandek, o'ynab keta olmadim. Buni o'ziga yarasha sabablari bor albatta. Lekin endi bu haqda gapirishdan foyda yo'q. Jamoa bilan amalda shartnomam mavsum so'nggiga kelib, o'z kuchini yo'qotdi. Shundan so'ng muhitni o'zgartirishga qaror qildim. Bu orada menga Cementchidan taklif tushdi. Ortiqcha o'ylab o'tirmasdan, quvasoyliklarning o'quv-yig'in mashg'ulotlariga kelib qo'shildim - deya gap boshladi Otabek Isroilov.
- Ko'rib turganingizdek, ayni damda yangi mavsumga Cementchi safida tayyorgarlik ko'rmoqdaman. Hozircha rasman shartnoma tuzmagan bo'lsakda, bosh murabbiy Abdumalik Hakimov bilan og'zaki ravishda kelishuvga erishdik. Aslida klub hozircha hech qaysi futbolchi bilan bitim imzolagani yo'q. Menimcha yaqinda bo'lib o'tadigan Farg'ona hokimi Kubogi-2018 turniridan so'ng shartnomalar tuzilsa kerak.
- Ochig'ini aytganda, super ligada bu yil Farg'onadan qaysi jamoa Cementchi yoki Neftchini qatnashishi so'roq ostida bo'lib turgani ham, ko'pchilikni o'ylantirib qo'ymoqda. Bu borada turli xil asossiz gap-so'zlar yuribdi. Aytishlaricha fevralga qadar barcha masalaga oydinlik kiritiladi.
- Maqsadim bu yil Farg'onada o'ynash. Uyimga yaqin bo'lgani uchun ham Cementchi variantini tanlashga qaror qildim.
- Yangi jamoaga qisqa fursat ichida kirishib keta oldim. Chunki bu yerda ham o'zim avvaldan bilgan do'stlarim o'ynamoqda. Ular bilan bir-birimizni tushunib ketishimiz hech qanday muammo tug'dirmayapti.
- Mashg'ulotlar kuniga ikki mahaldan o'tkazilmoqda. Jismoniy tayyorgarlik va texnik-taktik sxemalar ustida ishlayapmiz. O'ylaymanki murabbiylar shtabi, Quvasoyda yaxshi jamoa shakllantirmoqda. Menimcha mavsum startiga qadar tarkib yanada kuchaytirilsa kerak. Hokim kubogi musobaqasi ham jamoamiz uchun foydali bo'ladi va undagi o'yinlar orqali murabbiylar kimni nimaga qodirligini yanada yaxshiroq bilib olsa ajab emas - deydi Isroilov.
Islombek Rustambekov.


