

Safar oldidan O'zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov mamlakat milliy terma jamoasi a'zolari bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot davomida O'FF rahbari jamoa a'zolariga samimiy tilaklarini bildirib, xalqimiz milliy terma jamoadan doimo hujumkor va g'alabali o'yinlarni kutishini ta'kidladi. Shuningdek, futbolchilarga Vatan sharafini munosib himoya qilishlarini tiladi.
“Sizlarning har bir harakatingiz, har bir golingiz ortida millionlab insonlarning umidi va orzusi bor. Biz sizlarga ishonamiz. Sizlar nafaqat g'alaba uchun, balki millat iftixori uchun kurashasizlar", – deya ta'kidladi Bekzod Mamatqulov.

O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboev jamoa Osiyo Kubogi saralash uchrashuvlariga puxta tayyorgarlik ko'rganini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, futzalchilarning ham jismoniy, ham ruhiy holati yuqori darajada bo'lib, jamoa birdamlik va intizom asosida harakat qiladi.


Shuningdek, so'zga chiqqan terma jamoa sardori Mashrab Odilov va O'FF Tibbiyot departamenti bosh shifokori Lazizbek Teshaboev futbolchilarning barchasi sog'-salomat ekanini, saralash bahslariga har tomonlama tayyor turganini ma'lum qildi.
"Turnir davomida yigitlar bor kuch va g'ayratlarini safarbar etib, muxlislarimizni quvontiradigan natijalar bilan yurtimizga yorug' yuz ila qaytish niyatida safarga yo'l olayapti", – dedi Mashrab Odilov.


Yig'ilish yakunida O'zbekiston futbol faxriylari kengashi raisi To'lagan Isoqov so'z olib, har bir futbolchining ortida Vatan shani turganligini ta'kidladi. O'zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi hamda o'yinchilariga saralash bahslarida omad yor bo'lishini tilab, oq fotiha berdi.



