O'FF prezidenti "Benfika" klubi sharoiti bilan tanishdi

Sherzod Nurmatov
28 okt 2025
Portugaliya poytaxti Lissabon shahrida O'zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov hamda BMB klubi prezidenti Aziz Mamatqulov jahonga mashhur "Benfika" futbol klubi qarorgohida bo'ldi.

Tashrif doirasida tomonlar o'rtasida rasmiy uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda "Benfika" futbol klubining futzal bo'yicha boshqaruv direktori Migel Reys va klubning xalqaro hamkorlik bo'yicha departamenti direktori Lorenco Ferreyra ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida mezbonlar o'zbekistonlik mehmonlarga "Benfika" klubining zamonaviy infratuzilmasi, xodimlar faoliyati hamda futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirishdi.

Muloqot chog'ida ikki mamlakat futzal klublari o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish, tajriba almashish, qo'shma mashg'ulotlar tashkil etish, yoshlar va o'smirlar bilan ishlash tizimini rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish hamda portugaliyalik mutaxassislarni O'zbekistonga jalb etish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, kelgusi mavsumda klublar miqyosida ikki mamlakat mutaxassislari uchun o'quv kurslarini tashkil etish va tajriba almashish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Suhbat davomida "Benfika" klubi orqali Portugaliya futzalining ilg'or tajribalarini O'zbekistonga tatbiq etish, ikki mamlakat futzal federatsiyalari o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish va rivojlantirish istiqbollari ham ko'rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida kelgusi mavsumda "Benfika" hamda BMB xususiy futzal klublari o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvini tashkil etish, o'zbekistonlik iqtidorli yoshlarni Portugaliyaning nufuzli klublariga jalb etish, ularning istedodini kamolga etkazish hamda "Benfika" orqali jahonning elit klublariga o'tishini taminlash masalalari bo'yicha kelishib olindi.

Tomonlar fikriga ko'ra, ushbu hamkorlik nafaqat klublar, balki ikki mamlakat futzali rivojiga ham salmoqli hissa qo'shishi kutilmoqda.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Ўзбекистон футзал федерацияси матбуот хизмати